Bertolt Brext. Otalik burchi (hikoya)

Janob Folkner bugun ishga bormadi. U farzandlariga bor yo‘g‘i oddiy ota emas, mehribon va e’tiborli ota ekanligini isbotlashga intilganday tuyulardi. Hafsala bilan erta tongdan bolalarini maktabga eltib qo‘ydi. Darslariga qatnashib o‘qituvchilaridan ularning o‘zlashtirish darajasini surishtirdi. Maktab vaqti tugagach, yana o‘zi ularni uyga olib keldi.
Hammasidan qizig‘i – ertalab Folkner Annaga shu darajada suykalandiki, ko‘rganlar ularning qiliqlaridan yosh sevishganlar deb o‘ylashi mumkin edi. Gap nimada ekanligini aqlga sig‘dirish juda mushkul. Nahotki, hammasi tamom deb aytish uchun shunchalik xushomad kerak bo‘lsa? Anna bu harakatlardan faqat chuqur xo‘rsinar, azoblanar va samimiyati yo‘qolgan kishidan soxta tuyg‘ular burkangan izhorlarni tinmasdan qabul qilardi. Folknerning aybdor kulgisi, kechirim so‘rayotgan jilmayishi va so‘lg‘in nafas olishi Annani anchagina qiynab qo‘ydi.
Barcha xursand va shodlanib, kechki dasturxon atrofida o‘tirishardi. Faqat bolalarning onasi Annaning kayfiyati chatoq. Ovqat ham yemadi. Yuzida soxta bo‘lsa ham tabassumdan darak yo‘q. Ammo har-har zamonda eriga mag‘rur va kibrli boqib qo‘yardi. Odatdagidek, ovqatdan so‘ng oilaviy suhbat boshlanishi kerak edi. Bo‘ldi ham. Ammo farzandlar kutganidek maroqli emas edi. Folkner avvallari qanchalik erkin bo‘lsa, bugun suhbat chog‘ida shunchalar irodasiz va xafaqon edi. Biyron zabon har neni so‘zlar edi-yu, biroq o‘sha dilida tugilgan gapni aytishga iroda chidamasdi. Goh tepaga, goh pastga qarab bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilardi. Dam-badam qulog‘ini ushlab, uqalab, tirnab qo‘yardi. Oyoqlarini chalishtirar, boshini sarak-sarak qilib majburan zo‘rma-zo‘raki kulardi. So‘ng yana mavzuga dahli yo‘q gaplarni valaqlardi. Farzandlar uni jon qulog‘i bilan tinglashar va oxiri baxayr bo‘lishidan umidvor ohangda otasiga qo‘shilib kulishardi. Chunki ota bugun nimadir muhim gap aytishi kerak. Boshqa hodisa bo‘lishi ham mumkin emas.
– Ha, aytgancha. Azizlarim, aytish yodimdan ko‘tarilib ketibdi. Men yangi haftadan o‘zim ishlaydigan korxonaga direktorman. Ha, endi mendan munosibroq odamni topisholmabdi. Qurilish va arxitektura sohasini mukammal tushunadigan boshqa odam yo‘q o‘zi, – dedi-da, iljayib qo‘ydi.
To‘ng‘ich farzand Anya o‘ylardiki, otasining kimdandir katta miqdorda qarzi bor. Endi hammasini: uylarimizni, mashinalarimizni va bor-budimizni sotish kerak. Hech vaqosiz qolamiz. Otam hozir “pop” etib shu haqida gapiradi. Bizni xotirjam qilib qo‘yish uchun boshliq bo‘laman deb aldayapti, degan o‘yda edi. So‘ng jiddiy ohangda:
– Unda boyib ketar ekanmiz-da, – dedi-yu, Annaga yalt etib qaradi. Onasining asabiylashishi va jig‘ibiyron bo‘lishidan bildiki, haligi qarz haqidagi taxminlari to‘g‘ri. Dovdir ota esa yanada jo‘shdi. So‘zni uzoqdan boshladi. Endi gapning indallosi tomon odimladi.
– Hali yoshsan, qizim. Bu dunyoda boylikdan ham muhim narsalar bor. Boyib ketish insonning qo‘lida. Astoydil harakat qilgan kishi unga erishishi mumkin. Ammo hamma xohlaganlar ham baxtli bo‘lavermaydi. Mehribon insonlari bilan birga yashayvermaydi. Shunday ilojsizliklar bo‘ladiki, kishi istasa ham o‘zi xohlagan kishisi bilan birga bo‘lmasligi mumkin. Aksincha, o‘zi xohlamagan kishisi bilan turishga majbur bo‘ladi, – dedi-yu, tomog‘iga nimadir tiqilib gapirolmay qoldi. Uni jon qulog‘i bilan tinglab turgan Anna bo‘lsa, beixtiyor yig‘lab yubordi.
O‘rtanchasi esa otasini ertaga uzoq safarga jo‘nab ketadi-yu, xuddi qaytib kelolmasligini qanday aytishni bilolmayotganligini sezgandek bo‘lardi. Bil’aks, hech qanday majlis chaqirilmasa ham maktabga borardimi? O‘qituvchilarga tayinlab kelgan-da. Bizning kelajagimizga qiziqibdi. Ammo nega tashlab ketmoqchi?
– Dada, o‘qituvchimiz meni maqtadi-a? Oxirgi partada o‘tirgan bo‘lsam ham, sizga qilgan tabassumidan men haqimda iliq narsalar aytayotganini angladim. Siz xursand bo‘lganingizdan o‘qituvchimni quchib oldingiz, – dedi va hech kim xursand bo‘lmagani va kulmaganidan o‘zi bema’ni gap aytib qo‘yganini sezdi. Boshini egdi.
– Ha, albatta, Edi. Mening o‘g‘lim bo‘lasan-u, yomon o‘qirdingmi. Sen yanada yaxshi o‘qishing kerak. Eduard ismiga munosib bo‘lishing shart. Ism ota-onadan farzandga qoldirilgan yagona meros sanaladi, – sergap ota ancha o‘ziga keldi. Ammo meros so‘zini noto‘g‘ri ishlatib qo‘yganini sezmadi.
Kichigi Elif esa nuqul otasining yangi narsalarga o‘chligini payqardi. “Dadam yangi mashina olgan. Bugungi ziyofat va ko‘ngil olishlar mashina tufayli. Bizning oldimizdan o‘tadi va mashinasiga hech kimni yaqinlashtirmaydi. Biz esa eski mashina bilan ovunib qolamiz” deya o‘ylardi.
Suhbat uzilib qoldi. Folkner o‘g‘liga umuman mavzuga daxli bo‘lmagan so‘zlarni ayta ketdi.
– Bilasanmi, Elif. Sen kelajakda madaniyatli va o‘ziga xos obro‘ga ega inson bo‘lishing kerak.
– Ha, – dedi o‘g‘il atrofdagilarga bir-bir qarab.
– Bilasanmi, buning uchun nima qilishing kerak? – dedi Folkner og‘ziga bir bo‘lak go‘shtni solib.
– Bilmayman-da, – deb qo‘ydi jilmaygancha Elif.
– Uning uchun, avvalo, shim ki­yishni o‘rganishing zarur.
– Shiiim? Nega axir?
– Kiyganda ham uch narsaga amal qilishing lozim. Birinchidan, shimni kiyib bo‘lgandan so‘ng uning zanjirini o‘tqazishni unutma. Bu sening obro‘ingni oshiradi. Ikkinchidan, shiming sening nuqsonlaringni oshkor qilmasin, yashirsin. O‘zining chizig‘i silliqligini yo‘qotmasin. Uchinchidan, shimni kiygandan so‘ng, o‘tirayotganingda lippasidan tepasiga ko‘tarib qo‘yishni unutma. Bularning barchasi erkaklarning obro‘ va savlatini saqlovchi muhim mezonlar hisoblanadi, – deya og‘zidagi go‘sht bo‘lagini chaynashda davom etdi.
– Shu xolosmi, – hech narsaga tushunmaganidan Elif gapning mazmuniga ham e’tibor bermasdi. Anglolmadi ham. Xo‘p. Anglaganda ham to‘qqiz yoshli bolaga ayni damda va shu vaziyatda shim kiyish falsafasiga ehtiyoj bormi?
Ishonmaysiz, Folkner gapni shunchalik aylantirdiki, agar xonaning burchagida sichqon bo‘lganda, allaqachon zerikkanidan uxlab qolardi. Va nihoyat, ota portladi. Chaynala-chaynala maqsadga o‘tdi:
– Gap shundaki, men juda ham kichik, mehrga va otaga muhtoj boshqa bir bolaga kerakman. Uning onasiga ham. Shuning uchun olti yoki yetti yil ularning yonida bo‘lishim kerak. Ammo, azizlarim, men ularni sizlardan ustun qo‘ymayapman. Unga ham otaman. Vazifamni bajarishim kerak.
– Axir qanday qilib begona bolaga ham ota bo‘lar ekansiz? Kim o‘zi u? – dedi qichqirib Elif.
– Axir shuncha vaqt ketish shartmi? Borib qo‘liga olti yilga yetadigan pul berib kelsangiz bo‘lmaydimi? – dedi Anya jahl bilan.
– Ammo bizga ham otasiz. Ular ikki kishi bo‘lsa, biz to‘rt kishimiz. Bizni shuncha vaqt tashlab ketishingiz adolatdanmi? Undan ko‘ra oz muddat biz bilan yashasin, keyin o‘zlari uyalganidan ketib qoladi. Chunki siz bizga ham keraksiz. Olti yil otasiz xonadonda uchalamiz onam bilan qanday yashaymiz, – dedi Edi tushkunlikka tushib.
Folkner uncha o‘yga tolmadi, chunki bu kabi savollar girdobida qolishini bilgandi. U oldida bundan boshqa to‘g‘ri yo‘lni ko‘rmadi. Ertaga ertalabdan bu xonadondan ketadi. Yangi bola oq-qorani taniydi. Maktabdek ziyo maskaniga qadam ranjida etganidan so‘ng yana qaytadi. Axir ishonib bo‘ladimi, birgina otasiz o‘sgan bola tufayli butun boshli mamlakat parokanda bo‘lib ketishi mumkin. Haytovur, katta bolalari maktabga borishadi. Ulardan havotir olmasa ham bo‘ladi…

Nemis tilidan Dilobar Asliddin qizi tarjimasi

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 2-son