Abdurrahmon al-Xomisiy. Haqiqat uzugi (hikoya)

Qohiradagi yong‘in oqibatida begunoh odamlar ustidan vatan xoini deb hukm chiqarilganini eshitganimda, yuragim g‘azab va nafratga to‘ldi.
Bu ertak-hikoya o‘sha kezlarda tug‘ildi.

* * *

Qohiradan Fayyumga olib boruvchi yo‘l oralig‘idagi Al-Vustaning ikki tomoni o‘rmon bilan qoplangan. Shu yo‘l yaqinida hamisha yurakni ezuvchi sukunatga ko‘milgan qabriston bor. Quyosh ushbu o‘liklar ma’vosi uzra ko‘tarilar ekan, bu mahzun makonning yagona sohiblari bo‘lmish chuvalchang va hasharotlarni jonlantirish uchungina nur sochsa kerak, deb o‘ylash mumkin.
Qabrlar yonida bir eski qurigan daraxt turibdi. U qattiqroq shamoldan yiqilgudek tuyulsa-da, lekin ildizlari yerga chuqur botganidan marhumlarning sodiq qo‘riqchisi kabi qimir etmay turardi. Tuyqus allaqayoqlardan kelib qolgan dahshatli quyun va o‘ramalar ham bu daraxtni qulata olmagan.
Quyun ko‘plab daraxtlarni mudhish changaliga olib, ko‘plab shoxlarni sindirgan, talafotlar yetkazgandi. Ammo, daraxt hamon o‘z o‘rnida qoyim. Uning shoxlari jimjimador qilib o‘rilgan sochga o‘xshaydi, tanasi yerga chuqur ildiz otgan. Vaqt unga o‘z ta’sirini o‘tkazmagan, yillar uni bukmagan. Yashilligini abadga yo‘qotib, yashnagan yoshligi bilan vidolashgan-u, metinday qotgan-qo‘ygan.
Ming yillar o‘tdiki, daraxt hamon o‘z o‘rnida, arg‘uvon rangini yo‘qotmagan, xuddi hozirgina qon bilan yuvilgandek. Uning qurigan shoxlaridan birining uchida tilla uzuk bor. U shoxga shunday qattiq o‘rnashgan ediki, xuddi shox bilan birga o‘sib chiqqandek.
Ko‘pchilik o‘sha uzukni olmoqchi bo‘lgan, ammo hech kimga uni olish nasib etmagan. Na pichoq, na xanjar – hech nima unga kor qilmagan.

* * *

Ming yillar ilgari Dahshur degan o‘lka bo‘lgan ekan. Bu o‘lkaning “haqiqat uzugi” deb nomlangan bir uzugi bo‘lgan. Mahalliy qozi “Adolat qarorgohi”da o‘tirib odamlar orasidagi mojarolarni hal etar, shikoyatlarni o‘rganar va hukm o‘qir ekan ana o‘sha uzukni barmog‘iga taqib olar edi. Agar qozi adolatsiz hukm chiqarsa, uzuk uning barmog‘ini shu qadar qattiq siqar ekanki, uzib yuboray derkan. Shunday hollarda qozi o‘rnidan turib: “Men adolatsiz hukm chiqardim, haqiqat uzugi barmog‘imni siqayapti. Hukmni bekor qilaman va yana boshqatdan so‘roqni boshlayman”, – der ekan. Ana shu so‘zlardan keyin uzuk sekin kengayar va qozining barmog‘iga ozor bermay qo‘yar ekan.
Dahshurliklar shu uzuk bilan faxrlanisharkan. Hamma uzukning hech kimga ma’lum bo‘lmagan sirli quvvati borligini bilar ekan.
Dahshurda bir odat joriy qilingandi, unga ko‘ra qozi o‘limidan avval o‘z izdoshini tayinlar, haqiqat uzugini uning barmog‘iga taqib, doimo adolatli hukm chiqarishga qasamyod qildirar ekan.
