Anton Chexov. Yilqibop familiya (hikoya)

Otstavkaga chiqqan general-mayor Aleksey Buldeevning tishi og‘rib qoldi. U, og‘zini araq bilan, konyak bilan chayqadi, quloqlariga paxta tiqib yurdi, og‘riyotgan tishiga tamaki yuqi va afyun qo‘ydi, skipidar, kerosin tomizdi, yuziga yod surkadi — lekin hech birisi naf qilmadi, hatto ba’zisi ko‘nglini aynitib yubordi. Doktor kelib, tishini kavlab ko‘rgach, darhol oldirishni maslahat berdi, lekin general ko‘nmadi. Bergan xina dorisi ham foyda qilmadi. Uy ichidagilarning hammasi — to xotinidan tortib bolalari-yu, xizmatkorlari va hatto oshpaz bola Petkagacha — har kim bilgan davosini unga taklif etar edi. Shular qatorida, Buldeevning gumashtasi Ivan Yevseich ham keldi, og‘riqni o‘qitib bog‘latishni maslahat berdi.

— Shu uyezdimizda, janobi oliylari, — dedi u, bundan o‘n yil muqaddam Yakov Vasilich degan bir odam o‘lpon mahkamasida xizmat qilardi. Tish og‘riqni bog‘lashda — tenggi yo‘q edi. Derazaga o‘girilib, shivirlab-shivirlab, kuf-suf qilsa, og‘riq taqqa qolardi. Zab nafasi o‘tkir odam edi-da!..

— Hozir u qayerda ekan?

— O‘lpon mahkamasidan bo‘shatishgandan keyin Saratovga, qaynanasinikiga ko‘chib ketgan. Hozir faqat tish og‘riqni bog‘lash bilan kun ko‘radi. Tishi og‘rigan odam borki, to‘g‘ri o‘shaning oldiga boradi, albatta tuzaladi… Agar tishi og‘rigan odam saratovlik bo‘lsa, uyida qabul qilar ekan; bordi-yu boshqa shahardan bo‘lsa, telegraf orqali tuzata berarmish. O‘shanga siz ham, janobi oliylari, telegramma yuborib, shunday-shunday: bir bechora bandai xudoning, ya’ni Alekseyning tishi og‘rib qoldi, tuzatmog‘ingizni iltimos qilamiz deb, arz-hol qilsangiz — yomon bo‘lmas edi… Xizmat haqini pochta orqali yubora berasiz.

— Bekorchi gap! Hiylagarlik!

— Bir yozib ko‘ringchi, janobi oliylari. O‘zi hozir xotini bilan birga emas, bir nemis xotinni topib olgan; o‘lguday araqxo‘r, og‘zi beparavuz, lekin karomati joyida…

— Yubora qol, Alyosha, — deb general xotini yalina boshladi. — Sen-ku bunday gaplarga ishonmaysan-a, lekin men o‘qitib sinab ko‘rganman. Ishonmasang ham yozib ko‘rgin-chi! Qo‘ling qurib qolmas axir!

— Ha, mayli, — deb rozi bo‘ldi Buldeev. — Jondan o‘tgandan keyin o‘lponchi tugul, shaytonga telegramma yuborarsan… Voy-voy! Toqatim qolmadi! Uh!.. Qani aytchi, o‘lponching o‘zi qayerda turadi? Nima deb yozay?

General stol yoniga borib o‘tirdi va qo‘liga ruchka oldi.

— Saratovda uni bilmagan odam yo‘q, — dedi gumashta. — Qani, yozsinlar, janobi oliylari, demak Saratov shahrida yashaguvchi… Janobi Yakov Vasilich… Vasilich…

— Xo‘sh?

— Vasilich… Yakov Vasilich… Hah familiyasi qurg‘ur… Tilimning uchida turibdi… Yakov Vasilich… Vasilich… Unutibman… Vasilich… Voy dardisar-ey! Familiyasi nima balo edi? Haligina shu yoqqa kelayotganimda esimda edi-ya!.. Shoshmang-chi!..

Ivan Yevseich ko‘zlarini shiftga tikib, lablarini qimirlatar edi, xolos. Buldeev bilan general oyim toqatsizlanib kutishardi.

— Qani, nima bo‘ldi? Tezroq o‘yla!

