Alessandro Barikko. 1900 (monolog)

Men bu matnni aktyor Eujenio Allegri va rejissyor Gabriele Vachis uchun yozgan edim. Ular joriy yilning iyulida Asti shahrida o‘tkazilgan festivalda premerasi namoyish etilgan spektaklni yaratishdi. Bilmadim, bu sahna uchun pesa yozdim deyishimga asos bo‘ladimi, yo‘qmi – zero, ayrim shubhalarim bor. Hozir matn kitob holiga kelgach, nazarimda, u pesa va ovoz chiqarilib o‘qiladigan hikoya o‘rtasidagi allanimadek. O‘ylashimcha, bunday matnlarning aniq atamasi ham yo‘q. Har qalay, men uchun bu muhim emas. Fikrimcha, ajoyib voqeaning o‘zi so‘zlab berishga munosib. Va uni kimdir o‘qib chiqadi, degan xayol meni zavqlantiradi
A.B. 1994 yil, sentyabr

Barbaraga bag‘ishlanadi

Doim shunday bo‘ladi: kimdir to‘satdan boshini ko‘taradi… va uni ko‘radi. Buni tushunish qiyin… Aytmoqchimanki, davlatmand sayohatchilar, muhojir va boshqa qalang‘i-qasang‘ilar orasida uzundan-uzoq yo‘lni bosib o‘tsagu va biz… Baribir har doim kimdir, qandaydir bittasi topiladi-da, uni… birinchi bo‘lib ko‘rib qoladi. Balkim, u bu daqiqada ovqatlanayotgan chiqar yoki bekorchilikdan palubada tentirab yurar, ehtimol, ishtonini to‘g‘rilayotgan bo‘lar… bir lahzaga shunday boshini ko‘taradi-yu, dengizga shunchaki ko‘z tashlab… uni ko‘rib qoladi. Turgan joyiga mixlanadi-yu yuragi ming pora bo‘lib, har doimgidek, e o‘sha har doimiga ham, ont ichamanki, uni ko‘rib qolgan kimsa bizga, kemaga, hammamizga qarata, baqiradi (tushkun ovozda va bo‘g‘inli): A-ME-RI-KA! Va tosh qotganicha turaveradi, xuddi o‘sha – Amerikani yaratgan zot qiyofasida suratga tushmoqchi bo‘lgandek. Go‘yo bu ijod jarayoni bilan ishdan so‘ng va dam olish kunlari o‘zining toshyo‘nar jiyani, uddaburongina o‘smir yordamida ermak uchun shug‘ullanganu keyin… ozroq yordam bo‘lgach, o‘z qo‘llari bilan Amerikani yaratgandek…
O‘sha Amerikani birinchi bo‘lib ko‘radigan odam istalgan kemadan topiladi. Yo‘q buni faqat tasodif deb o‘ylamaslik kerak… nazarkardalik ham emas… bu taqdir xolos. Bunday odamlarning qismatiga tug‘ilishlari bilan shunday onlar yozib qo‘yiladi. Hali go‘dak paytlaridayoq, diqqat bilan tikilsang, ularning ko‘zida ajralishga, asablar va venalar bo‘ylab, miya qobig‘iga-yu tilining uchigacha siqilib oqishga va o‘sha qichqiriqqa aylanib portlashga tayyor turgan Amerikani ko‘rish mumkin (baqiradi): A-ME-RI-KA! Ha, o‘sha paytdayoq Amerika shu yerda, go‘daklarcha mas’um nigohda, butun borlig‘i bilan tovlanadi. Joylashib olib, o‘z galini kutib yotadi.
Bu haqiqatni ko‘ruvchi ich ko‘zimni ochgan Denni Budmen T.D.Lemon 1900 – okean kengliklarida ijroda tengi yo‘q yagona buyuk pianinochi bo‘ldi. Kishilar nigohida ular ko‘rgan narsalar emas, balki ko‘radigan narsalari aks etadi. U aynan shunday derdi: ular ko‘radigan narsalar.
Men-ku, ularni ko‘rganman, Amerikasini… Olti yil shu kemada, yiliga olti marta bir yo‘nalish bo‘ylab, Yevropadan Amerikagacha, u yoqdan-bu yoqqa, zax okeanda izg‘iganman. Qirg‘oqqa chiqqan paytingda yengil hojatingni ham eplab ushatolmaysan, hamma narsa joy-joyida turadi, ammo sen chayqalasan. Suzish chog‘i kemadan tushish mumkin, faqat okeanga… Men kemaga chiqqan paytimda o‘n olti yoshda edim. Xayolimni band etgan yagona narsa, bu karnay chalish edi. Shu sabab bilan “Virjiniyalik” kemasiga kishi yollashayotganligi haqidagi xabar qulog‘imga chaligani zahoti portga borib navbatga turdim. Men va mening karnay. Yanvar, 1927. “Bizda karnaychilar keragidan ortiq”, – dedi menga kema kompaniyasi vakili. – Bilaman, deb javob berdim va o‘zimcha chala boshladim. Vakil biror asab tolasi qilt etmasdan, so‘z qotmasdan oxirigacha tik turib tingladi. Sabr qildi. Keyin savol tashladi:
– Bu qaysi kuy?
– Kim biladi…
Uning ko‘zlari yonardi.
– Agar nimaligini bilmasang, buni jaz deydilar.
Og‘zi ajabtovur qiyshayib ketdi, balkim u shunaqa jilmaygandir; uning o‘rtadagi bitta tishi tilla edi, go‘yo sotuvga qo‘yilgandek yaltiroq.
– U yerda yuqoridagilar bunday musiqadan aqldan ozib qolishadi.
U yerda yuqorida – kemada degani edi. Miyig‘idagi jilmayishga o‘xshash narsa esa mening qabul qilinganligimning alomati edi.
Biz har kuni uch-to‘rt martalab chiqish qilardik. Dastlab lyuks xonalardagi badavlat tomoshabinlar, keyin boy, ammo ikkinchi klassda yashovchi janoblar uchun kontsert berardik, ba’zan esa, pastki qavatdagi kambag‘allarning oldiga tushib rasmiy ish kiyimlarisiz, kim nimada bo‘lsa shu holatda kuy chalardik va ko‘pincha ular biz bilan birga raqsga tushib ketishardi. Okean hadsiz edi, uning salobati vahimaga solardi, shu sababli ham tinimsiz kuy chalardik; odamlar vaqt o‘tganligini sezmasliklari, qayerda va kim ekanliklarini unutishlari uchun ham chalardik; tag‘in raqsga tushishga majbur qiladiganidan chalardik, axir raqsga tushsang ajalni unutasan, o‘zingni Xudodan bilasan. Chalgan kuylarimiz regtaymlar bo‘lardi, zero, bu kuylar Yaratganning o‘zi ham tanho qolganida raqsga tushib ketadigan xilidan edi.
Chindan Yaratgan raqsga tushib ketardi, agar u negr bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsa…

(Aktyor sahnani tark etadi. Juda sho‘x, biroq mazmunan ahmoqona raqsbop musiqa tinib boradi. Aktyor kema jazmenining jozibador kiyimida sahnaga qaytadi. Shu paytdan boshlab u o‘zini go‘yo sahnada, orkestrda ishtirok etayotgandek tutadi.)

Xonimlar va janoblar, xonimafandilar va afandilar, beklaru bego­yimlar… sizlar kemamizga – “Titanik”ka nihoyatda o‘xshash bo‘lgan bu suzuvchi shaharga xush kelibsiz! Janoblar, tinchlik saqlansin! Joyingizni almashtirmang! Janob, to‘lib-toshayotgan janob, sizni yaxshi ko‘ryapman, Okeanga xush kelibsiz! Aytganday, bu yerda nima qilib yuribsiz o‘zi? Garov o‘ynaymanki, kreditorlaringiz izingizdan quvib yuribdi, siz oltin vasvasasidan o‘ttiz yilga kechikkansiz, kemani bir tomosha qilmoqchi bo‘lgansizu, kema suzib ketganligini, ehtimol, sezmay qolgansiz ham, uydan aslida bir daqiqaga sigareta sotib olish uchun chiqqansizu, bu paytda sizning xotiningiz politsiyaga kelib ulgurgan va sizning qanday yaxshi, ajoyib er bo‘lganligingizni, o‘ttiz yil mobaynida biron marta ham janjal chiqarmaganligingizni hikoya qilib bermoqda… Umuman, siz sasib-bijg‘igan dunyodan uch yuz mil uzoqda, eng zo‘r ko‘ngil aynishidan ikki qadam berida, nima qilib yuribsiz? Pardon, madam, men hazillashdim, bu tog‘oramiz go‘yo bilyard soqqasi misol Okean stoli uzra dumalab bormoqda! Xo‘p! Yana olti kun, ikki soatu qirq yetti daqiqadan so‘ng – biz “shaq” etib chuqurchaga tushamiz: Nyu-Y-o-o-o-o-o-ork!

(Orkestr kuy chaladi.)

O‘ylashimcha, bu kemaning ko‘p jihatdan noyobligi va hatto nodirligini sizga tushuntirishimning hojati bo‘lmasa kerak. Batofobiyaga yo‘liqqanligi va o‘ta donoligi bilan mashhur kapitan Smit rahbarligida (siz, ehtimol, kapitanning qutqaruv qayig‘ida yashayotganligini sezgandirsiz) sizga kamdan-kam uchraydigan, mutlaqo tushunib bo‘lmaydigan ekipaj, professionallar jamoasi xizmat ko‘rsatmoqda: Pol Sejinskiy – rul boshqaruvchisi, sobiq polyak popi, tabiatan ehtirosga beriluvchan, bioterapevt, afsuski, ko‘zi ojiz. Bill Yang – radiotelegrafist, buyuk shaxmat muxlisi, chapaqay va duduq. Kema shifokori Klauzermanshpittsvegensdorfentag, mabodo zarurat tug‘ilib qolsa chaqiraman deb aqldan ozishingiz mumkin. Va eng muhimi: janob Pardin – oshpazlar boshlig‘i, qoq Parijda tug‘ilgan, ammo bu yerda hayratomuz bir narsaga guvoh bo‘lgach, kelgan joyiga jo‘navorgan – bu kemada oshxona yo‘q, buni 12-kayutada yashovchi janob Kamamber ham hazillashib eslatdilar. U zot bugun obrez to‘la mayonezga duch kelibdi, bu juda qiziq, oshxonamiz yo‘qligi uchun obrezlarda to‘g‘ralgan meva saqlaymiz-da. Shu sababli kemamizda haqiqiy oshpaz ham yo‘q. Aytganimdek, janob Pardin kemada oshxonani izlay-izlay topolmay vatani Parijga qaytgan, dalillarga ishonmay ilojimiz yo‘q – loyihachi, buyuk muhandis Kamillerining xotirasi sustligi sababli, rostdan ham hazillashganday kema oshxonasi chizmalarda unutib qoldirilgan va hech qachon bu kemada oshxona bo‘lmagan. Sizdan davomli va gulduros qarsaklaringizni umumbashariy shuhratga loyiq bo‘lolmagan muhandisga bag‘ishlashlaringizni so‘ray-ma-a-a-n!

(Yana orkestr chaladi.)

Menga ishonavering, bunaqa kemani boshqa topolmaysiz: yo‘q, balki, besh-olti yil axtarsangiz, siz ehtimol, suvdan qo‘rqadigan kapitanni ham, ko‘zi ojiz darg‘ani ham, ismi-sharifi aytilishi og‘ir bo‘lgan doktorni ham, barcha-barchasini bir yo‘la oshxonasi yo‘q kemada uchratishingiz mumkin. Ehtimol. Ammo o‘shanda ham, ont ichib aytamanki, bu yerdagidek, hozirning o‘zidayoq, o‘tirg‘ichning o‘n santimetriga ilinib o‘tirib olib, ming metrcha suv yuzasida, Okeanning qoq yuragida, ko‘zingiz mo‘jizadan va quloqlaringiz hayratdan dong qotgancha, oyoqlaringiz ohangga mos yer tepganicha, qalblaringizni bitmas-tuganmas ATLANTIK JAZ – BA-A-A-ANDga qondirish sizga hech qayerda nasib etmaydi.

(Orkestr chaladi. Aktyor sozandalarni birin-ketin tanishtiradi. Har bir ism ortidan qisqacha solo yangraydi.)

Klarnet – Sem, “Sonya” Vashington!
Banjo – Oskar Delaguerra!
Karnay – Tim Tuni!
Trombon – Jim Jim, “Nafas”, Xelap!
Gitara – Semyuel Xokins!
Va nihoyat royal ortida… Denni Budmen T.D.Lemon 1900.
Buyuklardan buyugi!

(Musiqa birdan to‘xtaydi. Aktyor suxandonlar ohangidagi nutqini tugallab, sozandalar kiyimini yechadi va monologni davom ettiradi.)