Dahshur qozisi Klimunus umri tugab borayotganini his qilgach, yosh Ardikasni o‘z vorisi deb e’lon qildi. Kohinlarning tantanali majlisida Klimunus unga haqiqat uzugini taqdi. Ardikas uzukni shafe keltirib qasamyod qildi va Klimunus vafotidan so‘ng qozi bo‘ldi.
Ardikas tez-tez Dahshurdan tashqariga chiqishni, dalalarda bo‘lishni, qushlar nag‘masini tinglashni, tiniq osmon va tabiat go‘zalligidan bahra olishni sevardi.
Bunday sayohatlarga Ardikas bir o‘zi borar, yoniga na bir askar va na biron do‘stu hamroh olardi. U doim sayohatdan mamnun holda yangi va porloq taassurotlarga to‘lib qaytar edi.
Kunlar o‘taverdi. Ardikas o‘z burchini yaxshi bajarib yuraverdi.
Bir kuni oqshom, u o‘z odaticha saman otida sayrga chiqdi.
Go‘zal oqshom. Ardikas uzoq yurdi. Keng daladan o‘ta turib, tiniq bir jilg‘a qirg‘og‘ida to‘xtadi; ot boshini egib suv icha boshladi.
Ardikas otdan sakrab tushib, atrofni kuzatdi va sal naridagi bir yog‘och kulbaga ko‘zi tushdi. Uychaning yonida bir go‘zal pari turar edi.
Ardikas o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Sohibjamol bilan qanday salomlashishni bilmay, tili tanglayiga yopishib qoldi. Shu asnoda ot suv ichib bo‘lib boshini ko‘tardi va qozining yoniga kelib tuyoqlarini betoqat yerga ura boshladi.
Qiz boshini ko‘tarib, Ardikasga ko‘zi tushdi-yu, xuddi yovvoyi ohudek cho‘chib, yugurib uyga kirib ketdi. Parining husn-jamoli Ardikasning yuragida uxlab yotgan ishq ehtirosini uyg‘otib yubordi.
U qizga otilib, uning nozik belidan quchmoqchi, lablarini labiga ohista bosib bo‘sa olmoqchi bo‘ldi.
Ot pishqirib, yerni depsir, chang-to‘zon ko‘tarar edi. Ardikas o‘ziga keldi. Biroq u otga minmadi, kulba yaqiniga borib, eshik oldida to‘xtadi-da, dedi:
– Hoy sohibi xonadon, bir musofir uchun yegulik yo ichgulik bera olasizlarmi?
Javoban qizning ovozi chalindi:
– Biz mehmonni atoyi Xudo, deymiz.
Bir muddat o‘tib, qiz bir ko‘za suv olib chiqib, Ardikasga uzatadi. Ardikas ko‘zani og‘ziga olib bordi, chanqamagan bo‘lsa-da, suvdan bir ho‘plab, so‘raydi:
– Sohibjamol, isming nima?
Qiz ko‘zlarini yerga qadab, javob qiladi:
– Klara.
– Mening ismim esa, Ardikas – Dahshur qozisi bo‘laman.
Qizning yuzi quv uchib, dami ichiga tushib ketdi. Ardikas uning qo‘rquvdan qaltirayotganini ko‘rdi.
U o‘zining kimligini aytib qo‘yganidan afsuslanib, Klarani tinchlantirish, qalbida paydo bo‘lgan xavotirni yo‘qotish uchun:
– Men adolat xizmatkoriman, – dedi.
So‘ng uning ko‘zlariga qarab, qo‘shib qo‘ydi:
– Va go‘zallikning quliman.

* * *

Ardikas otiga minib, Dahshurga qaytdi.
Uchratgani sohibjamol haqida tinimsiz xayol surgancha, zavqu shavqqa to‘lib borardi. U Klaraning moviy ko‘zlarini, unda ehtiros uyg‘otgan ovozini, silliq bilakchalari, ingichka barmoqlarini o‘ylasa, a’zoyi badanini o‘t olgandek bo‘lardi… Ardikas bu qizga yetishishni, vaslidan bahra olishni istar edi.
Tong otdi. Ardikas jinoyatchi va jafokorlar, aybdor va aybsizlar ishini ko‘rib chiqish uchun “Adolat qarorgohi”ga keldi.
Biroq, u bu kun aybdorlarning so‘zlarini diqqat bilan eshitolmadi va o‘ylamay qaror chiqardi. Uzuk uning barmog‘ini ayovsiz siqa boshladi.
Shunda Ardikas:
– Bugun hech qanday ishni hal qilolmayman… Ertaga… – deya oldi, xolos.
Qozi o‘rnidan turdi-da, otini egarlab, o‘sha yog‘och kulba tarafga qarab uchirib ketdi. Klaraning siymosi uning butun tasavvurini zabt etdi, baxilning yuragini oltin tangalar jarangi poralagani kabi, qizning ovozi yuragini zabt etgandi. Ot shamolday yelib borarkan, Ardikasning ko‘zlari betoqat ravishda kulbani axtarardi.
Nihoyat, Ardikas jilg‘a labiga yetib keldi. U sakrab yerga tushdi, ot esa suvga talpindi. Qozi kulbaga yaqinlashib chaqirdi:
– Klara, Klara!
O‘rmon parisi ko‘rindi. U sochlarini yoyib olgandi. Uning cho‘chigan ko‘zlaridan taralgan uchqun Ardikasning yuragini kuydirib o‘tdi.
– Keldingizmi? – so‘radi Klara.
– Ha, keldim, men Ardikasman – husning shaydosi.
– Nima istaysiz?
– Seni ko‘rgim keldi. Men o‘z hayotimni sening qo‘lingga topshirishga tayyorman… Sen rozimisan?
– Nima uchun, xo‘jam?
– Meniki bo‘lmog‘ing uchun. Mening sen uchun atab qo‘ygan ajoyib uy, ipak to‘shak… sarupo… atir-upa, noz-ne’mat va ichimliklar bor…
– Xo‘jam, hoziroq keting-da, boshqa hech qachon qaytib kelmang. Mening qalbim sizga atalgan emas.
– Lekin men sensiz yasholmayman.
– Yo‘q, men faqat o‘z sevgilimga mansubman.
Osmonni shom qorong‘iligi bosib keldi. Bu qonli xayrlashuv edi. Erigan quyosh tomchilari bulutlar ustiga to‘kila ketdi…
Uzoqlardan, shamolning yengil qanotlari nayning g‘amgin ovozini olib kelardi. Qizning yuragi muhabbatini yo‘qotishdan xavfidan xapriqib ketdi, uyiga kirib ketar ekan, qoziga:
– Bu qo‘shiq – sevgilimning chaqirig‘idir… – dedi.
Qozi so‘radi:
– Kim u, sevganing?
Klara Ardikasning so‘zini eshitmagandek kulbaga kirib ketdi.
Qozi o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Bir qancha muddat aql-hushidan begona, majhul holda turib qoldi, so‘ng irg‘ib otiga mindi-da, bor kuchi bilan qamchi soldi. Ot bulut ko‘chgandek qo‘zg‘aldi.
Ertasi kuni ertalab Ardikas bironta ish ko‘rmadi va huzuriga donishmandni olib kelishlarini buyurdi. Donishmand kelgach, xonani ichkaridan qulflab, o‘zi va Klara o‘rtasida yuz bergan hodisani bayon qildi. Donishmand bu holga oid barcha narsalarni o‘rganib, o‘z maslahatlarini boshqa kuni aytishini bildirdi. Belgilangan muddatda u huzurida paydo bo‘ldi:
– Klara cho‘pon Lagosni sevadi. Siz, janob qozi, o‘z orzuingizga faqatgina o‘sha cho‘pon yo‘q bo‘lsagina yetishasiz… Uning hayotidan cho‘pon Lagosni yo‘qotmaguningizcha, janob Ardikas, sevgingizga javob olishga urinishingiz ham behudadir.
