Anor. Albatta, uchrashamiz!.. (hikoya)

Ildeniz Kurtulanga bag‘ishlayman

– Allo! Jeyran xonim, salom! Men…
– Salom, afandi… Yaxshimisiz?
– Rahmat, yaxshi. O‘zingiz qalaysiz?
– Bari ko‘ngildagidek…
– Janob rektor bilan gaplashsam bo‘ladimi?
– Afsuski, buning iloji yo‘q, rektor – yig‘ilishda…
– Kecha siz… ertaga qo‘ng‘iroq qiling, deb aytgan edingiz…
– Ha, shunday degandim.
– Janob rektorga u kishi bilan uchrashuvim haqida iltimosimni yetkazdingizmi?
– Albatta-da, afandi! Nega aytmas ekanman.
– U nima dedi?
– Sizga katta salom aytdi, “Albatta, uchrashamiz”, deb va’da berdi.
– Qachon?
– Ertaga tushdan keyin qo‘ng‘iroq qiling, men, albatta, u kishi bilan ulab beraman.
– Katta rahmat.
– Arzimaydi. Qo‘ng‘iroq qilganingizni rektorga, albatta, aytaman. Salomat bo‘ling.
– Sog‘ bo‘ling.
– Xayr.
Kuz kunlari bo‘lishiga qaramay, Istanbul xuddi bahorday, balki undan-da go‘zal edi. Daraxtlar tanasi hamon ko‘m-ko‘k-u, ammo barglari sarg‘ayib ulgurgandi. Daraxtlar sariq kamzul va yashil yubka kiyib olganga o‘xshardi. Tillarang barglar shoxchalardan qushlar kabi uchardi. Bosfor kemalar bilan to‘la edi. Suvga qarmoq tashlab o‘tirgan “baliqchilar” baxtiyor edi.
Yonginamda oq “Mersedes” to‘xtadi.
– Salom, do‘stim! – dedi menga mashinadagi kishi. – Ko‘rishganimizdan xursandman.
– Salom, Qo‘rqmasbek! Tasodifiy, ammo g‘oyat ajoyib uchrashuv.
– Yo‘l bo‘lsin?
–“Konrad” mehmonxonasiga.
– Juda yaxshi. Men ham o‘sha tomonga ketyapman. O‘tir, yo‘l-yo‘lakay gap­lashib ketamiz.
Men mashinaga – uning yoniga o‘tirdim, xavfsizlik kamarini bog‘lab oldim.
– Qalaysan, do‘stim? Uchrashganimizdan juda xursandman… Ozarbayjonda bo‘layotgan voqealardan juda xavotirdaman. Hozir u yerda vaziyat qanday?
– Vaziyat…
– Bilaman, afandim, juda yaxshi bilaman. Bularning hammasi imperialistlarning ishi. Bilasanmi, supermagnatlar butun dunyoni o‘z izmiga solmoqchi. Mana, endi Ozarbayjon neftiga ham qo‘l cho‘zyapti. Shunaqa, afandim. Go‘zal Bokumiz qay ahvolda?
– Bilasanmi…
– Ha-ha, afandim, bilaman, men chin qalbdan yaxshi ko‘radigan Boku – bugun oldingiday emas, avvalgi go‘zalligi yo‘q. Dengiz sohilidagi res­toranda osetr balig‘i yeganlarimiz esingdami? Aroq ham ichgan edik. Qanday maza qilgandik… O‘shandan beri qancha yillar o‘tib ketdi-ya…
– O‘n yil bo‘ldi. Bilasanmi, hozir Qorabog‘da…
– Tushunarli, aziz do‘stim, Qorabog‘ voqealaridan qattiq xavotirga tushdim. Sem tog‘a butun dunyoni sotib olmoqchi. Afsuski, Turkiya ham hech narsa qilolmayapti… Ammo ishon, do‘stim, Ozarbayjonga daxldor har bir voqea, har bir narsa, hatto oddiy bir tosh ham qalbimni tirnaydi!
– Hamdardliging uchun tashakkur. Bular armani bosqinchilari…
– Bilaman, hammasini bilaman. Ammo bu yerda armanilarning aybi yo‘q… Imperialistlar ularni majbur qilmoqda… Ular o‘z manfaa­ti yo‘lida butun dunyoni qonga bo‘yashga ham tayyor. Koreyada shunday bo‘l­madimi?! Vetnamda-chi, Afg‘onistonda-chi?!
– Afg‘onistonga birinchi bo‘lib sovetlar kirdi-ku!
– Yo‘q, afandi, bularning hammasi imperialistlarning ishi. Ularning maqsadi – sovetlarni yo‘q qilib, Amerikani yagona qudratli davlatga aylantirish va butun dunyoga xo‘jayinlik qilish edi. Sizlarning, ozarbayjonlarning ham aybingiz oz emas. Sizlar millatparastlikka, turkparastlikka emas, proletar internatsionalizmiga suyanishingiz lozim edi. Mao aytgandiki…
– Biz yetmish yil proletar internatsiolizmiga suyandik. Oqibatda yigirma foiz yerimizni bosib olishdi. Bu borada biz yolg‘izlanib qoldik.
– Yo‘q, do‘stim, unday emas. Butun dunyo proletarlari bir-birini qo‘llashi kerak. Kim Ir Sen aytgandiki…
– Bu “Mersedes”ni qachon olding? Oldingi mashinang ham xorijniki edi chamamda?