…U haqiqatda shunday buyuk musiqachi edi. Biz musiqa chalardik – u butunlay boshqa ilohiy ijod bilan shug‘ullanardi… U chalgan allanarsa hali dunyoda yaratilmagan, eshitilmagan bo‘lardi. U royal oldidan turgach, haligi narsa yana yo‘qqa aylanardi… endi hech qayerda, hech qachon takrorlanmasdi… Denni Budmen T.D.Lemon 1900. So‘nggi marta ko‘rganimda, u bombada o‘tirgandi. Hazil emas. U dinamit to‘ldirilgan yashikda o‘tirardi. Bu juda uzun tarix… U menga doim “Toki biron-bir yaxshi voqea va uni tinglashga qodir kimsa topmaguningcha senga haqiqatan hamma narsa baribir”, der edi. U bitta yaxshi voqeani bilardi. Bu yaxshi voqea uning o‘zi edi.
Aql bovar qilmas bo‘lsa-da, durustroq o‘ylanilsa, chiroyli tarix… O‘shanda dinamit uyumida o‘tirgan holda, u bu tarixni menga sovg‘a qilgan. Chunki uning eng qadrdon do‘sti edim-da… Bu rivoyatni har qanday holu ahvolimda asradim, boshimga turli tashvishlar tushganda ham undan ajralmadim, hatto karnayimni sotdim, hamma narsamni sotdim, ammo bu tarixni, yo‘q… men uni yo‘qotmadim, u hamon men bilan, sof va anglanishi qiyin – xuddi musiqaday, xuddi Okean o‘rtasida sehrgar-pianinochi Denni Budmen T.D.Lemon 1900 ijro etgan musiqaday.

(Aktyor parda ortiga chekinadi. Orkestr chaladi. So‘nggi akkord bilan aktyor sahnaga qaytadi.)

Uni topib olgan matrosning ismi Denni Budmen edi. U bolani tongda, Bostonda yo‘lovchilar kemadan tushgan paytda, karton qutidan topib oldi. Bola qutida hatto yig‘lamasdan, ko‘zini lo‘q qilganicha tinch yotardi. Uni birinchi klassning raqs zalida qoldirishibdi. Royal ustida. U o‘n kunlikcha edi, bundan ortiq emas. Ammo bolani aynan shu klassdagilar dunyoga keltirganiga shubha bor. Odatda, muhojirlarda shunday bo‘ladi. Biron-bir yashirin kunjakda tug‘ishib, o‘sha yerda qoldirishadi. Ammo bunga faqat ularning ablah ekanliklari sabab emas. Hamma gap kambag‘allikda, chorasiz yo‘qchilikda edi. Bu hol kiyim-kechak bilan bog‘liq qandaydir hodisalarni esga soladi… ular bortga yakka-yu yolg‘iz, astar-avrasi chiqqan kostyumda, shimlariga yamoq solingan holda ko‘tarilishardi. Ammo keyinroq, Amerika – doim Amerika ekanligini inobatga olib, safarlari qarigach, biz ularni mutlaqo kiroyi kiyinib, hatto bo‘yinbog‘larda, erkak va bolalar oq ko‘ylaklarda kemani tark etishayotganliklarini ko‘rganmiz. Umuman, ular o‘z ishlarini yaxshi bilishardi: yigirma kunlik suzish davomida nuqul bichib tikishardi va safar so‘ngida kemada bironta darparda yoki biron bir choyshab topib bo‘lmasdi, hech gap bo‘lmaganday: hammasi Amerika uchun binoyidek kiyimga aylanardi.
Vaqti-vaqti bilan kemada tashlandiq bola qolardi – emigrant uchun ortiqcha og‘iz va imigratsiya muassasi uchun esa, yana bosh og‘riq. Qaysidir ma’noda u pardalar va choyshablar o‘rniga qoldirilardi. Ayni go‘dak bilan ham ana shunday bo‘lgandek edi. Agar uni birinchi klassning raqslar zalidagi royali ustida qoldirsak, balkim, biron bir boyvachcha asrab olar va to‘kin-sochin hayot bilan ta’minlar, deb o‘ylashgandir. Bu reja yomon emas edi. Holbuki, yarmi amalga oshdi. U badavlat bo‘lolmasa-da, pianinochi bo‘ldi. Bo‘lgandaki, dunyoda eng zo‘r pianinochi!
Demak. Qariya Budmen bolani o‘sha joydan topadi va uning kim ekanligidan dalolat beruvchi dalilni axtaradi. Ammo topgan qutisida ko‘k siyoh bilan yozilgan yozuv bo‘ladi: T.D.Lemon – shundoq yonida limonga o‘xshatibroq chizilgan bir narsaning rasmi yotardi. U ham ko‘k rangda. Denni filadelfiyalik gumbazdek, yovvoyiroq negr edi. U bolani kaftlari bilan changallaganicha: “Salom, Lemon!”, – dedi. Shunda ko‘nglining tubida otalikka o‘xshash his qo‘zg‘aldi-yu u butun umr T.D. harflari: “Tashakkur, Denni” degan ma’noni bildirishini takrorlab yurdi. Albatta, bu nodonlik, ammo uning bunga ishonchi yillar davomida ortsa ortardiki, kamaymadi. U sidqidildan ishonardi: T.D. – Tashakkur, Denni. Unga bir marta almoyi-aljoyi qiyofadagi, i-i-ingichka, xuddi lotin ma’shuqlarinikidek mo‘ylab qo‘ygan odam va limon surati tushirilgan reklamali gazetani keltirishdi. Suratning tagida yozuvi ham bor edi: “Tano Damato, qirol limonlari”, qandaydir mukofot yoki guvohnoma ham ilova qilingandi: Tano Damato… allanimabalo. Qariya Budmenning tili zahar edi: “Qaysi xunasa o‘chakishmoqchi?”. Biroq baribir gazetani o‘zida qoldirdi, chunki reklama bilan birga ot poygalarining natijalari ham e’lon qilingandi. U poygalarga pul tikmagan edi, albatta, unga otlarning laqablari yoqardi xolos. Bu uni chindan zavqlantiradigan narsa edi, qariya senga tinimsiz takrorlashi mumkin edi: “Buni eshit, mana buni qara, kecha Klivlendda chopayotgan edi, quloq sol, uning laqabi Chummoq tushunasanmi, qanday zo‘r-a, qaragin, bunisiniki Uchquloq, o‘lib qolay!” Qisqasi, unga otlarning laqabi yoqardi va bu mutaassiblik edi. Kim yutganining unga hech qanday ahamiyati yo‘q. Laqablar, nomlar bor xolos va ular qariyani hayajonga solardi.
Qariya bolaga dastlab o‘zining ismini qo‘ydi: Denni Budmen. Bu uning hayotida ko‘zga tashlangan yagona manmanligi ehtimol. So‘ngra “T.D.Lemon”ni qo‘shib qo‘ydi, zero qutida shunday yozilgandi, bundan tashqari, ism o‘rtasida harf bo‘lsa, salobatli ko‘rinadi, deb ta’kidlardi qariya. “Barcha advokatlarning ismida harflar bor!” – uning fikrini ma’qulladi, mexanik Berti Bum Bechora P.T.K. Uonder ismli advokatning sharofati bilan bir necha yil qamalib chiqqandi. “Agar u advokat bo‘ladigan bo‘lsa, men uni o‘ldiraman”, – deya xulosa chiqarsa-da, qariya Budmen bosh harflarni saqlab qoldi. Xullas, Denni Budmen va boshqa mashina bo‘limidagilar Boston portida to‘xtab turishganida mashinalarni o‘chirishib, sekin takrorlab, eshitib ko‘rishdi. “Chiroyli ism, – dedi qariya Budmen yakunda, – ammo nimadir yetishmayapti. Unga jarangdor to‘xtam kamlik qilyapti”. U haq edi. Ism jarangdor yakunlanmasdi. “Chorshanba so‘zini qo‘shaylik, – dedi ofitsiant Sem Stall, – Sen uni chorshanbada topuvding, Chorshanba, deb atayqol”. Denni bir oz o‘ylanib turdi. Keyin kulganicha davom etdi: “Sem, tuzukroq fikr bor. Men uni bu yaramas asrning birinchi yilida topdim, shunday emasmi? Shuning uchun uni 1900 deb atayman”. – “1900?” – “1900”. – “Ammo bu raqam-ku!” – “Raqam edi, ismga aylandi”. Denni Budmen T.D.Lemon 1900. Ajoyib. Betakror. Ulug‘ ism, ey Xudo, chindan-da noyob ism. Bu ism bilan u uzoqqa ketadi. Denni Budmen T.D.Lemon 1900 ularga tikilar va jilmayardi. Tomoshabinlar esa taxtadek qotishgandi: hech kim shunday kichkina bolaning tagligi shunchalik do‘mpayishini kutmagan edi.
Denni Budmen kemada yana sakkiz yilu ikki oy va o‘n bir kun xizmat qildi. Okeanda dovul payti uzilib ketgan la’nati shkiv to‘g‘ri uning yelkasiga kelib tushdi. U uch kun ajal bilan kurashdi. Ammo ichi ezilib ketgan edi, hech narsa uni qutqazolmasdi. Bu paytda 1900 hali go‘dak edi. U Dennining karavoti oldida o‘tirganicha, o‘rnidan jilmadi. Uning oldida eski gazetalar bog‘lami yotar va u uch kun mobaynida hayratomuz chidam bilan jon berayotgan qariya Denniga gazetalardan topa bilgan barcha poyga natijalarini o‘qib turdi. U Denni o‘rgatganidek harf hamda so‘zlarni qo‘shar va bunda barmoqchalarini satrlar uzra yurgizib, ulardan foydalanardi. U sekin o‘qirdi, baribir, o‘qirdi. Shu tarzda qariya Denni Chikagoda o‘tkazilgan Oltinchi poygada Junbosh laqabli ot, Siniq taqadan bor bo‘yiga va Moviydan besh marta oshiqroq ildamlagan paytda jon berdi. Uni yelkan bilan kafanlashib, Okeanga qaytarishdi. Yelkanga qizil bo‘yoq bilan kapitanning o‘zi yozib qo‘ydi: “Tashakkur, Denni”.
Shu tarzda kutilmaganda 1900 yetim qoldi. U sakkiz yoshda bo‘lib, Amerika va Yevropa oralig‘ini ellik martalab kesib o‘tishga ulgurgandi. Okean uning uyi edi. Yerga kelsak, u biron marta ham unga qadam bosmagan. Albatta, u yerni ko‘rgan: bortdan, portlarda to‘xtab turilganda. Yerga tushishga kelganda esa – yo‘q, biron marta tushmagan. Hamma gap shundaki, Denni bolani hujjat yoki viza, xullas, shunga o‘xshash narsalar sabab o‘zidan olib qo‘yishlaridan qo‘rqqan. Natijada 1900 doim bortda qolar, ma’lum vaqtdan so‘ng esa kema yana yo‘lga tushardi. Agar aniqroq ifodalasak, 1900 bu dunyoda go‘yo yo‘qdek edi – uning ismi qayd etilgan biror shahar, cherkov kitobi, kasalxona, qamoqxona, beysbol jamoasi mavjud emas edi. Uning na vatani, na tug‘ilgan kuni, na oilasi bor edi. Yoshi sakkizda bo‘lsa-da, rasman hech qayerda tug‘ilmagandi.
“Bunday davom etishi mumkin emas, – deyishardi ba’zan Denniga. – Bundan tashqari, bu qonunga zid”. Ammo bunga Dennining javobi tayyor edi. “Qonunni ilganim bor!”. Unga qarshi gapirish mushkul edi.
Denni vafot etgan safar so‘nggida ular Sautxemptonga kelishgach, kapitan bu tomoshaga chek qo‘yishga qaror qildi. U port ma’murlarini chaqirib, o‘z muoviniga 1900ni keltirishni buyurdi. Ammo muovin bolani topa olmadi. Uni kema bo‘ylab ikki kun axtarishdi. Samarasiz. Bola yo‘q edi. Bu ko‘pchilikda noxush kayfiyat tug‘dirdi, chunki bu yerda “Virjiniyalik”da hamma bolakayga o‘rganib qolgandi, ammo hech kim buni e’tirozini baralla aytishga jur’at etolmasdi. Bortdan tashlash uchun hech narsa kerak emas… keyin dengiz nimani xohlasa shuni qiladi… Ikki kundan so‘ng kema 1900ni qoldirib va hatto u haqdagi biron xabarsiz Rio-de Janeyroga qarab yo‘lga tushganda hamma ortiq kuyindi…
Suzishning ikkinchi kunida – irland qirg‘oqlari ko‘zdan yo‘qolgach, botsman Barri, kapitanning xonasiga dovdirab yugurib kirdi, uni uyg‘otdi va sodir bo‘layotgan voqeani borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni iltimos qildi. Kapitan obdon so‘kinib oldi, ammo botsmanning ortidan bordi.
Birinchi klassning raqs maydoni.
Qorong‘ilik.
Kirishda kishilar ich kiyimda. Kayutalarini tark etishgan yo‘lovchilar. Va yana matroslar va mashina bo‘limidan ko‘tarilgan uchta qora hamda Tirumen, radiotelegrafist.
Hamma sukutda, termilishadi.
1900.
U royal oldida stulda o‘tirardi, oyoqlari polga tegmasdi.
Va chalardi.
Xuddi Ma’buddek.