Ardikas o‘z-o‘ziga shivirladi: “Bu o‘sha nay chalgan odam… Bu qiz mendan qochib qutula olmaydi. Axir men qoziman… Dahshur qozisi”.
Donishmand ketdi, Ardikas esa, o‘zining mudhish rejasini tuza boshladi. Uning aqliga zolimona fikrlar keldi va buning vositasida undagi xohish yana qayta uyg‘ondi, u ehtirosdan sarmast edi. Ardikas qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, qizga yetishmoqqa qaror qildi.
Qozi o‘z askarlaridan biriga Lagos haqida to‘la ma’lumot to‘plashni buyurdi. U askar keltirgan xabarga betoqat tashlandi va kundan-kunga o‘zining fitnasini xuddi baliqchi to‘r to‘qigandek, to‘qiy boshladi. Bir kuni oqshom Dahshur aholisi cho‘pon Lagosni zindonga olib ketishayotganiga guvoh bo‘ldi. Bu uning halokatidan darak edi.
Odamlar Lagosga nafrat bilan boqardilar. Uni tutib keltirishlaridan bir necha soat ilgari, katta bir dalada yong‘in chiqib, olov u yerdagi barcha tirik jonzotni yo‘q qilgani, daraxtu mevalar bitta qolmay nobud bo‘lgani haqida Dahshurda ovoza tarqaldi. Bu xabarni Dahshurga noma’lum bir suvoriy olib kelgandi. Yong‘in chiqqan dalaga askarlar yuborildi. Qorong‘i tushib qolgan, biroq qishloqda hech kim uyquga yotmagandi. Axiyri askarlar qaytishdi. Ularning oldida bandi qilingan cho‘pon borar edi.
– Mana, o‘g‘rini tutdik! – deb qichqirishdi ular. – U o‘z jinoyatini yashirish uchun dalaga o‘t qo‘yib yuborgan.
Dahshur ahli so‘radi:
– O‘tni o‘chirdinglarmi? Olov Dahshurni ham yutib ketmasin.
Askarlar bunga javoban:
– O‘tni o‘chirdik. Qishloqqa tahdid qilmaydi, – deyishdi.
Shu tariqa qozi o‘ylagan g‘arazli rejaning dastlabki bosqichi amalga oshdi.
Ertasi ertalab Ardikas “Adolat qarorgohi”ga yo‘l olishdan avval qo‘lidagi uzukni yechdi, uni bejirim qutichaga joylab, o‘rniga xuddi o‘shanday sof oltindan yasalgan boshqa bir uzuk taqib oldi. Unga qarab turib dedi: “Bu uzuk barmog‘imni siqmaydi va uzib ham ololmaydi”.
Makkorona iljayib qozi “Adolat qarorgohi” tomon yo‘l oldi. Hamisha bechoralarning dodiga yetuvchi va zolimlarni jazolovchi qozi muqaddas o‘rinni egalladi.
Askarlar kishanlangan Lagosni qozining ro‘parasiga keltirdilar.
Ardikas cho‘pondan so‘radi:
– Hosilni o‘g‘irlab, o‘z jinoyatingni yashirish uchun dalani sen yoqib yubordingmi?
Lagos javob berdi:
– Yo‘q, janob. Men o‘g‘rilik qilmayman, o‘t ham qo‘ymayman. Men nay chalib, undan dilgir navolar tarataman.
Qozi shu zahoti nayning hasratli ohangini eslab, ko‘ngli ozdi, shamol bu g‘amgin kuyni olib kelganda Klara bir seskangan edi…
U hayajonini bosishga intilib, dedi:
– Vaqtni bekor ketkazmaylik. Qani suvoriy? Askarlar-chi? Guvohlar qani?
Suvoriy o‘zi va qozi o‘ylab topgan voqeani gapirib berdi va yong‘in chiqmasidan oldin cho‘ponning daladan shoshilib chiqib ketganini ko‘rganiga qasam ichdi. Askarlar cho‘ponning g‘ori yonidan topilgan hosil haqida guvohlik berdilar.