– Buni yaqinda oldim. Oldingisi “Reno” edi. Undan bu yaxshiroq, nima deding?
– Zo‘r!
– Ha, kapitalizmda odamning ko‘zini ko‘r qilib qo‘yuvchi narsalar juda ko‘p. Hayratomuz mashinalar, muhtasham mehmonxonalar, turli-tuman mollar tiqilib yotgan supermarketlar… Ammo hammasi yolg‘on, odamlarni aldash, ekspluatatsiya qilish uchun o‘ylab topilgan o‘yinlar… Afsuski, sizlar ham shu yo‘lni tanladilaring…
– Biz hali hech qanday yo‘lni tanlab ulgurmadik. Vaqt yo‘q. Urush…
– Albatta. Ozarbayjon hozir qanaqa ahvoldaligini yaxshi bilaman. Qorabog‘ o‘zi qayerda, Armanistonning janubidami yoki shimolida?
– Qorabog‘ Armanistonda emas, Ozarbayjonda.
– Ha, ha… to‘g‘ri, to‘g‘ri… Ammo, bilasanmi, kommunizm butun dunyoda to‘la g‘alaba qozonganda, chegara degan narsa bo‘lmaydi. Ozarbayjon, Armaniston va o‘sha Qorabog‘ birlashib ketadi, mamlakatlar o‘rtasidagi farq yo‘qoladi. Kapitalizm tag-tomiri bilan bartaraf etiladi. Marks 1848 yil mart oyida nima degani esingdami?
– Marks qaysidir yil mart oyida nima degani esimda yo‘q, biroq shu yil mart oyida minglab ozarlar o‘z uylaridan, o‘z zaminidan quvildi, qorli tog‘larda sovuqdan muzlab qoldi, o‘ldi… Sizlar, “so‘llar”, Marks­ning “nevaralari” loaqal bir qarab ham qo‘ymadilaring…
– Haqsan, birodarim, haqsan. Ammo, bilasanmi… Afrikada, Janubiy Amerikada har kuni minglab odamlar o‘ladi. Agar biz Ozarbayjon voqealariga bosh qo‘shsak, yanayam faolroq aralashsak, bu irqiy birdamlik, turonizm, fashizm sifatida qabul qilinishi mumkin…
– Dahshat! Himoyasiz, aybsiz odamlarni, ayollarni, bolalarni o‘ldirish – fashizm emas, ammo bunday qabohatga qarshi chiqish fashizm bo‘lsa?! Bu qanaqa siyosat, qanaqa adolat?!
– Sen haqsan, faqat asabiylashma. Albatta, bu masalada biz o‘z munosabatimizni bildirishimiz kerak. Biroq, yaxshisi senga minbar beraylik: sen bizning “Ishik” gazetasi uchun har kuni bitta maqola yozib ber. Nima deysan bu taklifga?
– Har kuni bitta maqola yozib ulgurolmayman. Haftada bitta bo‘lsa, roziman.
– Yo‘q, yo‘q, haftada bitta maqola bo‘lmaydi. Har kuni yozish kerak, har kuni. Darhol kirish bu ishga. Bugun kechqurunoq yoz. Ertalab o‘zim kelib olib ketaman maqolani. Bundan tashqari maxsus teledastur uyushtiramiz. To‘rt-beshta kanalda.
– Juda ko‘p-ku, bittasi ham yetar.
– Yo‘q-yo‘q, unday dema. Besh-oltita kanalda chiqsang, yaxshi-da. Sen tashvish chekma. Hammasini o‘zim tashkil qilaman. Barcha kanallarda qadrdonlarim bor.
– Bo‘pti. Voqealar, masalalar shunday ko‘pki, ularni batafsil tushuntirish kerak… Nimadan boshlashni aniqlab olish zarur…
– To‘ppa-to‘g‘ri. Avval gapni nimadan boshlashni aniqlab olish lozim. Ertagayoq kirishamiz. Shoshma-shoshma… Yo Olloh, ertaga men Amerikaga uchishim kerak-ku. Floridada, Mayami-Bigda “Imperializmning halokati va kommunizmning tantanasi” mavzusida konferentsiya bo‘ladi. U yerdan Shveytsariyaga uchaman. Jenevada “Kapitalizm – halokat yoqasida” degan simpozium bo‘ladi. Keyin Bagama orollarida “Kapitalizm so‘nggi nafasi bilan yashamoqda” degan mavzudagi forumda ishtirok etishim kerak. U yerdan uyga qaytaman. Chorshanba kuni sen bilan qo‘ng‘iroqlashamiz. Kelishdikmi? Menga telefon raqamingni ber-chi… “Konrad”da kim bilan uchrashasan?
– Hoji Zokirbek bilan…
– Nima? Azizim, bu chalasavod mulla bilan uchrashishga kim, nima majbur qildi seni? Axir u diniy fanatik-ku. Konservator, u SRUning odami. Arab shayxlarining mablag‘iga “Ana topraq” degan gazeta chiqaradi. Buning ustiga qip-qizil kapitalist, “Hoji Zokir” degan sovun ishlab chiqaradi. Fabrikasida minglab kambag‘al ishchilarni ishlatadi, ularning miyasiga o‘zining eskicha ilmini quyadi. Qayerdan taniysan uni?
– Bokuda tanishgan edik. Hamkorlikda film ishlashni taklif etdi.