— Mana hozir… Vasilich… Yakov Vasilich… Unutibman! Shunchalik oson familiya ediki!.. Xuddi yilqibop bir narsaga o‘xshardi… To‘xtang-chi… Kobilin…[1] yo‘q, Kobilin emas… Aytganday. Jerebtsovmikin?..[2] Yo‘q, Jerebtsov ham emas… har holda yilqibop familiya edi-da, lekin nima ekani — xayolimdan ko‘tarilibdi…

— Jerebyatnikovmi?

— Yo‘q, bu emas… To‘xtang-chi… Kobilyatnikov… Kobilitsin… Kobelev…[3]

— Bunisini kuchukbop demasang yilqiboplik joyi yo‘q. Jerebchikovdir?

— Yo‘q, Jerebchikov ham emas… Loshadinin…[4] Loshakov… Jerebkin… Yo‘q, bular ham emas!

— Xo‘sh, men unga nima deb yozaman? O‘zing o‘ylab ko‘r…

— Hozir. Loshadkin, Kobilkin… Korennoy…[5]

— Korennikovmi? — deb so‘radi general oyim.

— Yo‘q, yo‘q… Pristyajkin…[6] Bu ham emas… Unutibman!

— Axir unutgan bo‘lsang, nimaga kelding, basharang qurg‘ur, yoki men sendan maslahat so‘radimmi? — Generalning jahli chiqib ketdi. — Yo‘qol bu yerdan!

Ivan Yevseich sekin-sekin yurib, chiqib ketdi; general esa, jag‘ini ushlab, u uydan bu uyga yugurar edi.

— Voy boshim-ey! Voy jonginam-ey! — deb dodlar edi. — Voy, ko‘zim tinib ketdi!

Gumashta boqqa chiqdi va o‘lponchining familiyasini eslamoqchi bo‘lib, osmonga qaraganicha turib qoldi:

— Jerebchikov… Jerebkovskiy… Jerebenko… Yo‘q, bu emas!.. Loshadinskiy… Loshadevich… Jerebkovich… Kobilyanskiy…

Bir ozdan keyin xo‘jayin uni chaqirtirib keldi.

— Topdingmi? — deb so‘radi general.

— Yo‘q, topa olmadim, janobi oliylari.

— Balki, Konyavskiydir?[7] Loshadnikov-chi? Bu ham emasmi?..

Shunday qilib uydagilarning hammasi baravariga familiya qidirishga tushib ketishdi. Yilqi jinsining qulunidan tortib qarisigacha birma-bir aytib chiqishdi, yolu tuyoq ham qolmadi, egar-jabduq avra-astarigacha tekshirib ko‘rildi… Uyda, bog‘da, oshxonada, xizmatkorlar qo‘rasida, — xullas hamma joyda odamlar burchak-burchakda yurar va peshonalarini qashib, familiya qidirardi xolos…

Dam-badam gumashtani chaqirtirishardi.

— Tabunov[8] emasmi? — deb so‘rashardi undan. — Kopitinchi?[9] Jerebovskiymi?

— Yo‘q, bu emas, — deb javob berardi bechora Ivan Yevseich va yana shiftga qarab, o‘zicha o‘ylanardi: — Konenko… Konchenko… Jerebeev… Kobileev…

Bolalar o‘z bo‘lmasidan:

— Dada, topdik! Troykin![10] Uzdechkin![11] — deb baqirardi. Xo‘jayinning tish og‘rig‘i hammani bezovta qilib, tashvishga solib qo‘ydi. Toqati toq bo‘lgan general, o‘sha familiyani topgan kishiga besh so‘m suyunchi va’da qildi. Odamlar buni eshitib, Ivan Yevseich oldiga endi gala-gala bo‘lib kelardi…

— Gnedovmi?[12] Risistiy[13] emasmi? Loshadinskiy-chi? — deb so‘rashardi undan.

Kech kirdi, hamon familiya topilmadi. Telegramma yuborilmay, shu ahvolda yotib qolishdi. General mijja qoqmasdan, tun bo‘yi ingrab, yurib chiqdi… Kechasi soat ikkidan oshganda uyidan chiqdiyu, to‘g‘ri gumashtasining derazasini taqillatdi.

— Merinov[14] emasmi? — deb so‘radi yig‘lamsirab.

— Yo‘q, Merinov emas, janobi oliylari, — deb javob berdi Ivan Yevseich, gunohkor odamday xo‘rsinib.

— Bo‘lmasa, balki yilqibop emas, boshqacharoq familiyadir-da!