Qozi xuddi o‘ylayotgandek, jim qoldi va quyidagi so‘zlarni irod qildi:
– Lagos o‘g‘irlikda ayblanadi. Bundan tashqari, u o‘g‘irlikdan ham og‘irroq jinoyatni sodir etgan. U dalani yoqib yuborib, Dahshur aholisini bir yillik ozuqasidan mahrum qildi. U bizni bir yillik muhtojlik va ochlik iskanjasiga soldi.
Oddiy uzuk taqilgan qo‘lini boshi uzra ko‘tarib, davom etdi:
– Lagosni o‘lim jazosiga hukm qilaman.
Barchaning nigohi qozining uzukli barmog‘iga qadaldi. Hamma nafasini ichiga yutgandi.
Qozi dedi:
– Uzuk barmog‘imni siqmayapti. Demak, qaror adolatli. Jinoyatkor jazosini olishi lozim.
Devorlar gulduros qarsagu olqishlardan larzaga keldi:
– Yashasin, Ardikas! Yashasin, adolatli qozi! Lagosni jahannam yutsin! Ardikas omon bo‘lsin!
Ana shu lahzada Ardikas olomon orasida Klaraning bo‘zargan yuzini ko‘rib qoldi. U cho‘chib tushdi. A’zoyi badani jimirlab ketdi. Ko‘zlarini yerga qadagan kuyi “Adolat qarorgohi”dan tashqari chiqdi. Olqishlar uni kuzatib qoldi. Qozi cho‘ponni hukm ijro etuvchi askarlar qo‘lida qoldirib, o‘zi uyiga qarab yo‘l oldi.
Lagos qatl qinayotganida Ardikas Dahshur maydoniga kelmadi. U bulg‘angan vijdoni oldida dahshatga tushdi.
Biroq yana uning oldida Klaraning mungli chehrasi, bor nafosati bilan namoyon bo‘ldi va yana qalbida shaytoniy hirsi junbishga keldi.
Dahshur maydoni turli makonlardan yetib kelgan odamga to‘ldi. Bu yerda keksalar va bolalar, ayollar va erkaklar, yigitlar va qizlar bor edi. Ular bir-birlarini itarib, surib, hukm ijro etiladigan joyga yaqinlashishga harakat qildilar. Lagos uchun tayyorlangan dorning shunday chekkasida Klara va bir qariya turar edi.
Askarlar Lagosni supaga chiqardilar, bo‘yniga sirtmoqni ilib, oyoqlari ostidagi tirgakni yulqib oldilar. Chor atrofdan: “Lagosga o‘lim! Yashasin, adolat!” degan hayqiriqlar yangradi.
Dor yonginasida turgan qariya hushidan ketib yiqildi, Klara esa, belbog‘iga qistirig‘liq xanjarni olib, o‘z ko‘ksiga urdi. Olomon ular tomon otildi. Qariya jon bergan, Klara esa, jon talvasasida edi…
Dahshur ahli qariya Lagosning otasi, Klara esa – uning qallig‘i ekanini bilardi. U o‘z sevgilisisiz yashagandan ko‘ra u bilan o‘lmoqni afzal ko‘rdi. Dahshur xalqi mozorga uch mayitni olib borib ko‘mdi.
Tun. Qozi uyidan chiqmadi. Unga qariyaning o‘limi va qizning o‘z joniga qasd qilgani xabarini yetkazdilar. Bu xabar uning nadomat chekayotgan qalbini momaqaldiroqdek larzaga soldi. Ardikas kechalari o‘zini yo‘qlab kelguvchi odatiy kishilarni qabul qilishni ham istamadi. U yutqazgan edi. U Klaraga jon ato qilib, unga qarata bunday deb hayqirgisi keldi: “Sen mendan qochib qutila olmaysan, o‘rmonning asov sohibjamoli. Hatto o‘lim ham seni mendan qutqara olmaydi”.
Dahshur uyquda. Faqat qozi bedor. Po‘lat qisqichlar uning yuragini iskanjaga olardi. U vaqtni his qilmay qoldi. Unga atrof faqat hadsiz g‘ashlikdan iboratdek tuyulardi, go‘yo chiroqlar yoritmas va uyda ham hech zog‘ yo‘qdek.