– Obbo yaramas-ey. Bu lo‘ttiboz endi filmga ham bosh suqiptimi. Bilib qo‘y, uning hamma gaplari yolg‘on, nuqul va’da beradi, lekin hech narsa bajarmaydi. Biron amaliy ish haqida gap boshlasang, darhol “Uzr, namoz o‘qiydigan vaqtim bo‘ldi”, deb o‘zini olib qochadi. Uchrashsang, ko‘rasan. Ammo hech qachon unga ishonma… Mana, mehmonxonangga yetib keldik. Uchrashguncha.
– Demak, chorshanbagacha…
– Nima? Chorshanbagacha? Ha-ha, to‘g‘ri… Albatta, uchrashamiz! Omadingni bersin.
– Xayr.
Men mashinadan tushdim. “Mersedes” shitob bilan jo‘nab ketdi-da, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men o‘ylanib qoldim, kommunist bo‘lib kapitalistlarcha yashash ham yomon emas ekan.
Mehmonxona eshigi oldida turgan Hoji Zokir menga qarab qo‘l silkidi. Mehmonxona gavjum edi. Erkaklar frak kiygan, ayollar – yelkasi ochiq ko‘ylakda. Qimmatbaho uzuklar, bilakuzuklar, zebigardonlar ko‘zni qamashtiradi. Vestibyulni turfa atir hidi tutgan. Hoji Zokirdan boshqa hamma erkak galstuk taqqan.
– Xush kelibsiz, marhabo, – deb kutib oldi Hoji Zokir meni. – Ishlaringiz qalay?
Turli ichimliklar ko‘tarib ofitsiant keldi.
– Nima ichasiz? – so‘radi Hoji Zokir. – Bilasiz, men ichmayman. Bu yerga “Mersedes”da kim olib keldi sizni? Qo‘rqmas Devrim emasmi?
– Ha, o‘sha.
– Azizim, u – Moskvaning ayg‘oqchisi-ku, bu lo‘ttibozni qayerdan taniysiz? Axir, KGB agenti-ya! “Ishig” degan gazetacha chiqaradi, ruslarning puliga. U nima haqda yozmasin – hammasi yolg‘on, tuhmat… Hay, mayli… Ozarbayjonda ahvol qalay, jonim?
– Ozarbayjonda…
– Bilaman, jonim… sizlar haqingizda o‘ylasam, yuragim qon bo‘lib ketadi… Esingizdami, bir yil oldin Bokuda bo‘lganimda o‘sha paytdagi hokimiyat rahbarlari bilan bir shartnoma tuzishni kelishgan edik. Bokuning barcha ko‘chalarini sovun bilan yuvib chiqishim mumkin…
– Kerakmikan shu? Yomg‘ir yog‘sa, odamlar sovunda sirpanib, biron joyi­ni sindirib olishi mumkin.
– Voy, jonim, naqadar xazilkashsiz-a! Ammo, nima desangiz ham, u yerda sovun chiqaradigan zavod qursak, yomon bo‘lmasdi. Afsuski, hokimiyat o‘zgarib, rejalarimiz amalga oshmadi. Hozirgi savdo vaziri qanaqa odam? Bilasizmi, taniysizmi uni?
– Yo‘q.
– Afsus. Agar tanish bo‘lsangiz, bu xayrli ishga bosh qo‘sharmisiz, deb o‘ylagan edim. Xafa bo‘lmang, lekin Ozarbayjondagi vaziyat meni qattiq tashvishga soladi. Ular qanaqa musulmon, axir, azizim?! Namoz o‘qimaydi, ro‘za tutmasa. Ayollar yuzini ochib yursa, hijobga kirmasa…
Men atrofga razm soldim.
– Bu yerdagi ayollarning kiyinishiga e’tibor berdingizmi?..
– Ey, afandim, bizning mamlakatimizni haq yo‘ldan ozdirishdi. Olloh bu ishlarni jazosiz qoldirmaydi! Mana, oqibatini ko‘rib turibsiz – yarim yalang‘och ayollar. E’tibor qilyapsizmi, erkaklar ularga qanday suq bilan qaramoqda? Eng katta gunoh mana shu: birovning xasmi haloliga yomon niyatda boqish. Men ham erkakman, loaqal ko‘zimning qiri bilan ularning birontasiga qaradimmi? Yo‘q. Qayoqqa ham shoshardik! Bular nima bo‘libdi. Jannatda shunday sohibjamollar xizmatimizda bo‘ladi-ki… Shunday emasmi? Bu yolg‘on dunyo lazzatlariga aldanmaslik kerak. Barcha rohat-farog‘at – islomda. Shunday emasmi?
– Shunday, afandim.
– Ikki yo‘l bor: yo islomning barcha shartlarini bajarasan – namoz o‘qiysan, ro‘za tutasan, hajga borasan yoki bularning baridan voz kechasan-u, ochiq-oshkora tan olasan – men musulmon emasman, men o‘risman, grek yoxud armaniman, deysan. Darvoqe, Armanistonning savdo vaziri keldi bu yerga. Biz u bilan juda yaxshi shartnoma imzoladik. Yerevanda katta sovun zavodi quramiz. Zora, ularning kallasi joyiga kelsa, ko‘zi ochilsa, bizlar, ya’ni musulmonlarsiz hech narsa qila olmasligini anglab yetsa. Biz chiqaradigan sovunda yaxshilab yuvinib, poklanib olsin… Baribir kirligicha qolaveradi… Musulmon odamga bitta sovun bir oyga yetadi, kofirlarga o‘nta sovun ham kamlik qiladi. Chunki ular juda iflos bo‘ladi… Shuning uchun Yerevanda gigant sovun zavodi qurmoqchimiz. Afsuski, Bokuda biron narsa qurishning iloji bo‘lmadi-da. Nima deb o‘ylaysiz, hozirgi hokimiyat rahbarlari uzoq o‘tirisharmikan?
– Bilmadim… Meni sovun ishlab chiqarish, umuman, biznes sohasida hech qanday qiziqishim ham, manfaatim ham yo‘q. Esingizda bo‘lsa, Bokuda siz bilan hamkorlikda film ishlash haqida gaplashgan edik.
– Nimalar deyapsiz, azizim? U suhbatni esimdan chiqarishim mumkin ekanmi?! Kechayu kunduz o‘sha reja haqida o‘ylab yuribman. Rejani amalga oshirish yo‘llarini qidiryapman. Akiro Kurosava degan yapon rejissyori bor. Balki eshitgandirsiz?
– Eshitganman.
– O‘shani taklif qilmoqchiman. Stsenariyni siz yozasiz, albatta. Puli – mendan. Mablag‘ masalasida hech narsani o‘ylamang. Ammo men xalqaro miqyosdagi film bo‘lishini istayman. Xo‘sh, nima deysiz, qo‘limizdan kelarmikan?
– Harakat qilamiz.
– Filmning nomini ham o‘ylab qo‘ydim: “Tozalanish”. Odamlarni tortadigan, qiziqtiradigan, yangicha nom, to‘g‘rimi?
– Mavzusi-chi?
– Hozir tushuntiraman. Birmuncha yosh, ammo bilimli mulla ezgu niyat, ochiq qalb bilan qishloqqa keladi. Qishloq – qoloq, hammayoq iflos, balo-qazolarga ko‘milib ketgan. Hech kim namoz o‘qimaydi, ro‘za tutmaydi. Yosh mulla ikkita xayrli ishni amalga oshiradi: odamlarni haq yo‘liga boshlaydi, machitga chorlaydi, namoz o‘qishga, ro‘za tutishga da’vat etadi. Ikkinchisi – qishloqni sovun bilan to‘ldiradi.
– Tabiiyki, “Hoji Zokir” firmasining sovunlari bilan…
– Albatta-da. Bu – qishloq odamlari uchun eng ma’qul sovun. Mana shu yerda masalaning eng nozik va muhim jihati aks etadi. Mulla odamlarni haq yo‘liga da’vat etish bilan ularning qalbini, sovun bilan esa badanini tozalaydi. Qalay?
– Bilmadim… O‘ylab ko‘rish kerak.
– O‘ylang. Kurosava ham o‘zining aqli, iste’dodi bilan g‘oyamizni bo­yitadi. Filmning finaliga shunday narsa o‘ylab qo‘ydimki, siz ham, Kurosava ham dod deb yuborasizlar.
– Xo‘sh, qanaqa yakun ekan?..
– Tabiiyki, qishloqda yosh mullaning dushmanlari ham paydo bo‘ladi. Ulardan biri mullaga o‘q uzib, yarador qiladi. Mullaning onasi o‘g‘liga shifo tilab duo qiladi-yu, mulla omon qoladi. Film finalida mulla tibbiyot hamshirasiga bunday deydi: “Mening yaramni faqat “Hoji Zokir” sovunlari bilan yuvishingizni iltimos qilaman!” Qalay?
– Ajoyib! G‘oyat go‘zal va hayratlanarli! Ammo, afsuski, men bunday filmga stsenariy yoza olmayman, kuchim yetmaydi.
– Nega endi?
– Sababi ko‘p. Menda boshqa taklif bor: keling, musiqali film ishlaymiz. Sefiaddin Urmaviy haqida.
– Sefiaddin haqida? Kim u?
– Ijodkor, ustod…
– Sefiaddin… Yaxshi ism… “e’tiqod pokligi” ma’nosini beradi. Sezayapsizmi, baribir, sovun bilan bog‘liqlik talab qilinmoqda, shunday emasmi?
– Ozgina farqi bor. Sefiaddin musiqachi, kompozitor bo‘lgan, Ozarbayjon musiqasining otasi hisoblanadi.
– O, sizlarning musiqangizdan behad mutaassirman! Joni-dilim bilan tinglayman! “Tog‘lar qizi Rayhon, Rayhon..”. Ajoyib! Ozarbayjon ohanglari – mo‘jiza. Shunday emasmi?
– Ha, bizning musiqamiz bebaho, betakror.
– Ammo… Buning ildizi qayerda, nimada, bilasizmi?
– Bu xalq iste’dodining mahsuli.
– Yo‘q, unday emas. Ildizi mutlaqo boshqa tomonda. Ruslar sizlarning boshingizni aylantirgan. Ular shunday qilganki, sizlar butun o‘y-xayolingizni, iste’dod va salohiyatingizni musiqaga qaratgansiz, armiya, jang haqida mutlaqo o‘ylamay qo‘ygansiz. Sizlarning bugungi mag‘lubiyatingizning asl sababi ana shunda.
– Kechirasiz-u, iste’dodli musiqachilar bo‘lishi iste’dodli askarlar bo‘lishiga xalaqit bermas?
– Juda beradi-da!