— Xudo haqqi, yilqibop familiya, janobi oliylari… Bunisi aniq esimda.

— Es ham shunchalik kirdi-chiqdi bo‘ladimi, uka? Dunyoda menga eng qimmat narsa — shu familiya bo‘lib qoldi. O‘lar bo‘lsam — o‘lib bo‘ldim!

Ertalab general yana doktorga odam yubordi.

— Mayli olib tashlasin! — deb rozi bo‘ldi endi, — Ortiq toqatim qolmadi.

Doktor yetib keldi, og‘riq tishni sug‘urib oldi.

O‘sha zahotiyoq og‘rig‘i bosilib, general tinchidi. Doktor o‘z vazifasini ado etib, xizmat haqini olgach, brichkasiga o‘tirib uyiga jo‘nadi. Darvozadan chiqqandan so‘ng dalada Ivan Yevseichni ko‘rib qoldi. Gumashta yo‘l yoqasida, oyog‘i ostiga qattiq tikilib, allanimani o‘ylab turgan edi. Peshonasining munchalik tirishganligi, ko‘zlarining bu xilda parishonligi — o‘ylana berib qiynalganini ko‘rsatardi.

— Bulanov…[15] Cherezsedelnikov…[16] Zasuponin…[17] Loshadskiy… — deb g‘o‘ldirar edi, xolos…

— Ivan Yevseich! — deb doktor uni chaqirdi. — Baraka topkur, menga besh-olti chorak suli sotmaysizmi? O‘zimizning mujiklardan ham topiladi-yu, lekin sulisi juda yomon…

Ivan Yevseich anqayib doktorga qarab qoldi va birdaniga yuzlari tirjayib ketdi; suyunganidan qo‘lini-qo‘liga shartta urdi-yu, doktorga biron javob bermasdan, qo‘rg‘onga qarab shunday chopdiki, ko‘rgan odam, quturgan it quvdimi, deb hayron bo‘lardi.

— Topdim, janobi oliylari! Topdim! — deb general kabinetiga shu qadar baqirib kirib keldiki, hovliqqanidan ovozi butunlay o‘zgarib ketgan edi. — Topdim! Umri uzoq bo‘lar ekan! Ovsov,[18] Ovsov! O‘lponchining familiyasi Ovsov! Ovsov, janobi oliylari! Telegrammani Ovsovga tegsin deb yuboravering!

— Ma! Mana buni yebsan! — deb ko‘rsatdi general, bosh barmog‘ini ikki barmoq orasiga joylab. — Yilqibop fomiliyangni endi boshimga uramanmi?

O. Sharapov tarjimasi

____________________
[1] Kobila — biya; Kobilin va boshqa shu xil familiyalarning hammasi shu so‘zdan yasalgan.
[2] Jerebets — ayg‘ir; Jerebtsov va boshqa shu xil familiyalarning hammasi shu so‘zdan yasalgan.
[3] Kobel — erkak it; Kobelev degan familiya shundan yasalgan.
[4] Loshad — ot; Loshadin va boshqa shuning singari familiyalar shu so‘zdan yasalgan.
[5] Korennoy — izvoshga, brichkaga o‘rtaga qo‘shiladigan ot; shunday familiya ham bo‘ladi.
[6] Pristyajka — izvoshka, brichkaga yonga qo‘shiladigan ot; shunday familiya ham bo‘ladi.
[7] Kon — yaxshi ot, nasldor, zotli ot; Konyavskiy — shundan olingan familiya.
[8] Tabun — yilqi uyiri; Tabunov shundan yasalgan familiya.
[9] Kopito — tuyoq; Kopitin shundan yasalgan familiya.
[10] Troyka — uch ot ho‘shilgan izvosh, brichka; Troykin shunda» yasalgan familiya.
[11] Uzdechko — yugan; Uzdechkin shundan yasalgan familiya.
[12] Gnedoy — to‘riq, Gnedov — shundan yasalgan familiya.
[13] Risistiy — haydama yo‘rg‘alik ot. Shunday familiya ham bo‘ladi.
[14] Merin — axta; Merinov — shundan yasalgan familiya.
[15] Bulanoy — jiyron; Bulanov — shundan yasalgan familiya.
[16] Cherezsedelnikov — aravaning tirqishi.
[17] Zasup — bo‘yincha bog‘i.
[18] Ovyos — suli; Ovsov — shundan yasalgan familiya.