Ardikasning qulog‘iga cho‘ziq uvlagan ovoz eshitildi. Uvillagan ovoz kelayotgan qorong‘i bo‘shliq tarafda boshi alangalangan ingichka jasad paydo bo‘lib, u tomonga ikki qo‘lini cho‘zdi. Ardikasning yuragi tars yorila yozdi va baqirib yubordi:
– Kimsan?
– Men uzukning quliman. To‘g‘rirog‘i, men uning son-sanoqsiz qullaridan biriman.
– Sen ruhmisan?
– Ha, men ruhman, Ardikas.
– Nima istaysan?
– Seni hukm qilmoq uchun olib ketaman.
– Qanday hukm? Qayerga?
– Sen hozir buni o‘zing ko‘rasan, sharaf va burchiga xiyonat qilgan qozi.
Qozi o‘ziga ko‘rinmas ikki qo‘l uni ko‘tarib, zulmat tomon tortqilaganini his qildi. U qichqirib yubordi va yuragi qinidan chiqqudek urib ketdi:
– Rahm qiling menga, Dahshur ahli, yordam bering!
Hammayoqni zulmat qoplagan. Oy berkinib, yulduzlar yo‘qolgan. Ardikas uzukning quli hamda uning alangalangan boshidan boshqa hech narsani ko‘rmasdi. Axiyri ko‘rinmas qo‘llar uni maysa ustiga uloqtirdi. Ardikasning oyog‘i yerga tekkach, so‘radi:
– Men qayerdaman?
Uzukning quli javob berdi:
– Mozorda. Bu yerda sening qurbonlaring yotibdi, Ardikas. Bu yerga Lagos, uning otasi va Klara dafn etildi. Endi anglagandirsan qayerdaligingni? Atrofingni olov qoplagan. U borgan sari qattiqroq alanga olmoqda. Bu olov sening qurbonlaring boshidan kechirgan azoblardir. Ana shu olov nurida fosiq xiyonatkor ustidan hukm o‘qiladi. Qara, mana bu daraxtni ko‘rayapsanmi?
Ardikas yonginasida ko‘kka bo‘y cho‘zgan daraxtga dahshat bilan boqdi. Uning bitta shoxida oltin uzuk ilinib turar edi.
– Mana shu – haqiqat uzugidir, – dedi uzukning quli va shu zahotiyoq gulduros ovoz bilan qaltirayotgan Ardikasni bandi qildi-da: – Hukm ijrosi boshlandi… – dedi.
Ana shu hayqiriq bilan bir vaqtda qabrlarning biri ochilib, undan oppoq kafanga o‘ralgan murda chiqib keldi. Kafanini yirtib Ardikas va uzukni quli turgan daraxtga yaqinlashib kela boshladi. Shu zahotiyoq ikkinchi, keyin uchinchi qabr yorilib, ulardan ham yana ikki murda chiqib keldi. Ular birinchisining ortidan yurib kelishdi. Uchovi ham Ardikasning oldida to‘xtadi. Uzukning quli ovoz berdi:
– Maqtullar! Yuzingizdagi niqobni yirting!
Ardikas o‘zini yo‘qotib yerga yiqildi. U marhumlarning yuzini ko‘rdi va uchovini ham tanidi: cho‘pon Lagos, uning keksa otasi va sohibjamol Klara. Ular Ardikas ustidan hukm chiqarish uchun chaqirilgandilar.
Uzukning quli Ardikasni o‘ziga keltirdi.
– Sen mening ustimga yolg‘on ayb qo‘yding, – dedi cho‘pon qoziga. – Meni begunoh ekanimni bilib turib, o‘limga buyurding.
– Sen o‘zingning qabih hirsingni qondirmoqchi bo‘lding, – nido qildi Klara. – Lekin sen bunga erisha olmading. Sen mening Lagosga bo‘lgan muhabbatim va naydan taraluvchi mungli ohangni sevishimni bilarding.