(Fortepyanodan juda oddiy, sokin va jozibador kuy yangraydi.)

U hech kimga ma’lum bo‘lmagan juda ajoyib narsani chalardi. Hech ham ko‘zbo‘yamachilik emas, uning aynan o‘zi chalardi, klavishlarda ham aynan uning barmoqlari, qanday eplayotganligi esa yolg‘iz Yaratganga ayon. Buni tinglash kerak xolos. Hozir bo‘lganlardan biri – qizil libosli, sochlariga buragichlar qistirgan keksa xonim… qanday tushuntirsam ekan… bir qop pul, amerikalik sug‘urtachining rafiqasi… o‘sha xonimning ko‘zlaridan yirik-yirik ko‘z yoshlari dumalab, tungi krem surkalgan qovoqlaridan oqardi, o‘zi esa tosh qotgancha tinglar va to‘xtovsiz yig‘lardi. Junbishga kelgan kapitan uning yonida chinakamiga otashin holda paydo bo‘lganida, boyvachcha xonim burun tortgancha royal tomonga qo‘li bilan niqtab, so‘radi:
– Ismi kim?
– 1900.
– Kuyning emas, bolaning?
– 1900.
– Xuddi kuyniki kabimi?!
Bu aynan to‘rt-besh luqmadan so‘ng kapitanning toqati toq bo‘ladigan so‘zlashuv uslubi edi. O‘lib ketgan deya hisoblab yurgan bola nafaqat tirik, hatto bu orada royal chalishni ham o‘rganib olgani ma’lum bo‘lgan paytdagi suhbat yanada og‘ir edi. Kapitan boyvuchcha xonimni ko‘zida yosh bilan turgan joyida qoldirib, tungi cholvorda va oldlari lang ochiq kapitanlik mundirida keskin odim otib salonni kesib o‘tdi. U royalning oldiga yetgandagina to‘xtadi. U juda ko‘p narsani aytib solmoqchi va shu bahonada: “Sen, shayton qopqur, buni qayerda o‘rganding?” – yoki bo‘lmasam: “Sen, bo‘yning qotgir, shuncha vaqt qayerga yashiringan eding?” kabi savollarni berib olmoqchi edi.
Ammo mundir kiyganlarning fikri ham, odatda, bir qolipga tushgan bo‘ladi. Va u quyidagicha gap qotdi:
– 1900, buning bari tartib-qoidaga xilof.
1900 to‘xtadi. U kamgap, ammo o‘ta qobiliyatli bola edi. Bola kapitanning ko‘ziga muloyim qaradi-da, bir og‘iz gap aytdi:
– Qoidalarni ilib qo‘ydim.

(To‘fon shovqini.)

Dengiz uyg‘ondi / dengiz g‘azabga oldi /to‘lqinlar osmonga sapchidi / suvlar sapchidi / shamoldan bulut va yulduzlar uzildi / dengiz g‘azabga keldi / kim biladi ko‘pgami / kun bo‘yi qutursami / qachon tugarkan / buning barchasi haqda ona / hech so‘z demas menga onam / alla-yo alla, / tebranar dengiz alla aytadi / ammo borliq junbishda / ham ko‘pik, ham og‘riq / nodon dengiz / qayerga qarasang ham / faqat zulmat / va qora devorlar / va qora to‘zon / bizlar soqov / kutayapmiz / buning tugashin / kema halokati / ona men buni istamasman/ sokin suv istayman / sizning aksingizni ko‘rsatadigan / turg‘un / bu yerda esa / ahmoqona devorlar / suvlar / endi qulashmoqda / shovqin bilan / men tinch suvga qaytishni istayman
yana dengizga
va tinchlikka
va nurga
va suv uzra
uchayotgan uchqur
baliqchalarga
qaytishni istayman.
Mening birinchi suzishim, mening birinchi to‘fonim. Yovuz qismat. Men durustroq anglayolmadim ham, qanday bo‘lganligini bu suzish; “Virjiniyalik”ning hayotidagi eng halokatli to‘fon meni qamrab oldi. Qop-qorong‘i tunda unga kimlardir bor g‘azablarini sochishdi va kemani butunlay to‘fon ixtiyoriga topshirishdi. Okean. Go‘yo to‘fonning intihosi yo‘q edi. Kemada vazifasi karnay puflashdan iborat bo‘lgan kimsadan to‘fon boshlanayotganda naf kam. Albatta, u chalishni rad etishi mumkin. Umumiy kayfiyat mos kelib, chig‘iriqdan tashqari bo‘lmaslik va go‘yo inon-ixtiyori o‘zida ekanligini ko‘rsatish maqsadida, kayutasidagi to‘shagiga uzala tushib yotishi mumkin. Ammo mening toqatim toq bo‘lib, bardoshim tugagan edi. Shubhasiz, sen boshqalardan ko‘ra peshroq, sen o‘zingcha yotaverasan, lekin ishonching komil bo‘lsinkim, ertami, kechmi naq miyangda bir fikr paydo bo‘ladi: oqibati yomon bo‘ladi. Men oqibati yomon bo‘lishini istamasdim, shu sababli kayutadan emaklab chiqdim va kema bo‘ylab daydib ketdim. O‘zim qayerga uloqayotganligimni bilmasdim, kemaga kelganimning endi to‘rtinchi kuni bo‘lsa, hojatxonaga yo‘lni topa bilsam, xursand bo‘lardim. Bu ulkan tog‘ora kichkina suzuvchi shaharchaning o‘zginasi.
Haqiqatan shunday. Natijada hammasi ma’lum edi: u tomondan bu tomonga otilaverib, yo‘laklarga zo‘rg‘a yo‘l topaverib, oxir-oqibatda adashib ketdim. Vaziyat nihoyatda murakkab edi. Aynan shu lahzada bejirim qora kostyum kiygan kimsa paydo bo‘ldi; u bamaylixotir qadam tashlardi, yo‘lni bilishiga esa, shubha yo‘q edi. U xuddi Nitstsa qirg‘og‘ida sayr etayotgandek, chayqalishni sezdirmasdi, bu 1900ning o‘zi edi.
Bu paytda u yigirma yetti yoshda bo‘lsa-da, kattaroq ko‘rinardi. Men u bilan tanishib ulgurgandim: o‘tgan to‘rt kun mobaynida biz orkestrda birga chalayotgandik, tanishligimiz shu edi xolos. Men hatto uning kayutasi qayerdaligini ham bilmasdim. Albatta, menga u to‘g‘rida ba’zi narsalarni aytib ulgurishgandi. Eshitganlarimga aql bovar qilmasdi, masalan, 1900 hech qachon bu kemani tark etmagan, shu yerda tug‘ilgan va har doim shu yerda yashagan. Har doim. Yigirma yetti yil davomida biron marta yerga qadam bosmagan. Buning bari juda katta hazildek tuyulardi… Uning bo‘lishi mumkin bo‘lmagan kuylarni chalishi haqda ham gap yurardi. Men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib ishongan narsam – kontsertdan oldin, u yerda, raqs salonida, Frits Hermann, oq yuz, musiqada baloni ham tushunmaydigan, xushsurat bo‘lgani uchungina orkestrga rahbar bo‘lgan kimsa pianinochining oldiga kelib, har gal past ovozda iltimos qilishi edi:
– Insof qil, 1900, faqat odatiy notalarda bo‘lsin, ma’qulmi?
1900 ma’qullab bosh qimirlatar va odatdagi notalardagiday chalardi. U ko‘z oldidagi qandaydir nuqtaga tikilib olar va hech qachon qo‘llariga qaramasdi, o‘y-xayoli butunlay boshqa olamda kezardi. Bu paytlar hali uni yaxshi bilmasdim; shunchaki aqli joyida bo‘lmasa kerak, deb o‘ylardim.
O‘sha tunda, to‘fon zabtiga olgan paytda, u omadli jentlmen qiyofasida, o‘zimni yo‘qotib rangim o‘lik tusga kirgan paytda menga to‘qnashib qoldi-da, jilmayganicha dedi: “Ketdik”.
Agar kimdir, kema orkestrida sozandalik qiladiganlardan bo‘lsa-yu, to‘fonning avj pallasida unga “ketdik” deguvchi birovni uchratib qolsa, u, ya’ni sozanda, bu holda bir narsa qilishi mumkin: ketishi. Men ham unga ergashdim. Ammo faqat u shaxdam qadam bosardi. Men esa… nima deyishimni ham bilmayman, aytaylik, kamina u kabi bu vaziyatda salobatga ega emas edim, harqalay, nima bo‘lganda ham biz raqs zaliga yetib bordik, keyin esa u yoqdan bu yoqqa to‘pday urilaverib, bir amallab – albatta, bu gap men haqimda, u esa xuddi temir yo‘lda sirpangandek bahuzur ketardi – royalga yetdik. Zalda bizdan boshqa hech kim yo‘q edi. Nimqorong‘ilik hukmron, faqat u yer-bu yerda chiroq nurlarining aksi bor. 1900 royal oyoqlariga imlab:
– Tutqichlarni yech, – dedi.
Kema sidqidildan raqs tushar, oyoqda turishning o‘zi juda katta mashaqqat edi; men royal oyoqlarini yechib yuborishda mantiqni sezmadim.
– Agar sen menga ishonsang, yech.
“U telba” degan qat’iy fikrga keldim, ammo tutqichlarni bo‘shatdim.
– Endi o‘rningdan tur va yonimga o‘tir, – dedi 1900.
U nima o‘ylaganini tushunmasdim, anglamasdim, tamom-vassalom. Men tik turgancha ulkan qora sovun bo‘lagini eslatuvchi, sirpanchiq royalni ushlab qolishga harakat qilardim. To‘fonning qoq yuragida, ustiga-ustak, royal stuliga – yana bir qora olqindiga mixlanib, qo‘llarini klavishlarga yelimlab olgan mana bu devona bilan, ont ichamanki, vaziyat nihoyatda rasvo edi.
– Agar hozir o‘tirmasang, hech qachon o‘tirolmaysan, – takrorladi devona jilmayganicha.

(Aktyor halinchakka o‘xshash narsaga o‘tiradi.)

– Yaxshi! Hammasini ilganimiz bor? Roziman, ko‘p narsa yo‘qotsak-da, men sening ahmoqona stulingga o‘tirdim, mana, xo‘sh, endi nima qilamiz?
– Endimi – qo‘rqma.
Va chala boshladi.

(Royalda solo yangraydi. Mayin va jozibali valsga o‘xshash musiqa. Aktyor o‘tirgan arg‘imchoq harakatga keladi. Aktyor hikoyasini davom ettirgani sayin, arg‘imchoq harakati tezlashadi, sahna chegarasigacha yuqorilaydi.)

Endi esa, hech kim menga ishonishga majbur emas, rostini aytsam, menga birov aytib berganida o‘zim ham ishonmasdim, biroq bo‘lari bo‘lgan: voqea aslida shunday kechgandi – royal raqs zalining yog‘och polida siljirdi, u bilan birga biz: men va 1900 sirpanardik; u klavishlardan ko‘z uzmagan holda chalar, ammo o‘zini butunlay unutgandek, boshqa ma’volarda yurganday tuyulardi, royal esa to‘lqinlar ortidan borardi – goh balandlab, goh pastlab, goh oynavand eshiklarni ko‘zlagancha o‘z o‘rnida aylanar va oynalarga urilishga sal qolganda qotib qolar va yengil iziga qaytardi, sizga aytsam, go‘yo kema bizni allalardi, taassurot shunday edi va men… hech vaqoga tushunmasdim; 1900 esa bir lahza tinmay chalar, uning shunchaki chalmayotganligi, u bu royalni boshqarayotganligi aniq edi, tushunyapsizmi, klavishlar bilanmi yoki notalar bilanmi, bilmayman, u asbobni qayoqqa xohlasa haydardi, bu absurd, ammo chindan shunday bo‘lgandi. Biz stolchalar oralab, chiroqlar va yumshoq o‘tirg‘ichlarni ag‘darganimizcha aylanar ekanmiz, men bir narsani tushunib qoldim, hozir biz qilayotgan ish, biz amalda o‘ynayotgan narsa, Okean bilan vals edi, men va u, tunning oltin rang to‘shamasida, ehtiros bilan bir xil raqs tushayotgan, aqldan ozgan ajoyib raqqoslar edik. Yashasin!

