Anton Chexov. Olchazor (drama)

OLChAZOR

To‘rt pardali komediya

QATNAShUVChILAR:

R a n ye v s k a ya Lyubov Andreevna — pomeshchik ayol.
A n ya — uning qizi, 17 yashar.
V a r ya — asrandi qizi, 24 yashar.
G a ye v Leonid Andreevich — Ranevskayaning akasi.
L o p a x i n Yermolay Alekseevich — savdogar.
T r o f i m o v Petr Sergeevich — student.
S i m ye o n o v – P i sh ch i k Boris Borisovich — pomeshchik
Sh a r l o t t a Ivanovna — murabbiya.
E p i x o d o v Semyon Panteleevich — kontorchi.
D u n ya sh a — oqsoch qiz.
F i r s — malay 87 yoshda.
Ya sh a — yosh malay.
O‘ t k i n ch i.
S t a n ts i ya n a ch a l n i g i.
P o ch t a a m a l d o r i.
M ye h m o n l a r, x i z m a t k o r l a r.

Voqia L. A. Ranevskayaning qo‘rg‘onida o‘tadi.

BIRINChI PARDA

Hanuzgacha bolalarniki deb ataladigan bo‘lma. Eshiklarning biridan Anyaning bo‘lmasiga kiriladi. Tong otar payti; hademay quyosh chiqib qoladi. May oyi, olchalar gullagan, lekin bog‘ juda sovuq.
Tong sovug‘i esib turadi. Derazalar berk. Sham ko‘targan Dunyasha va qo‘lida kitob bilan Lopaxin kiradilar.

L o p a x i n. Xudoga shukur, poyezd ham keldi. Soat necha bo‘ldiykin?
D u n ya sh a. Ikki bo‘lib qoldi. (Shamni o‘chiradi.) Tong ham yorishib ketdi.
L o p a x i n. Shunday qilib, poyezd necha soat kechikib keldi? Kam deganda ikki soatcha kechikkandir. (Xomiza tortib, kerishadi.) Meni qara-ya, shunaqa ham betamizlik bo‘ladimi? Ularni stantsiyada kutib olish uchun atayi kelib, birdan uxlab qolibman-a… O‘tirgan joyimda-ya. E, attang… Loaqal sen ham uyg‘otib qo‘ymabsan-a…
D u n ya sh a. Men sizni ketib qoldingiz deb o‘ylabman. (Quloq soladi.) Ana, kelishayotganga o‘xshaydi.
L o p a x i n (quloq berib). Yo‘q… Hali bagaj olishadi, u-bu degandek…

Pauza.

Lyubov Andreevna besh yildan buyon chet elda yashaydi, bilmadim hozir qanaqa bo‘lib ketgan ekan… O‘zi xo‘p asl odam-da. Xushfe’l, soddagina. Esimda bor, o‘n besh yashar bola edim, rahmatlik otam shu qishloqda boqqollik qilardi. Bir kuni nima ham bo‘ldi-yu, bir ish bilan qo‘rg‘onga kelib qoldik, otam mast edi. Bir vaqt yuzimga bir musht solib qolsa bo‘ladimi. Burnim qonab ketdi… Hozir ham ko‘z oldimdan ketmaydi: yoshgina, oriqqina Lyubov Andreevna meni ana shu bolalar bo‘lmasidagi umivalnik oldiga yetaklab kelib: «Yig‘lama, mujichok, to‘yinggacha tuzalib ketadi» degan edilar.

Pauza.

Mujichok-a… To‘g‘ri, otam mujik, qishloqi odam edi, ha men-chi, mana ustimda oppoq jiletka, oyog‘imda sariq botinka. Qarqunoqdan bulbul chiqqanday .. Faqat badavlatman xolos, pulim ko‘p, lekin munday o‘ylab qarasam, qishloqidan farqim yo‘q… (Kitobni varaqlaydi.) Mana bu kitobni o‘qidim-u, lekin biron narsa tushungan bo‘lsam o‘lay. O‘qib o‘tirib, uxlab qolibman.

Pauza.

D u n ya sh a. Egalarining kelishini bilib, itlar ham tuni bo‘yi uxlamay g‘inshib chiqdi.
L o p a x i n. Senga nima bo‘ldi Dunyasha, nega bunaqa…
D u n ya sh a. Qo‘l-oyoqlarim titrab ketyapti. Hozir hushimdan ketib yiqilaman.
L o p a x i n. Judayam noziksan-da o‘zing, Dunyasha. Kiyimlaring xuddi oyimqizlarnikiday, soch tarashlaring ham shunaqa. Bunday qilishing yaramaydi. O‘zingning kim ekaningni unutma.

Qo‘lida guldasta ko‘targan Yepixodov kiradi, egnida pidjak, yaltiroq etigi g‘archillaydi; uyga kira turib, qo‘lidan guldasta tushib ketadi.

E p i x o d o v (gulni yerdan olib). Mana bu gulni bog‘bon berib yubordi. Yemakxonaga qo‘yishsin deb tayinladi. (Guldastani Dunyashaga beradi.)
L o p a x i n. Menga kvas ola kel.
D u n ya sh a. Xo‘p. (Chiqib ketadi.)
E p i x o d o v. Boqqa qirov tushibdi, sovuq desangiz uch daraja. Shunday bo‘lsa ham olchalar barq urib gullab yotibdi. Sizlarning iqlimingiz menga yoqmadi. (Xo‘rsinadi.) Aslo yoqmadi. Bizning iqlimga sira o‘xshamas ekan. Mana, Yermolay Alekseich, men sizga aytsam, o‘tgan kuni mana bu etikni sotib olgan edim, men sizga aytsam, shunday g‘archillaydiki, asti qo‘yavering. Nima bilan buni moylasam ekan?
L o p a x i n. Nari tur. Jonga tegding.
E p i x o d o v. Har kuni biron falokatga uchrayman. Bundan sira nolimayman, negaki, o‘rganib qolganman, hatto iljayib yuraveraman.

Dunyasha kirib, Lopaxinga kvas beradi.

Men endi ketay. (Stulga qoqiladi, stul ag‘nab ketadi) Mana… (Xuddi maqtangandek.) Mana, men sizga aytsam, kechirasiz, ko‘rdingizmi qanday hodisa yuz berdi… Bir hisobda, bu ajoyib narsa bo‘ldi o‘zi. (Chiqib ketadi.)
D u n ya sh a. Yermolay Alekseich, men sizga to‘g‘risini aytsam, Yepixodov menga uylanmoqchi.
L o p a x i n. Rostmi?
D u n ya sh a. Nima qilishni bilmay qoldim… O‘zi mo‘min-qobilgina odam, lekin bir gap boshlasa hech baloni tushunib bo‘lmaydi, gaplari yaxshi, ta’sirli, faqat tushunib olish qiyin. Uning o‘zi menga yoqqanday ko‘rinadi. Meni bo‘lsa jonidan ham yaxshi ko‘radi. O‘zi baxtsiz odam, kunda boshiga biron falokat tushib turadi. Bu yerda uni falokat bosgan deb masxara qilishadi.
L o p a x i n (quloq solib). Ana, kelishayotganga o‘xshaydi…
D u n ya sh a. Kelishyapti! Kelishyapti! Ie, menga nima bo‘ldi o‘zi… Titrab ketyapman.
L o p a x i n. Rostdan, kelishyapti. Qani, yur, kutib olaylik. Lyubov Andreevna tanirmikan meni? Besh yil ko‘rishmadik.
D u n ya sh a (hayajonlanib). Men hozir yiqilib tushaman… Voy, yiqilaman!

Ikki ekipajning uy oldiga kelib to‘xtagani eshitiladi. Lopaxin bilan Dunyasha tez chiqib ketadilar. Sahna bo‘shab qoladi. Yendagi uylardan tovushlar eshitila boshlaydi. Sahnadan Lyubov Andreevnani kutib olishga borgan Firs hassa tayanib tez-tez o‘tadi Ustida qadimgicha livreya, boshida baland shlyapa; o‘zicha allanimalar deb gapiradi, lekin bir so‘zini ham anglab bo‘lmaydi. Sahna orqasida shovqin zo‘rayadi. «Mana bu yoqqa…» degan tovush eshitiladi. Safar kiyimlari kiygan Lyubov Andreevna, Anya, zanjirband itni yetaklagan Sharlotta Ivanovna, palto kiygan va boshiga ro‘mol o‘ragan Varya, Gayev, Simeonov-Pishchik, Lopaxin, tugun va zontik ko‘targan Dunyasha, yuk ko‘targan xizmatkorlar — hammalari bo‘lmadan ichkari uyga o‘tadilar.

A n ya. Bu yoqdan yuringlar. Oyi, bu uyning qaysi bo‘lma ekanligi esingdami?
L yu b o v A n d r ye ye v n a (sevina-sevina yig‘i aralash). Bolalar xonasi.
V a r ya. Kun juda sovug‘-a. Qo‘llarim qotib ketdi. (Lyubov Andreevnaga qarab.) Oyijon, sizning yaxshi ko‘rgan oq va gunafsha rang bo‘lmalaringiz qanday bo‘lsa, shu holicha turibdi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bolalar bo‘lmasi, jonginam, juda yaxshi bo‘lma. Men ham bolaligimda shu uyda yotar edim… (Yig‘laydi.) Hozir ham xuddi yosh boladayman… (Akasini, Varyani, keyin yana akasini o‘padi.) Varya bo‘lsa sira o‘zgarmabdi, hali ham monashkaga o‘xshaydi. Dunyashani ham tanidim… (Dunyashani o‘padi.)
G a ye v. Poyezd ikki soat kechikib keldi. Bu qanday gap? Qanday tartib?
Sh a r l o t t a (Pishchikka qarab). Mening itim yong‘oq ham yeydi.
P i sh ch i k (hayratlanib). Uni qarang-a!

Anya bilan Dunyashadan bo‘lak hamma chiqib ketadn.

D u n ya sh a. Kuta-kuta ko‘zim to‘rt bo‘ldi. (Anyaning palto va shlyapasini yechib oladi).
A n ya. Men yo‘lda to‘rt kecha uxlamadim… Juda sovqotib ketdim…
D u n ya sh a. Siz ro‘za kezda ketgan edingiz, qor yoqqan edi, qahraton sovuq edi. Endi-chi! Jonginam-ey! (Kuladi, Anyani o‘padi.) Kuta-kuta o‘lib bo‘ldim. Jonginam, shiringinam!.. Sizga aytadigan bir gapim bor, hozir aytmasam yuragim qinidan chiqib ketadi.
A n ya (xomush). Yana biron nimadir-da.
D u n ya sh a. Kontorchi Yepixodov hayitdan keyin menga uylanish to‘g‘risida taklif qildi.
A n ya. Kampirning dardi g‘o‘zada… (Sochlarini tuzatadi.) Hamma shpilkalarimni yo‘qotib keldim. (Anya juda charchagan, hatto gandiraklaydi.)
D u n ya sh a. Nima qilishimni ham bilmay qoldim. Meni biram yaxshi ko‘radiki!
A n ya (o‘z bo‘lmasining eshigiga karab, erkalanib). Mening uyim, o‘zimning derazalarim… Xuddi hech qayerga ketmaganga o‘xshayman! Yana uyimdaman! Ertaga ertalab o‘rnimdan turaman-u, yugurgancha bog‘chaga chiqaman… Oh, qani endi uyqum kelsa. Yo‘lda mijja qoqmadim… Tashvish ezib yubordi.
D u n ya sh a. O‘tgan kuni Pyotr Sergeevich kelgan edilar.
A n ya (sevinib). Petya!
D u n ya sh a. Hammomda turadilar, sizlarga malol keladimi, deb qo‘rqaman deydilar. (O‘zining yon soatiga qarab.) Borib uyg‘otsam bo‘lardi-yu, Varvara Mixaylovna ruxsat etmadilar. Uni uyg‘otma dedilar.

Varya kiradi, belida bir shoda kalit.

V a r ya. Dunyasha, qani tezroq kofe keltir… Oyim kofe so‘rayaptilar.
D u n ya sh a. Hozir olib kelaman. (Chiqib ketadi.)
V a r ya. Xudoga shukur-ey; omon-eson yetib keldinglar. Sen yana o‘z uyingdasan. (Erkalanib.) Jonginam keldi! Go‘zalim keldi!
A n ya. Ko‘p qiynaldim.
V a r ya. Bilaman, bilaman!
A n ya. Men hayit haftasida ketgan edim, unda sovuq edi. Bora-borguncha Sharlotta vaysab bordi, har xil nayranglar ko‘rsatib bezor qildi. Nimaga Sharlottani menga qo‘shib yubording-a…
V a r ya. Yolg‘iz ketishing bo‘lmas edi-da, joginam. O‘n yetti yashar qizsan, axir.
A n ya. Parijga kirib borsak — sovuq, qor yoqqan ekan. O‘zim frantsuzcha gapirishga o‘larday no‘noqman. Oyim beshinchi qavatda turar ekan, kirsam — uy to‘la qandaydir frantsuzlar, xonimlar, qo‘lida kitob ushlagan qari ruhoniylar, hamma yoqni tamaki tutuni bosib ketibdi. Uylari ham ko‘rimsiz ekan. Oyimga juda rahmim keldi, shunday rahmim kelib ketdiki, boshidan qattiq quchoqlab oldim, ancha mahalgacha qo‘yib yuborgim kelmadi. Keyin oyim erkalandi, yig‘ladi…
V a r ya (yig‘i aralash). Qo‘y, gapirma, bo‘ldi…
A n ya. Mentona yonidagi chorbog‘ini ham sotib yubordi. Bisotida hech nima qolmadi, hamma yoq qup-quruq. Menda ham bir tiyin qolmadi, arang yetib keldik. Shunday bo‘lsa ham, oyimning sira tushungisi kelmaydi! Vokzalda ovqat yegani o‘tirsak, eng qimmat taomlarni buyuradi, malaylarga esa bir so‘mdan choy puli beradi. Sharlotta ham shunaqa. Yasha ham o‘ziga alohida ovqat olinishini talab qiladi, juda ham qiyin bo‘ldi. Bu Yasha deganimiz — oyimning malayi, uni ham birga olib keldik…
V a r ya. Ko‘rdim o‘sha muttahamni.
A n ya. Xo‘sh, bu yerda ishlar qalay? Protsentlarni to‘ladinglarmi?
V a r ya. Qayoqdan to‘laymiz.
A n ya. Eh tangrim, ah tangrim! ..
V a r ya. Avgustda qo‘rg‘on va mulklar sotilarmish.
A n ya. Voy, o‘lay!..
L o p a x i n (eshikdan mo‘ralab, mag‘raydi). Ma-a-a! (Ketadi.)
V a r ya (yig‘i aralash). Basharasiga bir tushiraman-da… (Musht o‘qtaladi.)
A n ya (Varyani quchoqlab, sekin). Varya, u senga rostdan uylanmoqchimi?

Varya «yo‘q» deb boshini chayqaydi.

Axir u, seni yaxshi ko‘radi-ku… Nega bir-birlaring bilan ko‘ngil ochib gaplashmaysizlar, nimani kutasizlar, axir?
V a r ya. Men bu ishdan hech narsa chiqmas deb o‘ylayman, u ishi ko‘p odam bo‘lsa, men bilan so‘zlashishga, uchrashishga fursati yo‘q… u yog‘ini so‘rasang, menga qayrilib ham qaramaydi. Xudo olsin uni, ko‘rarga toqatim bormi. Hamma bizning to‘yimiz haqida gapiradi, hamma qutlaydi, tegini surishtirsang — hech narsadan darak yo‘q, hammasi tushga o‘xshaydi… (Boshqacha ohangda.) Broshkang xuddi asalariga o‘xsharkan.
A n ya (g‘amgin bir ohangda.) Buni oyim olib bergan edi. (O‘z bo‘lmasiga qarab yuradi. Xuddi bolalarga o‘xshab, sho‘xlik bilan gapiradi.) Men Parijda havo shariga tushib uchdim!
V a r ya. O‘zimning jonginam keldi! Go‘zalim keldi!

Dunyasha kofe idishi bilan kirib, kofe tayyorlay boshlaydi.

(eshik oldida turib). Ertadan kechgacha ro‘zg‘or bilan ovora bo‘lib, xayollarga ketaman, jonginam. Seni biron badavlat kishiga uzatsak men ham tinchib qolardim, tarki dunyo qilib ketardim, keyin Kiyevga… Moskvaga borar edim, aziz joylarni ziyorat qilib yurar edim. Xo‘p yurar edim-da. Xayrli ish qilgan bo‘lardim.
A n ya. Bog‘da qushlar sayrayapti. Soat necha bo‘ldiykin?
V a r ya. Ikkidan oshgandir. Sen endi yotib uxla, jonginam. (Anyaning uyiga kirib.) Juda soz!

Yasha chamadon bilan palto ko‘tarib kiradi.

Ya sh a (sahnadan o‘tib boradi, odobli odamga o‘xshab gapiradi). Bu yerdan o‘tsam mumkinmi?
D u n ya sh a. Juda odam taniyolmaydigan bo‘lib ketibsiz, Yasha. Chet elda yurib mutlaqo boshqacha bo‘lib ketibsiz.
Ya sh a. Shunday. O‘zlari kim bo‘ladilar?
D u n ya sh a. Siz ketganingizda men mana bunday edim. (Qo‘li bilan ko‘rsatadi.) Dunyasha, Fedor Kozoyedovning qizi bo‘laman. Unutdingizmi?
Ya sh a. E-ha-a… Do‘ndiqcha ekansiz-ku! (U yoq-bu yoqqa olazarak qarab, Dunyashani quchoqlaydi; Dunyasha qichqirib yuboradi va qo‘lidagi idishi tushib ketadi, Yasha darrov chiqib ketadi.)
V a r ya (eshikdan qarab, ranjigan tovush bilan). Yana nima balo bo‘ldi?
D u n ya sh a (yig‘lab). Idishni sindirib qo‘ydim…
V a r ya. Hamma balo-qazo shunga ursin.
A n ya (o‘z uyidan chiqib). Petyaning shu yerda ekanligini oyimga aytish kerak edi.
V a r ya. Uxlayversin. Uni uyg‘otmanglar deganman.
A n ya (xayol surib ketadi). Bundan olti yil avval otam vafot qildi, undan bir oy keyin ukam Grisha daryoga cho‘kib o‘ldi, yetti yashar yaxshigina bola edi. Bu g‘amni ko‘tara olmasdan oyim boshini olib chiqib ketdi… (Seskanib tushadi.) Uning dardi-alamini men yaxshi bilaman, qani endi buni o‘zi bilsa.

Pauza.

Petya Trofimov Grishaning muallimi edi, u ko‘p narsalarni eslatishi mumkin…

Firs kiradi; egnida pidjak va oq jiletka.