So‘ng uzukning quli so‘zladi:
– Sen donishmandni chaqirding, Ardikas, u esa senga cho‘ponni qizning hayotidan yo‘qotish maslahatini berdi. Sen uning nasihatiga quloq solibgina qolmay, o‘zingga yaqin bir suvoriyni josus, yolg‘onchi bo‘lishga undab, manfur g‘arazingni amalga oshirish yo‘lida uni ham qo‘lini qonga botirishga majbur qilding.
– Men bu zahmatni ko‘tara olmadim, – shivirladi chol. – Va yuragim yorildi.
Ardikasning dahshat iskanjaga oldi ovozi bo‘g‘ziga tiqildi. Atrof mudhish sukutga cho‘mdi. To‘satdan daraxt tarafdan ovoz keldi:
– Sen o‘z qasamingni buzding, Ardikas! Sen menga, o‘z burchingga, adolatga xiyonat qilding.
Ardikas ovoz kelayotgan tarafga qaradi.
– Buni haqiqat uzugi gapirmoqda, – izoh berdi uning quli, – bu o‘sha sen jirkanch jinoyating uchun almashtirgan muqaddas uzuk. Ana endi sening ustingdan hukm chiqaruvchilarning so‘zlarini tingla.
Cho‘pon dedi:
– Men yashagan xotirjamlik haqqi, men kuylagan muhabbat haqqi, na­yimning nozik ohanglarini taratgan tungi shamol haqqi, o‘zimning pokiza ismim haqqi, meni o‘ldirish bilan sen o‘chirmoqchi bo‘lgan tuyg‘ularim haqqi hurmati, men darhol senga jazo berilishini talab qilaman.
Ota so‘zladi:
– Sen o‘z yovuz jinoyating bilan o‘lim zarbasiga ro‘baro‘ qilgan Otalik haqqi, so‘lg‘in barglar bilan ko‘milgan hokim haqqi, men sening o‘limingni istayman.
Qiz dedi:
– Qalbimda saqlagan cho‘ponga bo‘lgan sof muhabbatim haqqi, qalbim yashagan yorug‘lik haqqi, sen Lagosni qotilisan, adolatsiz qozi, shahvatparast, mening vujudim bilan o‘zingni qondirib, meni sharmusor etmoqchi bo‘lding, men ham senga o‘lim tilayman.
Daraxtdan baland ovoz yangradi:
– Sen pastkashlarcha xiyonat qilgan sharaf haqqi, muqaddas adolat haqqi, haqqoniy hukmlar haqqi-hurmati men ham sening o‘limingni istayman.
Uzukning quli so‘radi:
– Ardikasga yordam qilgan suvoriyni nima qilamiz?
Uzuk javob berdi:
– U boshqa adolatli hukm oldida javob beradi. Hozir esa, jinoyatkorni bog‘lang.
Uzukning quli Ardikasning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, uni yuqoriga ko‘tardi. Ardikas hamon hech nima deyolmasdi. Uchala qurbon daraxt shoxidagi uzuk qanday kengaygani va uzukning quli uni Ardikasning bo‘yniga kiydirgani, to u jon bermaguncha uzuk uni siqa boshlaganini ko‘ra turdilar…
Ertalab odamlar mozor oldidagi maydonga kelib, daraxtda osig‘liq murdani ko‘rdilar. Ular bu haqda Dahshurga xabar yetkazdilar. Qishloq ahli mozorga yugurib kelib, daraxtda osig‘liq turgan qozini ko‘rdi. Uning bo‘ynini oltin uzuk siqib olgan edi. Daraxtning yonida esa o‘sha uch murda yotar edi.
Uzoqdan ovoz eshitildi:
– Daraxt shoxida haqiqat uzugi osilib turibdi, u o‘z burchiga xiyonat qilgan mal’un qozining jonini oldi.
Bu ertak-hikoyani odamlar avdoddan-avlodga yetkazadilar.

Arab tilidan Sarvar Abdullayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 9-son