– U holda, aytaylik, nemislarda nima uchun qudratli armiya ham, betak­ror musiqa ham bor? Bax, Betxoven, Motsart…
– Yo‘q, yo‘q! Bular hammasi faqat gap! Bular ham o‘shalarning uydirmasi. Meni ma’zur tutasiz, dushmanlarimizning “o‘yinlari” haqida hikoya qiluvchi filmga men pul berolmayman.
– Sefiaddin XIII asrda, mo‘g‘ullar bosqinchiligi davrida yashagan…
– Shunaqami? Demak, uzoq XIII asrda ham musiqaga berilgan ekansizlar-da. Mo‘g‘ullarning qo‘li baland kelganining sababi bu yoqda ekan-da… Hay, mayli. Xafa bo‘lmang, biron narsa o‘ylab ko‘rarmiz… Meni kino olamida tanishlarim juda ko‘p. Ichki kiyimlar ishlab chiqaradigan fabrika egalaridan hamkorlarim bor. Din nuqtai nazaridan toza kiyimlar ishlab chiqarish bo‘yicha film ishlansa, o‘ylaymanki, yaxshi kartina bo‘ladi. Shunday emasmi?
– Ehtimol…
– Mayli, tashvish chekmang. Men sizga chorshanba kuni qo‘ng‘iroq qilaman. Sizning telefon raqamingiz bor menda. Kechirasiz, xayrlashishga majburman: namoz vaqti bo‘lib qoldi. Albatta, uchrashamiz!

* * *

– Allo. Salom, Jeyran xonim! Men…
– Tanidim sizni, salom. Qalaysiz?
– Rahmat, xammasi yaxshi. Janob rektor bilan uchrasha olamanmi?
– Afsuski, iloji yo‘q… u kishi yo‘qlar…
– Qayerda?
– Shahar tashqarisiga chiqib ketganlar, dam olishga.
– Qachon qaytadi?
– Bayramdan keyin. O‘n kunlardan so‘ng qaytsalar kerak.

* * *

Men Garakyoy sohiliga bordim. Bu yerda baliq sotuvchilar qator bo‘lib olgan. Sohilning narigi tarafida ham savdo-sotiq avjida. O‘zidan katta qoplarga suyanib olgan rus ayollari shu yerdan – Istambuldan sotib olgan narsalarini – soat, turli taqinchoqlar va boshqa buyumlarni maqtab sotardi. Ulug‘ rus tilini yaxshi o‘zlashtirmagan xaridorlarga baqiradi: “Nima balo garangmisan, rus tilini tushunmaysanmi? Uch ming dedim, vassalom. Uch ming lira, tushundingmi?”
Devorga kirill alifbosida yozilgan lavha osilgan: “Russkiy dom. Res­toran “Misha”.
Visotskiyning bo‘g‘iq ovozda kuylagan ashulasi quloqni qomatga keltiradi. Boshqa tomonda zamonaviy turkcha ashula jaranglaydi.
Men Garakyoydan Gadikeyga boradigan teploxodga chiqdim. Har doim Bosfordan o‘tish chog‘ida palubaga ko‘tarilaman. Chunki u yerda chekish mumkin, salonda ruxsat berilmaydi. Bu yerdan Bosfor kengliklarini, Istambul panoramasini tomosha qilish imkoniyati bor. Ko‘rib, ko‘zing to‘ymaydi. Moviy dengizdan esayotgan salqin shabada – jonga rohat. Afsuski, bu gal palubada bunday rohatdan bahramand bo‘lish nasib etmadi. “Beshikdash” futbol komandasining muxlislari sevimli komandasi Gollandiyaning “AYaKS”i bilan durang o‘ynagani sharafiga truba, baraban chalar, raqsga tushar, sakrar, tinmay baqir-chaqir qilar edi.
Palubada havo har qancha yaxshi bo‘lsa ham, bu shovqin-suronga chidayolmadim. Bir stakan choy olib salonga kirib ketdim.
Shu mahal kimdir yelkamga qo‘lini qo‘ydi.
– Salom, azizim! Qaysi shamollar uchirdi bu yoqlarga?
– Oho! Metebek, uchrashganimizdan xursandman.
– Azizim, qachon kelding?
– Bir oydan oshdi.
– Nega menga xabar bermading?
– Siz Bokuda edingiz-ku, shuning uchun…
– Bokuda bo‘lsam, u yerda bir umr qolib ketarmidim… Ishlar qalay? Mening qadrdon Ozarbayjonimda ahvol qalay?
– Aytarli yaxshi gap yo‘q. Bilasizmi, yangi hujumlar bo‘lib turibdi…
– Bilaman, bilaman. Azizim, sizlar nega muncha qaysarlik qila­sizlar-a?
– Gapingizga tushunmadim, afandi.
– Nima sababdan bu qadar o‘jarsizlar, nima keragi bor buning? Shu uchta harfning qanchalar zaruriyati bor sizlarga?
– Qanaqa harflar haqida gapiryapsiz, tushunmadim. Kecha armanilar bizning uchta aholi punktimizga hujum qildi.
– Bilaman, xabarim bor. Ammo, nahotki alfavitingizda “H” harfini saqlab qolish bilan armanilarni yengmoqchi bo‘lasizlar. Shu arzimas “H” harfi nimaga kerak, qanday karomat ko‘rsatadi?