(Aktyor baxtiyor qiyofada arg‘amchida o‘mbaloq oshadi; bu paytda Okean avjiga oladi, kema “raqs”ga tushadi va tovush effektlari jo‘rligidagi musiqa goh tezlashadi, goh sekinlashadi, ba’zan raqsni boshqarayotgandek butunlay to‘xtaydi. Murakkab ekvilibristika mobaynida aktyor xatoga yo‘l qo‘yadi va to‘satdan parda ortiga yiqiladi. Musiqa “to‘xtamoqchi” bo‘ladi, ammo kech. Aktyor hayqirib ulguradi:
– O, Xudo! (Va yonbosh tomondan sahnaga, engashganicha yugurib chiqadi. Sinayotgan oyna, yerga tushayotgan buyumlar shovqini. Keyin sukunat bosadi. Aktyor parda orqasiga mo‘ralaydi.)

1900 bu ijroni hali takomillashtirish zarurligini aytdi. Men faqat to‘xtamlarni moslash kerak, dedim. Kapitan esa tufon tugashi bilan shunday dedi (norozi ovozda qichqiradi): “SIZ, SASSIQ ChO‘ChQALAR, IKKALANGIZ HAM BU YeRDAN MAShINA BO‘LIMIGA DAF BO‘LING VA ShU QO‘LLARIM BILAN BO‘G‘IB QO‘YMASLIGIM UChUN KO‘ZIMGA KO‘RINMANG HAMDA UNUTMANGKI, SINDIRILGAN NARSALARNI SO‘NGGI TIYINIGAChA TO‘LAMAGUNLARINGChA BUTUN UMR IShLAYSIZLAR, UShBU TOG‘ORANING NOMI “VIRJINIYaLIK” BO‘LGANI KABI GAPIM HAQIQAT VA IKKINGIZ OKEAN KENGLIKLARIDA PAYDO BO‘LGAN AHMOQ KIShILARNING ENG DONGDORLARISIZ”.
Shu yerda – mashina bo‘limida o‘sha tuni 1900 va men do‘stlashdik. Qadrdonlarcha. Bir umrga. Biz vaqtimizni sindirgan narsalarimiz dollarda qancha turishini hisoblash bilan o‘tkazardik. Miqdor oshgan sayin ko‘proq kulardik. Endilikda o‘sha voqeani eslar ekanman, nazarimda, biz o‘shanda his etgan narsa baxt bo‘lgan. Yoxud shunga o‘xshash allanima.
Xuddi shu tunda men undan so‘radim: u va kema to‘g‘risida eshitganlarim rostmi, ya’ni shu yerda tug‘ilgani, hech qachon yerga qadam bosmaganligi va hokazo… Javob berdi: ha.
– Rostdanmi?
U o‘ta jiddiylik bilan javob berdi:
– Rostdan. Chin.
Nimadanligini bilmayman, ichki qarshilikdanmi, bu lahzada butun vujudim bilan yaxlab ketdim: bu dahshat edi.
Qo‘rqinch.
Bir gal 1900dan kuy chalayotganida nimani o‘ylashini va bir nuqtaga qadalganicha nimalarni ko‘rishini, barmoqlari klavishlarda yugurayotganda xayolan qayerlarda uchishini so‘radim. U menga shunday javob berdi: “Men bugun ajoyib mamlakatda bo‘ldim: u yerda ayollarning sochlari iforli, hammayoq yop-yorug‘ va yo‘lbarslar juda ko‘p”.
Demak, u sayohat qilar ekan.
U har safar turli joylarda bo‘lardi: London markazida, vodiylarni kesib o‘tayotgan poyezdda, qori boshingdan baland keladigan juda yuksak tog‘da, dunyodagi eng muhtasham cherkovda, bu yerda u ustunlarni sanagan va xochga tortilganlarning yuziga tikilgan. U tinimsiz sayohat qilgan, bularning barini bilishini tasavvur etish qiyin: cherkov haqda, qor haqda, yo‘lbars haqda… demoqchimanki, u kemani biron marta ham tark etmagan, biron marta ham, shunga qaramay uning gaplari to‘qima bo‘lmasdan, haqiqatning aynan o‘zi edi. Hech qachon qirg‘oqlarga tushmagan. Lekin uning gaplaridan hammasini ko‘zlari bilan ko‘rgan, degan taassurot paydo bo‘lardi. 1900 shunday toifadagilardan ediki, agar birov o‘zining Parijda bo‘lganini aytib qolsa, u sen falon bog‘larni ko‘rdingmi, falon mitti restoranda ovqatlandingmi, deya so‘roqqa tutardi: u hamma narsani bilardi va senga shunday degan bo‘lardi: “Parijda men yoqtiradigan narsalar – quyosh botishini kuzatish, Pont-Nef bo‘ylab sayr qilish, barjalar suzib o‘tayotganda yuqoridan ularga qarash va qo‘l siltash”.
– 1900, axir sen hech qachon Parijda bo‘lmagansan.
– Bo‘lmaganman.
– Nega unda sen?..
– Ha.
– Nima “ha”?
– Parij!
Uni aqldan ozgan deb o‘ylash mumkin edi. Biroq bular bunchalik jo‘n emas edi. Senga birov to‘la ishonch bilan Bertem-stritda yoz oylari havo yomg‘irdan so‘ng qanday bo‘y taratishini aytib bersa, sen uni faqatgina o‘sha Bertemda bo‘lmaganligi uchun jinniga chiqarmaysan-ku. Zero, u birovning so‘zidan, boshqasining ko‘zidan havoni, o‘sha havoni, chindan simirgan. O‘ziga xos tarzda bo‘lsa-da, amalda shunday qilgan. U haqiqatda dunyoni ko‘rmagan. Lekin yigirma yetti yildirki, bu dunyo mazkur kema orqali o‘tadi va yigirma yetti yil mobaynida u o‘sha dunyosini kuzatadi. Hamda o‘zi uchun dunyodan ko‘nglidagilarni o‘maradi.
Bu borada, e’tirof etish kerakki, u daho edi. U tinglay bilardi. O‘qishni ham qoyillatardi. Yo‘q, aslo kitobni emas, bunga barimiz ham ustamiz – u kishilarni o‘qiy bilardi. Odamlarning o‘zlarida zohir bo‘lgan hayot izlarini: joy, tovushlar, hid, ularning zamini, tarixlarini… Bularda aks etgan hamma narsani. U hamma narsani sanardi, izchillik bilan tizimlashtirardi, joy-joyiga qo‘yar va tartibga solardi… Har kuni u o‘z miyasida chizayotgan qutbdan qutbgacha bo‘lgan bir butun borliqning cheksiz xaritasiga kichkina to‘rtburchakcha qo‘shardi: bu hayratomuz bir butun xaritada ulkan shaharlar va barlarning kunjaklari, uzundan-uzun daryolar va loyqa ko‘lmaklar, samol­yotlar, yo‘lbarslar – barchasi aks etgandi. U bu xarita uzra, regtaym evrilishlari ortidan barmoqlari klavishlar bo‘ylab o‘rmalagan paytda parvozga chiqardi, xuddi Yaratganning o‘zi kabi.

(G‘amgin regtaym ovozi yangraydi.)

