Anton Chexov. Xonimlar (hikoya)

O‘zini insofli va muruvvatli kishi, deb yuruvchi N. gubernasidagi xalq maktabining direktori, Fedor Petrovich bir kuni idorasida o‘qituvchi Vremenskiyni qabul qildi.
— Yo‘q, janob Vremenskiy, — dedi u, — iste’fo berishingiz zarur. Bu tovushingiz bilan o‘qituvchilik qilib bo‘lmaydi. Ha, aytmoqchi, ovozingiz nega bo‘g‘ilib qoldi?
— Terlab turib muzdek pivo ichgan edim.. — deb shivirladi o‘qituvchi.
— Esizgina! O‘n to‘rt yil xizmat qilib, birdan shunday bo‘lib qolsa-ya, kishi! Arzimagan bir narsa bilan boshqa ishga o‘tishga to‘g‘ri keladi. Endi nima ish qilmoqchisiz?
O‘qituvchi javob bermadi.
— Oilangiz bormi? — deb so‘radi direktor.
— Xotinim va ikkita bolam bor, janobi oliylari… — deb shivirladi o‘qituvchi.
Sukunat cho‘kdi. Direktor o‘rnidan turdi va hayajonlanib uyning u boshidan bu boshiga yurdi.
— Sizni nima qilishimga aqlim yetmay qoldi! — dedi u. — O‘qituvchilik qilolmaysiz, pensiyaga chiqishga vaqt bor… nima bo‘lsa bo‘lar, deb sizni bo‘shatib yuborish, insofdan emas. Siz bizning o‘z odamimizsiz, o‘n to‘rt yil xizmat qildingiz, demak, sizga yordam qilishimiz kerak… Biroq qanday yordam bera olaman? Siz uchun nima qila olaman? Axir mening ahvolimga ham tushuning: men sizga qanday yordam bera olaman.
Sukunat cho‘kdi, direktor yurar va hamon o‘ylardi, o‘z qayg‘usi boshidan oshgan Vremenskiy ham, stulning bir chetida omonatgina o‘tirib, bu ham o‘ylar edi. Birdan direktorning chehrasi ochilib ketdi va hatto barmoqlarini shiqillatib qo‘ydi.
— Hayronman, qanday qilib shu fikr ilgariroq esimga kelmapti! — dedi bidirlab u. — Bilasizmi, men sizga nima taklif qilmoqchiman… Kelasi haftada bizning yetimxonamizning kotibi ishdan bo‘shaydi. Agar xohlasangiz uning o‘rniga kiring! Mana sizga ish!
Bunchalik iltifotni kutmagan Vremenskiyning ham chehrasi ochilib ketdi.
— Juda soz! Shu bugunoq ariza yozing… — dedi direktor!
Vremenskiyni jo‘natgandan keyin Fedor Petrovich ancha yengil tortdi va dili orom topdi: chunki shivillovchi o‘qituvchining kamandek gavdasi ortiq uning qarshisida turmas, chunki Vremenskiyga bo‘sh o‘rinni taklif qilish bilan yaxshi va olijanob odamga munosib adolatli hamda vijdonan ish qilgani o‘zi uchun ham ko‘ngilli edi. Ammo bu xursandchilik uzoq davom etmadi. U uyiga kelib endi ovqatlanishga o‘tirganda uning xotini Nastasya Ivanovna to‘satdan eslab qoldi:
— Voy esim qursin-a, unutib qo‘ya yozibman! Kecha mening oldimga Nina Sergeevna kelib bir yigit haqida iltimos qilib ketgan edi. Eshitishimga qaraganda bizning yetimxonada bir xizmat o‘rni bo‘sharmish…
— Ha, lekin bu joy allaqachon birovga va’da qilib qo‘yilgan, — dedi direktor va qovog‘ini solib oldi. — Undan tashqari mening odatim o‘zingga ma’lum; men hech qachon himoyachi orqali ish bermayman.
— Bilaman, lekin bundan Nina Sergeevnani istisno qilish mumkin. U bizni xuddi bir tug‘ishganidek yaxshi ko‘radi, biz bo‘lsak unga haligacha biror yaxshilik qilgan emasmiz. Shuning uchun Fedya, yo‘q deya ko‘rma! Sen o‘jarliging bilan uni ham, meni ham xafa qilasan.
— U kimni tavsiya qiladi?
— Polzuxinni.
— Qanaqa Polzuxinni? Anovi yangi yildagi yig‘ilishda Chadkiy rolini o‘ynaganmi? Anovi olifta yigitmi? Aslo!
Direktor ovqat ham yemay qoldi.
— Aslo! — deb takrorladi u, — Xudo saqlasin!
— Ha nega endi?
— Axir, xotinjon, tushungin, yigit kishi to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi kelmay, ayollar orqali harakat qilarkan, uning yaramasligi shundan ma’lum! Nima uchun uning o‘zi kelib menga uchramaydi?
Ovqatdan keyin direktor o‘z kabinetiga kirib divanga yotdi va olingan gazetalar va xatlarni o‘qiy boshladi.