F i r s (kofe idishiga yaqinlashadi; tashvishlanib). Bekam kofeni shu yerda ichmoqchilar… (Qo‘liga oq qo‘lqop kiyadi.) Kofe tayyormi? (Dunyashaga, do‘q bilan.) Senga aytaman? Qaymoq qani?
D u n ya sh a. Voy, o‘lmasam!.. (Yugurib chiqib ketadi.)
F i r s (kofe idishi oldida ivirsib). Voy, merov qiz-ey… (O‘zicha ming‘illaydi.) Parijdan keldilar… Xo‘jayin ham bir vaqtlari Parijga borgan edilar… Faytunda… (Kuladi.)
V a r ya. Firs, sen nimaga kulyapsan?
F i r s. Nima deysiz? (Sevinib.) Mening bekam keldilar! Axir ko‘rishishga muyassar bo‘ldik! Endi o‘lsam armonim yo‘q… (Sevinganidan yig‘laydi.)

Lyubov Andreevna, Gayev va Simeonov-Pishchik kiradilar. Simeonov-Pishchik nozik suknodan kamzul va keng pochali shim kiygan. Gayev kirishi bilanoq qo‘l va gavdasi bilan xuddi billiard o‘ynayotganday harakat kiladi.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qanday edi! Ha, esimga kela qolsa-chi… Sarig‘ini burchakka! O‘rtaga duplet!
G a ye v. Burchakka qiyalab! Singlim, bir vaqtlari ikkimiz ham xuddi shu uyda yotar edik, mana endi ellik birga kiribman, qiziq…
L o p a x i n. Ha, umr o‘tib ketmoqda.
G a ye v. Kim deysan?
L o p a x i n. Umr o‘tib ketmoqda deyman.
G a ye v. Bu yerdan rayhon hidi keladimi.
A n ya. Men kirib uxlayman. Xayrli kech, oyijon. (Oyisini o‘padi )
L yu b o v A n d r ye ye v n a. O‘zimning aqlli qizginam! (Qizining qo‘lini o‘padi.) Mana endi uydasan, xursanddirsan? Men bo‘lsam hali-hali o‘zimga kelolmayman.
A n ya. Xayr, tog‘a.
G a ye v (Anyaning yuzidan, qo‘llaridan o‘padi.) Xudoga topshirdim seni. Xuddi onangga o‘xshaysan-a! (Singlisiga qarab.) Lyuba, sen ham yoshligingda xuddi shunaqa eding.

Anya Lopaxin v aPishchik bilan qo‘l berib xayrlashadi va chiqib ketib, eshikni yopadi.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qizginam juda charchagan.
P i sh ch i k. Yo‘l olis-da, axir.
V a r ya (Lopaxin bilan Pishchikka qarab). Xo‘sh, janoblar? Soat ikkidan oshdi, izzatni ham bilinglar-da.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (kulib). Sen sirayam o‘zgarmabsan, Varya. (Varyani quchoqlab o‘padi.) Mana, men kofeni ichib bo‘lay, so‘ng hammamiz tarqalishamiz.

Firs uning oyoqlari tagiga yostiq keltirib qo‘yadi.

Baraka top, azizim. Kofe ichishga o‘rganib qolibman. Ertayu-kech ichganim ichgan. Rahmat, otaxon. (Firsni o‘padi.)
V a r ya. Hamma yukni olib kelishdimikan, chiqib qaray-chi… (Chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Men rostdan ham shu yerda o‘tiribmanmi? (Kuladi.) Qo‘llarimni yozib, sakrab o‘ynagim keladi! (Yuzini qo‘llari bilan berkitadi.) Birdan tushim bo‘lib qolsa-ya! Xudo ko‘rib turibdi, o‘z vatanimni juda sevaman, butun vujudim bilan sevaman, vagon derazalaridan sira qarayolmadim, qarasam —yig‘lab yuboraverdim. (Iig‘laydi.) Aytmoqchi, kofeni ichish kerak. Rahmat senga, Firs, rahmat, otaxon. Sening sog‘-salomatligingni ko‘rib, behad sevindim.
F i r s. O‘tgan kuni.
G a ye v. Qulog‘i og‘irroq bo‘lib qolgan.
L o p a x i n. Bir ozdan keyin, soat beshlarda, men Xarkovga jo‘nab ketishim kerak. E, afsus! Sizni ko‘rish, suhbatlashish orzusida edim… Siz hali ham boyagi-boyagidek go‘zalsiz…
P i sh ch i k (og‘ir nafas olib). Qaytangga, chiroyingiz ochilib ketibdi… Kiyimlaringiz bo‘lsa parijcha… Oh, endi yurak-bag‘rim o‘rtanadigan bo‘ldi-ku…
L o p a x i n. Akangiz Leonid Andreevich meni nodon, ziqna deydilar, ammo bu gaplar menga qattiq tegmaydi. Mayli gapiraversinlar. Men faqat, siz ilgarilari qanchalik menga ishonib kelgan bo‘lsangiz bundan keyin ham shunday ishonishingizni, ajoyib mehribon ko‘zlaringiz bilan menga qanday qarab kelgan bo‘lsangiz, bundan so‘ng ham shunday qarashingizni umid qilaman. Xudo g‘amxo‘r! Mening otam sizning bobongiz va otangiz qo‘lida krepo-stnoy edi, ammo men uchun siz, shaxsan sizning o‘zingiz ko‘p yaxshilik qilgansiz, shu tufayli men butun narsani unutib, sizni o‘zimning tug‘ishgan opamdan ham ortiq hurmat qilaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bir joyda tinch o‘tirolmayman, sira sabrim chidamaydi… (O‘rnidan turib, u yoqdan-bu yoqqa hayajonlanib yura boshlaydi.) Bu quvonchni asti ichimga sig‘dirolmayman… Meni masxara qilib kulinglar, men tentak bo‘lib qoldim… Shkaf jonim! (Shkafni o‘padi.) O‘zimning stolcham…
G a ye v. Sen yo‘g‘ingda bu yerda enaga o‘ldi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (o‘tirib kofe ichadi). Joyi jannatda bo‘lsin. Xatda yozishgan edi.
G a ye v. Anastasiy ham o‘ldi. Petrushka galay mendan bo‘shab ketib, shaharda pristavnikida xizmat qilyapti. (Cho‘ntagidan bir quticha obaki chiqarib, og‘ziga solib shima boshlaydi.)
P i sh ch i k. Qizcham… Dashyonkam… sizga salom aytib yubordi…
L o p a x i n. Sizga juda ko‘ngilli, xursand qiladigan biron gap aytgim kelyapti. (Soatiga qaraydi.) Hozir jo‘nab ketaman, gaplashib o‘tiray desam — vaqt yo‘q… Ha, bo‘lmasa, bir-ikki og‘iz gap bylan aytib qo‘ya qolay. Uzingizga ham ma’lumki, qarzingizni qoplash uchun olchazoringiz sotiladigan bo‘lib turibdi. Savdo yigirma ikkinchi avgustga tayinlangan. Ammo, siz tashvish tortmang, azizim, bemalol yotib uxlayvering, bundan qutulishning iloji bor… Mening rejam bunday, e’tibor berishingizni so‘rayman. Sizgging mulkingiz bilan shahar o‘rtasi nihoyati yigirma chaqirim keladi, yoningizdan temir yo‘l o‘tgan, agar olchazorni va daryo yoqasidagi yerlarni bog‘chalarga bo‘lib chiqib, keyin ularni barbog‘chilarga ijaraga berilsa, yiliga kamida 25 ming so‘mdan daromad olasiz.
G a ye v. Kechirasiv, shu ham gap bo‘ptimi!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Gapingizga yaxshi tushunolmadim, Yermolay Alekseich.
L o p a x i n. Barbog‘chilardan yiliga har bir desyatina yer uchun kamida yigirma besh so‘mdan ijara haqi olasiz, agar buni hozirdanoq e’lon qilsangiz, men aminman, kuzgacha bir parcha ham bo‘sh yeringiz qolmaydi, hammasini talab ketishadi. Xullaskalom, tabriklayman, shunday qilnb katta bir falokatdan qutulib qoldingiz. Atrof-tevarak nihoyati serzavq va nash’ali yerlar, daryo chuqur. Albatta, ba’zi joylarni buzib tashlash, tozalash kerak bo‘ladi… Chunonchi, hamma eski-tuski imoratlarni, mana shu o‘tirgan uyingizni ham buzib tashlash kerak, baribir hech nimaga yaramaydi, eski olchazorni ham kesib tashlash kerak bo‘ladi…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Olchazorni kesib tashlash kerak dedingizmi? Aziznm, kechiring, siz hech narsaga tushunmas ekansiz. Agar butun gubernada bittayu-bitta ajoyib narsa topilsa — u ham bizning mana shu olchazorimiz bo‘ladi.
L o p a x i n. Bu bog‘ning ajoyibligi shundaki, u juda katta, xolos. Olchangiz ikki yilda bir marta hosil qiladi, u hosilni ham hech yerga sig‘dirolmaysiz, hech kim olmaydi.
G a ye v. Bu bog‘ hatto «Entsiklopediya lug‘ati»ga ham kirgan.
L o p a x i n (soatiga qarab). Agar biron fikr va qarorga kelmasak yigirma ikkinchi avgustda olchazor ham, butun yer-mulk ham kimoshdi savdosi bilan sotilib ketadi. Gapimga kirib, xo‘p deyavering! Boshqa iloj yo‘q, rost aytaman.
F i r s. Qadim vaqtlarda, bundan 40—50 yillar avval, olchani quritardilar, yumshatardilar, sirkalardilar, undan qiyom pishirardilar, shunday bo‘lar ediki…
G a ye v. Jim tur, Firs.
F i r s. Shunday bo‘lar ediki, quritilgan olchani arava-arava qilib Moskvaga, Xarkovga jo‘natilardi. Rosa pul bo‘lardi-da! Yana qurigan olchalar u vaqtlarda yumshoqqina, shirali, xushbo‘y va shirin bo‘lardi… U vaqtlarda buning usulini bilar edilar-da…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hozir-chi?
F i r s. Esdan chiqib ketgan. Hech kim bilmaydi.
P i sh ch i k (Lyubov Andreevnaga). Parijlar qalay? Yaxshi ekanmi? Qurbaqa yedingizmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Timsoh yedim.
P i sh ch i k. Tavba!..
L o p a x i n. Hozirga qadar qishloqda boylar bilan mujiklar bo‘lar edi, endi sekin-sekin barbog‘chilar ham paydo bo‘la boshladi. Hozir hamma shaharlarning, hatto eng kichkina shaharning ham atrofiga dachalar qurilmoqda. Qat’iy aytish mumkinki, yana yigirma yillardan keyin barbog‘chilarning son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Barbog‘chi hozir balkonda choy ichib o‘tiradi, ammo borib-borib u o‘zining ana shu bir desyatina yerini poliz qilib yuborishi aniq, u vaqtda sizning olchazoringiz yanada ko‘rkam, yanada muhtasham va tengi yo‘q bir joyga aylanib ketadi.
G a ye v (ensasi qotib, jahl bilan). Bo‘lmagan gap!

Varya bilan Yasha kiradi.

V a r ya. Oyijon sizga ikkita telegramma kelgan edi. (Kalitlardan birini tanlab, qadimgi shkafni jaranglatib ochadi.) Mana.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bular Parijdan. (Telegrammalarni o‘qimasdan yirtib tashlaydi.) Parij bilan hisob-kitob bitdi…
G a ye v. Bilasanmi, Lyuba, mana shu shkafimiz necha yoshda? O‘tgan hafta pastki yashigini ochgan edim, kuydirib bosilgan raqamga ko‘zim tushib qoldi. Shkaf bundan roppa-raso yuz yil ilgari yasalgan ekan. Qalay, yubileyini o‘tkazsak ham bo‘lar deyman? O‘zi-ku jonsiz bir narsa-ya, lekin shunday bo‘lsa ham, har holda kitob shkafi-ku!
P i sh ch i k (hayron qolib). Yuz yil-a! .. Tavba!
G a ye v. Mana bu arziydigan mulk… (Shkafni silaydi.) Qimmatli muhtaram shkaf! Yuz yildan beri ezgu va adolat g‘oyalariga xizmat qilib kelgan umringni tabriklayman, sen yuz yildan beri tilsiz, ammo samarali xizmat qilib, charchamading (yig‘i aralash), avlod-ajdodimizga g‘ayrat, kuch, go‘zal istiqbolga ishonch bag‘ishlab kelding, bizni ezgulik ruhida, jamoatga xizmat qilish ruhida tarbiyalab kelding…

Pauza.

L o p a x i n. Shunday…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Lenya, sen hali ham o‘sha-o‘shasan-a.
G a ye v (bir oz xijolat tortib). Sharni o‘ng tarafdagi burchakka! Qiyalab o‘rtaga mo‘ljallayman!
L o p a x i n (soatiga qarab). Xo‘p, men ketdim bo‘lmasa.
Ya sh a (Lyubov Andreevnaga dori beradi). Mana bu dorini ichib yuborsangiz bo‘lardi…
P i sh ch i k. Dori ichish yaramaydi, azizim… Doridan na naf bor, na zarar… Qani bu yoqqa bering-chi, qadrdonim. (Dorini olib, kaftiga soladi, bir puflab, kvas bilan ichib yuboradi.) Mana, vasssalom!
L yu b o v A n d r ye ye v n a (qo‘rqib ketadi). Iye, jinni bo‘ldingmi?
P i sh ch i k. Hamma dorini ichib yubordim.
L o p a x i n. Ichingda o‘pqoning bormi deyman!

Hamma kuladi.

F i r s. Bu kishi hayitda kelib, bir o‘zlari yarim chelak bodring yeb ketganlar… (Pichirlaydi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U nima deyapti?
V a r ya. Uch yildan beri shunaqa pichirlaydigan bo‘lib qolgan. Biz o‘rganib ketganmiz.
Ya sh a. Keksayib qolgan-da.

Oq ko‘ylak kiygan, lornetini belbog‘iga bog‘lab olgan, ozg‘ingina Sharlotta Ivanovna sahnadan o‘tadi.

L o p a x i n. Kechirasiz, Sharlotta Ivanovna, hali siz bilan ko‘rishganim yo‘q. (Sharlottaning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ladi.)
Sh a r l o t t a (qo‘lini tortib oladi). Qo‘limdan o‘pishingizga ruxsat etsam, keyin bilagimdan o‘pishni xohlab qolasiz, keyin yelkamni o‘pgingiz keladi…
L o p a x i n. Bugun omadimiz yurishmagan kun ekan-da.

Hamma kuladi.

Sharlotta Ivanovna, bir fokus ko‘rsatsangiz-chi!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ha, Sharlotta, bir fokus ko‘rsating!
Sh a r l o t t a. Keragi yo‘q, uyqum kelib turibdi. (Chiqib ketadi.)
L o p a x i n. Uch haftadan keyin ko‘rishamiz (Lyubov Andreevnaning qo‘lidan o‘pib, xayrlashadi.) Hozircha xayr. Men ketdim. (Gayevga qarab.) Xayr. (Pishchik bilan o‘pishib xayrlashadi.) Xayr! (Varyaga, keyin Firs bilan Yashaga qo‘l berib.) Sira ketgim kelmayapti-da. (Lyubov Andreevnaga qarab.) Basharti chorbog‘ haqida biron qarorga kelsangiz, darhol menga daragini bering, ellik ming so‘mcha pul qarz topaman. Pishiqroq o‘ylang, lekin.
V a r ya (jaxl bilan). Xah, keta qolsangizchi endi!
L o p a x i n. Ketdim, ketdim… (Chiqib ketadi.)
G a ye v. Surbet! Iye, pardon… Aytmoqchi, Varya unga tegmoqchi-ya, Varyaning qaylig‘i-ku.
V a r ya. Yo‘q yerdagi gaplarni gapirmasangiz-chi, tog‘a.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ha, nima qipti, Varya, men ko‘p xursand bo‘lardim. U yaxshi odam.
P i sh ch i k. To‘g‘risini aytish kerak, u juda… tuzuk odam… Mening qizim Dashenka ham, deydiki, har xil gaplarni deydi-da. (Xurrak otadi va shu ondayoq uyg‘onib ketadi.) Har holda, hurmatligim, menga ikki yuz qirq so‘m… pul qarz berib turmasangiz bo‘lmaydi. Ertaga qarz protsentlarini to‘lashim kerak.
V a r ya (qo‘rqib ketib). Pul yo‘q, sira yo‘q!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Rostdan ham hech pulim yo‘q.
P i sh ch i k. Topilib qolar. (Kuladi.) Men sira noumid bo‘lmayman. Mana endi ishimning butun pachavasi chiqdi, xonavayron bo‘ldim deb tursam, birdan yerimdan temir yo‘l o‘tib qoldi, menga esa… haq to‘lashdi. Bugun emas, ertaga, ajab emas yana biron narsa chiqib qolsa… Dashenka ikki yuz ming so‘m yutishi mumkin… Uning biletya bor.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kofe ham ichildi. Endi yotsak bo‘ladi.
F i r s (Gayevning ustivoshini shchyotka bilan tozalab, koyingan ohangda gapiradi). Yana boshqa shimni kiyibsizda. Sizni endi nima qilsam bo‘ladi-da!
V a r ya (sekin). Anya uxlayapti. (Sekin derazani ochadi.) Oftob ham chiqdi, havo uncha sovuq emas. Bir qarang, oyijon! Daraxtlar naqadar go‘zal! Oh tangrim, havoni aytmaysizmi! Maynalar sayraydi!
G a ye v (boshqa derazani ochadi). Bog‘ oppog‘-a. Esing-da bormi, Lyuba! Huv, anavi uzun xiyobon xuddi tarang tortilgan tasmaga o‘xshaydi, oydin kechalarda yalt-yalt qiladi. Yodingdami? Unutmadingmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a (derazadan boqqa qarab). Oh, yoshligim, pok bolaligim! Men xuddi shu uyda uxlardim, derazadan boqqa qarab yotar edim, har kuni tongda men bilan birga baxtim uyg‘onar edi. O‘sha vaqtlarda ham bog‘ xuddi shunaqa, hozirgidek edi, hech o‘zgarmabdi. (Suyunganidan kuladi.) Hamma yog‘i oppog‘-a! Oh, mening bog‘im! Yomg‘irli kuz kechalaridan, qahraton qishlardan keyin sen yana yoshsan, baxtlisan, qo‘yningda farishtalar uchib yuribdi… Oh, qani endi qalbim va yelkamdagi og‘ir yukimdan xalos bo‘lsam — o‘tmishimni unuta olsam!..
G a ye v. Attang, qarz uchun endi bog‘ni .srtyb yuboradilar, bu qanday bo‘ldi, asti.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qaranglar, rahmatlik oyim bog‘dan yurib kelyaptilar. Ustlarida oq ko‘ylak! (Suyuna-suyuna kuladi.) Oyim, xuddi oyimning o‘zlari!
G a ye v. Qani, qani?
V a r ya. Voy, xudo-ey, o‘zingizni tuting, oyijon.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hech kimsa yo‘q. Ko‘zimga shunday ko‘rindi shekilli. Shiyponga burilaverishda o‘ng tomondagi bir oppoq daraxt xuddi xotin kishiga o‘xshab bukilib turgan ekan…

Ancha eskirgan studentcha mundir kiygan, ko‘zoynak taqqan Trofimov kiradi.

Qanday go‘zal, ajoyib bog‘! Oppoq gullar, ko‘m-ko‘k musaffo osmon…
T r o f i m o v. Lyubov Andreevna!

Lyubov Andreevna unga o‘girilib qaraydi.

Men sizga ta’zim qilaman-u, chiqib ketaman. (Hayajonlanib Lyubov Andreevnaning qo‘lidan o‘padi.) Ertalabgacha kut deyishgan edi, chidab turolmadim…

Lyubov Andreevna uni tanimasdan, hayron bo‘lib qarab qoladi.

V a r ya (yig‘i aralash). Bu — Petya Trofimov-ku…
T r o f i m o v. Petya Trofimovman, o‘g‘lingiz Grishaning muallimi… Nahotki, men shunday o‘zgarib ketganman?

Lyubov Andreevna uni quchoqlaydi va ohista yig‘laydi.

G a ye v (o‘pkasi to‘lib). Qo‘y, Lyuba, yig‘lama.
V a r ya (yig‘laydi). Petya, ertagacha kutib turing demabmidim?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mening Grisham… O‘g‘ilginam… Grisham… Farzandim…
V a r ya. Nachora, oyijon, xudoning xohishi-da.
T r o f i m o v (sekingina, yig‘i aralash). Bo‘ldi, bo‘ldi…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (sekin-sekin yig‘laydi). Bolam halok bo‘ldi, cho‘kib o‘ldi… Nima uchun? Nima uchun, do‘stim? (Past ovozda.) Ichkarida Anya uxlab yotibdi, men bo‘lsam barala gapirib o‘tiribman. Shovqin solayapman… Xo‘sh, Petya? Nima sababdan bu qadar xunuklashib ketdingiz? Nega qarib qoldingiz?
T r o f i m o v. Vagonda kelayotganimda bir xotin meni pati to‘kilgan barin deb atadi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U vaqtlarda siz yosh bola edingiz, yoqimligina student edingiz. Endi sochlaringiz ham to‘kilibdi, ko‘zoynak taqib olibsiz. Nahotki, hamon student bo‘lsangiz-a? (Eshik tomonga yuradi).
T r o f i m o v. O‘la-o‘lguncha student bo‘lib qolsam kerak.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (akasini, keyin Varyani o‘pib). Xo‘sh, endi kirib yotinglar. Sen ham qarib qolibsan, Leonid.
P i sh ch i k (uning ketidan boradi). Demak, endi uxlash kerak deng… Oh, qo‘l-oyoqlarim biram zirqillab og‘riydiki!.. Men siznikida yotib qolaman… Lyubov Andreevna, azizim, ertaga ertalab bo‘lsa ham mayli… Ikki yuz qirq so‘m…
G a ye v. Bu bo‘lsa o‘zining dardida…
P i sh ch i k. Ikki yuz qirq so‘m… Qarz protsentlarini to‘lashim kerak.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Pulim yo‘q dedim-ku, chirog‘im.
P i sh ch i k. Qaytib beraman, mehribonginam… O‘zi arzimaydigan pul-ku…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xo‘p, yaxshi, Leonid beradi. Sen bera qol, Leonid.
G a ye v. Berib bo‘pman, anoyi odam bormi…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Na chora, bera qol… Zarur ekan-da. Qaytib berar…

Lyubov Andreevna, Trofimov, Pishchik va Firslar chiqib ketadilar. Uyda Gayev, Varya va Yasha qoladi.

G a ye v. Singlimning pul sovurish odati hali ham qolmabdi. (Yashaga qarab.) Nari tur, falokat, sendan tovuq hidi kelyapti.
Ya sh a (tirjayib). Ilgari qanday bo‘lsangiz, Leonid Andreevich, hazir ham xuddi shundaysiz-a.
G a ye v. Kimni? (Varyaga qarab.) Nima deydi bu?
V a r ya (Yashaga qarab). Qishloqdan onang kepti, kechadan beri oshxonada kutib o‘tiribdi, seni ko‘rmoqchi…
Ya sh a. Mayli o‘tiraversin.
V a r ya. Voy, behayo-ey!
Ya sh a. Boshimga uramanmi uni! Ertaga kelsa ham bo‘lardi. (Chiqib ketadi.)
V a r ya. Oyimlar hali ham o‘shandaylar, sira o‘zgarmabdilar. U kishiga qolsa, butun mol-bisotlarini odamlarga bo‘lib berar edilar.
G a ye v. Ha, ha…

Pauza.

Biron bemorga ko‘p xil dori-darmon tavsiya etilsa, demak u sira tuzalmaydigan kasal bo‘ladi. Men ko‘p o‘ylayman, bosh qotiraman, menda mablag‘ ko‘p, juda ko‘p; demak aslida hech nima yo‘q, degan so‘z. Qani endi biron kimsadan meros tegib qolsa, Anyani biron badavlat kishiga uzatsak, Yaroslavlga borib, Grafinya xolamizdan biron najot topsak… Axir, xolamiz juda boy odam-ku.
V a r ya (yig‘laydi). Koshki edi, xudo madad bersa.
G a ye v. Bo‘kirma. Xolamiz juda badavlat bo‘lgani bilan bizlarni xush ko‘rmaydi. Birinchidan, gap shuki, singlim dvoryanga tegmay, sud maslahatchisiga tekkan…

Eshikdan Anya ko‘rinadi.

Dvoryanin bo‘lmagan kishiga tekkani ustiga, yana, uni o‘zini yaxshi tutabilgan deb ham bo‘lmaydi. Singlim o‘zi mehribon, saxiy, oq ko‘ngil xotin, men uni juda sevaman, biroq mingta oqlaydigan gap topsang ham, uning nuqsonli odam ekani aniq. Bu narsa uning hatto eng mayda-chuyda harakatlaridan ham ko‘rinib turadi.
V a r ya (shivirlab). Eshik oldida Anya turibdi.
G a ye v. Kimni?

Pauza.

Ajabo, o‘ng ko‘zimga bir narsa tushganga o‘xshaydi… Ko‘zim yomon ko‘radigan bo‘lib qolibdi. Payshanba kuni okrug sudida bo‘lganimda…

Anya kiradi.

V a r ya. Nega uxlamaysan, Anya?
A n ya. Uyqum kelmayapti. Sira uxlayolmadim.
G a ye v. Jajjiginam, oppog‘im. (Anyaning yuzidan, qo‘llaridan o‘padi). O‘zimning qizginam… (Yig‘i aralash.) Sen mening jiyanim emas, farishtamsan. Sen mening borlig‘imsan. Inon menga, inon…
A n ya. Men senga ishonaman, tog‘ajon. Seni hamma yaxshi ko‘radi, hamma hurmat qiladi… Ammo jon tog‘a, sen tilingni tiyishing kerak. Hozirning o‘zida o‘z singling, mening onam to‘g‘risida nimalar deding? Nega bunday gaplarni aytasan?
G a ye v. Ha, ha… (Anyaning qo‘llari bilan o‘zining yuzini berkitadi.) Haqiqatan ham chakki bo‘ldi! O tangrim, o‘z panohingda saqla! Boya shkaf oldida turib ham bemaza gaplar gapirib yuborgan edim. Gapirib bo‘lganimdan keyingina bema’niligini bilib qoldim.
V a r ya. Rost, tog‘ajon, jim yurganingiz yaxshiroq. Jim yuravering, vassalom.
A n ya. Jim yursang qaytangga o‘zing ham tinchib qolasan.
G a ye v. Ana, jim bo‘ldim. (Anya va Varyaning qo‘llaridan o‘padi.) Jim bo‘ldim! Lekin ish to‘g‘risida gapirishim kerak. Payshanba kuni okrug sudida bo‘lgan edim, bir necha ulfatlar yig‘ilishdik, u yoq-bu yoqdan gap ketdi va bildimki, vekselga qarz olish hamda protsentlarni to‘lash mumkinga o‘xshab qoldi.
V a r ya. Koshki edi, xudo madad bersa!
G a ye v. Seshanba kuni borib, yana bir gaplashib kelaman. (Varyaga.) Bo‘kirma! (Anyaga.) Onang ham Lopaxin bilan gaplashib ko‘radi, Lopaxin, albatta, yo‘q demaydi… Sen ham bir oz damingni olib, Yaroslavldagi grafinya buvingnikiga borib kelasan. Shunday qilib, uch tomondan harakat qilsak, ishimiz o‘nglashib ketadi. Protsentni to‘laymiz, men bunga aminman… (Og‘ziga obaki soladi.) Vijdonim bilan qasam ichamanki, yer-mulk sotilmaydi! (Hayajonlanib.) O‘z baxtim bilan ont ichaman! Mana qo‘limni beraman, agar ishni kimoshdi savdosigacha oborib taqasam — meni har nima de! Benomus, bema’ni odam de! Butun vujudim bilan ont ichaman.
A n ya (xotirjam, baxtiyor kayfiyatda.) Qanday aqlli tog‘amsan! (Tog‘asini quchoqlaydi.) Men endi xotirjamman! Ko‘nglim to‘q! Baxtiyorman!

Firs kiradi.

F i r s (koyinib gapiradi). Leonid Andreevich, xudodan qo‘rqsangiz-chi, axir! Qachon kirib yotasiz?
G a ye v. Hozir. Sen ketaver, Firs, bugun o‘zim bir amallab yechinarman. Ha, qizlar, kirib uxlanglar… Qolgan gapni ertaga eshitarsizlar, endi borib yotinglar. (Anya bilan Varyani o‘padi.) Mening o‘zim saksoninchi yillarga mansub bo‘lgan odamman… U zamonlarni ko‘pam maqtamaydilar-u, lekin har holda, men o‘z e’tiqodlarim uchun hayotimda ko‘p azob chekkanman. Mujiklarning meni yaxshi ko‘rishi ham bejiz emas-da. Mujikni bilish kerak! Ular bilan qanday muomala qilishni bilish…
A n ya. Yana boshlading-a, tog‘a!
V a r ya. Tog‘ajon, bo‘ldi endi.
F i r s (jahl bilan). Leonid Andreich!
G a ye v. Ketdim, ketdim… Yotinglar endi. Ikkala chetidan o‘rtaga! To‘ppa-to‘g‘ri urib tushiraman… (Chiqib ketadi, ketidan Firs chiqadi.)
A n ya. Endi men xotirjamman. Yaroslavlga sira borgim kelmaydi, buvimni yomon ko‘raman, shunday bo‘lsa ham, xotirjamman. Ish qilib, tog‘am baraka topsin. (O‘tiradi.)
V a r ya. Yotib uxlash kerak. Men ketdim. Sen yo‘g‘ingda bu yerda xunuk bir ish bo‘lib o‘tdi. Eski malayxonada, o‘zing bilasan faqat qari qorollar turadi. Yefimyushka, Polya, Yevstigney, Karp ham o‘sha yerda. Xudoning bergai kuni kechasi allaqanday o‘tkinchilarni yotgani qo‘yishadigan bo‘lishibdi. Men indamadim. Bir kuni eshitsam, ular mening to‘g‘rimda gap tarqatishibdi, go‘yo men ularni faqat no‘xat bilan boqilsin deb aytganmishman. Ziqnaligimdan emish. Hamma gap Yevstigneydan chiqqan… Xo‘p mayli, agar gap shunaqa bo‘lsa, shoshmay tur dedim. Yevstigneyni oldimga chaqirib oldim. (Esnaydi.) Bir vaqt u kirib keldi. Bu nima qilganing, ahmoq dedim. (Anyaga qaraydi.) Anechka!

Pauza.

Uxlab qopti. (Anyaning qo‘ltig‘idan ko‘tarib.) Yur, joyingga kirib yot… yur!.. (Etaklab boradi.) Jonginam uxlab qopti-ku! Yura qol… (Ketadilar.)

Bog‘ning narigi tomonidan, yiroqdan podachining‘ nayi eshitiladi. Trofimov sahnadan o‘tib keta turib, Anya bilan Varyani ko‘rib to‘xtaydi.

V a r ya. Tsss. Uxladi, uxlab qoldi… Yura qol, jonim.
A n ya (sekin, uyqu aralash). Shu qadar charchabmanki… Qo‘ng‘iroqlar jaranglaydi… Tog‘ajon… mehribonim… oyim ham, tog‘am ham…
V a r ya. Yur, jonginam, yura qol… (Anyaning uyiga kirib ketadilar.)
T r o f i m o v (mehri toblanib). Quyoshim mening! Bahorim mening!

Parda.

IKKINChI PARDA

Dala. Devorlari qiyshayib ketgan, tashlandiq kichkina ko‘hna butxona, yonida — quduq; bir vaqtlar mozor toshi bo‘lgan lavhali katta-katta harsang toshlar yotadi; eski skameyka. Gayevning qo‘rg‘oniga boradigan yo‘l ko‘rinib turadi. Bir tomondan baland teraklar qorayib ko‘rinadi. Teraklarning orqasidan olchazor boshlanadi. Inroqdan qator tizilib ketgan telegraf ustunlari ko‘zga tashlanadi, uzoq ufqda katta shahar g‘ira-shira ko‘zga chalinadi, faqat havo ochiq va musaffo kunlarda shahar aniq ko‘rinadi Quyosh botay deb turgan payt. Sharlotta, Yasha, Dunyashalar skameykada o‘tirishibdi, ulardan sal nariroqda turgan Yepixodov gitara chalmoqda; hamma xayolga cho‘mgan. Sharlotta boshiga eski furajka kiyib olgan; u, yelkasidan miltiqni oladi va tasmasidagi to‘qasini tuzatib o‘tiradi.

Sh a r l o t t a (xayolga cho‘mib). Mening haqiqiy pasportim yo‘q, necha yoshga kirganimni o‘zim ham bilmayman, haligacha o‘zimni yoshgina qizcha deb yuraman. Yoshlik vaqtimda otam bilan onam yarmankama-yarmanka yurib, qiziq-qiziq tomoshalar ko‘rsatar edilar, juda yaxshi tomoshalar bo‘lar edi. Men bo‘lsam umbaloq oshib sakrardim, har xil o‘yinlar ko‘rsatardim. Otam bilan onam o‘lgandan keyin meni bir nemis xotin asrab oldi, o‘qitdi. Yaxshi, mana o‘sdim, ulg‘aydim, keyin murabbiyalikka kirib ketdim. Ammo, aslim qayerlik, o‘zim kimman — bilmayman… Otam kim, onam kim edi, ehtimol, ular nikohdan ham o‘tmagandirlar… bilmayman. (Cho‘ntagidan bodring olib yeydi.) Hech narsani bilmayman.

Pauza.

Birov bilan shunday ko‘ngil yozib hasratlashgim keladi-yu, lekin gaplashadiganim yo‘q… Hech kimim yo‘q.
E p i x o d o v (gitara chalib, qo‘shiq aytadi.) «Parvoyim yo‘q bu dunyo bilan, do‘st-dushmanlar menga bari-bir… Yorug‘ jahonda mandolina chalginda!»
D u n ya sh a. Bu mandolina emas, gitara. (Oynaga qarab yuziga upa suradi.)
E p i x o d o v. Muhabbat o‘tida o‘rtangan telba uchun gitara ham mandolina bo‘laveradi… (Qo‘shiq aytadi.) «Koshki edi, qalbimni isitsa jonona ishqi…

Yasha ham ashulaga qo‘shiladi.

Sh a r l o t t a. Voy bo‘-o‘. Shu ham qo‘shiq aytish bo‘ldimi! Xuddi qashqirga o‘xshab uvillaysizlar-a.
D u n ya sh a (Yashaga). Har qalay chet elga borish juda katta baxt-da.
Ya sh a. Ha, albatta. Fikringizga qo‘shilmay ilojim yo‘q. (Xomiza tortadi, keyin sigara chekadi.)
E p i x o d o v. Bu tushunarli, chet ellarda hamma narsa bekami-ko‘st.
Ya sh a. O‘z-o‘zidan ma’lum.
E p i x o d o v. Men ma’lumotli odamman, har xil ajoyib-g‘aroyib kitoblarni o‘qiyman-u, ammo yashashdan maqsadim nima ekanini, rostini aytsam, o‘zimga nima kerakligini bilmayman, yashashimni ham, o‘zimni o‘zim otib o‘ldirishimni ham bilmayman, yana ustiga-ustak yonimda hamisha to‘pponcha olib yuraman. Mana… (To‘pponchasini chiqarib ko‘rsatadi.)
Sh a r l o t t a. Yeb bo‘ldim, endi ketsam ham bo‘ladi. (Miltiqni yelkasiga osadi.) Yepixodov, sen juda aqlli va juda dahshatli odamsan-da. Xotinlar toza yopishsa kerak senga.. Brrr! (Ketadi.) Bu donishmandlarning hammasi shunaqa ahmoqki, birontasi bilan tuzukroq gaplashib bo‘lmaydi… Hamisha yolg‘izman, hech kimim yo‘q, kimman o‘zim, nima uchun yashayman dunyoda — bilmayman… (Sekin-asta chiqib ketadi.)
E p i x o d o v. Rostini aytsam, boshqa narsalarni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘z to‘g‘rimda aytishim kerakki, bo‘ron kichkina qayiqni qanday o‘yinga solsa, taqdir ham meni shunday o‘ynatyapti. Agar deylik, xato gap aytgan bo‘lsam nega u vaqtda bugun ertalab uyg‘onib qarasam, ko‘kragimda mana bunday dahshatli katta o‘rgimchak o‘rmalab yurib-di? Mana shunday-a. (Ikki qo‘li bilan ko‘rsatadi). Yo bo‘lmasa chanqovni bostirish uchun kvas ichmoqchi bo‘lsam, ichida suvarakka o‘xshagan xunuk bir mahluq suzib yuribdi.

Pauza.

Siz Boklni o‘qiganmisiz?

Pauza.

Sizga aytadigan ikki og‘izgina so‘zim bor edi, Avdotya Fedorovna.
D u n ya sh a. Gapiring.
E p i x o d o v. Xolis gapirishsak degan edim… (Xo‘rsinadi.)
D u n ya sh a (uyalib ketadi). Mayli… ammo, oldin borib talmamni olib kelib bering. Shkafning yonida turibdi… Bu yer ancha zax ekan…
E p i x o d o v. Xo‘p bo‘ladi… Olib kelib beraman… To‘pponchani nima qilishni endi bilaman… (Gitarani olib, chalganicha chiqib ketadi.)
Ya sh a. Turgan-bitgani falokat! Gap oramizda qolsin-u, ko‘p ahmoq odam-da. (Xomiza tortadi.)
D u n ya sh a. Xudo urib, yana o‘zini otib qo‘ymasaydi.

Pauza.

Men juda cho‘chiydigan bo‘lib qolibman, doim xavotirdaman. Yoshligimdan beri xo‘jayinlar uyida turganim uchun oddiy turmush menga yot ko‘rinadigan bo‘libdi, qo‘llarim ham oyimqizlarning qo‘llariga o‘xshagan oppoq. Judayam nozik, olijanob, tannoz bo‘lib ketganmanki, sal narsadan ham cho‘chiyveraman. Shunday qo‘rqaman. Yasha, agar siz meni aldab ketsangiz bormi, naq jinni bo‘lib qolaman-a.
Ya sh a (Dunyashani o‘padi). Do‘ndiqcham! Albatta, har bir qiz esli-hushli bo‘lishi kerak, hammadan ahloqi buzuq qizlarni yomon ko‘raman.
D u n ya sh a. Men sizni behad sevib qoldim… Siz ma’lumotli kishisiz, har bir narsa haqida mulohaza qila olasiz.

Pauza.

Ya sh a (esnab). Ha shunday… Menimcha, birovni yaxshi ko‘radigan qiz ahloqsiz bo‘ladi.

Pauza.

Sof havoda sigara cheqish xo‘p rohat narsa-da… (Quloq soladi.) Bu yoqqa kelishyapti… Xo‘jayinlar…

Dunyasha Yashani birdan quchoqlab oladi.

Endi uyga boring. Daryoga cho‘milgani borgan kishi bo‘lib mana bu yo‘ldan keting, ko‘rib qolishsa, meni siz bilan shu yerda uchrashibdi deb o‘ylashadi, bundan yomon ko‘rgan narsam yo‘q.
D u n ya sh a (sekin yo‘talib). Sigarangizdan boshim aylanib ketdi… (Chiqib ketadi.)

Yasha butxona yonida yolg‘iz o‘tiradi. Lyubov Andreevna, Gayev va Lopaxinlar keladilar.

L o p a x i n. Masalani uzil-kesil hal qilish kerak, vaqt oz qoldi. Juda oddiy masala-ku! Yerni barbog‘chilarga berishga rozimisiz yo yo‘qmi, shuni ayting? Birgina so‘z aytsangiz bo‘ladi; yo ha, yo yo‘q.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bu yerda kim yaramas sigara chekdi ekan… (O‘tiradi.)
G a ye v. Mana, temir yo‘l ham o‘tib ancha qulaylik tug‘ildi. (O‘tiradi.) Birpasda shaharga borib, nonushta qilib kelindi… Sarig‘ini o‘rtaga! Menga qolsa hozir uyga kirib, bir billiard o‘ynab chiqish ma’qul bo‘lardi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Joniqma.
L o p a x i n. Faqat birgina so‘z deng! (Yolvoradi.) Javobini bersangiz-chi, axir!
G a ye v (esnab). Kimni?
L yu b o v A n d r ye ye v n a (hamyonini ochib qaraydi). Kecha bir talay pul bor edi, bugun juda oz qopti. Boyoqish Varya pulni tejayman deb, hammani shirxo‘rdi bilan boqsa, oshxonadagi chollarga quruq no‘xatni pishirib bersa-yu, men bu yoqda pulni sovurib yursam… (Hamyon qo‘lidan tushib, oltin pullar sochilib ketadi.) Voy, pul sochilib ketdi-ya… (Ranjiydi.)
Ya sh a. Ruxsat eting, men terib beraman. (Tangalarni teradi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Baraka toping, Yasha. Nimaga men shaharga nonushta qilgani bordim-a… Muzikasi bo‘lgani bilan bo‘lmag‘ur restoran ekan, dasturxonlaridan sovun hidi keladi… Buncha ko‘p ichishning nima keragi bor, Lyonya? Muncha ko‘p ovqat yeyishning nima hojati bor? Nimaga sen tinmay gapiraverasan? Boya restoranda o‘tirib toza jovrading, ammo hamma gaplaring nojo‘ya… Yetmishinchi yillarmi-ey, dekadentlarmi-ey… Tag‘in, kimga gapirganingni o‘zing bilasanmi? Dekadentlar haqida malaylarga gapirib o‘tiribsan-a!
L o p a x i n. Rost.
G a ye v (qo‘lini siltab). Men hamisha shunday qolaman shekilli, tuzalishimga ko‘zim yetmaydi… (Yashaga qarab, zarda bilan.) Nega sen ko‘z oldimdan nari ketmaysan?
Ya sh a (kulib). Tovushingizni eshitsam kulgim qistaydi.
G a ye v (singlisiga qarab). Yo bu qolsin, yo men…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Boring, Yasha, siz ketavering.
Ya sh a (Lyubov Andreevnaga hamyonni berib). Hozir ketaman. (O‘zini kulgidan zo‘rg‘a tiyib). Hozirning o‘zida… (Ketadi.)
L o p a x i n. Sizning mulkingizni Deriganov degan bir boy olmoqchi. Savdoga ham uning o‘zi shaxsan ishtirok etadi degan gaplar bor.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Siz qayerdan bildingiz?
L o p a x i n. Shaharda shunaqa ovoza tarqalgan.
G a ye v. Yaroslavldagi xolamiz pul yuboraman depti-yu, ammo qachon va qancha yuborishi noma’lum…
L o p a x i n. Yuborganda ham qancha yuborar edi! Yuz ming yuboradimi? Yo ikki yuz mingmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Eh-ha, go‘rdami… O‘n-o‘n besh ming yuborsa ham shukur qilardik.
L o p a x i n. Meni kechiring, ammo janoblar, sizlarga o‘xshagan yengiltak, hech narsadan xabari yo‘q, noshud, ish yoqmas odamlarni sira-sira ko‘rmagan edim. Sizga yer-mulkingiz sotiladi deb lo‘nda qilib aytib turilgan bo‘lsa ham tushunay demaysizlar-a.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Nima qilgin deysiz, axir? O‘rgating.
L o p a x i n. Men sizga har kuni gapiraman. Har kuni shu to‘g‘rida jovrayman. Olchazorni ham, yerni ham barbog‘chilarga ijaraga berish kerak, berganda ham tezroq, hozirning o‘zidayoq berish kerak, savdo kuni yaqinlashib qoldi! Tushunsangiz-chi, axir! Agar siz mayli, barbog‘ bo‘-la qolsin desangiz, istaganingizcha pul ham tushadi, ana shunda qutulasiz qo‘yasiz.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Barbog‘, barbog‘chilar… Kechiring; bu tubanlik-ku…
G a ye v. Gapingga tamomila qo‘shilaman.
L o p a x i n. Men yo yig‘lab yuboraman, yo baqirib be-raman, yoki xushimdan ketib yiqilaman. Toqatim toq bo‘ldi! Siz meni juda qiynab yubordingiz! (Gayevga qarab.) Siz erkak emassiz!
G a ye v. Kimni?
L o p a x i n. Erkak emassiz, deyman! (Ketmoqchi bo‘ladi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (qo‘rqib ketadi). Yo‘q, yo‘q, ketmang, azizim, qoling, iltimos qilaman. Balki biron narsa o‘ylab toparmiz.
L o p a x i n. Nimasini o‘ylaysiz! Lyubov Andreevna. Ketmang, iltimos qilaman. Siz yonimda bo‘lsangiz ko‘nglim to‘q…

Pauza.

Xuddi ustimizga uy qulab tushadiganday, men hamon bir nimani kutib kelaman.
G a ye v (chuqur xayolda). Burchakka duplet… O‘rtaga kruaze…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Gunohimiz ko‘p-da…
G a ye v (og‘ziga obaki soladi). Butun bisotimni obaki yeb bitirgan emishman… (Kuladi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Oh, naqadar gunohkorman… Jinnilardek pulni ayamay ko‘kka sovurdim, isrof qildim… Buning ustiga qarzga botishdan boshqa narsani bilmaydigan kishiga tegdim. Erim shampanskoye ichaverib oxiri o‘lib ketdi. Peshonamning sho‘ri ekan, boshqani yaxshi ko‘rib qoldim, topishdik; xuddi shu vaqtda birinchi falokatsa uchradim, boshim toshga tegdi: mana shu daryoning huv anovi yerida… o‘g‘lim cho‘kib o‘ldi, shundan keyin qaytib kelmayin ham, shu daryoni ko‘rmayin ham, deb chet elga ketdim… Ko‘zimni chirt yumdim-u, orqa-o‘ngimga qaramay jo‘nadim, ketimdan u yelib-yugurib bordi… Shafqatsizlik, beadablik. Mentona yaqinidan chorbog‘ oldim, chunki u betob bo‘lib yotib qoldi, uch yil davomida na kecha, na kunduz xalovat ko‘rmadim. Kasal meni nihoyatda qiynab yubordi. Jonimda jon qolmadi. Bultur, chorbog‘ni qarzga bosib olganlaridan keyin Parijga keldim, u bor-yo‘g‘imni sotib bitirdi, keyin meni tashlab boshqa bilan topishdi… Zahar ichmoqchi ham bo‘ldim. Uyat, sharmandalik… Keyin birdan Rossiyani, vatanimni sog‘indim, qizginamning oldiga kelishni qo‘msadim… (Ko‘z yoshlarini artadi.) Ey tangrim, gunohimni o‘zing kechir! Meni ortiq azoblama! (Cho‘ntagidan telegramma oladi.) Bugun Parijdan keldi… Afv so‘rabdi, qayt deb yalinibdi… (Telegrammani yirtib tashlaydi). Qayerdandir muzika eshitiladimi? (Quloq soladi.)
G a ye v. Bu bizning mashhur yahudiylar orkestrimiz. Esingdami, to‘rtta skripka, nay va kontrabas bor edi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U haliyam bormi? Biznikiga ham chaqirib, bir ko‘ngil ochsak bo‘lardi.
L o p a x i n (quloq solib). Eshitilmaydi-ku. (Asta-sekin ashula aytadi,) «Pul desang nemislar rusdan frantsuzlar yasarkan…» (Kuladi.) Kecha teatrda bir pesa ko‘rdim, juda qiziq ekan.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hech qanday qiziq joyi bo‘lmasa kerak. Siz pesa ko‘rishdan ko‘ra ko‘proq o‘zingizga qarasangiz bo‘lardi. Turmushingiz nihoyatda ko‘ngilsiz, zerikarli, bekorchi gaplarni ko‘p gapirasizlar.
L o p a x i n. Bu gapingiz to‘g‘ri. Turmushimiz ahmoqona turmush, rostini aytish kerak.

Pauza.

Mening otam mujik, nodon bir odam edi, hech narsani tushunmasdi, meni o‘qitmadi, qo‘lidan keladigan ishi — nuqul mast bo‘lib olib, meni savalash edi, savalaganda ham qanday deng, tayoq bilan savalar edi. Sirasini aytganda, men ham xuddi o‘shanga o‘xshash ahmoq va befarosat odam bo‘lib qolaverdim. Bironta hunar o‘rganmadim, xatim xunuk, birovga ko‘rsatishga or qilaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Uylanishingiz kerak, do‘stim.
L o p a x i n. Ha… Bu gapingiz to‘g‘ri.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mana, bizning Varyamizga uylana qoling. U juda yaxshi qiz.
L o p a x i n. Bo‘ladi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. O‘zi soddagina qizlardan, ertayu kech tinmay ishlaydi, eng muhimi shuki, sizni yaxshi ko‘radi. Sizga ham anchadan buyon yoqadi shekilli.
L o p a x i n. Mayli. Men yo‘q demayman… Yaxshi qiz.

Pauza.

G a ye v. Menga bankda xizmat qilishni taklif etishdi. Yiliga olti ming so‘m… Eshitdingmi?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Senga ishlashni kim qo‘yibdi. Qo‘ysang-chi!

Firs palto olib kiradi.

F i r s (Gayevga). Qani, janob, mana buni kiyib oling, kun sovuqroq.
G a ye v (paltoni kiya turib). Jonga tegding-da, og‘ayni.
F i r s. Ko‘p nolimang… Ertalab hech kimga aytmasdan ketib qolibsiz. (Xo‘jayinining hamma yog‘ini ko‘zdan kechirib chiqadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Juda qarib qolibsan, Firs.
F i r s. Labbay?
L o p a x i n. Juda qarib qolibsan deyaptilar.
F i r s. Dunyoga kelganimga ancha bo‘lgan-da, Meni uylantirmoqchi bo‘lishganda sizning otangiz hali tug‘ilmagan edilar… (Kuladi.) Erkinlik bo‘lganda men starshiy kamerdiner edim. O‘shanda ozod bo‘lishni istamadim, xo‘jayinlarim qo‘lida qoldim.

Pauza.

Hali ham esimda, o‘shanda hamma xursand bo‘lgandi, nimaga xursand bo‘lganliklarini o‘zlari ham bilishmasdi.
L o p a x i n. Ilgarilari yaxshi edi. Juda bo‘lmaganda kaltak bilan savab turilardi.
F i r s (eishtmay). Qani endi ham shunday bo‘lsa. Mujiklar xo‘jayinlari bilan, xo‘jayinlar mujiklari bilan hamjihat edi. Endi bo‘lsa hech kim qovushmaydi, hech narsaga tushunib bo‘lmaydi.
G a ye v. Jim tur, Firs! Ertaga shaharga borib kelmoqchiman. Vekselga pul beradigan bir general bilan tanishtirishni va’da qilishdi.
L o p a x i n. Bundan hech narsa chiqmaydi. Protsentni to‘lolmaysiz, xotiringiz jam bo‘lsin.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. U tushini aytyapti. Hech qanaqa general yo‘q.

Trofimov, Anya va Varya kiradilar.

G a ye v. Ana, bolalarimiz ham kelishdi.
A n ya. Oyim shu yerda ekanlar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (bolalarini erkalab). Kelinglar, kela qolinglar… Qizaloqlarim… (Anya bilan Varyani quchoqlaydi.) Sizlarni jonimdan ham ortiq ko‘raman. Qani, yonimga o‘tiringlar, ha barakalla.

Hammalari o‘tiradilar.

L o p a x i n. Abadiy studentimiz qachon qaramang qizlar bilan birga.
T r o f i m o v. Ishingiz bo‘lmasin.
L o p a x i n. Yaqinda ellik yoshga kiradi-yu, hali ham student.
T r o f i m o v. Ahmoqona hazilingizni yig‘ishtirib qo‘ying.
L o p a x i n. Nimaga achchig‘ing chiqadi, tentak?
T r o f i m o v. Nega o‘zing o‘chakishasan?
L o p a x i n (kuladi). Sizdan so‘rashga ijozat etsangiz: mening to‘g‘rimda qanday fikrdasiz?
T r o f i m o v. Men, Yermolay Alekseich, shunday fikrdaman: siz badavlat odamsiz, yaqinda millioner bo‘lib ketasiz. O‘z yo‘lida uchratgan har nimani yamlab yutib yuboradigan yirtqich qanchalik kerak bo‘lsa, sen ham shunchalik keraksan.

Hamma kuladi.

V a r ya. Yaxshisi, Petya, sayyoralardan so‘zlab bering.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yo‘q, kelinglar kechagi suhbatni davom etdiramiz.
T r o f i m o v. Nima haqida edi?
G a ye v. Mag‘rur odam haqida edi.
T r o f i m o v. Biz kecha juda ko‘p gapirdigu, ammo hech qanday fikrga kelmadik. Sizning tushunishingizcha, mag‘rur odamda qandaydir mistik ruh bor, shundaymi? Balki siz haqlidirsiz, ammo agar shunday deb o‘ylab ko‘rilsa — unda qanday mag‘rurlik bo‘lsin? Modomiki fiziologiya jihatdan inson nuqsonlar bilan yaratilgan ekan, modomiki odamzodning ko‘pchiligi qo‘pol, befahm, baxtsiz ekan, u vaqtda mag‘rurlikda ma’no bormi? Odam kibrlanmasligi kerak. Faqat ishlashi, mehnat qilishi kerak.
G a ye v. Baribir, o‘lib ketasan.
Tr o f i m o v. Kim biladi? O‘limning o‘zi nima? Balki insonda yuzta hissiyot bordir, inson o‘lganda faqat bizga ma’lum beshta hissiyoti o‘lib ketar-u, qolgan to‘qson beshtasi tirik qolar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xo‘p aqllisiz-da, Petya!,.
L o p a x i n (kinoya bilan). Judayam-da!..
T r o f i m o v. Insoniyat o‘z kuchlarini takomillashtirib, borgan sayin ilgarilab ketmoqda. Hozirgi paytda insoniyat aqli yetmagan hamma narsalar vaqti bilan unga juda tanish va tushunarli bo‘lib qoladi, buning uchun faqat mehnat qilmoq, haqiqatni izlovchilarga qo‘ldan kelguncha ko‘maklashmoq kerak. Bizda, Rossiyada hozircha juda kamdan-kam odam ishlaydi. Men bilgan ziyolilarning katta bir qismi hech narsaga intilmaydi, hech narsa qilishni istamaydi va qo‘lidan biron narsa kelmaydi ham. O‘zlarini ziyolimiz deb ataydilar-u, xizmatkorlarini sansirab gapiradilar, mujiklar bilan xuddi hayvon bilan muomila qilganday gaplashadilar, tuzukkina o‘qimaydilar, jiddiy mutolaa qilmaydilar, bilganlari — bekorchilik; ilm-ma’rifat haqida gap sotishdan boshqa narsani bilmaydilar, san’atning esa nimaligini tushunmaydilar. Yana hammalari o‘zlarini basavlat qilib ko‘rsatishga urinadilar, qiyofalari jiddiy, muhim-muhim masalalardan gap ochadilar; faylasuflik qiladilar. Holbuki hammalarining ko‘z oldida ishchilar atala ichishadi, boshlarini yostiqqa emas, yerga qo‘yib yotishadi, bir uyda o‘ttiz-qirqtadan turishadi, hamma yoq qandala, sassiq, zax, axloqiy buzuqlik… Yaxshi gaplarning hammasi faqat o‘zimizning va boshqalarning ko‘zini bo‘yash uchungina gapirilsa kerak. Ming martalab maqtalgan, sira og‘izdan tushmaydigaa yaslilar qani, qiroatxonalar qani? Bularni faqat romanlardagina tasvirlaydilar, amalda esa ulardan asar ham yo‘q. Faqat ifloslik, pastkashlik, nodonlik bor, xolos. Men o‘sha jiddiy basharalardan qo‘rqaman, o‘sha jiddiy gaplar meni cho‘chitadi, ularni yomon ko‘raman. Yaxshisi indamay o‘tiraveraylik.
L o p a x i n. Bilasizmi, men har kuni ertalab soat to‘rt-beshlarda turaman, ertadan kechgacha ishlayman. Menda hamma vaqt o‘zimning va birovlarning puli bo‘ladi, atrofdagi odamlarning miridan sirigacha bilaman. Vijdonli va halol odamlarning qanchalik oz ekanligini bilish uchun biron ishni boshlab yuborishning o‘zi kifoya ekan. Ba’zan uyqusiz o‘tgan kechalarda: «Oh tangrim, sen bizlarga poyonoiz o‘rmonlar, dalalar, cheksiz fazolarni berib qo‘yibsan, shunday ekan, biz — mana shu dunyoda yashovchi kishilar, chinakam ulkan bahodirlar bo‘lishimiz kerak-da…» deb o‘ylab chiqaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ulkan bahodirlar bo‘lishimiz kerak deysiz… Ular faqat afsonalarda, ertaklardagina ajoyib ko‘rinadi, hayotda esa ulardan odam qo‘rqadi.

Sahna ichkarisidan Yepixodov gitara chalib o‘tadi.

(xayolga cho‘mib). Yepixodov kelayotir…
A n ya (o‘ylanib). Yepixodov kelayotir.
G a ye v. Quyosh ham botdi, janoblar.
T r o f i m o v. Ha.
G a ye v (sekin, xuddi deklamatsiya o‘qiyotganday). Oh, go‘zal tabiat, so‘nmas-tuganmas abadiy nur bilan tovlanasan, porlaysan, sen ajoyib va befarqsan, biz seni o‘z onamiz deb bilgan tabiat, hayot ham, o‘lim ham sening qo‘lingda, sen hayot bag‘ishlaysan va barbod etasan…
V a r ya (yolvorib). Tog‘ajon!
A n ya. Tog‘a, yana boshlading-a!
T r o f i m o v. Undan ko‘ra sarig‘ini o‘rtaga duplet qiling.
G a ye v. Jim bo‘ldim, jim bo‘ldim.

Hamma xayolga cho‘madi. Sukunat. Faqat Firsning pichirlashi eshitiladi. Birdan yiroqdan xuddi ko‘kda uzilgan torning tovushidek, mungli ovoz eshitiladi. Ovoz g‘amginlik bilan ohista so‘nadi.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. U nima, a?
L o p a x i n. Bilmadim. Uzoqdagi shaxtalarning birida kajava uzilib ketgan bo‘lsa kerak. Lekin, juda yiroqda.
G a ye v. Balki qarqaraga o‘xshash biron qushdir…
T r o f i m o v. Ye boyqushdir…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (seskanib ketadi). Juda g‘alati bo‘lib ketdim-a…

Pauza.

F i r s. Baxtsizlik oldidan ham xuddi shunday bo‘lgan edi; boyqush sayragandi, buning ustiga samovar tinmay vig‘illovdi.
G a ye v. Qaysi baxtsizlik oldidan?
F i r s. Ozodlik tegish oldidan.

Pauza.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bilasizmi, do‘stlarim, endi ketaylik, kech bo‘lib qoldi. (Anyaga qarab.) Ko‘zlaringda yosh… Nima bo‘ldi senga, qizim? (Anyani quchoqlaydi.)
A n ya. Yo‘q, oyijon, o‘zim shunday…
T r o f i m o v. Allakim kelyapti.

Eskirib ketgan oq furajka va palto kiygan bir o‘tkinchi ko‘rinadi; sal shirakayf.

O‘ t k i n ch i. Afv etgaylar, shu yerdan to‘g‘ri stantsiyaga o‘tib bo‘ladimi?
G a ye v. Bo‘ladi. Mana shu yo‘ldan ketavering.
O‘ t k i n ch i. Tashakkur bo‘lsin. (Bir yo‘talib.) Havoning sernash’aligini ayting-a… (Deklamatsiya o‘qiydi.) «Birodarim, jafokash og‘am, chiqib borgin Volga bo‘yiga, ko‘kka chiqqan mungli ohu zor…» (Varyaga qarab.) Madmuazel Rossiyaning och-yalang‘och yurgan bir fuqarosiga o‘ttiz tiyin sadaqa qiling.

Varya qo‘rqib qichqirib yuboradi.

L o p a x i n (jahli chiqib). Har qanaqa ahmoqlikning ham cheki bo‘ladi!
L yu b o v A n d r ye ye v n a (taraddudlanib.) Mana, mana, oling… Mana… (hamyonini kavlaydi). Kumush tanga yo‘q ekan… Baribir, mana, oltin tanga…
O‘ t k i n ch i. Tashakkur bo‘lsin, sizga! (Ketadi.)
V a r ya (hamon qo‘rqib). Men ketaman… Men ketaman… Oh oyijon, uyda yeydigan hech vaqo yo‘g‘-u, siz unga tilla tanga berib o‘tiribsiz-a.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Men tentak nima qilay endi! Uyga qaytganda yonimdagi hamma pulni senga beraman. Yermolay Alekseich, siz menga yana qarz berib turasiz-da!..
L o p a x i n. Bosh ustiga.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qani, ketdik, janoblar, vaqt ham ketdi. Bu yerda o‘tirib, seni unashtirib qo‘ydik, Varya, qutlug‘ bo‘lsin.
V a r ya (yig‘i aralash). Oyijon, bu ish bilan hazil qilib bo‘lmaydi.
L o p a x i n. Oxmeliya , monastirga bor…
G a ye v. Anchadan beri billiard o‘ynamaganim uchunmi, qo‘llarim titraydi.
L o p a x i n. Oxmeliya, o farishtam, ibodat qilgan chog‘laringda meni ham yod et!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ketdik, janoblar. Ovqat vaqti ham bo‘lib qoldi.
V a r ya. Juda qo‘rqitib yubordi meni. Yuragim gup-gup uradi.
L o p a x i n. Esingizga solib qo‘yay, janoblar: yigirma ikkinchi avgustda olchazor sotiladi. Bu haqda o‘ylab ko‘ringlar!.. O‘ylanglar!..

Hamma ketadi. Trofimov bilan Anya qoladi.

A n ya (kulib). O‘tkinchi baraka topsin. Varyani qo‘rqitib yubordi. Mana endi ikkimiz birga qoldik.
T r o f i m o v. Varya bizning bir-birimizni yaxshi ko‘rib qolishimizdan qo‘rqib, ertayu kech yonimizdan nari ketmaydi. U, kaltafahmligidan o‘ylamaydiki, biz muhabbatdan yuksak turamiz. Erk va baxt yo‘lini to‘sib turgan mayda-chuyda yaramas narsalarni chetlab o‘tish — hayotymizning maqsadi va ma’nosi mana shu-da! Olg‘a! Biz yiroqda charaqlab yonib turgan yorqin yulduz sari to‘xtamay boramiz! Olg‘a! Orqada qolmang, do‘stlar!
A n ya (suyunganidan chapak chaladi). Biram yaxshi gapirasizki!

Pauza.

Bugun bu yer juda zavqli bo‘pti.
T r o f i m o v. Ha, havo juda ajoyib.
A n ya. Meni sehrlab qo‘ydingizmi, a, Petya? Nima uchun men olchazorimizni avvalgidek yaxshi ko‘rmaydigan bo‘lib qoldim? Men uni shu qadar sevar edimki, butun olamda bizning ana shu bog‘dan bo‘lak yaxshi joy yo‘qdek ko‘rinardi.
T r o f i m o v. Butun Rossiya bizning bog‘imiz. Olam ulkan va go‘zaldir, unda juda ko‘p ajoyib joylar bor.

Pauza.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Anya: bobongiz, bobongizning bobosi va butun avlodingiz odamlarni qul qilib kelgan krepostniklar edi, nahotki bog‘dagi har bir olcha donasidan, har bir yaproqdan, har bir daraxtdan odamlarning sizga termulib turganini ko‘rmaysiz, nahotki ularning nidolarini eshitmaysiz… Quldor bo‘lish , qul tutish — bu ilgari yashab kelgan va hozir ham yashab kelayotgan sizlarning ahloqingizni buzib yuboradi, shuning uchun oyingiz ham, o‘zingiz ham, tog‘angiz ham qarzga, birovlar hisobiga, dahlizingiz ostonasidan nari yubormaydigan odamlaringiz hisobiga yashayotganingizni bilmaysizlar… Biz kamida ikki yuz yil orqada qolib ketdik, bizning hech nimamiz yo‘q, qashshoqmiz, o‘tmishga qanday qarash kerakligini bilmaymiz, biz faylasuflik qilishdan, zerikishdan, nolish yo bo‘lmasa aroq ichishdan boshqa narsani bilmaymiz. Axir, hozir yashash uchun oldin o‘tmishda qilgan xatolarni yuvish, o‘zimizni oqlashimiz kerakligi ravshan-ku! Xatolarni esa faqat katta mashaqqat, nihoyatda kuchli, uzluksiz zo‘r mehnat bilan yuvish mumkin. Buni bilib oling, Anya.
A n ya. Biz yashayotgan uy allaqachonlar birovniki bo‘lib qolgan. Men bu yerdan chiqib ketaman, so‘z beraman sizga, bu yerdan ketaman.
T r o f i m o v. Agar ro‘zg‘or kalitlari qo‘lingizda bo‘lsa, hammasini quduqqa tashlang-u, ketavering. Shamol kabi erkin bo‘ling.
A n ya (zavqlanib). Xo‘p yaxshi gapni aytdingiz-da!
T r o f i m o v. So‘zimga ishoning, Anya, ishoning! Men hali o‘ttiz yoshga kirganim yo‘q, men yoshman hali, studentman, ammo boshimdan ko‘p mashaqqatlar kechirdim! Qish keldi deguncha men ochman, kasaldan chiqmayman, gadoydan ham badtar qashshoqman. Eh-ha, taqdir meni qayerlarga irg‘itmadi, qayerlarni ko‘rmadim men! Shunday bo‘lsa hamki, ruhim har doim, kechasi ham, kunduzi ham qandaydir sirli umidlar bilan to‘la. Anya, baxt kelishini sezib turibman, men uni ko‘rib turibman…
A n ya (xayolga cho‘mib). Oy chiqyapti… Yepixodovning hali ham boyagi g‘amgin kuyni gitarada chalayotgani eshitiladi. Oy chiqadi. Terakzor tomondan Anyani qidirib yurgan Varyaning: «Anya-yu, qayerdasan?» degani eshitiladi.
T r o f i m o v. Ha, oy ham chiqdi.

Pauza.

Ana baxt kelayotir, biz tomonga yaqinlashib kelmoqda, uning qadam tovushini men eshitib turibman. Basharti biz uni ko‘rolmay qolsak, qanaqaligini bilolmay ketsak, nima qipti? Boshqalar ko‘radi?
V a r ya n i n g t o v u sh i: «Anya-yu! Qayerdasan?»
T r o f i m o v. Yana o‘sha Varya chaqiryapti! (Darg‘azab bo‘lib.) Jonga tegdi-ku!
A n ya. Yuring, daryo bo‘yiga boramiz, u yer ham yaxshi.
T r o f i m o v. Yuring.

Ketadilar.

V a r ya n i n g t o v u sh i: «Anya! Anya-yu!»

P a r d a

UChINChI PARDA

Zaldan arka bilan ajratilgan mehmonxona. Qandillar yoqilgan. Dahlizda, 11 pardada aytib o‘tilgan yahudiylar orkestri mashq chalmoqda. Kech kirib qolgan. Zalda tantsa qilishmoqda. Mehmonxonaga Pishchik bilan Sharlotta Ivanovna, Lyubov Andreevna bilan Trofimov, Anya bilan pochta amaldori, Varya bilan stantsiya nachalnigi va hokazolar juft-juft bo‘lib tantsa qilib kiradilar. Varya sekin-sekiya yig‘laydi, tantsa qilarkan, ko‘z yoshlarini artadi. Oxirgi juftda Dunyasha. Hammalari mehmonxonadan o‘tib boradilar.
Frak kiygan Firs patnusda selter suvi olib keladi. Mehmonxonaga Pishchik bilan Trofimov kiradilar.

P i sh ch i k. Men semiz odamman-da, ikki marta yurak tutqanog‘im tutgan, tantsa qilish og‘ir, ammo to‘qayga o‘t tushsa ho‘lu quruq baravar yonadi degandek, o‘rtaga tushib qolganimdan keyin hammasiga aralashaveraman. O‘zim otdayman. Rahmatlik otam, hazilkash odam edilar, aytardilarki, bizning Simeonov-Pishchik avlodi Kaligulaning senatga kiritib qo‘ygan otidan kelib chiqqan emish… (O‘tiradi.) Ammo, butun balo shundaki: pul yo‘q! Kampirning dardi g‘o‘zada degan ekanlar. (Xurrak otadi va o‘zining xurragidan darrov uyg‘onib ketadi.) Men ham shunday… Dardim pulda…
T r o f i m o v. Rost, gavdangiz ot gavdasiga o‘xshab ketadi.
P i sh ch i k. Nima bo‘pti… Ot yaxshi jonvor… Otni sotib pul qilsa bo‘ladi…

Qo‘shni uydan billiard toshlarining sharaqlashi eshitiladi. Zalda arka tagida Varya ko‘rinadi.

T r o f i m o v (unga tegajog‘lik kilib). Lopaxina xonim! Lopaxina xonim!..
V a r ya (jahli chiqib). Pati to‘kilgan barin!
T r o f i m o v. Ha, men pati to‘kilgan barinman, bu bilan faxrlanaman!
V a r ya (chukur xayolga cho‘mib). Muzikachilarni chaqirishga chaqyrib qo‘ydig-u, ammo pulini qayerdan olib to‘larkinmiz? (Ketadi.)
T r o f i m o v (Pishchikka qarab). Umr bo‘yi protsent to‘lash uchun pul qidirishga sarf qilgan butun kuch-quvvatingizni boshqa biron narsaga sarf qilganingizda, ehtimol, bir kun kelib butun yer sharini ag‘darib yuborgan bo‘lar edingiz.
P i sh ch i k. Buyuk va mashhur filosof… ulug‘ aql egasi… Nitsshe ham o‘z asarlarida qalbaki pul yasash mumkin degan ekan.
T r o f i m o v. Nitssheni o‘qiganmisiz o‘zingiz?
P i sh ch i k. Qayoqda, menga buni Dashenka aytgan edi. Hozir o‘zim shunday mushkul ahvoldamanki, qalbaki pul yasashdan ham. toymasdim… Indinga uch yuz o‘n so‘m to‘lashim kerai… Yuz o‘ttiz so‘mni topdim… (Cho‘ntaklarini titkilaydi, birdan qo‘rqib, quti uchib ketadi.) Pulim yo‘q-ku? Pulni yo‘qotib qo‘yibman! (Yig‘lagunday bo‘lib.) Pulim qani? (Sevinib ketadi.) Mana ekan-e! Astar orasiga tushib ketgan ekan… Sovuq ter chiqib ketdi-ya…

Lyubov Andreevna bilan Sharlotta Ivanovna kiradilar.

L yu b o v A n d r ye ye v n a (lazgin kuyini kuylab). Nimaga Leonid bunchalik kechikdi ekan, a? Shu mahalgacha shaharda nima qiladi? (Dunyashaga.) Dunyasha, muzikachilarni choyga taklif qiling…
T r o f i m o v. Ehtimol, kimoshdi savdosi bo‘lmay qolgandir.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Muzikachilarni bemahal chaqirdik, bal ham bevaqt bo‘ldi… Ha, mayli… (O‘tiradi va sekin-asta qo‘shiq aytadi.)
Sh a r l o t t a (Pishchikka bir koloda qarta uzatib). Mana bu qarta, a? Bittasini tanlab olib, esingizda tuting.
P i sh ch i k. Tanladim.
Sh a r l o t t a. Endi qartani chiylang. Juda yaxshi. Qani, azizim Pishchik afandi, qartalarni menga bering. Endi qidiring uni, yon cho‘ntagingizdan topasiz…
P i sh ch i k (yon cho‘ntagidan qarta chiqarib). Qarg‘a sakkiz edi, xuddi o‘zi-ya! (Hayratlanib.) Tavba!
Sh a r l o t t a (qarta kolodasini kaftiga qo‘yib, Trofimovga). Tez ayting, ustidagi qanaqa qarta?
T r o f i m o v. Nima bo‘pti? Ha, qarg‘aning motkasi.
Sh a r l o t t a. Juda yaxshi. (Pishchikka qarab) Ustidagi qanaqa qarta?
P i sh ch i k. Chillinning tuzi.
Sh a r l o t t a. Juda yaxshi! (Kaftiga bir uradi, koloda g‘oyib bo‘ladi.) Bugun havo judayam zavqli-a!

Uning gapiga javoban, xuddi polning tagidan «Havo juda nash’ali, xonim!» degan ayol kishining tovushi eshitiladi.

Siz mening eng yaxshi ko‘rganimsiz…

Ya n a t o v u sh: «Siz ham xonim, menga juda yoqib qoldingiz».
S t a n ts i ya b o sh l i g‘ i (chapak chalib). Ofarin, sehrgar xonim!
P i sh ch i k (hayratda qrlib). Tavba!.. Go‘zallar go‘zali Sharlotta Ivanovna… Sizga oshig‘u beqaror bo‘lib qoldim…
Sh a r l o t t a. Siz-a! (Elkasini qisib.) Siz ham biron kimsani seva olasizmi?
T r o f i m o v (Pishchikning yelkasiga qoqib). Xo‘p ot ekansiz-da!
Sh a r l o t t a. Diqqat! Yana bir fokus ko‘rsataman. (Stuldan ro‘molni oladi.) Mana, juda yaxshi ro‘mol, sotmoqchiman… (Ro‘molni silkitib ko‘rsatadi.) Kim oladi?
P i sh ch i k (hayratlanib). Tavba!
Sh a r l o t t a. (Ro‘molini darrov baland ko‘taradi, ro‘molning orqasida Anya turgan bo‘ladi; u ta’zim qilib, onasining oldiga yugurib boradi-da, uny quchoqlab, zalga qaytib yugurib kirib ketadi. Hamma xursand.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (chapak chalib). Ofarin, rfarin!
Sh a r l o t t a. Yana bir marta ko‘rsatay. (Ro‘molini ko‘taradi, ro‘mol orqasida Varya salom berib turadi.)
P i sh ch i k (hayratlanib). Tavba!
Sh a r l o t t a. Tamom! (Ro‘molni Pishchikning ustiga tashlaydi, o‘zi ham ta’zim qilib, zalga qochib chiqib ketadi.)
P i sh ch i k (uning orqasidan chopib). Obbo sehrgar-ey!.. A? Qalay? (Chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Leoniddan hali ham darak yo‘q. Shu mahalgacha shaharda nima qilar ekan, sira aqlim yetmaydi! Axir hamma ish tugagandir, yer-mulk sotilib bo‘lgandir, yo bo‘lmasa kimoshdi savdosi qoldirilgandir, nega endi buncha kutdirib o‘tiradi?
V a r ya (yupatmoqchi bo‘lib). Tog‘ajonim sotib olgandir, bunga men aminman.
T r o f i m o v (kesatib). Ha, albatta!
V a r ya. Buvim qarzni o‘z bo‘ynilariga olib, bog‘ni o‘zlarining nomlariga o‘tkazish sharti bilan pul yuboribdilar. Buni buvim Anya uchun qilgan-da. Men achinamanki, xudo xohlasa, bog‘ni albatta tog‘am oladilar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yaroslavldagi buving qo‘rg‘onni o‘z nomiga ko‘chirish sharti bilan o‘n besh ming so‘m yuboribdi. Bizga inonmaydi ham. Bu puli protsentlarni to‘lashga ham yetmaydi. (Ikki qo‘li bilan yuzini bekitadi.) Bugun mening taqdirim hal bo‘ladi, taqdirim…
T r o f i m o v (Varyaga tegishib). Lopaxina xonim!
V a r ya (jahli chiqib). Qari student! O‘zingiz universitetdan ikki marta haydalgansiz-ku!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Varya, nimaga jahling chiqadi? U senga Lopaxina deb tegishadi, tegishsa nima qipti? Ko‘nglingda bo‘lsa teg. O‘zi binoyidek, chiroyli odam. Xohlamasang — tegma, seni hech kim zo‘rlamaydi.
V a r ya. Oyijon, men bu ishga jiddiy qarayman, to‘g‘risi shu-da. U yaxshi odam, menga yoqadi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Tega qol bo‘lmasa. Tag‘in nimani kutasan, hayronman!
V a r ya. Oyijon, qanday qilib men unga sizga tegaman deb aytay? Ikki yildan beri hammaning og‘zida shu gap, hamma shunaqa deydi, u bo‘lsa yo biron narsa demaydi, yo hazil deb yuribdi. Bilib turibman, u boyib ketmoqda, ish bilan band, mening to‘g‘rimda o‘ylashga vaqti yo‘q. Agar pulim bo‘lsa, jilla bo‘lmaganda yuz so‘mim bo‘lganda ham, hamma narsani tashlab uzoqroq bir yerga ketardim. Monastirga bo‘lsa ham mayli edi.
T r o f i m o v. Ko‘p xayrli ish bo‘lardi-da.
V a r ya (Trofimovga qarab). Student degan bir oz aqlli bo‘lishi kerak! (Muloyim tovush bilan, yig‘lab). Juda xunuklashib ketibsiz, Petya, qarib qolibsiz! (Lyubov Andreevnaga qarab yig‘idan to‘xtab.) Men ishsiz turolmayman oyijon. Doim biron ish qilib turishim kerak.

Yasha kiradi.

Ya sh a (kulgisi qistab). Yepixodov billiard kiyini sindirib qo‘ydi!.. (Ketadi.)
V a r ya. Yepixodov bu yerda nima qilib yuribdi? Billiard o‘ynashga kim ruxsat berdi unga? Bu odamlarga hech tushunolmadim-ku!.. (Chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Petya, hadeb unga tegajog‘lik qilavermang, busiz ham o‘zining g‘ami boshidan oshib yotibdi.
T r o f i m o v. Juda mahmadana bo‘lib ketgan, har ishga aralashaveradi. Butun yoz bo‘yi na menga, na Anyaga tinchlik berdi, bizning o‘rtamizda muhabbat tug‘ilib qolishidan qo‘rqib yuribdi. Uning nima ishi bor? Buning ustiga, bunday deb o‘ylashiga unda asos ham yo‘q, men bunday pastkashlikni o‘zimga ep ko‘rmayman. Biz muhabbatdan yuqori turamiz!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mana men muhabbatdan past tursam kerak. (Qattiq xavotirlanib.) Nega shu mahalgacha Leoniddan darak yo‘q-a? Mulk sotildimi yo yo‘qmi, faqat shuni bilsam bo‘lgani edi. Bu boshga tushgan baxtsizlik shu qadar aqlga sig‘maydiki, hatto nima deb o‘ylashimni ham bilmay qoldim. Hozir dod deb yuboraman… yo biron ahmoqlik qilib qo‘yaman… Najot bering, Petya. Gapiring, bir nima deng, axir…
T r o f i m o v. Yer-mulk bugun sotildimi yoki sotilmadimi, baribir emasmi? Mulk allaqachon qo‘ldan ketgan, orqaga qaytish yo‘q, endi bu haqda o‘ylashning hojati bormi. Xotirjam bo‘ling, azizim. O‘zingizni-o‘zingiz aldab nima qilasiz? Umringizda loaqal bir marta bo‘lsayam haqiqatga dadil ko‘z bilan qarang, axir.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Qanday haqiqatga? Haqiqatning o‘zi qayerda bor-u, qayerda yo‘qligini siz ko‘ra olasiz, men xuddi so‘qir odamga o‘xshab hech narsani ko‘rolmayman. Har xil muhim masalalarni siz dadil-dadil yechasiz, lekin ayting-chi, shovvoz, buning hammasi sizning yoshligingizdan, boshingizga hali biron mashaqqat tushmaganligidan emasmi? Siz istiqbolingizga dadil qaraysiz, lekin bu — ko‘zingizga hech qanday dahshatli narsaning ko‘rinmayotganligi va uni kutmayotganingiz tufayli emasmi? Axir, siz hali haqiqiy turmushni ko‘rmagansiz, bilmaysiz! Bizga qaraganda siz dadilroq, vijdonliroqsiz, tushunchangiz biznikidan chuqurroq, lekin bir oz o‘ylab ko‘ring, zig‘ircha bo‘lsa ham olijanoblik qiling, menga shafqat eting. Axir, men shu yerda tug‘ilib o‘sganman, otam ham, onam ham, bobolarimning umri ham shu yerda o‘tgan, men bu uyni jonimdan ham aziz ko‘raman, olchazorsiz mening hayotim hayot emas, agar bog‘ni albatta sotish zarur bo‘lsa, meni ham qo‘shib sotinglar… (Trofimovni quchoqlaydi, uning peshonasidan o‘padi.) Axir, o‘g‘lim shu yerda cho‘kib o‘ldi… (Yig‘laydi.) Menga rahm qiling, baraka topgur.
T r o f i m o v. Bilasiz-ku, men sizga butun qalbimdan achinaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bu gapni boshqacharoq qilib aytish kerak, boshqacharoq qilib… (Dastro‘molini oladi, yerga telegramma tushadi.) Bugun ko‘nglim shunaqa g‘ashki, siz buni hatto tasavvur ham etolmaysiz. Buyer shovqin-suron, har tovushdan yuragim zirqiraydi, hamma yog‘im dir-dir titraydi, lekin o‘z uyimga kirib o‘tirolmayman, yolg‘iz o‘zim qolsam — vahima bosadi. Meni muncha koyimang, Petya… Men sizni o‘z o‘g‘limdek sevaman. Anyani sizga jon deb berar edim-u, jonginam, biroq o‘qish kerak, o‘qishingizni tugatishingiz kerak, axir. Biron ish bilan shug‘ullanmaysiz, taqdir sizni u yoqdan-bu yoqqa tashlagani tashlagan, hech tushunib bo‘lmaydi… To‘g‘rimi gapim? Shundaymi? Innaykeyin soqolni ham yeal epaqaga keltirish kerak, evi bilan-da. (Kuladi.) Juda g‘alati odamsiz-a!
T r o f i m o v (telegrammani yerdan olib). Men chiroyli bo‘lishni istamayman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Bu telegramma Parijdan keldi, har kuni keladi, kechayam kelgan edi, bugun ham… Bu vahshiy odam yana betob yotgan emish, yana ahvoli yomon emish!.. Kechirim so‘raydi, kel deb yalinadi. Rostini aytganda, Parijga borishim, uning yonida bo‘lishim kerak. Siz menga xo‘mrayib qaraysiz, Petya, ammo nima qilay endi, chirog‘im, nima qilay, u betob yotgan bo‘lsa, yolg‘iz o‘zi, yonida hech kimi yo‘q, baxtsiz bo‘lsa… Unga kim qaraydi, kim xatodan qaytaradi, kim o‘z vaqtida dori-darmon berib turadi? Yashirishning nima hojati bor, men uni sevaman, bu ravshan. Sevaman, sevaman… U bo‘ynimga osilgan tosh, bu tosh meni suv tagiga sudrab ketmoqda, ammo shu toshni sevaman, usiz yashay olmayman. (Trofimovning qo‘lini qisib.) Mening to‘g‘rimda yomon gap ko‘nglingizga kelmasin, Petya, menga hech narsa demang, qo‘ying, gapirmang…
T r o f i m o v (yig‘i aralash). Xudo haqi, ko‘nglimda bor gapni ochiq aytaman, kechiring axir, u sizning bor-yo‘g‘ingizni shilib oldi-ku.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yo‘q, yo‘q, unday demang… (Qulog‘ini berkitadi.)
T r o f i m o v. Axir u ablah odam, buni faqat siz ko‘rmaysiz! Pastkash, muttaham, uch pulga qimmat odam…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (jahli chiqadi, lekin o‘zini tutib). Yigirma olti yoki yigirma yetti yoshga kirdingiz-u, hali ham gimnaziyaning ikkinchi sinf o‘quvchisiga o‘xshaysiz!
T r o f i m o v. Mayli!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Chinakam erkaklarga o‘xshang, sizning yoshingizda sevgan va muhabbat qo‘ygan kishilarning ruhini tushuna bilish kerak. O‘zingiz ham sevishingiz kerak… Sevish kerak! (Jahli chiqib ketadi.) Ha, ha, shunday! O‘zingiz ham pok emassiz! Faqat o‘zingizni pokman deb yurasiz, tentak, bema’nisiz.
T r o f i m o v (hayratlanib). Nimalar deyapti bu xotin.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. «Men muhabbatdan yuksak turaman» emish! Siz muhabbatdan baland emassiz, balki Firs aytgandek, merov odamsiz. Shuncha yoshga yetib jazman ortdirmagansiz!..
T r o f i m o v (qo‘rqib ketib). Bu dahshat-ku, dahshat! Nimalar deyapti asti u? (Boshini ikki qo‘llab uillab, yugurib zalga chiqib ketadi.) Dahshat, dahshat! Men bunga chidab turolmayman, ketaman… (Ketadi, ammo tez qaytadi). Bo‘ldi, tanish-bilishlik ham bitdi! (Dahlizga chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (orqasidan chaqirib qoladi). Petya, shoshmang! Telba-tentak! Men hazillashdim! Petya!

Dahlizda birovning zinadan yugurib tushib ketayotgani va birdan gumburlab yiqilgani, Anya bilan Varyaning qichqirib yuborgani va shu ondayoq ularning kulgisi eshitiladi.

A n ya (kula-kula). Petya zinadan yiqilib tushdi! (Yugurib chiqib ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Juda g‘alati odam-da, bu Petya!

Stantsiya nachalnigi zalning o‘rtasida turib, A. Tolstoyning «Gunohkor ayol» degan asarini o‘qiydi, hamma quloq soladi, biroq bir necha satr o‘qimasdanoq, dahlizdan vals sadolari eshitiladi, o‘qish bo‘linib qoladi. Hamma o‘yinga tushib ketadi. Dahlizdan Trofimov, Anya, Varya va Lyubov Andreevnalar o‘tadilar.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xo‘sh, Petya… Ha, sofdil kishi… Afv so‘rayman… Yuring, o‘yinga tushaylik… (Petya bilan o‘yinga tushadi.)

Anya bilan Varya ham o‘yinga tushib ketadilar. Firs kirib hassasini yondagi eshik oldiga tirab qo‘yadi. Yasha ham mehmonxonadan kirib, o‘yinga tushayotganlarni tomosha qilib turadi.

Ya sh a. Xo‘sh, boboy?
F i r s. Tobim yo‘qroq. Ilgarilari biz bal berganda generallar, baronlar, admirallar tantsa qilar edilar, endi bo‘lsa pochta amaldoriga, stantsiya nachalnigiga odam yubortiramiz, shunda ham ular noz qilishadi. Juda madorim qochdi. Rahmatlik barin kim kasal bo‘lsa so‘rg‘ich ichirardi. Men ham yigirma yildan beri har kuni so‘rg‘ich ichaman, balki yigirma yildan ham oshgandir, ehtimol shu tufayli tirik yurgandirman.
Ya sh a. Jonga tegding-da boboy. (Xomiza tortadi.) Tezroq o‘la qolsang ham bo‘lardi.
F i r s. Voy tentak-ey… (Ming‘illaydi.)

Trofimov va Lyubov Andreevna, oldin zalda, keyin mehmonxonada tantsa qiladilar.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Mega. Men picha o‘tiray… (O‘tiradi.) Charchadim.

Anya kiradi.

A n ya (hayajonlanib). Hozirgina kimdir oshxonada olchazorning shu bugun sotilganini aytdi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kimga sotilibdi?
A n ya. Unisini aytmadi. Ketib qoldi. (Trofimov bilan o‘yinga tushib, zalga chiqib ketadi.)
Ya sh a. Qandaydir bir chol vaysab o‘tirgan edi, o‘zi begona odam.
F i r s. Leonid Andreevich hali ham qaytgani yo‘q. Yengil demisezon paltoda edi, shamollab qolmasaydi. Yosh-da, bolasi tushkur, yosh…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yuragim tars yorilib ketay deyapti. Boring, Yasha, kimga sotilganini bilib keling.
Ya sh a. Cholning ketib qolganiga ancha bo‘ldi. (Kuladi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a (sal ranjib). Nega hiringlaysiz-a! Nimaga suyunasiz?
Ya sh a. Yepixodov juda taviya odam ekan! Puch odam. Falokat bosgan.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Firs, agar yer-mulk sotilsa, sen qayerga borasan?
F i r s. Qayerga desangiz, shu yerga ketaveraman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Nimaga buncha ranging o‘chgan? Tobing yo‘qmi? Borib uxlasang bo‘lardi.
F i r s. Uxla deysiz… (Ranjiydi.) Men kirib uxlasam, bu yerda kim qoladi? Kim qaraydi? Butun uyda bir o‘zimman.
Ya sh a (Lyubov Andreevnaga). Lyubov Andreevna, sizga iltimosim bor: bir yaxshilik qiling, agar yana Parijga ketadigan bo‘lsangiz meni ham olib keting, xudo xayringizni bersin. Men bu joyda sira qololmayman. (Atrofga qarab, ovozini pasaytirib). Sizdan yashiradigan joyim yo‘q, o‘zingiz ko‘rib turibsizki, bu yurt butunlay nodon, xalqi odobsiz, buning ustiga odam juda zerikib ketdi, ovqatlari yomon, Firs bo‘lsa u yoqdan-bu yoqqa yurib, har xil kelishmagan so‘zlarni po‘ng‘irlaydi. Meni albatta o‘zingiz bilan olib keting, xudo xayringizni bersin!

Pishchik kiradi.

P i sh ch i k. Ruxsat eting… valsga tushaylik, go‘zalim… (Lyubov Andreevnani boshlab ketadi.) Go‘zalim, baribir sizdan bir yuz sakson so‘mni olaman… Olaman dedim olaman. (Uyinga tushadilar.) Bir yuz sakson so‘m… (Zalga o‘tadilar.)
Ya sh a (ohista ashula boshlaydi). «Qalbim tolpinishin anglaysanmi sen…»

Zalda kul rang tsilindr va katak shim kiygan bir kimsa qo‘llarini silkitib sakraydi. «Ofarin, Sharlotta Ivanovna!» degan ovozlar eshitiladi.

D u n ya sh a (yuziga upa surtish uchun to‘xtaydi). Oyimqiz o‘yinga tushgin deb qistaydilar, yigitlar ko‘p-u, qizlar kam deydilar. Tantsadan boshim aylanadi, yuraklarim gupillab uradi. Firs Nikolayevich, hozirgi pochta amaldori menga shunday bir gap aytdiki, nafasim ichimga tushib ketdi.

Muzika to‘xtaydi.

F i r s. Nima dedi u senga?
D u n ya sh a. Siz bamisoli bir gulsiz deb aytdi.
Ya sh a (esnab). Nodonlik bu… (Ketadi.)
D u n ya sh a. Bamisoli gul-a… Men shunday odobi qizmanki, shunaqangi shirin so‘zlarni o‘lguday yaxpl ko‘raman-da.
F i r s. Boshingni aylantirib ketadi.

Epixodov kiradi.

E p i x o d o v. Avdotya Fyodorovna, menga sira qaramaysiz ham… Meni bir hashorat deb bilasiz shekilli… (Uh tortadi.) Eh, hayot!
D u n ya sh a. Nima demoqchi bo‘lasiz?
E p i x o d o v. Shubhasiz, balki siz haqlidirsiz. (Uh tortadi.) Lekin, albatta, agar nuqtai nazardan qaralsa, siz meni kechiring, ochig‘ini aytganda, mening ruhimni tushirib yubordingiz. Men o‘z taqdirimni bilaman, har kuni bir baloga uchrayman, bunga men allaqachonlar ko‘nikib ketganman, o‘z taqdirimga kulib qarayman. Siz menga so‘z bergan edingiz va garchi men…
D u n ya sh a. Keling, keyin gaplashamiz, hozir meni tinch qo‘ying. Men hozir xayol surmoqchiman. (Elpug‘ichni o‘ynab o‘tiradi.)
E p i x o d o v. Men har kuni biron falokatga uchrayman, shunday bo‘lsa hamki, men sizga aytsam, iljayib yuraveraman, hatto kulaman ham.

Zaldan Varya kiradi.

V a r ya. Semyon, sen hali ham ketmadingmi! Qanaqa beodob odamsan o‘zing! (Dunyashaga qarab.) Ket bu yerdan, Dunyasha. (Epixodovga) U yoqqa borib billiard o‘ynab kiyni sindirasan, bu yoqqa kelib mehmonxonada xuddi mehmonday salanglab yurasan.
E p i x o d o v. Meni tiyishga, men sizga aytsam, haqingiz yo‘q.
V a r ya. Men seni tiyayotganim yo‘q, faqat aytib qo‘yayapman. U yoqdan bu yoqqa yurishni bilasan, ish desa qochasan. Kantorchimiz bor-u, ammo uning nimaga kerakligi noma’lum.
E p i x o d o v (xafalanib). Ishlaymanmi, yuramanmi, ovqat yeymanmi, billiard o‘ynaymanmi, bu haqda faqat gapga tushunadiganlar yoxud kattalar muhokama qila oladi.
V a r ya. Sen hali menga gap qaytaradigan bo‘lib qoldingmi! (G‘azabi qo‘zg‘ab.) Gap qaytarasanmi? Demak, men hech gapga tushunmas ekanman-da, a? Yo‘qol hozir bu yerdan! Ko‘zimga ko‘rinma!
E p i x o d o v (qo‘rqib ketadi). Og‘zingizga qarab gapirishingizni so‘rayman.
V a r ya (badtar g‘azabi kelib). Hozirning o‘zida bu yerdan chiqib ket! Yo‘qol deyman!

Epixodov eshikka tomon yuradi, Varya uning ketidan boradi. E, falokat bosgan. Qorangni ham ko‘rsatma! Ko‘rinma ko‘zimga deyman!
Epixodov chiqadi. Eshik orqasidan uning: «Ustingizdan arz qilaman» degan ovozi eshitiladi.