Mardlik qilib bir marta bu haqda so‘rashim uchun menga yillar zarur bo‘ldi. “1900, ey Xudoyim-ey, nega sen quruqlikka tushmaysan, hech bo‘lmaganda bir bor dunyoni ko‘zlaring bilan, o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rishga bormaysan? Nega bu suzuvchi zindonda o‘tirasan, axir o‘sha o‘zingning Pont-Nefingdan barja-yu boshqalariga qarashing mumkin, istagan narsangni qilishing mumkin axir, sen royalda ilohiy ohanglarni chalasan, kuylaringdan tinglovchilar aqldan ozishadi, katta pul ishlashing, orzuyingdagi eng chiroyli uyning egasi bo‘lishing, xohlasang uni kema shaklida qurib olishing mumkin, kim senga xalaqit beradi, istagan joyingga jo‘nashing mumkin, hech bo‘lmaganda yo‘lbarslar oldiga yoki o‘sha Bertrem-Stritga… Ey Xudo, axir qafasdagi maymun kabi yashayvermaysan-ku… sen maymun emas, buyuk sozandasan, dunyo ana – bir qadam narida, o‘rtada mana shu la’nati trap va bir necha ahmoqona zina, ey Xudo-ey, so‘ngra esa, oxirgi zinadan so‘ng, butun dunyo boshlanadi. Nega bariga qo‘l siltab bu yerni tark etmaysan, hech bo‘lmasa bir marta, bir martagina?”
1900… Nega sen qirg‘oqqa tushmaysan?
Nega?
Nega?
Bu voqea 1931 yilning yozida, “Virjiniyalik”ning bortiga Jelli Roll Morton chiqqanida sodir bo‘ldi. Oppoq kiyingan, oq shlyapada. Barmog‘iga yong‘oqday olmos taqib olgan.
Har safar u kontsert berganida afishalarga bir xil yozardi: bugun kechqurun Jelli Roll Morton – jaz ixtirochisi chiqish qiladi. U chiroyli ibora uchungina bu so‘zlarni yozmasdi, aslida ham chindan jazni ixtiro etganman, deb ishonardi. U pianinochi edi. Doimo stul qirrasiga o‘tirib olib chalardi, qo‘llari kapalaklarga o‘xshardi. Shunchalar yengil ko‘rinardiki. U Yangi-Orleandagi ishratxonalarda faoliyat boshlagan, o‘sha yerda klavishlarni yengil bosishni va nafis notalar tanlashni o‘rgangan: yuqori qavatdagi ishqparastlar ortiqcha shovqinni ko‘tarishmagan. Ular to‘shak va darpardalarni yengil siypalovchi, hech kimni bezovta qilmaydigan kuyni istashgan. U esa shunaqasini chala bilgan. Bu borada haqiqatan unga teng keladigani bo‘lmagan.
Kimdir unga 1900 to‘g‘risida gapirib qoladi. Nazarimda, o‘sha yigitdan zo‘r chaladiganni ko‘rmaganman, dunyodagi eng buyuk pianinochi, deyilgan. G‘ayritabiiy bo‘lsa-da, aslida ham shunday edi: yagona kemadan tashqari biron joyda bir nota ham chalmagan bo‘lsa-da, 1900 o‘ziga xos yulduz, mo‘jaz afsonaga aylanib ulgurgandi. Kemadan tushganlar ajabtovur musiqa va go‘yo to‘rt qo‘lli, notalarni bir yo‘la chala olgan pianinochi to‘g‘risida gapirib yurishardi. Bu bilan bog‘liq qiziq hodisalar ham og‘izlarda yurardi, ba’zan chindan ro‘y berganlari ham bo‘lardi, deylik, amerikalik senator Vilson to‘g‘risidagi kabi. Senator butun sayohatni uchinchi klassda o‘tkazgan, chunki 1900 aynan shu yerda kimdir yozgan “to‘g‘ri” notalardan voz kechib, o‘zining “noto‘g‘ri” notalarini chalgan. U yerda – pastda, yana bitta royali bo‘lib, uni tushlik payti yoki yarim kechalari chalardi. Dastlab u tinglardi: qo‘shiq aytishlarini xush ko‘rardi, albatta, juda xush yoqqanlarini, har gal kimdir garmoni yoki gitarasini chiqargan chog‘da noma’lum kuylardan chalardi… Shunday paytlarda 1900ning butun vujudi quloqqa aylanardi. Keyin esa, boshqalar qo‘shiq aytishayotgan yoki raqsga tushishayotgan paytda sekin klavishlarni tera boshlar, muttasil buni davom ettirar, imi-jimida haqiqiy musiqa eshitila boshlardi, royal tovushlarni dunyoga keltirardi va ular bo‘shliqqa yuksalardi; ular chindan g‘ayritabiiy dunyo tovushlari edi. Ularda hamma narsa mavjud edi: yerdagi barcha kuylar, barchasi bir butunlikda. Hayratdan haykal bo‘lish mumkin edi. Shuning uchun senator Vilson bu ohanglardan g‘isht bo‘lib qotib qolgan. Uchinchi klass to‘g‘risidagi mish-mishlar shundan edi: senatorni – nafis didlik timsolini badbo‘ylikning o‘rtasidan, uchinchi klassdagi ufunatni yana qanday atash mumkin, safar so‘nggida kuch bilan sudrab tushirishlariga majbur qilgan, o‘ziga qolganda, 1900ni tinglagab, qolgan umrining so‘nggi zerikarli yillarini shu yerda yashab o‘tgan bo‘lardi. O‘lay agar, chin so‘zim. Barchasi aynan shunday kechgan.
Xullas, kimdir Jelli Roll Mortonning oldiga kelib, shunday degan: bu kemada bir kimsa bor, u royalni istagan ko‘yga sola oladi. Xohlasa, jaz chaladi, xohlamasa shundayidan chaladiki, o‘ntalab jaz guruhlari ham eplolmaydiganidan eshib qo‘yadi. Jelli Roll Mortonning ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan jizzakiligi bor edi. U debdi: “Hatto o‘sha tentak kemadan yerga ham tushib ko‘rmagan odam qanday yaxshi kuy chaladi?” Aqldan ozgandek qahqaha otibdi – u – jazning otasi! Shu bilan hammasi barham topgan bo‘lar edi, agar gapni topib kelgan kimsa shunday deb qolmaganida: “Kul, kulaver-chi, agar u yerga tushadigan bo‘lsa, sen faqat fohishaxonalarda, yaxshilab bo‘lsa ham, fohishaxonalarda chalishga majbur bo‘lasan”. Jelli Roll Morton kulishdan to‘xtab, cho‘ntagidan yaltiroq qo‘ndoqli mo‘jaz to‘pponchani olibdi-da, bu gaplarni aytgan kimsaning peshonasiga qadabdi-yu, ammo otmasdan so‘rabdi: “Qani o‘sha pachoq kemang?”
Uning kallasiga kelgan narsa duel bo‘lgan. U paytlar – o‘sha yillar duel modada ekan. Kishilar mahorat bo‘yicha bir-birlarini musobaqaga chaqirib, g‘olibni aniqlasharkan. Bu, ayniqsa, sozandalarga qo‘l kelarkan. Hech qanday qon to‘kilmaydi, ozroq nafrat, ko‘ngildagi qora nafrat, notalar va ichkilik bo‘lsa, bas. Duel tonggacha davom etishi mumkin. Jelli Roll Morton ham okeanlik pianinochi haqdagi bu tarixga va boshqa oldi-qochdi gaplarga chek qo‘yish maqsadida shunaqa duelni nazarda tutgan edi. Bunga tag-tugi bilan barham berish zarur edi. Muammo shunda ediki, 1900 portlarda to‘xtab turilganda hech qachon chalmasdi, chalishni istamasdi, tamom-vassalom. Yer, port uzoqdan ko‘rinishi bilan u royal oldidan turardi. U faqat o‘zi istagan joyda chalardi. Uning istagi esa, faqatgina ochiq dengizda – yer uzoq miltillagan chiroqqa yoki xotiraga, yoki umidga aylanib ulgurgach tug‘ilardi. U shunaqa edi. Agar Missisipi bo‘ylab suzmasa, biror paroxodga qadam bosmaydigan Jelli Roll Morton takror-takror so‘kinganicha chipta xarid qilib “Virjiniyalik” kemasiga chiqadi. “Bu men hayotimda sodir qilgan eng be’mani qilig‘imdir” – dedi u haqorat aralash, uni Boston portiga, alohida 14-nomerga kuzatishga kelgan jurnalistlarga. Keyin esa, kayutasini ichkaridan berkitib, yerning uzoq chiroqlarga yoki xotiralarga, yoki umidga aylanishini kuta boshlaydi.
1900ga kelsak, u bu ish bilan deyarli qiziqmasdi ham. U hatto o‘sha duelning nimadan iborat ekanligini ham tuzuk bilmasdi. Nimaga kerak? Ammo, baribir unga ham qiziq. Jaz asoschisining royalda qanday chalishini bilgisi kelardi. U o‘ta jiddiylik bilan raqibini shunday atardi va uning jazni ixtiro etganligiga samimiy ishonardi. Ishonchim komilki, undan biron-bir narsani o‘rganib olmoqchi ham bo‘lgan. Biron-bir yangilikni. U shunday yaratilgandi – 1900. Qariya Denniga o‘xshab ketardi: uni ham musobaqalarning mazmuni, kim yutganligi mutlaqo qiziqtirmasdi, boshqa istalgan hamma narsa hayratga solardi. Hammasi, natijalardan boshqa hammasi.
Suzishning ikkinchi kuni, soat 21.37. “Virjiniyalik” kemasi soatiga 20 uzel tezlik bilan Yevropa tomon yelib bormoqda, Jelli Roll Morton, shaxsan o‘zlari, jozibador qora kiyimda, birinchi klassning raqslar zalida paydo bo‘ldi. Bu yerdagilar nima qilishni juda yaxshi bilishardi. Raqqoslar raqsdan to‘xtashdi, biz – orkestrdagilar asboblarimizni qo‘ydik, barmen viskini olib, royal oldiga bordi va 1900ning yuziga tik boqdi. Unga hech nima demadi, ammo barchaga eshitildi: “Bu yerni bo‘shat”.
1900 o‘rnidan turdi.
– Siz o‘sha – jazni ixtiro etgan kishisiz, shundaymi?
– Shunday. Sen esa tagi Okeandan hovur olsagina kuy chaladigan kimsasan, shundaymi?
– Shunday.
Ular shunday tanishdilar. Jelli Roll Morton sigareta tutatib, royal qirrasiga qo‘ydi, so‘ngra joylashib o‘tirib oldi-da, chala boshladi. Regtaym. Ammo shunday chaldiki, bu kuyni hech kim bu ohangda hech qachon tinglamagan. Morton chalmasdi, uning barmoqlari klavishlarga tegar-tegmas kuy oqardi, xuddi ayol badanidan silliq sirpanib tushayotgan va ayolni bu bilan raqsga undayotgan shoyi misol. Uning musiqasi Amerikaning barcha bordellarini ifodalayotgan edi, ammo bu bordellardagi xonimlar, hatto kiyimxonalaridagilar ham benihoya yuksak didli edilar. Jelli Roll Morton zo‘rg‘a eshitiladigan notalar bilan, yana va yana tiniq ohangda, klaviaturaning eng chekkasida, xuddi marmar polga kichkinagina gavharlar shodasi to‘kilgandek tugatdi. Sigareta hamon o‘sha joyida, royal ustida yotar, yarmi kuyib bo‘lgan, ammo kuli to‘kilmagandi. Aytish mumkinki, kul shovqin chiqarmaslik uchun to‘kilmadi. Jelli Roll Morton sigaretani ikki barmog‘i, o‘zining kapalak- qo‘llari bilan oldi. Aytganimdek, sigaretaning kuli ham to‘kilmagandi, ehtimol, bu qandaydir hiyladir, bilmadim, ammo kul tushmagani rost. Jaz ixtirochisi o‘rnidan turdi va 1900ning oldiga borib, sigaretani uning tumshug‘i oldiga yaqinlashtirdi, butunligicha, kuli bilan. Va so‘z qotdi:
– Cening navbating, matroscha.
1900 kulib yubordi. U sho‘xlik qilayotgan edi. Juda jiddiy sho‘xlik. U royal oldiga o‘tirib, qo‘lidan kelishi mumkin bo‘lgan eng katta ahmoqlikni qildi. U “Ortga qayting, buvajon” nomli mutlaqo be’mani bolalar kuyini chala boshladi; musiqani bir necha yil muqaddam bir muhojirdan eshitgandi va shundan buyon bu musiqadan qutula olmasdi, kuy unga yoqardi, chin so‘zim, tushunmayman, nimasi unga yoqardi, ammo nihoyatda yoqardi va uni nihoyatda jozibador deya hisoblardi. Biroq, bu musiqa bahsda yaxshi dalil bo‘lolmasligi aniq. Istasam, men ham chalardim. 1900 uni sal bezorilik bilan, nimalarinidir qoldirib va o‘zidan ikki-uchta yangilik – volt qo‘shib chalgan bo‘lsa-da, bema’ni narsa, bema’niligicha qolaverdi. Jelli Roll Mortonning yuzi yangi yil sovg‘asini o‘g‘irlatgan bolanikiga o‘xshardi. U 1900ga ko‘zlari bilan yeb qo‘ygudek o‘qrayib, yana royal oldiga o‘tirdi va hatto nemis mexanigini ham yig‘latgudek blyuz yangradi. Xuddi butun dunyo negrlarining paxtasi bu musiqada jamlangan edi va sozanda go‘yo bu paxtani o‘z notalari bilan terardi. Bu butun vujudingni baxshida etsang arziydigan kuch edi. Tinglovchilarning barchasi o‘rinlaridan turib ketishdi va qarsak chalib yuborishdi. Jelli Roll Morton pinagini buzmasdan, go‘yo bu bahs oxiri nima bilan tugashini bilgandek, natijaga shubha qilmagandek sipo turardi, ta’zim etishni xayoliga ham keltirmasdi.
Endi 1900dan javob kutishardi. Kuyning boshlanishidanoq yorug‘lik kutib bo‘lmasdi, chunki royal oldiga o‘tirgani hamon ko‘zlari to‘la yosh edi – blyuz ta’siridan bo‘lsa kerak, u lol qolgandi va uni tushunish mumkin edi. Bundan-da o‘tadigan bema’nilik bo‘lmas: boshida mil-mil ohang bo‘lishiga qaramay, hozirgina tinglagan blyuzini chalsa-ya. “Bu kuy shunchalar ajoyib ediki”, – degandi u menga keyinchalik o‘zini oqlagan bo‘lib. Aslida esa u duel nima ekanligini bilmas, tasavvurga ham ega emasdi. Natijada u o‘sha blyuzni takror chala boshladi. Ammo boshidan sho‘xchan kuy ketma-ket uzundan-uzun, o‘ta og‘ir akkordlar seriyasiga o‘zgardi, unda butun dunyo g‘ami, hasrati aks etardi. U klaviaturani bosishdan, har bir akkorddan huzur topayotgandek, ularni bir-biridan keskin tafovutlab, berilib chaldi. Bu faqat o‘ziga yoqdi, chunki u tugatgach, bir necha kishi hushtak chalib yubordi.
Shu paytga kelib Jelli Roll Mortonning sabri bitdi. U royal oldiga yurib emas, yugurib keldi. Ehtimol, u 1900ga so‘zlarini shivirlab aytgandir, ammo hamma ayon eshitdi:
– Xo‘sh, endi ko‘zingga ko‘rsataman, atala!
Va chalib tashladi. Yo‘q, “chaldi” – bu aniq so‘z emas. Bu jonglyorlik edi. Akrobatika. 88 ta oq-qora klaviaturada nima qilish mumkin bo‘lsa, u qila bildi. G‘ayritabiiy tezlikda. Bironta ham notada qadalmasdan, yuzining biror-bir asab tolasi titramasdan. Bu musiqa ham emasdi – sehrgarlik, jodugarlik, mukammallik va nodirlik edi. Bu mo‘jiza edi, ont ichamanki, mo‘jiza. Odamlar aqldan ozib qolishdi. Ular chinqirishar va qarsak chalishardi. Ular hech qachon bunaqasini eshitishmagandi. Vaziyat yangi yil bayramini eslatardi. Men g‘ala-g‘ovurda 1900ning oldiga yorib o‘tdim va uni o‘ta hafsalasi pir bo‘lgan qiyofada ko‘rdim. U menga bir qarab olib, so‘z qotdi:
– Axir uning bir pulga qimmat, nochor…
Men javob bermadim. Nima deyishimni bilmasdim. U menga engashdi va so‘radi:
– Menga sigareta ber. Ber, ber…
Bu shunchalik kutilmaganda bo‘ldi, beixtiyor unga sigareta uzatdim. Gap shundaki, u hech qachon chekmagan. U papirosni oldi, orqasiga burildi va to‘g‘ri royalga borib o‘tirdi. Zal avval tinchigan bo‘ldi, uning chalmoqchi bo‘lganini tushundi, keyin zaharxanda luqmalar, kulgi va hatto hushtak eshitildi; insonning tabiati shunday: mag‘lublarga munosabati cho‘chqasimon bo‘ladi. 1900 zal to‘liq tinchigunicha sabr qildi. Keyin u bar oldida qadah to‘la shampan tutgan Jelli Roll Mortonga bir qur nazar tashladi va gap qotdi:
– O‘zing shuni istading, katta pianinochi.
Sigaretani royalning qirrasiga qo‘ydi.
Tutatmasdan.
Va chala boshladi.

(Aql bovar qilmas fortepyano pesasi jaranglaydi, xuddi to‘rt qo‘llab chalinayotgandek. U ko‘pi bilan yarim minut cho‘ziladi va qudratli akkordlar jarangi bilan tugaydi. Aktyor musiqa tugashini kutadi, so‘ngra davom ettiradi.)