– Metebek, turk-ozarbayjon alfavitida “H” harfining ahamiyati, o‘rni juda katta. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
– Qo‘ysang-chi, birodar. “Turk-ozarbayjon” deganing nimasi? Axir bu oddiy bir sheva-ku. Aslida, yagona turk bor, afandi. Yagona millatning tili ham, davlati ham, bayrog‘i ham, poytaxti ham bitta bo‘ladi. Shunday emasmi? Tillarni ajratishni ba’zi tashqi kuchlar o‘ylab topgan. Maqsad – bizni parchalab yuborish. Bu – qarmoq. Afsuski, sizlar ham shu qarmoqqa ilingansizlar. Bizlar qardoshlarmiz, bizlar birlashmog‘imiz kerak. G‘arb bilan aloqani uzish lozim. G‘arbda nima bor, kim chiqqan? Hech narsa, hech kim!
– Axir u yoqdan buyuk insonlar chiqqan.
– Kim? Qani bironta misol keltir-chi.
– Juda ko‘p. Masalan, Shekspir.
– Shekspir. Xo‘sh, Shekspir, deylik. Sen bilasanmi o‘zi Shekspir kimligini? U – turk. Nomidanam ham ko‘rinib turibdi-ku. U o‘z davrida birinchi odam edi, teatrda birinchi shaxs edi. Eski usmonli tilida uni “Shaxsi bir” deb atashgan. Tushundingmi? Inglizlar o‘ziga moslab Sheks­pir, deydi. Ular ulug‘ yozuvchimiz, deb yurgan Shekspirning asli kelib chiqishi – turkiy.
– Nemislar hammi?
– Albatta-da. Quloq sol: “Olmaniya”. Germaniyaning bir qiroliga olma olib kelishadi. Shunda u so‘raydi: “Olma-niya?” Shundan keyin mamlakat nomi Olmaniya bo‘lib ketgan. Yevropadagi barcha xalqlarning asl kelib chiqishi – turkiy.
– Sharq-chi?
– Buyam xuddi shunday. Yaponiya poytaxti nima deb ataladi?
– Tokio.
– Yo‘q. Aslida, u “Dogu key”, ya’ni sharqiy shahar, degani. Mana shunaqa gaplar, azizim. G‘arbu Sharqning ildizi – turkiy. Keyinchalik turlicha nomlanib ketgan. Lekin bu hol uzoq davom etmaydi, yaqin kelajakda biz hammasini o‘z o‘rniga qaytaramiz. Shunda Atlantikadan to Tinch okeanigacha bizning bayrog‘imiz hilpiraydi.
– Meningcha, bayrog‘imizni eng avval Shusha bilan Lochinda ko‘tarsak ma’qul bo‘lar edi.
– Bu sizlarning tor miqyosda o‘ylashingizdan darak. Dunyoqarashingiz juda tor. Buni sizlarga sovet tuzumi o‘rgatgan. Sizlarning madaniyatingizga, san’atingizga rus va Yevropa ruhi singib ketgan.
– Unday emas. Bizda jahon miqyosidagi bastakorlar bor, jumladan, Uzeir Hojibeyli. Siz uning asarlaridan birontasini eshitib ko‘rganmisiz?
– Albatta, eshitganman. Uzeir Hojibeyli – ruhan Italiya bastakorlariga yaqin.
– Nimalar deyapsiz, azizim. Uning otasi – turk, onasi – turk. Qorabog‘da tug‘ilgan. “Go‘ro‘g‘li” operasi…
– … tom ma’noda, italyancha opera. Turk bastakorlari bo‘lganida fortepyano, skripka kabi Yevropa musiqa asboblarini ishlatarmidi?
– Bu – bahsli, munozarali masala.
– Juda yaxshi, bahslashamiz, munozara qilamiz. Foydali bo‘ladi. Men o‘zim tashkil qilaman. Nufuzli bir mehmonxonada uyushtiramiz, gazetachilarni, televideniyani chaqiramiz. Odamlar oldida muzokara olib boramiz. Sening bu yerdaliging – katta imkoniyat. Biz bu imkoniyatdan foydalanib qolishimiz kerak. Kechirasan, gapga tushib ketib esimdan chiqay debdi, uchrashuvim bor edi.
– Bir-birimizning telefon raqamlarimizni olmadik-ku.
– Shuyam muammomi. O‘zim topib olaman seni. Qaysi mehmonxonadasan?
– Uskyudarda.
– Juda soz. U yerda mening tanishlarim ko‘p. Turar joyingni ham, telefon raqamingni ham topaman. Albatta, uchrashamiz. Ammo G‘arb gipnozchiligidan tezroq qutulishni o‘ylanglar. Esingdan chiqmasin – biz turk­larmiz. Turk millati – yengilmasdir. Agar turk bo‘lishni istamasang, pojaluysta (u oxirgi so‘zini rus tilida aytdi).
– Tashakkur, Metebek. Uchrashuvingizga kechikmang.
Uyga kelib, xotinimdan so‘radim:
– Qo‘rqmasbek qo‘ng‘iroq qildimi?
– Yo‘q.
– Hoji Zokir-chi?
– Hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi.
– Omurbek ham, Mehmetbek ham, Doganbek ham, Osmanbek ham qo‘ng‘iroq qilmadimi?
– Aytdim-ku, hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi. Faqat bir kishi telefon qildi, u adashib tushgan ekan.
Televizorni qo‘ydim.
Birinchi kanalda mallasoch erkak reklama o‘qirdi:
– Eng zamonaviy, eng mukammal muzlatgichlarni Akay firmasi ishlab chiqaradi, faqat Akay firmasi. Unutmang, Akay firmasi!
