Bu minbarga hamma yozuvchilar chiqishi nasib qilavermaydigan, nasib qilganda ham faqat bir marta imkon beriladigan minbarga men uch-to‘rtta tirkab quyilgan zinapoyadan chiqib kelganim yo‘q. Yuzlab, balki minglab chalayarim, o‘tkir qirrali, muz bosgan zinapoyalarni bosib, zulmat qa’ridan o‘lmay chiqib keldim. Ehtimol, boshqalar mendan ortiq iqtidorli va kuchliroq bo‘lganlar — halok bo‘lishdi. Ulardan ayrimlarinigina minglab orollarga sochilib ketgan GULAG arxipelagida uchratdim. Ta’qiblarning tegirmon toshlari va ishonchsizlik oqibatida hamma bilan ham ochilib gaplasholmadim, ayrimlar haqida faqat eshitganman, boshqa birlarini faraz qilganman, xolos. Adabiy nom qozonib, o‘sha jarliklarga qulaganlarning hech bo‘lmasa nomi qoladi, ammo tanilmagan, nomi ochiq-oshkora aytilmaganlar qancha! Ulardan deyarli hech kim qaytmadi. Butun boshli milliy adabiyot u yoqlarda nafaqat tobutsiz, hatto ichki kiyimsiz, qip-yalang‘och holda, oyoq barmog‘iga bog‘langan yorliq bilan ko‘mib tashlandi. Biroq, rus adabiyoti bir soniya ham to‘xtab qolmadi, chetdan qaraganda esa, o‘lik tuyulardi. O‘rmon gurkirab o‘sishi mumkin bo‘lgan joyda hamma daraxtlar qirqildi-yu, bir-ikkitasi tasodifan chetda qolib ketdi.
Men bugun halok bo‘lganlarning ruhlari kuzatuvida boshimni egib, ularni — mendan oldinroq shunga munosib bo‘lganlarni mana bu minbarga o‘zimdan oldin o‘tkazarkanman, ular nimalarni gapirishi mumkin bo‘lganini qanday topamanu, qanday ifoda etaman?
Bu majburiyat bizni anchadan beri o‘ziga tortadi va uni Vladimir Solovyovning quyidagi so‘zlari bilan tushunamiz: “Zanjirlangan holda ham, biz, birovlar chizgan davralardan o‘tishimiz shart”.
Lagerning azobli qiynoqlarida, qamalganlar kolonnasida turnaqator chiroqlari lipillab turgan ayozli tunlarda butun dunyoga hayqirib aytging keladigan o‘kirik tomog‘inga qadaladi, qani endi, dunyo bittamizning ovozimizni eshitsa! O‘sha paytda dunyo, bizning omadli biror chopar aytadigan so‘zlarni eshitib, shu ondayoq javob qaytaradigandek tuyulardi…
Bizdan adabiyot ochiq-oydin zo‘ravonlikning ayovsiz zug‘umlariga qarshi nima qila oladi, deb so‘rashadi. Shuni unutmaslik kerakki, zo‘ravonlikning bir o‘zi yasholmaydi va yashamaydi ham, u shubhasiz, yolg‘on bilan aralashib ketadi. Bular o‘rtasida juda chuqur va tabiiy qondoshlik aloqasi bor. Zo‘ravonlikning yolg‘ondan boshqa niqoblanadigan narsasi yo‘q, yolg‘on esa faqat zo‘ravonlik bilan tirik. Kimda-kim zo‘ravonlikni o‘z usuli deb e’lon qildimi, o‘z tamoyili uchun faqat yolg‘onni tanlashi kerak. Dunyoga kelgan zo‘ravonlik ochiq-oydin harakat qiladi va bundan g‘ururlanadi. Sal oyoqqa turib olgandan keyin o‘z atrofida bo‘shliq paydo bo‘layotganini sezadi-yu, yolg‘onga burkanib, uning xushomadlariga mast bo‘lib yuraveradi. U endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kekirdakka yopishmasdan, ko‘pincha tobelardan yolg‘onga qasamni, unda ishtirok etishni talab etadi.
Mardonavor oddiy odamning oddiy qadami yolg‘onda ishtirok etmaslik, yolg‘on xatti-harakatni qo‘llamaslikdir. Yozuvchi va san’atkorlarning vazifasi murakkabroq. Ular yolg‘on ustidan g‘alaba qilishlari lozim. Yolg‘on bilan kurashda san’at hamma vaqt g‘alaba qilgan va g‘alaba qiladi. Bu — hamma uchun ayon narsa. Yolg‘on dunyodagi ko‘p narsalarga chidash beradi, lekin san’at oldida ojiz. Yolg‘onni puflab salgina o‘chirsang bormi, zo‘ravonlik yalang‘ochlanib qoladi va chirigan gavdasini tutib turolmay, qulaydi. Mana, nima uchun, do‘stlar, biz bu o‘tli soatlarda dunyoga madad bera olamiz, deb o‘ylayman. Qurolsizlikni bahona qilmasdan, beg‘am bo‘lmasdan, jangga chiqish kerak!
Rus tilida haqiqat to‘g‘risida aytilgan ko‘p hikmatlar bor. Ular xalqning ulkan tajribasini ifoda etadi. Hayratlanarlisi shuki, gohida birgina haq so‘z butun dunyoni o‘ziga og‘dirib oladi.
Mening shaxsiy faoliyatim va butun dunyo yozuvchilariga aytadigan chaqirig‘im jism va quvvatning saqlanish qonunini mana shunday xayolan buzishga asoslanadi.
1970 yil
Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi