Avetik Isaakyan. Qalb mantig‘i (hikoya)

– Qalbimizning o‘z mantig‘i bor, bu mantiq odamning aqlini lol qoldiradi,-degandi bir kuni italiyalik do‘stim. – Ha, chindan ham kishini hayratlantiradigan bu narsa shu qadar «o‘jarki», yolg‘iz qalbni tan oladi, ammo uning tub mohiyatiga yetish mushkul. Negaki, qalb mantig‘ining qonun-qoidalari hech kimga ma’lum emas, bir tizimga ham solinmagan. Bu mantiq hamon o‘z Arastusini kutmoqda.
Echilmagan jumboq misol yuragimiz behisob va chek-chegarasiz his-tuyg‘ularga limmo lim. Qalbimiz faqat o‘z-o‘zinigina tan oladi va o‘z-o‘zigagina bo‘ysunadi. U koinotdagi moddiy jarayonlarda bevosita ishtirok etsa-da, munosabat bildirsada, ammo uni boshqarishga, tizginlashga qodir kuch yo‘q. Aksincha, dunyoni ko‘ngilning o‘zi boshqaradi. Yo men yolg‘on gapiryapmanmi? O‘zing tanangga o‘ylab ko‘r: sen yashayotgan yana qaysi olamda ezgulik va yovuzlik, oqillik va telbalik, go‘zallik va xunuklik birgalikda bir butun bo‘la oladi. Faqat ko‘ngilda. Bas, shunday ekan, qalbimizgina dunyoni yaratishi va uni boshqarishi mumkin. Ha, qalb mantig‘ida gap ko‘p. Bu fikrlarni takrorlashdan, bot-bot so‘zlashdan charchamayman, negaki, bir necha hafta burun shu kunlargacha meni mulohaza yuritishga undayotgan bir voqeani eshitgandim; voqea mazmunini idrok etgunimga qadar uning mantig‘ini dil-dildan chuqur his qilib ulgurgandim.
Voqea quyidagicha ro‘y bergandi.
Onamning bir ayol xizmatkori bor edi. Biz, bolalarni ham uning o‘zi katta qilgan. U hozir ishga yaramay qolgan, yoshi ham oltmishdan oshgan. U xizmatkor bo‘lsa-da, onam uni o‘ziga yaqin tutar, ko‘nglidagi sirlarini ochar, birga dardlashardi. Bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. Biz uni erkalab, Mari opa deb chaqirardik. Mari opaning bir nafar o‘g‘li bor edi. Baxtga qarshi, uning yolg‘iz jigarbandi la’nati urushda halok bo‘ldi. Bo‘y-bastidan ot hurkadigan savlatli yigit bor-yo‘g‘i yigirma uch yoshda dushman o‘qidan nobud bo‘ldi.
Urush tugagach, bir yil o‘tib, frontda halok bo‘lgan jangchilarning qolgan-qutgan jasadini yig‘ib keltirishib, ona zaminga dafn etishdi. Mari opa o‘g‘li garchi hayot bo‘lmasa-da, jasadi shu zaminda, Venetsiyada, marhumlar orom olayotgan go‘shaning g‘arbiy qismida sarvlar bilan hoshiyalangan, ustiga ko‘hna, qora xoch tirkalgan, 24 raqami o‘yib yozilgan katta tosh ostida yotganidan xotirjam edi. Jangchi yigitdan qolgan yagona nishon shu edi. Ona uchun endi hayot yana bir sahifasini ochgan edi. Mari opa haftaning bir kunini marhum o‘g‘liga atar va har shanba kuni qabristonga kelib, soatlab uning mozori oldida o‘tirib, xayol surishdan erinmasdi. Boyaqish ayol shu kuni o‘g‘lining ruhini xotirlab qabrtoshi ustiga qo‘yish uchun topgan-tutgan chaqalariga gul va sham sotib olib kelardi. U bu bilan umri so‘nggi jangu-jadal va o‘q-olovda kechgan o‘g‘lining loaqal ruhi yorug‘lik va ajib iforlardan bahramand bo‘lishini istardi. Ona qabr ustida sham yoqib, gullarni qo‘ygach, soatlab tik turgan ko‘yi sukut saqlar, o‘g‘lining bolalikdagi faslini yodga olar, unga kitob o‘qib berganini, ovqatlantirib, yuvintirganini, alla aytib uxlaganini va boshqa yorug‘ damlarni eslab, so‘ng yig‘lardi.
Kechqurun esa tag‘in horib uyiga qaytar, kuch va quvvat topish, g‘amu g‘urbatdan yiqilib qolmaslik uchun ro‘zg‘or ishlariga o‘zini urar, shu bilan alamdan yonib kul bo‘layotgan yuragini ovutardi. Shu tarzda uch yil o‘tdi. Onaizor uch yil havoning issiq-sovug‘iga qaramay, yomg‘ir-qorni pisand qilmay qabristonga qatnashni kanda qilmadi. Bechora Mari opa… bechora ona…
– Baribir, yurtingizdagi onalar bir jihatdan baxtiyor ekanlar. Hechqursa, vafot etgan o‘g‘illarining qabri bor ekan. Biz esa onalarimizni yupatishga aqalli bir tuzukroq bahona ham to‘qiyolmaymiz. Vahshiylarcha o‘ldirilgan o‘g‘lonlarimizning jasadi cho‘lu biyobonlarda qolib ketgan. Allaqachon yirtqichlarga yem ham bo‘lgandir.
– Yo‘q, yanglishayapsiz, birodar. Sizning diyoringizdagi onalar baxtiyor ekanlar. Dushmanlar yosh jangchilarning jasadini tilka-pora qilib, murdalarini qoldirmasligining sababi shuki, ularga onaizorlarning ko‘zi tushganda mushfiqalar so‘ngsiz g‘am-qayg‘u chekishardi. Yo men noto‘g‘ri gapiryapmanmi?
– Ehtimol haqdirsiz. Tag‘in ham bilmadim, har bir narsada hikmat bor.
– Birgina shu voqea ikkimizni ham uzoq-uzoqlarga yetakladi. Mayli, do‘stim, tag‘in hikoyaga qaytaylik. Bir kuni qabristonlarni boshqaradigan uyushma rahbariyati Mari opadan uzr so‘rab, uch yildan buyon xabarlashib turadigan qabr o‘g‘liga tegishli emasligini, anglashilmovchilik bo‘lganini tushuntirdi. Rahbariyat tekshiruv ishlarini olib borganda, o‘ng tomondagi 24 raqam ostida turgan qabrtosh Mari opaning o‘g‘liniki emas, boshqa birovniki ekanligi ma’lum bo‘ldi. So‘l tomonda, xuddi shu raqam o‘yib yozilgan qabrtosh ostida Mari opa o‘g‘lining jasadi ko‘milgan ekan. Bu qabrtosh ham o‘ngdagisi kabi bir xil: katta qora tosh, ustiga xoch mixlangandi.
Mari opa bu xabarni eshitiboq o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. U bir galda o‘g‘lining o‘limidan darak topib, qanday ahvolga tushgan bo‘lsa, ushbu anglashilmovchilik borasidagi xabardan shu ko‘yga tushdi. Nazdida, o‘g‘lini ikkinchi marotaba yo‘qotgandi go‘yo. Biroq endi qabristonga bormay qo‘ydi. Vaqtini shamolga sovurib, uyidan ko‘chaga chiqmadi. Onam Mari opani o‘z yog‘iga qovrilib, kasal bo‘lib qolmasin, deb ergashtirib, uyimizga keltirganida, uni ko‘rib, yuragim ezilib ketdi. Bechora ayolning ko‘zlari ich-ichiga botib, cho‘pday ozib ketibdi.
– Mari opa, muncha kuyinmasangiz?-dedim unga achinib,-Axir o‘g‘lingiz shu bugun yo kecha o‘lgani yo‘qku? Olti-etti yil bo‘lyapti. Hadeb ko‘zyoshi to‘kib yurish yaxshimas, sog‘lig‘ingizni o‘ylasangiz-chi? Keyin birgina sizning boshingizga tushdimi bu qora kun. Axir millionlab onalar farzandsiz qolishdiku…
– Baribir, meni tushunmaysiz, janob. Axir uch yildan beri o‘z o‘g‘lim deb, boshqa birovning qabriga borib-kelib yurgan ekanman. Bechora o‘g‘limning qabri kir-chir, loy-u tuproqqa qorishib ketibdi. Ustini xazonlar ko‘mib tashlabdi. Men ahmoq ona esa… Alam qiladi-da, axir! Shunda ham jimgina o‘tiraveraymi?-boyaqishginaning ko‘zyoshlari yuzini yuvib tushdi.