Yana qaytib keldingmi? (Eshik yoniga Firs tirab qo‘ygan hassani qo‘liga olib). Qani kel-chi, kel… Bir senga ko‘rsatib qo‘yay… Keldingmi, a? Mana bo‘lmasa… (Qulochkashlab turgan paytda Lopaxin kirib qoladi).
L o p a x i n. Bisyor tashakkur.
V a r ya (jahl aralash, kinoya bilan). Kechirasiz!
L o p a x i n. Hechqisi yo‘q. Ammo, bunday yaxshi kutib olganingiz uchun tashakkur.
V a r ya. Arzimaydi. (Turgan joyidan nari ketib, keyin qayrilib qaraydi va muloyim ovozda so‘raydi.) Qattiq tegdimi?
L o p a x i n. Yo‘q, uncha emas. Har holda mushtday bo‘lib shishib chiqsa kerak.

Zaldan tovushlar: «Lopaxin keldi! Yermolay Alekseich!»

P i sh ch i k. Ko‘zimiz bilan ko‘rdik, qulog‘imiz bilan eshitdik… (Lopaxin bilan o‘pishib ko‘rishadi.) Do‘stim, og‘zingdan konyak hidi keladimi… Biz ham o‘yin-kulgi qilyapmiz.

Lyubov Andreevna kiradi.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Sizmisiz, Yermolay Alekseich! Nega buncha kechikdingiz? Leonid qani?
L o p a x i n. Leonid Andreich ham men bilan birga keldi. Hozir kiradi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (hayajonlanib). Xo‘sh, nima bo‘ldi? Savdo bo‘ldimi? Ha, gapirsangizchi tezroq!
L o p a x i n (xijolatda, sevinchini oshkor etishdan qo‘rqib). Savdo soat to‘rtlarda tugadi. Poyezdga kechikdik, soat to‘qqiz yarimgacha kutishga to‘g‘ri keldi. (Og‘ir xo‘rsinib.) Uf! Bir oz boshim aylanyapti…

Gayev kiradi, o‘ng qo‘lida xarid kilgan narsalari, chap qo‘li bilan ko‘z yoshini artadi.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Lyonya, xo‘sh nima gap? Lyonya, ha tezroq ayta qol! (Toqatsizlanib, yig‘lab yuboradi.) Xudo haqi, tezroq gapirsangchi!
G a ye v (unga javob bermaydi, faqat qo‘lini siltaydi; Firsga qarab yig‘lamsirab). Mana buni olib qo‘y… Mana bu anchous, Kerch balig‘i… Kuni bo‘yi tuz totganim yo‘q… Qanchadan-qancha mashaqqat chekdim!

Billiardxonaning eshigi ochiq, sharlarning sharaqlashi va Yashaning: «Etti-yu, o‘n sakkiz» degan ovozi eshitiladi. Gayevning chshrasi o‘zgarib yig‘idan to‘xtaydi.

Rosa charchadim. Menga boshqa ustivosh ber, Firs. (Zal orqali o‘z bo‘lmasiga kirib ketadi, uning orqasidan Firs chiqadi.)
P i sh ch i k. Savdo nima bo‘ldi? Gapirsangiz-chi, axir!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Olchazor sotildimi?
L o p a x i n. Sotildi.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kim oldi?
L o p a x i n. Men oldim.

Pauza.
Lyubov Andreevna ezilgan, parishon, agar yonida kreslo bilan stol bo‘lmaganda, yiqilib tushardi. Varya belidagi kalitlarni yechib, mehmonxona o‘rtasiga tashlaydi va chiqib ketadi.

Olchazorni men oldim. Bir oz sabr qilinglar, janoblar, esimni yo‘qotayozdim, gapirolmayman… (Kuladi). Biz savdoga yetib borsak, Deriganov o‘sha yerda ekan… Leonid Andreichning atigi o‘n besh ming so‘m puli bor edi. Deriganov bo‘lsa qarzning ustiga birdan o‘ttiz ming berib yubordi. Qarasam, ish shunaqa, olishib qoldim, qirq ming berib yubordim. U qirq besh mingga chiqdi. Men ellik besh ming berdim. Xullas u besh mingdan oshsa, men o‘n mingdan oshaverdim. Axir, tamom bo‘ldi. Qarzning ustiga to‘qson ming berdim, bog‘ menga qoldi. Olchazor endi meniki! Meniki! (Xoxolab kuladi.) O, parvardigor, mana olchazor meniki! Aytinglar, sen mastsan, jinni bo‘lib qolibsan, tush ko‘rayotibsan denglar… (Er tepinib.) Masxara qilinglar meni! Agar mening otam va bobom go‘ridan turib, bu hodisani ko‘rsalar, urilgan, surilgan, chalasavod, qish kunlari oyoq yalang yuruvchi o‘g‘li Yermolayning dunyoda tengi yo‘q yer-mulkni sotib olganini bir ko‘rsalar edi! Men ota-bobolarim qul bo‘lib ishlagan, hatto oshxona ostonasiga ham qadam bostirishmagan mulkni sotib oldim! yo‘q, men uyqudaman, bu narsani tushimda ko‘ryapman, menga shunday ko‘rinayotgandir… Bu tuman qoplagan xom xayollaringizning mevasi emasmi-a? (Erdan kalitlarni olib, mayin iljayib.) Kalitlarni ham tashlab ketdi, bu yerda endi uy xo‘jasi emasligini bildirmoqchi… (Kalitlarni shildiratib.) E, baribir.

Cholg‘uvchilarning asboblarni sozlayotgani eshitiladi.

Hoy, cholg‘uvchilar, chalinglar, men eshitaman! Yermolay Lopaxinning olchazorga bolta solib yuborishini, daraxtlarning qarsillab qulashini hammanglar kelib ko‘ringlar! Chorbog‘lar quramiz, nevara-chevaralarimiz bu yerda yangi hayotni ko‘rajaklar!.. Muzikachilar, chalinglar!

Muzika chala boshlaydi. Lyubov Andreevna stulda o‘tirib achchiq ko‘z yoshlari to‘kadi.

(Ta’na bilan). Nega, nega mening gapimga kirmadingiz? Sho‘rlikkinam, go‘zalim, endi hech narsa qilib bo‘lmaydi. (Ko‘zidan yosh chiqib.) Oh, tezroq bita qolsaydi bu gaplar, bizning bemaza, baxtsiz hayotimiz tezroq o‘zgara qolsaydi!..
P i sh ch i k (Lopaxinning qo‘ltig‘idan ushlab, past ovozda). Yig‘layapti. Yur, zalga chiqaylik, yolg‘iz o‘zi qolsin… Yur… (Lopaxinning qo‘ltig‘idan ushlab, zalga olib chiqib ketadi).
L o p a x i n. Hoy, nima bo‘ldi? Muzika, durustroq chal. Hamma narsa mening aytganimdek bo‘lsin! (Kinoya bilan.) Yangi pomeshchik, olchazor egasi kelayotir! (Bilmasdan stolni turtib yuboradi, qandilning tushib sinishiga sal qoladi.) Hammasiga to‘lashga kuchim yetadi! (Pishchik bilan birga chiqib ketadi)

Zalda va mehmonxonada Lyubov Andreevnadan boshqa hech kim qolmaydi, u juda ezilib, achchiq-achchiq yig‘laydi. Muzika asta-sekin chalib turadi. Anya bilan Trofimov yugurib kiradilar. Anya onasining oldiga kelib tiz cho‘kadi. Trofimov eshik oldida qoladi.

A n ya. Oyi! Oyijon, yig‘layapsanmi? Jonginam, mehribonim, go‘zalim, oyijonim, men seni juda, juda yaxshi ko‘raman… Men seni duo qilaman. Olchazor sotilib ketdi, bu rost, ammo yig‘lama, oyi, sening porloq istiqboling, yaxshi va pok diling qoldi… Yur men bilan oyijon, ketamiz bu yerdan, yur! Biz yangi bog‘ yaratamiz, bundan ham go‘zal, bundan ham muhtasham bog‘ bo‘ladi, sen uni albatta ko‘rasan, shunda bilasan… Ana shunda, xuddi oqshom quyoshi botganday, qalbingga chuqur va samimiy shodlik quyiladi… Ushanda sevinasan, kulasan, oyi! Yur, oyijon! Yur, ketamiz!..

Parda

TO‘RTINChI PARDA

Birinchi parda dekoratsiyasi. Derazalardagi pardalar, devorlardagi rasmlar yo‘q: bir burchakka xuddi sotuvga qo‘yilgandek ozroq mebel yig‘ishtirib qo‘yilgan. Uyning huvillab qolgani ko‘rinib turibdi. Sahnaning ichkari tomonidagi hovliga chiqadigan eshik oldida bir talay chamadon, tugun va boshqalar turibdi. Chap tomondagi eshik ochiq. U yerda Varya bilan Anyaning tovushi eshitiladi. Lopaxin hammani kutib tik turibdi. Yasha shampanskoye quyilgan stakanlar terilgan patnusni ko‘tarib turadi. Dahlizda Yepixodov yashik boylamoqda. Sahnaning orqa tomonida olag‘ovur; mujiklar xo‘jayinlari bilan xayrlashgani kelganlar. Gayevning: «Rahmat, og‘aynilar, rahmat sizlarga» degan ovozi keladi.

Ya sh a. Avom xalq xayrlashgani kelibdi. Men, Yermolay Alekseich, shunday fikrdamanki, bular yaxshi odamlar, ammo tushunchalari kam.

Tashqaridagi shovqin bosiladi. Dahlizdan Lyubov Andreevna bilan Gayev kiradi Lyubov Andreevna yig‘isini tiygan-u, lekin rang-ro‘yi oqargan, yuzi titraydi, gapirolmaydi.

G a ye v. Sen ularga hamyoningni berib yubording-a, Lyuba! Bunday qilish yaramaydi, axir!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ko‘nglim bo‘lmadi! Chidab turolmadim!

Ikkovi chiqib ketadi.

L o p a x i n (ularning ketidan). Marhamat, janoblar, iltimos qilaman! Ketar jafosiga bir stakandan ichaylik. Shahardan olib kelish esimga kelmabdi, stantsiyadan faqat bir butilka topildi. Marhamat, marhamat!

Pauza.

Qani janoblar, ichmaysizlarmi? (Eshik oldidan nari ketib.) Bilganimda olmagan bo‘lar edim. Sizlar ichmasanglar men ham ichmayman.

Yasha patnusni ohista stol ustiga qo‘yadi.

Hech bo‘lmasa, Yasha, sen ichsang-chi.
Ya sh a. Jo‘nab ketuvchilar sharafiga! Siz ham yaxshi qoling! (Ichadi.) Bu haqiqiy shampanskoye emas ekan, xo‘p deng.
L o p a x i n. Butilkasi sakkiz so‘m turadi.

Pauza.

O‘lgudek sovuq ekan-u bu yer.
Ya sh a. Bugun pechkalar yoqilmadi, baribir ketamiz-ku. (Quladi.)
L o p a x i n. Nimaga tirjayasan?
Ya sh a. Suyunganimdan,
L o p a x i n. Oktyabr kirgan bo‘lsa ham, xuddi yoz singari issiq va jimjit. Imoratni shu mahalda qursang-da. (Soatiga qarab, eshikdan.) Janoblar, poyezdning kelishiga atigi qirq olti minut qoldi! Demak yana yigirma minutdan keyin stantsiyaga chiqish lozim bo‘ladi. Tezroq bo‘linglar.

Ustida palto Trofimov hovlidan kiradi.

T r o f i m o v. Menimcha, jo‘nasak ham bo‘lar deyman. Ekipajlar tayyor. Jin ursin, kaloshim qayerda qoldi ekan? Yo‘qolibdi. (Eshikka qarab.) Anya, kaloshim yo‘q-ku! Topolmadim.
L o p a x i n. Men Xarkovga ketishim kerak. Sizlar bilan bir poyezdda jo‘nasam deyman. Xarkovda butun qish turmoqchiman. Sizlar bilan ovora bo‘lib, hamma ishlarim qolib ketdi. Ishsiz qolsam ikki qo‘limni qayerga qo‘yishni bilmayman, xuddi birovning qo‘liga o‘xshab qoladi.
T r o f i m o v. Hozir jo‘nab ketamiz, ana innaykeyin siz o‘z foydali ishingizga yana kirishaverasiz.
L o p a x i n. Bir stakan ichsang-chi.
T r o f i m o v. Ichmayman.
L o p a x i n. Demak, shu ketishingda to‘g‘ri Moskvagami?
T r o f i m o v. Ha, ularni shahargacha kuzatib qo‘yaman-da, ertaga Moskvaga jo‘nayman.
L o p a x i n. Ha, ha… Professorlar ham lektsiya o‘qimay, hammasi sening yetib borishingni kutib o‘tirgan bo‘lsa kerak!
T r o f i m o v. Sening ishing emas.
L o p a x i n. Universitetga kirganingga necha yil bo‘ldi?
T r o f i m o v. Yangiroq gap topib gapirsang-chi! Bu gaplarning siyqasi chiqib ketdi-ku. (Kaloshini qidiradi.) Bilasanmi, balki biz sen bilan endi ko‘rishmasmiz, shuning uchun senga bir maslahat berib ketmoqchiman: har narsaga qo‘l yugurtiraverma! Shu odatingni tashla. Dacha qurish, barbog‘chilardan kelgusida ayrim yer egalari yetishib chiqadi deyishingning o‘zi ham har baloga qo‘l cho‘zish… Har qalay men seni yaxshi ko‘raman-da. Barmoqlaring xuddi artistlarning barmog‘iday nozik va ingichka, ruhing ham nozik…
L o p a x i n (uni quchoqlab). Xayr, og‘ayni. Barcha qilgan yaxshiliging uchun rahmat. Agar yo‘lga kerak bo‘lsa, pul beray.
T r o f i m o v. Pulni nima qilaman? Keragi yo‘q.
L o p a x i n. Pulingiz yo‘qdir axir!
T r o f i m o v. Pulim bor. Tashakkur. Qilgan tarjimam uchun olgandim. Mana, cho‘ntagimda. (Tashvishlanib.) Kaloshim qayoqda qoldiykin-a?
V a r ya (narigi uydan turib). Mana, oling matoingizni. (Sahnaga bir juft kalosh irg‘itadi.)
T r o f i m o v. Nimaga jahlingiz chiqyapti, Varya? .. Hm… Bu mening kaloshim emas-ku!
L o p a x i n. Ko‘klamda ming desyatina yerga ko‘knori ekdirgan edim, roppa-raso qirq ming so‘m foyda qilibman. Ko‘knorimning gullagan paytini bir ko‘rsang edi! Ha, men aytmoqchimanki, qirq ming so‘m ishlabman, demak senga qarz bermoqchiman, negaki, qarz berish qo‘limdan keladi. Dimog‘ ko‘tarishning nima keragi bor? Men mujik odamman… dangal aytaveraman.
T r o f i m o v. Sening otang mujik, mening otam tabib edi, lekin buning hech bir ahamiyati yo‘q. (Lopaxin hamyonini chiqaradi.) Qo‘y, qo‘y… Ikki yuz ming bersang ham olmayman. Men erkin odamman. Siz boy va qashshoq odamlar sajda qilgan narsalarning bari mening ustimdan qilcha ham hukmronlik qilolmaydi. Osmonda uchib yurgan nozik par qanday bo‘lsa, menga ular xuddi shunday. Men sizsiz ham yashay olaman, sizlarni nazar-pisand qilmay, yoningizdan o‘tib ketaveraman, men mag‘rurman. Insoniyat yer yuzida bo‘la oladigan eng yuksak haqiqat sari, eng katta baxt sari intilib bormoqda, men esa uning birinchi safidaman!
L o p a x i n. Yeta olarmikansan?
T r o f i m o v. Yetaman.

Pauza.

Etaman, yetolmaganimda qanday yetish yo‘lini boshqalarga ko‘rsataman.

Uzoqdan daraxtlarga urilgan bolta ovozi eshitiladi.

L o p a x i n. Xo‘p, do‘stim, yaxshi bor. Endi jo‘nash kerak. Sen bilan biz bir-birimizga dimog‘ qilib o‘tyribmiz, turmush esa o‘z yo‘lidan ketyapti. Agar men ko‘p va tinmay ishlasam, fikrlarim ham ancha oydinlashadi, nima uchun yashayotganimni ham o‘zim bilganday bo‘laman. Nima uchun yashayotganini bilgan odamlar Rossiyada oz deysanmi, o‘h-o‘! Ha mayli, gap bunda emas-ku. Leonid Andreich ham bankka ishga kiribdi, yiliga olti ming olarmish… Shunisi borki ishlay olmaydi, o‘ta ketgan dangasa…
A n ya (eshik oldiga kelib). Oyim biz ketguncha bog‘ni kesishmay tursin deb so‘rayaptilar.
T r o f i m o v. Rost, nahotki shunga ham aqling yetma-sa… (Dahliz orqali chiqib ketadi.)
L o p a x i n. Hozir, hozir… Eh ahmoqlar-ey! (Uning ketidan chiqib ketadi).
A n ya. Firs kasalxonaga jo‘natildimi?
Ya sh a. Men ertalab aytgan edim. Jo‘natishgandir.
A n ya (zaldan o‘tib borayotgan Yepixodovga). Semyon Panteleich, bilingchi, Firsni kasalxonaga jo‘natishdimikin?
Ya sh a (xafa bo‘lib). Men Yegorga ertalab aytgan edim. Hadeb so‘rayverishning nima keragi bor!
E p i x o d o v. Mening uzil-kesil fikrimcha, shalvirab qolgan Firsni endi tuzatib, odam qilib bo‘lmaydi, u ota-bobolari yoniga safar qilishi kerak. Men bo‘lsam faqat unga havas qilishim mumkin. (Shlyapa solib qo‘yilgan karton quti ustiga chamadon qo‘yib, uni ezib yuboradi.) Ana aytmadimmi! O‘zim ham shunday bo‘lishini bilgan edim-a. (Chiqib ketadi.)
Ya sh a (mazah qilib). Voy falokat bosgan-ey…
V a r ya (eshik orqasida turib). Firsni kasalxonaga olib ketishdimi?
A n ya. Olib ketishdi.
V a r ya. Bo‘lmasa nega doktorga yozilgan xat qolibdi.
A n ya. Orqasidan yubora qolish kerak… (Chiqib ketadi.)
V a r ya (qo‘shni xonada turib). Yasha qani? Aytinglar, onasi xayrlashgani kelibdi.
Ya sh a (qo‘lini siltab). Juda bezor bo‘ldim-da.

Dunyasha boyadan beri buyumlar oldida ivirsib turgan edi; Yashaning bir o‘zi qolishi bilan, darrov uning oldiga keladi.