«Azizim Fedor Petrovich! — deb yozardi unga shahar boshlig‘ining xotini. Siz bir vaqt meni ko‘ngilchang va otamlarni yaxshi taniydigan xonim deb atagan edingiz. Endi amalda tekshirib ko‘radigan paytingiz keldi. Yakin kunlarda sizning huzuringizga bizning yetimxonada bo‘shaydigan kotib o‘rnini so‘rab mening tanishim N. K. Polzuxin degan yigit boradi. Yosh, juda yoqimli yigit. Unga yordam berganingizdan keyin o‘zingiz ham bunga ishonasiz…» va hokazo.
— Hech bir! — dedi direktor. — Xudo saqlasin. Shundan keyin direktor Polzuxinni tavsiya qilgan maktublarni har kuni olib turdi. Kunlardan bir kun ertalab to‘ladan kelgan, soqollari qirilgan qizil yuzli, yangi qora kastyum kiygan olifta yigit Polzuxining o‘zi kirib keldi…
— Xizmat masalasida men bu yerda emas, idoramda qabul qilaman, — dedi direktor sovuqqina uning iltimosini eshitib bo‘lgach.
— Kechirasiz, janobi oliylari, bizning umumiy tanishlarimiz xuddi mana shu yerga kelib uchrashishimni maslahat berdilar.
— Hm!.. — deb g‘o‘ng‘illadi direktor, uning tumshug‘i cho‘qqaygan payafzaliga nafrat bilan tikilib. — Mening bilishimcha, — dedi u, — otangiz ancha badavlat odam hech narsaga muhtoj emassiz, shu o‘rinni so‘rashga qanday ehtiyojingiz bor? Axir maoshi juda oz-ku!
— Men maosh uchun emas, shunchaki… Nima demang hukumat idorasida…
— Shunday. Menimcha bir oydan keyinoq bu o‘rin sizning ko‘nglingizga tegadi va siz uni tashlab ketasiz, vaholanki bu o‘ringa shunday talabgorlar borki, ular uchun bu joy bir umrli martaba… Shunday muhtoj odamlar borki, ular uchun…
— Ko‘nglimga tegmaydi, janobi oliylari! — deb so‘zni bo‘ldi Polzuxin. — Chin so‘z, harakat qilaman!
Direktor tutoqib ketib:
— Menga qarang, — dedi istehzo bilan iljayib, nega siz to‘ppa-to‘g‘ri o‘zimga kelib uchramay, xonimlarni bezovta qilishni lozim ko‘rdingiz?
— Bu ishim sizga yoqmasligini bilmabman, — deb javob berdi Polzuxin xijolat tortib. — Ammo janobi oliylari, siz tavsiyanomalarga e’tibor bermasangiz, men attestatsiyani ko‘rsatishim mumkin…
U cho‘ntagidan qog‘oz oldi va direktorga uzatdi. Idora uslubi va qo‘l bilan yozilgan attestatsiya tagida gubernatorning imzosi qo‘yilgan edi. Birorta xira oyimtilladan qutilish uchungina gubernator o‘qimasdanoq qo‘l qo‘yib yuborgani ko‘rinib turardi.
— Ilojim yo‘q, bo‘ysunaman… eshitaman… — dedi direktor attestatsiyani o‘qib chiqib va uh tortib qo‘ydi — Ertaga ariza bering… Nima ilojim ham bor…
Polzuxin ketgandan keyin direktor nafrat va g‘azabdan bo‘g‘ilib:
— Razil! — dedi shivirlab va uyning u boshidan bu boshiga yurdi. — Axir maqsadiga yetdi, iflos manfaatparast, ayollarga yoqqan yaramas maxluq!
Direktor Polzuxin chiqib ketgan eshikka qarab qattiq tufladi, lekin birdan o‘zi uyalib ketdi, chunki xuddi shu vaqtda kabinetga kazennaya palata boshlig‘ining xotini kirib kelayotgan edi…
— Men bir minutga, bir minutga… — deb boshladi oyimcha. — O‘tiring, otaxon, gapimga diqqat bilan quloq soling… Xo‘-sh, sizda bo‘sh o‘rin bormish-a… Erta yoki bugun sizning huzuringizga Polzuxin degan yigit keladi.
Oyimcha chug‘ullab ketdi, direktor esa unga xuddi hozir behush bo‘lib yiqilay deb turgan odamdek xira ko‘zlari bilan qarab, karaxt bo‘lib o‘tirdi va odob yuzasidan iljayar edi.
Ertasiga esa direktor o‘z idorasida Vremenskiyni qabul qildi va anchagacha to‘g‘risini aytishga jur’at qilolmadi. U mujmal gapirar, adashib ketar, nima deb gap boshlashini bilmas edi. U o‘qituvchi oldida kechirim so‘rashni, ayni haqiqatni aytib berishni istar, lekin mast kishidek tili kelishmas, quloqlari lovillab yonar edi, o‘z idorasida, o‘z qo‘lida ishlaydigan odam oldida shu qadar tuban rolni o‘ynashga to‘g‘ri kelganiga u to‘satdan xafa bo‘lib ketdi va juda alam qildi. Birdan u stolga taraqlatib urdi-da, o‘rnidan irg‘ib turib jahl bilan baqirib:
— Siz uchun menda o‘rin yo‘q! Yo‘q dedim, yo‘q! Meni tinch qo‘ying! Meni qiynamang! Baraka toping, menga ko‘p ilashavermang! — dedi va idoradan chiqib ketdi.

H. Ziyoxonova tarjimasi