Mana shunday.
Tinglovchilarning dami chiqmasdi. Sehrlangandek. Hammasi og‘izlari ochilgancha odatiy royalga baqrayib qarab o‘tirishardi. Oxirigacha shunday qolishdi, sukunatda qilt etisholmasdan, hatto finaldagi akkordlarning dahshatli vulqonidan so‘ng ham yuz juft qo‘l chalayotgandek, royal hozir portlab ketadigandek tuyulardi. 1900 bu aqldan ozdiradigan sukunatda o‘rnidan turdi, mening sigaretimni oldi, klaviaturaga engashdi hamda sigaretani simlarga tekkizdi.
Engil chisirlash.
Sigaretani royal uzra baland ko‘tardi, u tutashgan edi.
Ont ichaman.
U biram chiroyli yonardi.
1900 sigaretani kichkina sham misol ushlab olgandi. U chekmasdi va hatto barmoqlari bilan uni qanday tutishni ham bilmasdi. U Jelli Roll Morton tomonga bir necha qadam tashladi. Sigaretani uzatdi:
– Chek. Men bunga ustamasman.
Shundagina tomoshabinlar o‘ziga kelishdi. Bu olqish va baqiriqlarning cho‘qqisi edi; jinnixona, boshqacha aytishni bilmayman, chunki hech qachon bunaqasini ko‘rmaganman – hamma qichqiradi, hamma 1900ni ushlab ko‘rishni xohlaydi, hech narsani tushunib bo‘lmaydi. Men esa uni, Jelli Roll Mortonni kuzatardim. U bu tartibsizlikda yolg‘iz turardi, asabiy holda la’nati sigaretani tortardi; qiyofasiga qanday niqob tutishni o‘ylardi, ammo sira topa olmas, hatto ko‘zlarini qayerga yashirishni bilmasdi; bir mahal uning qo‘li qaltirab ketdi, aniq qaltiradi va men buni o‘zim ko‘rdim, hech qachon unutmayman, qo‘li shunchalik keskin titradiki, sigaretaning kuli to‘kildi, to‘kilganda ham oldin qora kostyumiga va keyin sirg‘alib, laklangan qora botinkasining o‘ng poyiga tushdi, u oyog‘iga qaradi, men yaxshi eslayman, botinkaga, kulga qarab oldi va tushundi, tushunish kerak bo‘lgan hamma narsani angladi, anglagach, orqaga burilib, sekin siljib, qadam-baqadam, inja harakatlarda hatto botinkasidagi kulni ham tushirmasdan ulkan zalni kesib o‘tdi va ko‘zdan yo‘qoldi. Qora lakli poyabzal, ustida bir chimdim kuli bilan o‘z sohibini olib ketardi va bu duelda kim g‘olib chiqqani kunday ravshan edi.
Jelli Roll Morton sayrining davomini o‘z kayutasida qamalgancha o‘tkazdi. Sautxemptondagi birinchi bekatdayoq “Virjiniyalik”ni tark etdi. U keyingi kun Amerikaga jo‘nab ketdi. Boshqa kemada. U na “Virjiniyalik”, na 1900 va na boshqa narsa haqda bilishni istardi. U uyiga qaytishni xohlardi, tamom-vassalom.
Uchinchi klass bo‘lmasidan, ustunga suyangan holda 1900 uning qoyilmaqom oq kostyumda va qator yaltiroq chamadonlar bilan narigi qirg‘oqqa tushishini kuzatardi. Esimda qolgani u aytgan bir og‘iz gap bo‘ldi:
– Jazini ham ilib qo‘yay.
Liverpul – Nyu-York – Liverpul – Rio-de Janeyro – Boston Kork – Lissabon – Santyago-di-Chili – Rio-de Janeyro – Antil orollari – Nyu-York – Liverpul – Boston – Liverpul – Gamburg – Nyu-York – Gamburg – Nyu-York – Jeneva – Florida – Rio-de Janeyro – Florida – Nyu-York – Jeneva – Lissabon – Rio-de Janeyro – Liverpul – Nyu-York – Kork – Sherburg – Vankuver – Sherburg – Kork – Boston-Liverpul – Rio-de Janeyro – Nyu-York – Liverpul – Santyago-di – Chili – Nyu-York – Liverpul, Okean – va biz o‘rtasidamiz. Va o‘sha joyda, shu nuqtada, surat uzilib tushdi.
Meni suratlar bilan sodir bo‘lgan bunday voqealar doim qiziqtirardi. Yillab osilib turadi, keyin to‘satdan o‘zidan-o‘zi, takrorlayman, o‘zidan-o‘zi, xo‘p va uzilib tushadi. Ya’ni, mixda osilib turgan narsa, hech kim teginmasa ham, ammo muayyan bir daqiqada, xo‘p – xuddi tosh kabi tushadi. Biron-bir sababsiz. Nega endi aynan shu daqiqada? Noaniq. Xo‘p!
Mixga nima bo‘lgan, nima uni bunga majbur qilgan: balki, boshqa chidolmas? Nahotki uning, bechoraning ham qalbi bor? Va shu qalbi bilan qaror qilganmi? Mix va surat buni uzoq maslahatlashishgan, buning yaxshi ekanligiga ishonchlari komil bo‘lmagan, ular barcha tunlarni shu haqda gaplashib o‘tkazishgan, keyin sanasini, vaqtini belgilashgan va mana – xo‘p! Ular vaqtini oldindan, eng boshidan bilishgan, ikkalasi ham: mix va surat oldindan kelishib olishgan, qara, men seni yetti yil davomida ushlab turaman, menga bu yetarli, ma’qulmi, unda kelishdik, 13 may, ma’qul, soat oltida, yo‘q, yaxshisi, o‘n beshta kam oltida, roziman, unda xayrli tun! Olti yil o‘tgach 13 mayda, o‘n beshta kam oltida – xo‘p! Tushunib bo‘lmaydi. To‘g‘risi, shunday narsalar borki, ularni qancha kam o‘ylasang, shuncha yaxshi, aks holda aqldan ozasan. Surat uzilib tushganda shunday bo‘ladi. Ertalab ayolning qo‘ynidan turib, uni boshqa sevmasligingni birdan tushunib yetganingda ham. Gazetani ochib, urush boshlanganini o‘qiganingda ham. Ko‘zguga qarab qanchalik keksayganingni sezganingda ham. Okeanning qoq o‘rtasida 1900 ko‘zini taqsimchadan uzib senga qarab so‘z aytganda ham: “Etti kundan keyin Nyu-Yorkda kemadan tushaman”.
Va men qotib qolaman.
Xo‘p!
Suratga savol berolmaysan. 1900ga esa mumkin. Men qisqa vaqt uni tinch qo‘ydim, keyin esa joniga tegib ketdim, tushunishni istardim, nega shunday qarorga keldi, bitta kemaning o‘zida odam o‘ttiz ikki yilni o‘tkazsa-da, birdan uni tark etishga shaylanib qolsa, o‘zining eng yaqin do‘stiga ham sababini tushuntirmasa, axir qandaydir sababi bor.
– Men u yerda, pastda, bir narsani ko‘rishim kerak, – dedi u.
– Qanday narsani?
U aytishni istamasdi. Buning sababini aytishga majbur qilganimdan keyingina tushundim:
– Dengizni.
– Dengizni?!
– Dengizni.
Buni qarang-a. Men har baloni kutgandim, ammo buni emas. Hech ishongim kelmasdi. Ishonmasdim ham bunday ahmoq qilishlariga. Bu asrning juda katta bema’niligi edi.
– O‘ttiz ikki yildan buyon ko‘rib kelayapsan-ku uni, dengizni, 1900!
– Bu yerdan. Men uni u yoqdan ko‘rishni istayman. Bu bir narsa emas.
Xudo haqqi. Men yosh bola bilan gaplashayotgandek edim.
– Yaxshi, xo‘p. Portga kelishimizni kut, qirg‘oqqa tush va bahuzur kuzat, baribir-ku.
– Yo‘q, baribir emas.
– Kim aytdi senga?
Bu haqda esa unga Baster ismli kimsa aytgan. Linn Baster. Dehqon. Qirq yil umr kechiradi, hayvondek ishlaydi xolos, yashamaydi. Ularning ko‘rganlari mehnat. Yarmarka kunlaridagi bir yoki ikki marta boriladigan xarob kulbalaridan bir necha kilometr naridagi katta shahar. Ammo bu omadsizni bir gal qurg‘oqchilik hamma narsadan mosuvo qilgan, xotini ruhoniy bilan negadir qochib ketgan, bolalarini esa ichburug‘ nobud qilgan, ikkalasini ham. Xullas, bundan o‘lgani yaxshi edi. U jandalarini ortmoqlab Londonga yetish uchun butun Angliya bo‘ylab yayov jo‘naydi. Yo‘lni bilmay, London o‘rniga, yarim unut qishloqqa kelib qoladi; yo‘l bu yerdan ikki marta burilib, tepalikdan oshgach, beixtiyor dengizga olib chiqadi. U hech dengizni ko‘rmagandi va dengiz unga chaqmoqday ta’sir qiladi. So‘zlariga ko‘ra, dengiz uni hayotga qaytargan. U shunday ta’riflagan: “U qudratli pahlavonning qichqirig‘ini eslatadi, qichqirgani-qichqirgan, tinimsiz shunday deb baqirardi: go‘sxo‘r erlar to‘dasi, hayot cheksiz, siz buni tushunasizmi, yo‘qmi? Cheksiz!” U, Linn Baster, ilgarilari bu to‘g‘rida hech o‘ylamagandi. Bunday narsalarni o‘ylash xayoliga kelishi ham mumkin emasdi. Natijada uning miyasida inqilob sodir bo‘lgan.
Ehtimol, 1900 bilan ham shunday hodisa sodir bo‘lgandir… uning miyasiga ham hech qachon hayot cheksiz, degan fikr kelmagandir. Balkim, u bu haqda shubhaga borgandir, ammo hech kim unga buni ta’kidlab qichqirmagandi. Shuning uchun u o‘sha Basterni ming martalab baqiroq dengiz tarixini aytib berishga majburlardi va nihoyat, o‘zi ham buni his etib ko‘rishga qaror qilgandi. U buni menga tasvirlar ekan, qiyofasidan ichki yondiruv dvigateli to‘g‘risida nutq irod qilayotganga o‘xshardi, bu shunchalar ilmiy nutq ediki.
– Men bu yerda, kemada ham qolishim mumkin, ammo dengiz menga hech qachon hech narsani aytmaydi. Agar men tushsam, yerda yashayman va yer ko‘p yillar men uchun oddiy uy bo‘lib qoladi va o‘zim ham odmilashaman, toki bir kun uyimni tark etmas ekanman va biror bir qirg‘oqqa kelib, ko‘zimni ochib dengizni ko‘rmas ekanman, bo‘lmaydi… o‘shandagina dengizni ko‘raman va qichqirig‘ini eshitaman.
Ilmiy. Asrning eng ilmiy safsatasi. Men buni yuziga aytishim mumkin edi, ammo aytmadim. Bu unchalik oson emasdi. Gap shundaki, men uni, 1900ni hurmat qilardim va uning qachonlardir kemani tark etishini, pastda, quruqlikda odamlar uchun kuylar chalishini, ko‘xlikkina ayolga uylanib, bolali bo‘lishini va hokazolarni, hayotiy zarur narsalarni orttirishini istardim. Hayot balki unchalik cheksiz emasdir, biroq shirin, faqat buni his etish uchun ozroq omad va yashash ishtiyoqi bo‘lsa, bas. Xullas, bu dengiz to‘g‘risidagi voqea men uchun haqiqiy siqilish, zadalik edi, ammo 1900ni bu yerdan olib ketish mumkin ekan, har nega roziman. Oxir-oqibatda natija yaxshi bo‘ladi, degan xulosaga keldim. Men unga qarori to‘g‘riligini va undan xursandligimni aytdim. Shuningdek, o‘zimning tuya junidan to‘qilgan paltomni sovg‘a qilishimni ham gap orasida qistirib o‘tdim, toki trapdan qirg‘oqqa tushayotganda paltoda omadli va ko‘p narsaga erishayotgan kishi bo‘lib ko‘rinsin. U hayajonlanib ketdi:
– U yerda, quruqlikda, meni ko‘rgani ba’zan kelib turasanmi?
Ey Xudo, mana shu yerimga – bo‘g‘zimga tosh tiqildi, agar xohlasa, u meni o‘lishga ham majbur qila olardi. Xayrlashishni juda yomon ko‘raman, shundan odatdagidan balandroq ovozda kula boshladim, vaziyat juda og‘ir edi, men unga javob berdim: albatta, uni ko‘rgani kelib turaman va biz uning itini olib kengliklarda sayr qilamiz, xotini bizga kurka pishirib beradi va hokazo; yana qanday ahmoqona gaplarni aytganimni eslay olmayman, u esa kulardi; ammo ikkalamiz ham o‘zimizcha gap nimadaligini bilardik: endi o‘tmishdagi hayot barham topmoqda va bunga hech narsa xalaqit berolmaydi, shunday bo‘lishi ham kerak va hamma narsa shundan dalolat berardi: Denni Budmen T.D.Lemon 1900 “Virjinyalik”ni fevral kunlarining birida Nyu-York portida tark etishi lozim. Dengizda kechgan o‘ttiz ikki yildan so‘ng, u quruqlikka dengizni ko‘rish uchun qadam qo‘yishi kerak edi.