– Nima farqi bor, axir siz xabar olib turgan qabr ham qaysidir bir jangchi yigitniki emasmi? Uni ham o‘g‘lim deb atayvering. O‘g‘lingiz o‘tib ketgan bo‘lsa, nimani ham his qilardi, ko‘ra olardi? -bu gap nogahonda tilimdan uchdi. Men Mari opa xafa bo‘lmadimikan, deb qo‘rqa-pisa unga qaragandim, u birdan jahl otiga mindi:
-Yo‘q! Yo‘q! Mening o‘g‘lim bitta edi – Karlo! Men xabar olib turgan, qancha g‘am-alam chekkan qabrdagi yigitni umrimda ham ko‘rmaganman. Uning kimligini bilmayman ham. Men, hatto bu qabrtoshni necha bor o‘pib, ko‘zlarimga surtgandim. Eh, ahmoq… ahmoq!
Biz, ikkov xiyol tortishib qoldik. Haqiqatdan ham, ona o‘z tuqqan farzandini birovdan kam ko‘rmaydi, aksincha, uni hammadan ham ko‘proq sevadi, mehr beradi, asrab-avaylaydi. O‘z o‘g‘li qolib, boshqa birovga jon nisor etayotgan onani hech ko‘rmaganman. Ammo bu yerda vatan, xalq, ona zamin uchun jangu jadal kechib, oqibat halok bo‘lgan jangchi yigit uchun hamma onalar ham birdek ona bo‘lishi kerakligini Mari opaga uqdirmoqchi edim. Meni tushunmadi. Ehtimol, men yanglishgandirman. Ayol bo‘lmaganim, farzand ko‘rib, uning dog‘u hasratini ko‘rmaganim uchun ham Mari opani tushunmagandirman. Yana bilmadim. Shu ma’lum bo‘ldiki, biz bir-birimizni tushunmadik.
Mari opaning qayg‘usi arimadi, dardi yengillashmadi. U uyda ko‘p o‘tirmay, oxiri ketib qoldi. Shu yerga kelganda do‘stim biroz tin oldi va sigaretasini tutatib, shosha-pisha so‘riy ketdi. Mening qiziquvchanligim oshgan, hayajondan titrab turardim. Oxiri toqatim toq bo‘lib so‘radim:
– Keyinchi? Keyin nima bo‘ldi? Bechora ayol qanday yo‘l tutdi? Ehtimol, u hammasini taqdir royishiga yo‘yib, so‘ng o‘z o‘g‘lining qabri oldiga qatnay boshlagandir…
– Bu yog‘i oz qoldi. Tugatyapman hikoyani,-dedi do‘stim gapimni bo‘lib.-Mari opa o‘z sezgisi mantig‘i orqali to‘g‘ri qaror qabul qilgan. Darvoqe, unutayozibman: uni “o‘g‘limning ko‘ziga qanday qarayman”, deb boshqa bormay qo‘ydimikan, deb o‘ylab yurgandim. Yo‘q, unday emas ekan. Mari opa qabristonga tag‘in ham borib kelib yurgan emish. Kuyunchak ona endi ikkala qabrni ham gullar bilan bezab, har ikkalasining boshiga sham yoqadi, chang-chunglarini aritib, sarishta qilib qo‘yadi. U ikkita jangchining qabriga bir xilda e’tibor beradi, teng qayg‘uradi. “Mening endi ikkita o‘g‘lim bor,-deydi Mari opa,-Karloginam va uning o‘rtog‘i. Ahmoqligimni qarang-a? Axir, uch yil muttasil uning qabri oldiga kelib, ko‘z yosh to‘kib, ruhi uchun istig‘for so‘radim. Dardimni to‘kib, hasratlashib ketardim. U ham meni eshitgan, menga qo‘shilib yig‘lagandir, onam, deb qabul qilgandir. Shunday ekan, uni yolg‘iz qoldirib ketishim mumkinmi? Aslo! Bu yerda mening ikkita azamat o‘g‘lim yotibdi. Ikkita qadrli, sevimli o‘g‘lim bor.
Bechora ona! Bechora onaning yuragi!…
Venetsiya, 1923 yil.

Umid Ali tarjimaci