D u n ya sh a. Loaqal bir marta qarasangiz-chi, Yasha. Siz meni tashlab ketyapsiz… (Yig‘lab Yashaning bo‘yniga osiladi.)
Ya sh a. Yig‘lashning nima keragi bor? (Shampanskoye ichadi.) Olti kundan keyin yana Parijdamiz-da! Ertaga kurer poyezdiga minamiz-u, jo‘nayveramiz! O‘zim ham ishongim kelmaydi. Viva la-Frans! Bu yer menga yoqmadi, sira turgim kelmaydi… Nima ham qilib bo‘ladi. Nodonlikdan toza to‘ydim, yetadi. (Shampanskoye ichadi.) Yig‘lab nima qilasiz? Odobli qiz bo‘lsangiz yig‘lamaysiz.
D u n ya sh a (oynaga qarab, yuziga upa suradi.) Parijdan xat yozib turing. Axir men sizni qanday sevardim, Yasha, yaxshi ko‘rardim! Men nozik qizman, Yasha!
Ya sh a. Bu yoqqa odamlar kelyapti. (Chamadonlar oldida ivirsiydi, ohista ashula aytadi.)

Lyubov Andreevna, Anya, Gayev, Sharlotta Ivanovnalar kiradilar.

G a ye v. Yo‘lga tushsak ham bo‘lardi. Vaqt oz qoldi. (Yashaga qarab). Kimdan baliq hidi kelyapti-a?
L yu b o v A n d r ye ye v n a. O‘n minutlardan keyin ekipajga tushsak ham bo‘ladi… (Uy ichiga nazar tashlaydi.) Alvido, qadrdon uyim, keksa bobo! Qish ham o‘tar, bahor ham kelar, ammo sen bo‘lmaysan. Seni buzib tashlaydilar. Nimalarni ko‘rmadi bu devorlar! (Chuqur hayajon ichida qizini o‘padi.) Baxtim, saodatimsan, chehrang porlaydi, ko‘zlaring xuddi ikki olmosday chaqnaydi. Xursandmisan? Juda ham xursandman degin?
A n ya. Juda, juda! Yangi hayot boshlanadi, oyi!
G a ye v (suyunib). Darhaqiqat endi ishimiz chakki emas. Olchazor sotilguncha hammamiz tashvish tortdik, mashaqqat chekdik, endi masala uzil-kesil hal bo‘lishi bilan hammamiz tinchidik, hatto vaqtimiz ham chog‘ bo‘lib qoldi… Men endi bank xizmatchisiman, moliya xodimiman… Sarig‘ini o‘rtaga, sening ham, Lyuba, yuzlaring ancha o‘zgarib, tuzuk bo‘lib qolding, rost aytaman.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Rost. Asablarim bosildi.

Qo‘liga shlyapa bilan paltosini beradilar.

Kechalari ancha tinch uxlaydigan bo‘lib qoldim. Mening buyumlarimni olib chiqing, Yasha. Vaqt bo‘ldi. (Anyaga qarab.) Qizim, sen bilan tezda ko‘rishamiz… Men Parijga ketaman, Yaroslavldagi buving yuborgan pulni xarjlab turaman, yashasin buvimiz! Bu pul bo‘lsa ko‘pga yetmaydi.
A n ya. Oyi, sen tez orada qaytib kelasan-a? Shundaymi? Men tayyorlanib gimnaziya hajmida imtihoch topshi-raman, keyin ishga kiraman, seni boqaman. Ikkimiz, oyijon, birga har xil kitoblar o‘qiymiz… To‘g‘rimi? (Oyisining qo‘llarini o‘padi.) Kuz kechalarida o‘tirib kitoblar, juda ko‘p kitoblar o‘qiymiz, ana shunda yangi, ajoyib dunyo ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi… (Xayolga cho‘mib.) Oyijon, qaytib kel…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Kelaman, oltinim, qaytib kelaman. (Qizini bag‘riga bosadi.)

Lopaxin kiradi. Sharlotta ohista ashula aytib o‘tiradi.

G a ye v. Sharlottaning sira g‘ami yo‘q, ashula aytgani aytgan.
Sh a r l o t t a (xuddi yo‘rgaklangan bolaga o‘xshash bir tugunchani bag‘riga olib). Chaqalog‘im, alla-ey…

Chaqaloqning «inga-inga» degan yig‘isi eshitiladi.

Yig‘lama qo‘zim, yig‘lama.

«Ingga, ingga! ..»

Juda rahmim keladi senga! (Tugunni joyiga irg‘itadi.) Menga biron joy topib beringlar, men bunday yuraver-may.
L o p a x i n. Topamiz, Sharlotta Ivanovna, xavotirlanmang.
G a ye v. Bizni hamma tashlab ketmoqda. Varya ham ketaman deydi… Bir-birimizga kerak bo‘lmay qoldik…
Sh a r l o t t a. Shaharda turadigan joyim yo‘q. Ketish kerak endi… (Qo‘shiq aytib.) Baribir…

Pishchik kiradi.

L o p a x i n. Tabiat mu’jizasi! ..
P i sh ch i k (harsillab). Uf, nafasimni rostlab olay… O‘lib bo‘ldim… Qimmatli do‘stlarim… Suv bering…
G a ye v. Yana pul deb kelgandirsan-da? Yo‘g‘-e, gunohdan chetroqda turay… (Ketadi.)
P i sh ch i k. Kelmaganimga ham ancha bo‘ldi… go‘zalim… (Lopaxinga qarab.) Sen ham shu yerdamisan? Ko‘p xursandman… Miyang butun odamsan… Mana buni ol-chi! (Lopaxinga pul uzatadi.) To‘rt yuz so‘m… Menda endi sakkiz yuz qirq so‘mi qoldi…
L o p a x i n (hayron bo‘lib, yelkasini qisadi). Xuddi tushimda ko‘rayotganga o‘xshayman… Qayerdan olding?
P i sh ch i k. Shoshmay tur… Juda isib ketdim… Ajoyib-g‘aroyib hodisa yuz berdi. Menikiga inglizlar kelgan edi, yerimdan allaqanday oq tuproq topishibdi… (Lyubov Andreevnaga.) Mana sizga ham to‘rt yuz so‘m, go‘zalim… (Pulni uzatib.) Qolganini keyin olasiz. (Suv ichadi.) Hozir vagonda kelayotganimizda bir yosh yigit allaqanday ulug‘ filosof tomdan sakrashga maslahat berganini aytdi… «Sakra!» — butun masala mana shunda, debdi. (Hayratlanib.) Tavba! Suv!..
L o p a x i n. Qanaqa inglizlar ekan ular?
P i sh ch i k. Oq tuproqli yerimni o‘shalarga yigirma to‘rt yilga baholab berdim… Endi, afv etasizlar, shoshib turibman… Yana yugurishim kerak… Znoykovnikiga bormoqchiman… Kardamonovnikiga… Hammadan qarzman. (Suv ichadi.) Yaxshi qolinglar… Seshanba kuni yana kelarman…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Biz hozir shaharga jo‘namoqchimiz, ertaga men chet elga ketaman.
P i sh ch i k. Nima? (Xavotirlanib.) Shaharga ko‘chib nima qilasiz? Men ham aytdim-a, bu mebel, bu chamadonlar nega bunda yotibdi deb… Ha, mayli endi… (Yig‘i aralash.) Ha, mayli endi… Bu inglizlar… juda dono odamlar ekan… Ha, mayli endi… Baxtli bo‘linglar… xudo madad bersin… mayli. Bu dunyoda hamma narsaning ham oxiri bo‘ladi… (Lyubov Andreevnaning qo‘lini o‘pib.) Agar meni o‘libdi deb eshitib qolgunday bo‘lsangiz, o‘shanda: «Otga o‘xshagan bir odam bor edi, Simeonov-Pishchik degan banda edi… Xudo rahmat qilsin…» deb qo‘ysangiz bo‘lgani… Ajoyib havo… Ha… (Qattiq xijolat ichida chiqib ketadi, biroq shu zahoti qaytib kiradi, eshik yonida turib.) Dashenkam sizga salom aytib edi! (Ketadi.)
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Endi jo‘nasak ham bo‘ladi. Ammo yuragimda ikkita g‘amim bor. Biri betob yotgan Firs. (Soatiga qarab.) Yana besh minut o‘tirsak bo‘ladi…
A n ya. Oyijon, Firsni kasalxonaga jo‘natishdi… Yasha erta bilan jo‘natgan ekan.
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Yana bir g‘amim — Varya. U boyoqish erta tongda turib ishlashga o‘rgangan, endi ishsiz qolib, suvsiz yashagan baliqqa o‘xshab qoldi. Yuzlari so‘lib, oriqlab ketibdi. Tinmay yig‘laydi, bechora…

Pauza.

O‘zingizdan o‘tar gap yo‘q, Yermolay Alekseich, men uni sizga uzatarman deb orzu qilib yurardim… Sizning ko‘nglingizda ham unga uylanish fikri bordek edi. (Anyaga bir nima deb shivirlaydi, Anya Sharlottaga imlaydi, ikkovlari chiqib ketadilar.) U sizni yaxshi ko‘radi, sizga ham o‘zi yoqsa kerak. Bir-biringizdan nimaga qochasizlar — sira bilolmadim. Tushunolmayman!
L o p a x i n. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham tushunmayman. Juda g‘alati ish bo‘ldi-da. Agar kechikmagan bo‘lsam, hozir ham tayyorman… Ishni bira to‘lasi bitirib qo‘ya qolaylik, ammo sizsiz mening o‘zim aytolmayman, rost…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Juda yaxshi. Bunga nihoyati bir minut kifoya. Men hozir chaqirtiraman…
L o p a x i n. Aytmoqchi, mana shampanskoye ham tayyor. (Stakanlarga qaraydi.) Iyya, bo‘shab qolibdi-ku! Birov ichib qo‘yibdi.

Yasha yo‘taladi.

Buying otini tuya qilib berish deydilar.
L yu b o v A n d r ye ye v n a (taraddudlanib). Juda ssz Biz chiqib turamiz… Men hozir uni chaqirib beraman… (Eshikka qarab.) Varya, qo‘y hamma ishingni, bu yoqqa kel, kela qol! (Yaish bilan birga chiqib ketadi.)
L o p a x i n (soatiga qarab). Him…

Pauza.
Eshik orqasidan ohista kulgi va pichirlash eshitiladi. Varya kiradi.

V a r ya (buyumlarni titkilab). Ajab, qayoqqa yo‘qolibdi?..
L o p a x i n. Nima qidiryapsiz?
V a r ya. O‘zim solib qo‘ygan edim, endi o‘zim qidirib topa olmayman.

Pauza.

L o p a x i n. Endi qayerga borasiz, Varvara Mixaylovna?
V a r ya. Menmi? Ragulinlarnikiga… Uy-ro‘zg‘orlariga qaraydigan bo‘ldim… ish qilib, ekonomkalikka o‘xshagan bir ish-da.
L o p a x i n. Yashnevo qishlog‘idagimi? U yer yetmish chaqirimcha keladi.

Pauza.

Bu uyda endi hayot bitdi…
V a r ya (buyumlarni titkilab). Qayerda qolibdi-ya… Yoki sandiqqa solib qo‘ydimmikan… Ha, bu uyda endi hayot bitdi… endi sira qaytib kelmaydi.
L o p a x i n. Men hozir Xarkovga jo‘nab ketmoqchiman… Shu poyezd bilan. Juda ishim ko‘p. Bu yerga Yepixodovni qo‘yib ketaman… Uni ishga oldim.
V a r ya. Ajab bo‘pti!
L o p a x i n. Bultur shu mahalda, esingizda bo‘lsa, qor yoqqan edi, hozir bo‘lsa sokin, oftob. Faqat sal sovuqroq… Sovuq uch darajaga borgandir?
V a r ya. Qaraganim yo‘q.

Pauza.

Gradusnigimiz ham sinib qolgan…

Pauza.
Hovlidan tovush: «Ermolay Alekseich.. »

L o p a x i n (xuddi shu tovushni boyatdan beri kutib turganday). Hozir chiqaman! (Tez chiqib ketadi.)

Varya yerga o‘tirib, boshini tugunga qo‘yib, sekin-sekin piqillab yig‘laydi. Eshik ochilib, sekin-asta yurib Lyubov Andreevna kiradi.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Xo‘sh?

Pauza.

Endi jo‘nash kerak.
V a r ya (yig‘idan to‘xtab, ko‘zlarini artadi) Ha, vaqt bo‘ldi, oyijon. Men bugun Ragulinlarnikiga yetib boraman, faqat poyezdga kechikmasam bo‘lgani…
L yu b o v A n d r ye ye v n a (eshikdan qarab). Anya, kiyina qol!

Anya, keyin Gayev va Sharlotta Ivanovnalar kiradilar.
Gayevning ustida boshlikli palto. Xizmatkorlar, izvoshchilar to‘planadi. Yepixodov buyumlar oldida ivirsib yuradi.

L yu b o v A n d r ye ye v n a. Endi yo‘lga tushsak ham bo‘ladi.
A n ya (sevinib). Yo‘lga, yo‘lga!
G a ye v. Do‘stlarim, qimmatli, aziz do‘stlarim! Shu uyni umrbod tashlab keta turib, vidolashuv oldidan butun vujudimni to‘ldirgan qaynoq hislarimni aytmasdan turolmayman…
A n ya (yolvorib). Tog‘a!
V a r ya. Tog‘ajon, qo‘ying!
Ga ye v (ruhi tushib). Sarig‘ini o‘rtaga duplet… Mana jim bo‘ldim…

Trofimov, keyin Lopaxin kiradilar.

T r o f i m o v. Xo‘p, janoblar, vaqt bo‘ldi, ketdik!
L o p a x i n. Yepixodov, paltomni keltir!
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Men yana bir lahza o‘tiray. Bu uyning devorlari, shiftlari qandayligini ilgari sira ko‘rmaganga o‘xshayman, endi shuncha suqlanib qarasam ham to‘ymayman…
G a ye v. Esimda bor, olti yashar bola edim, Troitsa hayiti kuni xuddi shu derazadan otamning cherkovga ketayotganini ko‘rib o‘tirgan edim…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Hech narsa esdan chiqib qolmadimi?
L o p a x i n. Menimcha, hamma narsa olindi. (Palto kiya turib, Yepixodovga.) Yepixodov, menga qara, hamma narsaga ko‘z-quloq bo‘lib turgin.
E p i x o d o v (ovozi xirillab). Xotirjam bo‘ling, Yermolay Alekseich!
L o p a x i n. Nega ovozing bunaqa!
E p i x o d o v. Boya suv ichuvdim, bir narsa yutib yuboribman.
Ya sh a (nafratlanib). Bu nodonlik…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Biz ketgandan keyin uy juda huvillab qoladi.
L o p a x i n. Ko‘klamga qadar.
V a r ya (tugun ichidan zontikni sug‘urib olib, xuddi birovga o‘qtalganday bo‘ladi, Lopaxin cho‘chib ketganday o‘zini chetga oladi.) E, sizni qarang… Qo‘rqmang.
T r o f i m o v. Janoblar, yuringlar ekipajlarga o‘tiraylik… Vaqt bo‘ldi! Hademay poyezd kelib qoladi!
V a r ya. Petya, mana kaloshingiz, chamadon yonida yotgan ekan. (Yig‘lab.) Biram kir, biram ifloski…
T r o f i m o v (kaloshini kiyib). Qani, ketdik janoblar!..
G a ye v (qattiq xayajonda, yig‘idan o‘zini arang to‘xtatib). Poyezd… stantsiya… Kruaze o‘rtaga, oqini burchakka duplet…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Ketdik!
L o p a x i n. Hamma shu yerdami? Ichkarida hech kim qolgani yo‘qmi? (Chap tomondagi eshikni qulflaydi.) Bu uyga narsalar qo‘yilgan, qulflab qo‘yish kerak. Yuringlar endi!..
A n ya. Xayr, uyimiz! Alvido, ey eski hayot!
T r o f i m o v. Yashasin yangi hayot! (Anya ikkovlari chiqib ketadilar.)

Varya uyga bir ko‘z tashlab, shoshilmay chiqib ketadi. Yasha bilan itni yetaklagan Sharlotta ham chiqib ketishadi.

L o p a x i n. Demak, ko‘klamgacha xayr. Chiqinglar, janoblar… Xayr endi!.. (Ketadi.)

Lyubov Andreevna bilan Gayev yolg‘iz qoladilar. Ikkovlari xuddi shu fursatni kutganday, bir-birlarining quchoqlariga tashlanib, birov eshitib qolishidan qo‘rqib ohista yig‘laydilar.

G a ye v (umidsizlanib). Singlim, singliginam…
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Oh, mening go‘zal bog‘im, muhtasham, shinam bog‘im!.. Hayotim, yoshligim, baxtim… Alvido!
A n ya n i n g t o v u sh i. (xursandlik bilan chaqiradi): «Oyi-yu-u»
T r o f i m o v n i n g t o v u sh i. (sevinch, xayajon ichida): «Au-u».
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Deraza va devorlarga yana bir marta qarab olay… Radmatlik oyim shu uydan o‘tishni yaxshi ko‘rar edilar…
G a ye v. Singlim, singliginam!..
A n ya n i n g t o v u sh i. «Oyi-yu-u! ..»
T r o f i m o v n i n g t o v u sh i: «Au-u!..»
L yu b o v A n d r ye ye v n a. Borayotibmiz!.. (Chiqib ketadilar.)

Sahna bo‘sh qoladi. Eshiklarning qulflanishi, keyin ekipajlarning jo‘nab ketishi eshitiladi. Jimlik cho‘kadi. Jimlik ichida daraxtlarga bolta urilayotgani eshitiladi, bu tavho tovush g‘oyat ko‘ngilsiz eshitiladi. Oyoq tovushi keladi. O‘ng tomondagi eshikdan Firs kiradi. Hamma vaqtdagidek ustiga pidjak va oq jilet kiygan, oyog‘ida tufli. Betob.

F i r s (eshik oldiga kelib, tutqichini tortib ko‘radi). Berk-ku. Ketishibdi. (Divanga o‘tiradi.) Meni unutib, tashlab ketishibdi!.. Ha, mayli… Men shu yerda o‘tira turaman… Leonid Andreich yana po‘stin kiymay yolg‘iz paltoda ketgandir… (Tashvishlanadi, uf tortadi.) Men ham ko‘rmabman… Yosh-da, bolasi tushkur! (Bir nimalar deb ming‘irlaydi, hech narsa tushunib bo‘lmaydi.) Umr ham o‘tdi-ketdi, hech dunyoga kelmagandayman… (Yotadi.) Birpas yotay… Madoring ham qolmabdi, hech narsang qolmabdi, hech narsa… Voy seni qara-yu, lapashang!.. (Qimirlamay yotadi.)

Uzoqdan xuddi ko‘kda uzilgan torning tovushidek ovoz eshitiladi. Ovoz g‘amgin, so‘nib boradi. Jimlik cho‘kadi. Faqat bog‘ning uzoq bir burchagidan daraxtlarga bolta urilayotgani eshitilib turadi.

P a r d a

O. Rahimiy va Q. Baratov tarjimasi

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.