(Qadimiy balladalarni eslatuvchi kuy taraladi. Aktyor 1900ning kiyimida trapning yuqori zinasida paydo bo‘lish uchun qorong‘ilikka chekinadi. Tuya junidan palto kiygan, ko‘k shlyapa, qo‘lida katta chamadon; u Nyu-York tomonga qaraydi. Keyin asta-sekinlik bilan birinchi, ikkinchi, uchinchi zinalarga qadam qo‘yadi. Va shu yerda musiqa keskin to‘xtaydi, 1900 “qotib” qoladi. Aktyor shlyapasini yechib, tomoshabinlarga qaraydi.)

Uchinchi zinada u to‘xtadi. Kutilmaganda.
– Nima bo‘ldi? Yomon narsani bosib oldingmi? – dedi hech qachon hech narsaning tagiga yetmagan, ammo har doim ajoyib kayfiyatda yuradigan irlandiyalik Nil O’Konnor.
– Biron narsani unutgan, – taxmin qildim men.
– Nimani?
– Kim biladi nima ekanligini…
– Balkim, u nega tushmoqchiligini unutgandir?
– Qo‘ysang-chi safsatani.
Ammo nimagadir u to‘xtadi-ku: bir oyog‘ini ikkinchi, boshqasini uchinchi zinaga qo‘yib. Va shu holatda juda uzoq turdi. U oldinga tikilib turar, nimanidir axtarayotgandek tuyulardi. Keyin tushunib bo‘lmaydigan ishni qildi: shlyapasini qo‘liga olib, zinadan tashqariga tutdi va tashlab yubordi. G‘aroyib qushga yoki qanotli ko‘k narsaga o‘xshash shlyapa shamolda bir-ikki o‘mbaloq oshib dengizga qo‘ndi. To‘lqinda chayqala boshladi. Yo‘q, shubhasiz, bu noma’lum narsa emas, haqiqiy qushning o‘zginasi edi. Biz nigohimizni suvdan uzib, trapga qaraganimizda 1900ning tuya junli paltosida – mening tuya junli paltomda, o‘sha ikki zinapoyadan butun dunyoga yelka burganicha g‘alati iljayish bilan ko‘tarilganini ko‘rdik. Ikki qadam tashladi-yu, u kema ichkarisida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
– Ko‘rdingmi? Yangi pianinochi keldi, – dedi Nil O’Konnor.
– Aytishadiki, eng buyuklarning buyugi emish, – dedim men. Va bu paytda xafaligimni ham, nihoyatda xursandligimni ham bilolmasdim.
O‘sha la’nati uchinchi zinada u nimani ko‘rganligini menga aytishni xohlamasdi. Bu galgi suzishimizda va yana keyingi ikki martasida 1900 bir oz o‘zini besaranjom sezib yurdi: odatdagidan kamroq gapirib, ko‘proq xayolga berildi. Biz uni savolga tutmasdik. Jig‘iga tegmasdik. U esa o‘zini hech narsa bo‘lmagandek tutardi. Unga nimadir bo‘lganligi ko‘rinib turardi, biroq hech kim so‘rolmasdi. Bir necha oy shunday davom etdi. Lekin 1900 kutilmaganda mening kayutamga kirib keldi va ohista, bir nafas olishda ushbu gapni aytdi: “Palto uchun rahmat, menga juda yarashardi, esiz, uni kiyib barchani qoyil qoldirsam bo‘lardi, ammo endi hamma narsa o‘z iziga tushayapti, hammasi o‘tib ketdi, sen meni baxtsiz deb o‘ylamasliging kerak, men endi hech qachon baxtsiz bo‘lmayman”.
Menga kelsak, uni bebaxt deya o‘zimni ishontirmaganman. U baxtlimikan, deya o‘ylash mumkin bo‘lganlar toifasidan emasdi. U 1900 edi, tamom-vassalom. Uni baxtli yoki iztirob chekmoqda, degan fikr xayolimga ham kelmasdi. U go‘yo bunday narsalardan xalos edi, o‘zi ham bu haqda o‘ylamaydigandek tuyulardi. Uning musiqasi bor, boshqasi hisob emas.
“Sen meni baxtsiz deb o‘ylamasliging lozim, men endi hech qachon baxtsiz bo‘lmayman”. Bu gap meni hayratga soldi.
U buni nihoyatda jiddiylik bilan, qayerga borib, qayerga kelishini juda yaxshi biladigan kishi qiyofasida aytdi. Bunda, xuddi u royal oldiga o‘tirib chala boshlaganida qo‘llari adashmasligi kabi: klavishlar undan uning notalarini kutgandek va notalar ham ularga, faqat ularga mo‘ljallangandek ravshanlik zohir edi. U bu notalarni shu yerning o‘zida, royal oldida ijod qilayotgandek taassurot uyg‘otardi – aslida esa, 1900 o‘sha kuni o‘z hayotining oq va qora klavishlari qarshisida o‘tirib, ularda bema’ni va dohiyona, azobli, ammo go‘zal, dunyodagi eng nozli musiqani ijro etishga qaror qilgandi. Bu kuy ostida u hayotida boshidan kechirishi kerak bo‘lgan hamma narsa raqsga tushishi kerak edi. Toki u hech qachon o‘zini baxtsiz sezmasin.
Men “Virjiniyalik”ni 1933 yilning 21 avgustida tark etdim. Uning bortiga ko‘tarilganimga ham olti yil bo‘ldi. Nazarimda, bu umrimning kattagina qismi edi. Kemani bir kunga, bir haftaga emas, butunlay tark etdim. Tegishli hujjatlar, ishlagan yillarim uchun maosh va boshqalar bilan. Risoladagidek. Men Okeanga chek qo‘ydim.
Menga bu yerdagi hayot yoqmasdi, deyolmayman. Bu yerda kechgan umr uchun o‘ziga xos tarzda tovon undirish mumkin edi. Ammo o‘zimni bu hol uzoq davom etadi, deya ishontirolmadim. Albatta, kasbing dengizchi bo‘lsa, uning yo‘rig‘i boshqa, dengiz – sening ish joying, churrang to‘kilmaguncha yoki o‘zingni o‘z o‘rningda deb hisoblasang, oxirigacha yuraverishing mumkin. Biroq sozanda uchun… Mabodo sen karnay chalsang, dengizga begonasan va shundayligingcha qolasan. Ertami, kechmi uyga qaytish fikriga kelasan va bu to‘g‘ri. Men esa, ertaroq shu fikrga kelib to‘g‘ri qildim, deyman o‘zimga.
“Ertasi ma’qul”, – dedim men 1900ga va u tushundi. Meni trapdan kuzatishni xohlamasligi tushunarli edi, biroq bu haqda gapirishni… u buni hech qachon aytmagan bo‘lardi. Shunday qilgani ham ma’qul edi. So‘nggi kechada ikkovimiz birinchi klassda odatdagi bekorchilar uchun kuy ijro etardik, solo chalish navbati meniki edi, boshlaganim zahoti – kuyimga jo‘rovoz bo‘layotgan pastroq ohangdagi muloyim royal ovozini eshitdim. So‘ngra biz birlashdik va men bu safar bilganimdan ko‘ra yaxshiroq chala boshladim. Ey, Xudo, men Luis Armstrong emasdim, ammo o‘sha tunda undan-da yomon chalmadim, o‘lay agar, 1900 jo‘rligida: u men chalayotgan sologa jo‘r ohanglik qilar va buni faqatgina o‘ziga xos tarzda amalga oshirardi. Boshqa sozandalar bizga kontsertning anchayin katta qismini juftlikda, karnayda va royalda ijro etishga imkon berishdi; biz bunda hech so‘z bilan aytilmaydigan narsalar to‘g‘risida gaplasha oldik, men shunday o‘ylayman. Atrofimizdagilar raqsga tushishardi, hech narsani anglashmasdi, hech narsa bo‘lmayotgandek charx urishardi. Ehtimol, kimdir sherigiga shunday degandir ham: “Anovi karnaychiga qaragin, masxarabozning o‘zginasi – u g‘irt mast yoki devona. E’tibor ber: u yig‘lab chalayapti”.
Men qirg‘oqqa tushganimdan keyingi voqealar qanday rivojlanganligi, endi boshqa qissa. Balkim, shu la’nati urushga aralashmaganimda biron arzigulik ishga qo‘l urarmidim. Urush turmushimni shunchalik chigallashtirib yubordiki, oxir-oqibat kalavamning uchini butunlay yo‘qotdim. Sodir bo‘layotgan voqealarning tagiga yetishga aqlim yetmasdi. Menda kerakli fazilatlar yo‘q edi. Men karnay chalishni bilardim xolos. Sozandalik malakasi – urush ketayotganida shunchalik keraksiz hunar ediki, hayratdan lol qotgandim. Urush esa o‘z komiga tortar va sen harchand urinma, undan qutulolmas ekansan.
Har nima bo‘lgan bo‘lsa-da, “Virjiniyalik” haqida ham, 1900 to‘g‘risida ham ko‘p yillar hech narsa eshitmadim. Ularni unutmagan edim, hech qachon unutmasdim ham, hatto o‘zimdan o‘zim so‘ragan paytlarim bo‘lgan: “Qiziq, 1900 bunday paytda nima qilgan bo‘lardi, shu yerda bo‘lganida nima derdi? Balkim, urushni ilganim bor, dermidi?” Bu so‘zlarni ovoz chiqarib aytsam, butunlay boshqacha ta’sir ko‘rsatadi. Juda ham nochor ahvolda qolganimda esa, ko‘zimni yumganimcha fikran u yerga, kemaning uchinchi klassiga qaytardim: operalardan ariyalar kuylayotgan emigrantlarni, qandaydir o‘z kuyini chalayotgan 1900ni tinglardim, uning qo‘llarini, yuzini va atrofidagi Okeanni ko‘rardim. Men xayolotga va xotiralarga berilardim – bu gohida qutulishimning yakka-yu yagona yo‘li bo‘lib qolardi, boshqa chora yo‘q edi. Bunday ro‘yolarga berilish kambag‘al uchun taskin, biroq bu ham ko‘p ish berardi.
Xullas, bu tarix tugadi. Yoki tugagandek ko‘rinardi. Lekin kunlardan-bir kun maktub oldim, uni Nil O’Konnor, o‘sha tinimsiz hazil qiladigan irlandiyalik yozibdi. Biroq uning xati jiddiy edi. Uning yozishicha, “Virjiniyalik” urushda yaroqsiz holga kelib qolgan, undan suzuvchi gospital sifatida foydalanishgan, urush so‘nggida keraksiz matohdan qutulishmoqchi. Tirik qolgan ekipaj Plimutda tushirilgan, kemani dinamitga to‘ldirishgan, bir qancha vaqtdan so‘ng ochiq dengizga sudrab chiqib, portlatishadi: bum! Alvido! Xatning quyirog‘idagi ilova: “Senda yuz dollar topiladimi? Ont ichaman, ularni senga qaytaraman”. Yana quyiroqda: “1900 qirg‘oqqa tushishni ham o‘ylamayapti”.
Faqat bir jumla: “1900 qirg‘oqqa tushishni ham o‘ylamayapti”. Men xatni bir necha kun qo‘limdan qo‘ymadim. Keyin poyezdga o‘tirib Plimutga yetib keldim, “Virjiniyalik”ni izlab portga jo‘nadim, topdim, qo‘riqchiga bir oz pul qistirib, kemaga ko‘tarildim, uni tumshug‘idan boshlab, tubigacha qarab chiqdim, mashina bo‘limiga tushib, yashiklarning biriga, ko‘rinishicha, dinamit to‘ldirilganiga o‘tirib, shlyapamni yechdim, polga qo‘ydim va nima qilishimni bilmay qoldim.
… Men o‘sha yerda o‘tirganimcha o‘zimga, atrofimga qarab sukutda qotdim/ Dinamit, uning tagida dinamit, hamma joyda dinamit/
Denni Budmen T.D.Lemon 1900
Chaladigan notalaringni har doim bilganingdek, mening kelishimni ham bilishingni aytganingda edi… Chehrang keksaygan, biroq bundan yanada ko‘rkamlashgan va hech qanday charchoq izi yo‘q/ Kemada bironta chiroq yo‘q, faqat tashqaridan yorib kirayotgan nurlar/ O‘sha tunning qanday bo‘lganligini bilishsa edi/ Tugmalari to‘liq o‘tkazilgan kamzul, tozalangan tufli, oppoq qo‘llar/ Qirg‘oqqa tushish, nahotki shunday fikr uning kallasiga kelgan bo‘lsa/ Nimqorog‘ilikda u shahzodaga o‘xshardi/ Axir uning kallasiga qirg‘oqqa tushish fikri kelishi mumkinmidi, yo‘q, albatta, u ochiq dengizda, kema qoldiqlari bilan osmonga uchishni afzal bilardi/ Buyuk yakun, agar buning barchasiga qirg‘oqdan, to‘siqlardan qaralsa, ulkan sun’iy olov, do‘zaxiy olov, parda tushadi, tutun va gulxan, oxirida to‘lqin zarbi/ Denni Budmen T.D.Lemon/ 1900/ Qorong‘ilikka cho‘kkan o‘sha kemada, u haqdagi so‘nggi xotira – ovoz, zo‘rg‘a eshitiladigan adajio tilga kiradi/