Ikkinchi kanalga o‘taman:
– Kecha tunda mamlakatning janubi-sharqida terrorchilar yetti ayol, besh bola, o‘n besh erkakni o‘ldirdi. Kantsler Kol terrorchilar harakatini keskin qoraladi.
Uchinchi kanal: butun ekran bo‘ylab yoyilgan qirmizi lablar. Suhandon ovozi:
– Bu kimning lablari? Zeki Murenningmi? Bulent Ersoymi? Afsharmi? Javoblaringizni 000999 telefoniga jo‘nating. To‘g‘ri javob yo‘llaganlar oltmish million lira va zamonaviy sport avtomobili bilan taqdirlanadi. Shoshiling, qulay imkoniyatni boy bermang…
To‘rtinchi kanalga o‘taman:
– Havodan berilgan zarbalar oqibatida Bosniya qishloqlari vayron bo‘lmoqda. Halok bo‘lganlar va yaradorlar soni o‘n mingdan oshib ketdi.
Beshinchi kanal:
– Hurmatli vazir, Ozarbayjondagi vaziyat haqida fikringizni bilmoqchi edik.
– Biz qardosh Ozarbayjonga har tomonlama yordam ko‘rsatamiz. Ammo xalqaro hamjamiyat doirasida harakat qilamiz.
Oltinchi kanal:
– To‘xta! Qimirlama! Men – politsiyadanman. Qimir etsang, boshingga tushiraman.
Ettinchi kanal:
– Birinchi bo‘lib Odam Atoga qalb ato etilgan… Qabrdan birinchi bo‘lib Ollohning yerga yuborilgan elchisi turadi… U jannat libosida ko‘rinadi… qazo ahli Ajr kunini Ollohning sudini ming yillab kutib yotadi…
Sakkizinchi kanal:
– Sen menga uylanmaysanmi? Xohlasang – uylan, yo‘qsa – uylanma, bu sening ishing. Faqat menga aniq javobingni ayt. Amerikada men juda ko‘p erkaklar bilan aloqada bo‘lgandim: xitoy, maori, eskimos, sariqtanli, qoratanli, oqtanli… Har xili bor edi. Hatto boshqa sayyoradan kelganlar bilan ham aloqada bo‘lgandim… Menga 999000 raqamiga qo‘ng‘iroq qil, gaplashib olamiz.
To‘qqizinchi kanal:
– Eron qirg‘og‘iga yashirinib, hayotini saqlab qolishga uringan ko‘plab ozarbayjonlar Araksdan suzib o‘tishda cho‘kib ketdi… Sen qanaqa sovun ishlatasan? Men “Hoji Zokir” sovunidan foydalanaman. Senga ham “Hoji Zokir” sovunini tavsiya qilaman. Undan yaxshi sovunni yetti iqlimdayam topolmaysan…

* * *

– Allo, salom Jeyran xonim…
– Salom-salom. Tanidim sizni. Ishlaringiz yaxshimi?
– Rektor dam olishdan qaytdimi?
– Ha, qaytdi.
– U kishi bilan uchrashsam bo‘ladimi?
– Afsuski, bugun sira iloji yo‘q, g‘oyat muhim majlis o‘tkazmoqda. Ertaga, albatta, u kishiga sizni ulab beraman.

* * *

Uyga boraman-da, xotinimdan so‘rayman:
– Qo‘rqmasbek qo‘ng‘iroq qildimi?
– Yo‘q. Qo‘rqmasbek ham, Gorxonbek ham, Orxanbek ham, Omurbek, Kyomyuurbek ham qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q. Hech bir zot qo‘ng‘iroq qilmadi, hatto biron kishi adashib ham tushmadi, – deydi u.
Telefon go‘shagini ko‘tarib, raqam teraman.
– Salom. Qo‘rqmasbek kerak edi.
– Qo‘rqmasbek xorij safariga ketgan, afandi.
– Hali qaytmadimi safardan?
– Keldi. Yana ketdi.
– Qayerga?
– Parijga. U yerda Amerikada o‘tadigan turnirga pigmenlarning bas­ket­bol komandasi kiritilmaganiga qarshi namoyish bo‘ladi. Shunga ketdi.
– Allo, salom. Metebey bilan gaplashsam bo‘ladimi?
– Yo‘q, afandi. U Oltoyga ketdi. Arxeologlar u yerda Bozgurdning jag‘ suyagini topishibdi. Metebek shu munosabat bilan o‘sha yerda seminar o‘tkazmoqchi.
– Allo. Salomalaykum. Hoji Zokirbekni telefonga mumkinmi?
– Hoji hajga ketdilar.
Kechasi uxlayolmadim. Ko‘zimni yumsam, ko‘z o‘ngimda goh Bulent Ersoyning lablari, goh basketbol o‘ynayotgan pigmenlar, goh Bozgurdning jag‘ suyagi ko‘rinaveradi. O‘rnimdan turdim-da, Janni Rodarining “Jelsomino yolg‘onchilar mamlakatida” degan kitobini ozarbayjon tiliga tarjima qila boshladim.
Ertalab, kechagi va’daga muvofiq, rektorning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildim.
– Allo. Salom, Jeyran xonim.
– Salom. Men Jeyran emasman, Maralman.
– Kecha biz kelishgan edik… Qani u, Jeyran?
– Ta’tilga ketdi.
– Qachon keladi?
– Kim bilsin… U tug‘ruq ta’tiliga ketdi. Eson-omon qutulib olsa, uch-to‘rt oyda qaytsa kerak, inshaolloh.