(Aktyor 1900ga aylanadi)

Vahimali shahar… u bu yakunni ko‘rmagan…/
Final, marhamat, siz finalni ko‘rsatolmaysizmi?/
Va gumburlash/
O‘sha, xudo bezor, zinada… hammasi juda chiroyli edi… paltoda salobatli edim, o‘z omadim bilan uchrashuvga yo‘l olgandim, shubham yo‘q edi, men yerga tushardim, bu men uchun muammo emasdi/
Mening ko‘k shlyapamda/
Birinchi zina, ikkinchi zina, uchinchi zina/
Birinchi zina, ikkinchi zina, uchinchi zina/
Birinchi zina, ikkinchi zina/
Men ko‘rgan narsa meni to‘xtatmadi/
Men ko‘rmagan narsa meni to‘xtatdi/
Sen buni tushuna olasan, birodar, ko‘rmagan narsam meni to‘xtatdi… men uni istagandim, biroq u yo‘q edi cheksiz shaharda, unigina mustasno qilganda hamma narsa bor edi/
Hamma narsa bor edi/
Lekin yakun yo‘q edi. U – men ko‘rolmagan narsa, u yerda – hamma narsa intiho topadigan joyda turibdi. Dunyoning chekkasida/
Endi esa royalni tasavvur qil. Klavishlar boshlaydi. Klavishlar tugatadi. Sen bilasanmi, ular 88 ta va bu borada hech kim seni dog‘da qoldirmaydi. Ya’ni ular cheksiz emas. Sen, sen cheksizsan. Bu klavishlarda sen yaratishing mumkin bo‘lgan ohanglar cheksiz. 88 – ularning chegarasi. Senda esa chegara yo‘q… Bu menga yoqadi. Bular bilan yashash mumkin. Biroq agar sen/
Biroq agar men bu zinalar bo‘ylab ko‘tarilsam va mening oldimda/
Biroq men agar bu zinalar bo‘ylab ko‘tarilsam va mening oldimda million-millionlab va milliardlab klavishli klaviaturalar paydo bo‘lsa/
Million va milliardlab klavishlar hech qachon tugamaydi va bu asl haqiqat – ularning tugamasligi, bu klaviaturaning cheksizligi/
Agar bu klaviatura cheksiz bo‘lsa, unda /
Lekin bu klaviaturada sen chalishing mumkin bo‘lgan kuy yo‘q. Sen o‘rningni adashtiribsan, sening o‘rning Xudo o‘ynayotgan royal oldida /
Tangrim, sen bu yo‘llarni ko‘rdingmi?
Faqat yo‘llar, ular haddan ortiq ko‘p, siz – quruqlikdagilar, ulardan birini qanday tanlaysiz, o‘zimniki deb /
O‘z ayolingizni-chi?
O‘z uyingizni, o‘z yeringizni, ko‘rgingiz keladigan o‘z tabiatingizni, o‘z o‘limingizni /
Bu dunyoni /
Sen hatto qayerda tugashini ham bilmaydigan atrofingdagi borliqni /
Va u qanchalik muazzam /
Siz hech qachon minglab bo‘laklarga bo‘linib, sochilib ketishdan qo‘rqmaysizmi bu muazzamdan, bu muazzamlik haqda o‘ylaganingizdan, u yerda yashaganingizdan…/
Men bu kemada tug‘ilganman. Dunyo shu yerdan o‘tgan, har o‘tganida ikki ming kishidan bo‘lib o‘tgan, ularning orzulari ham shu yerda edi, biroq ular kemaning quyrug‘i va tumshug‘i orasiga sig‘adigan darajada bo‘lib, undan ziyod bo‘lmasdi. Men o‘z baxtimni cheksiz bo‘lmagan klaviaturada ijro etardim.
Men dunyoni shu zaylda anglardim. Yer – u ham shu kemaday narsa, shunchaki u men uchun haddan ziyod ulkan. Bu nihoyatda cho‘zilib ketgan suzish. Bu haddan go‘zal ayol. Bu o‘ta o‘tkir hid. Bu men chalishni bilmaydigan kuy. Meni kechirasiz. Biroq, men tushmayman. Ortga qaytishga ijozat bersangiz.
Marhamat /
Endi esa meni tushunishga harakat qil, birodar. Tushunishga harakat qil, agar qo‘lingdan kelsa /
Dunyo butun borlig‘i bilan mening ko‘zlarimda aks etadi /
Qo‘rqinchli, ammo go‘zal /
Haddan ziyod ko‘rkam /
Meni ortga qaytargan qo‘rquv ham,
Yana kema va yana abadiy /
Kemacha /
Bu olam ko‘zlarimda, har kech, yana va yana /
Sharpalar /
O‘limga tayyorman, agar menga ijozat berilsa /
Qirg‘oqqa tushish xohishi /
Bunday qilishdan qo‘rquv /
Shu tarzda aqldan ozasan /
Aqldan /
Nimadir qilishim kerak edi va men bajardim /
Men uni oldin tasavvur etdim /
Keyin amalga oshirdim /
Kunma-kun uzoq yillar /
O‘n ikki yil /
Milliard lahzalar /
Ko‘z ilg‘amas va juda sekin silkinish /
Kemani tark etishga qodir bo‘lmagan mendek odam qutulish uchun hayotni tark etdim. Zinama-zina. Har bir zina o‘zga orzuning ifodasi edi. Har qadamimda biron-bir orzu bilan “vidolashardim”.
Telba emasman, birodar. Biz telba emasmiz, qutulish uchun yo‘l topa bildik-ku. Biz ayyormiz, xuddi ochko‘z yirtqichlar misoli. Telbalikning bunga daxli yo‘q. Bu – daholik. Bu – geometriya. Mukammallik. Istaklar qalbimni timdalardi. Men ular bilan birga yashamoqchi bo‘ldim, ammo qo‘limdan kelmadi.
Shunda men ularni joduladim.
Birin-ketin ularni ortimda qoldirdim. Geometriya. Mukammallik. Dunyodagi barcha ayollarni men joduladim, tun bo‘yi, terisi tiniq, qo‘llari taqinchoqlarsiz, oyoqlari ohunikidek bir ayol uchun chaldim, u mening kuylarim ohangida boshini tebratardi, kulmasdi, nigohini olib qochmasdi tun bo‘yi, men yuksaltirdim, bu ayol emas, balki butun dunyo ayollari mening hayotimdan izsiz ketdilar. Men o‘zim hech qachon o‘xshashni istamaganim otam­ni joduladim, jon berayotgan bola oldida bir necha kun qarab o‘tirib, qo‘rqinchli va go‘zal spektakldagi hech bir sahnani o‘tkazib yubormadim, u tark etishidan oldin bu dunyoda ko‘radigan so‘nggi narsa bo‘lmoqchi edim va u emas, balki endi men hech qachon ko‘rolmaydigan hamma bolalar jon berishdi. Yerimni, dunyoning qaysidir burchagidagi o‘z zaminimni shimoldan kelayotgan inson qo‘shig‘ini tinglay turib joduladim, sen ham uni eshitgansan va ko‘rgansan, axir ko‘rgansan, vodiylarni, tog‘larni, sokin oquvchi suvlarni, qor-zumradni, tun bo‘rilarini, bu inson qo‘shig‘ini tugatganda esa, mening zaminim ham, qayerda bo‘lmasin, mening zaminim ham barham topdi. Orzulagan do‘stlarimni ham sehrladim, o‘sha kecha sen bilan, sen uchun chalib, men ularning barchasini, eng sevimli oshnalarimni, sening qiyofangda, ko‘zlaringda ko‘rdim, sen ketgach, ularning barchasi ortingdan ketdilar. Shimoliy dengizlarda azim va vahshatli muz tog‘larining issiqdan mahv bo‘lganligini ko‘rdimu hayratda “alvido” dedim. Men urush bo‘laklarga bo‘lib tashlayotgan onlarda kulayotgan odamlarni ko‘rib mo‘jizalarga “alvido” dedim. Men dinamitlar bilan to‘ldirilgan bu kemani ko‘rib, g‘azabga “alvido” dedim. Men bir tunda, bir lahzada barini chalishga ulgurganim musiqamga o‘sha kunda “alvido” dedim, yana sening bu yerga kirib kelayotganingni ko‘rib, quvonchni ham sehrladim va unga “alvido” dedim. Bu aqldan ozish emas, birodar. Bu – geometriya. Bu – nozik bir yumush. Men badbaxtlikni qurolsizlantirdim. Ularni ajratib tashladim: mening umrim va mening orzularim. Agar mening yo‘limni bosib o‘tolganingda edi, sen ularning barini uchratarding, birin-ketin, jodulab tashlangan, qimirlolmas, abadiy muz qotgan, go‘yo men sendan boshqa hech kimsaga hech aytmagan mana shu hayratomuz tarixning qissalari kabi /

(1900 parda orqasiga tomon chekinadi. To‘xtaydi, tomoshabinlarga yuzlanadi.)

Men esa hozir sahnani ko‘ryapman: bu yerga kimdir chiqdi va ro‘yxatlardan nomimni izlab topolmayapti.
– Siz, ismingizni nima dedingiz?
– 1900
– Nosinlik, Notarbartolo, Novalis, Notstsa…
– Men shu kemada tug‘ilgan kimsaman.
– Uzr, anglamadim.
– Men shu kemada tug‘ilib, shu yerda o‘lganman, bilmadim bu ma’lumotdan sizga naf bormikan…
– Kema halokatimi?
– Yo‘q. Portlash. Olti yarim tsentner dinamit. Bum!
– Shundaymi… Endi hammasi joyidami?
– Ha, ha, hammasi ajoyib… ya’ni… faqat qo‘lim muammo… bittasi yo‘qolib qoldi… biroq meni ishontirishdi…
– Bir qo‘lingiz yo‘qmi?
– Ha. Bilasizmi, portlash…
– Qayerdadir shu atrofda bir jufti yotuvdi…. qaysinisi yo‘q dedingiz?
– Chapi.
– Ey, shayton qopgur!
– Nima bo‘ldi?
– Bilasizmi, bu yerda faqat bir juft o‘ng qo‘l…
– Ikkalasi ham o‘ng qo‘lmi?
– Afsuski, shunday. Sizga, ehtimol, mumkindir, deylik…
– Xo‘sh?
– Demoqchimanki, agar siz o‘ng qo‘lni olsangiz…
– Chap qo‘l o‘rniga o‘ng qo‘lmi?
– Xuddi shunday.
– Biroq… xo‘p, amalda, o‘ngi ham tuzuk, umuman, qo‘lsiz yurgandan ko‘ra…
– Men ham shunday o‘ylayman. Bir daqiqa kutib turing, olib kelaman.
– Agar bir necha kundan so‘ng kirsangiz, balkim, chapi paydo bo‘lar?
– Menga qarang, mendagining bittasi oq, ikkinchisi negrga tegishli.
– Yo‘q, yo‘q, rangi bir xil bo‘lsin, iltimos… men negrlarga qarshi emasman, ammo shunday masalani…
Omadsizlik. Abadiy jannatda ikkita o‘ng qo‘l bilan (g‘amgin ovozda). Endi esa chiroyli but yasaymiz. (Yasashga urinadi, ammo to‘xtaydi. Qo‘llariga qaraydi.) Qaysidan foydalanishni ham bilmaysan. (Bir lahza ikkilanadi, keyin ikkala qo‘li bilan ham cho‘qinadi.) Abadiy, million yillar, jinnilardek taassurot qoldirib. (Harakatni takrorlaydi.)
Do‘zax. Jannat. Hech kulgili emas.

(Orqaga buriladi, parda tomon yuradi, ammo ketmaydi, yana tomoshabinlarga yuzlanadi: uning ko‘zlari chaqnaydi).

Vaholanki… bilasanmi, shunga qaramay musiqani… bu qo‘llar bilan, bir juft o‘ngi bilan… faqat royal bo‘lganida…
(Yana jiddiylashadi.) Anavi, sening tagingdagi, birodar, – dinamit. O‘rningdan tur va bu yerdan ket. Bari tugadi. Bu safar chindan ham hammasi tamom bo‘ldi.

(Ketadi.)

Rus tilidan Eshqobil Vali tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 2-3-sonlar