– Maral xonim. Men bir necha kun, hafta, hatto oylar bo‘ldi, janob rektor bilan gaplashayolmayapman. Iloji bormi o‘zi?
– Judayam afsusdaman. Lekin u yo‘q, Anqaraga ketdi. Uylanyapti.
– Olloh omadini bersin, baxtli bo‘lsin, farzandlari ko‘paysin.
– Kechirasiz, kim bo‘lasiz, afandi?
– Men Ozarbayjondan kelganman.
– O, xudoyim! Men Ozarbayjon uchun qanchalar qayg‘urishimni bilsangiz edi… Istasangiz iltimosingizni yozib olaman, ismingizni ayting.
– Ismim… – men bir oz tin olib dedim. – Ismim Jelsomino.
– Jelsomino? Juda noyob ism. Italiyaliklarnikiga o‘xshab ketarkan. Ozarbayjonda bunaqa ism ko‘pmi?
– Juda ko‘p, – dedim. – Chao, chao, bambino! Arivederche Roma.
– Oy… sizlarda italyancha ham gaplashishadimi?
– Ha, shunday. Erkaklar italyancha gaplashadi, ayollar – pigmeycha.
– Nahotki? Juda qiziq-ku. Bitta savol bersam maylimi, afandi?
– Albatta.
– U holda ayollar bilan erkaklar qaysi tilda muloqot qiladi?
– Yapon tilida.
– Yaponchada? Ajoyib, juda ajoyib.
– Ha-ha, shunaqa. Akai-dai! Fudziyama! Akiro Kurosava! Xarakiri!
– G‘oyat minnatdorman! Ajoyib kishi ekansiz. Umid qilamanki, siz bilan ko‘rishamiz.
– Albatta uchrashamiz, – dedim men.

* * *

Bosforda Marmar dengizi tomondan salqin shabada esardi. Havo bir muncha sovib qolgandi. Qarama-qarshi tomondagi minoralar tuman pardasida ertaklardagidek go‘zal ko‘rinardi. Palubadagi yo‘lovchilar birin-ketin salonga tushishdi. Palubada yolg‘iz o‘zim qoldim. Shunda negadir nainki paluba, balki butun teploxodda yolg‘iz qolganday his etdim o‘zimni. Bir kunda Yevropadan Osiyoga, Osiyodan Yevropaga bir necha marta borib keluvchi bu teploxodda… va butun Yevropada ham, Osiyoda ham yolg‘iz o‘zim o‘tirganday edim.
Teploxodni kuzatib kelayotganday tizilib uzayotgan oq chorloqlarga termulib, o‘yga toldim: qiziq, har kuni teploxodda u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa borib keluvchi odamlar haqida bu qushlar nimani o‘ylar ekan, ular ham xayol surarmikan?
Nazarimda, teploxod juda sekin suzayotganga o‘xshardi. Men soat oltida uyda bo‘lishim kerak. Soat besh yarim bo‘lgandi. Teploxod bazo‘r prichalga taqaldi. Sakrab qirg‘oqqa tushdimu marshirtli taksiga o‘zimni urdim. O‘n daqiqa kam oltida mashinadan tushdim-da, zinalardan chopib yuqoriga ko‘tarildim. Oltiga besh daqiqa qolganda uyga kirdim. Roppa-rosa oltida men kutgan telefon qo‘ng‘irog‘i jarangladi. Kim qo‘ng‘iroq qilishini bilganim uchun hech ikkilanmay dedim:
– Salom, Ildenizbek.
– Salom… O‘tgan haftada shu bugun soat oltida sizga qo‘ng‘iroq qilishga va’da bergan edim.
1993 yil, 5 noyabr.
Ettinchi noyabr kuni ulkan shaharda hech kim qolmadi. Ko‘chalarda, maydonlarda, bulvarlarda, parklarda – hech kim yo‘q. Mashinalar, tramvaylar, taksilar, avtobuslar joy-joyida to‘xtab qolgan. Prichalga kelgan teploxodlar ham qotib qolganday edi.
Qushlar bu ulkan odamlar uyasiga nima bo‘lganini bilmasdi? Odamlar qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? Nega barcha harakatlar to‘xtadi? Nima uchun yuk mashinalari, poyezdlar joyidan qimir etmaydi?
Bu kun uydan chiqish man etilganini qushlar qayoqdan bilsin. Saylov arafasida ro‘yxatga oluvchilar uyma-uy yurib ro‘yxat tuzardi. Kim uyida bo‘lmasa, jarimaga tortilishi mumkin. Ko‘chalarda, maydonlarda, parklarda va bulvarlarda ahyon-ahyonda bolalarning shodon kulgilari, qiyqiriqlari eshitilib qolardi. Ular ro‘yxatga tirkalmaydi – saylash yoshiga yetmagan, hali saylashni bilmaydi.
Ammo ular qanday yashash, o‘zini qanday tutish, o‘z fikrini qanday aytish kerakligini biladi.
Qushlar shaharda odamlar yo‘qligidan qanchalar hayratga tushgan bo‘lsa, bolalar nega bunchalar quvnoq va baxtli ekanidan undan-da ko‘proq hayron edi.
Biroq qushlarni eng qattiq hayajonga solgan, maftun etgan narsa, bu – bolalar zarracha ham yolg‘on gapirmaganlari edi…

1993 yil, 7 noyabr

Ozarbayjon tilidan Mamatqul Hazratqulov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 6-son