Abdurrahmon Al-Xomisiy. Nabaviya (hikoya)

Nabaviya haqidagi hikoyamni tinglaydigan odamni qaydan topsam bo‘ladi? Uning og‘ir o‘tmishini, qiz boshiga yog‘ilgan mudhish kulfatlarni eshitadigan biror odam bormikin? Qani endi, Nabaviyani biladigan odam bo‘lsayu, u menga qizning qayerdaligini aytib bersa. Men qizning yoniga qanot bog‘lab, uchib borardim.
Xotiramdan deyarli o‘chib ketgan qiz siymosi ko‘z o‘ngimda paydo bo‘lsa, tomog‘imga yig‘i kelib, meni g‘ippa bo‘g‘ib oladi. Hayot girdoblarida men uni yo‘qotib qo‘ydim. Uni zulmat changalidan qutqarib ololmadim. U g‘oyib bo‘ldi. Qayoqqa? Ehtimol, Azroil qizning mijig‘langan badanini, tahqirlangan, ezilgan qalbini ko‘rib, unga rahmi kelgandir va uni azoblardan forig‘ etgandir? Balki u hali ham bu rasvo dunyoda o‘z jallodlarining hirslarini qondirib, bir amallab kunini ko‘rib yurgandir? Ich-ichidan kelayotgan bir ovoz menga Nabaviyaning hayotligidan xabar beryapti. Qorachadan kelgan, qotma, yuz tuzilishlari nozik. Katta-katta ko‘zlar uning tubida hadik sezilib turadigan bu qizni ko‘rgan odam bo‘lsa – o‘tinib, yolboraman, uning qayerdaligini menga ayting. “Ana Nabaviya” deb ko‘rsatinglar, odamlar. Xudo haqi, jumla jahonda bor jamiyki yaxshiliklar haqi – uni menga topib beringlar, azizlar. Xudo haqiga qasamlar bo‘lsinki, agar men uni uchratib qolsam, qizni qutqarish uchun hamma narsani qilardim. Uning nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdim. Shabnamlar bu quruqshay boshlagan gulg‘unchaning tashnaligini qondirsin! Qayerdasan hozir, Nabaviya? Ehtimol, seni nomusdan mahrum etgan, bolaligingni tortib olgan, yoshligingni badnom qilib tortib olgan odamlardan dahshatli o‘ch olishga tayyorlanayotgandirsan?
Menga javoban: “Xo‘sh, nima bo‘pti? Bizning hayotimizda Nabaviyaga o‘xshaganlar son mingta”. Biroq kim menga shu gapni aytadigan bo‘lsa, men unga shunday deb javob berar edim: inson hayotini majaqlaydigan jamiyat faqat bir narsaga munosib – uni kunpayakun qilmoq kerak, toki undan asar ham qolmasin. Negaki, bunday jamiyat gulni tikanga, tozalikni – axlatga, oliyjanoblikni razolatga aylantiradi. Agar men odamlarga Nabaviya bilan qanday uchrashganimni aytib bersam, uning mayib bo‘lgan hayotini hikoya qilsam, istagan odam mening dardimni ham, qahrimni ham anglagan bo‘lardi…
Yuridik fakultetda o‘qib yurgan kezlarimda, mening Favzi degan bir do‘stim bo‘lardi. Biz mashg‘ulotlarga birga tayyorlanar, birga sayr qilar, birga xayol surar va suhbatlar qurardik. Har birimizning juda kamsuqumlik bilan jihozlangan kichkinagina xonamiz bo‘lguvchi edi. Universitetda o‘qish uchun poytaxtga viloyatdan kelgan talabalarning hammasi ham shunaqa yashardi.
Bir kuni Favzining oldiga kirib, kirlarini yig‘ishtirayotganini ko‘rdim. Men “nima gap? Tinchlikmi?” deb so‘radim. Menga javob berish o‘rniga u Nabaviyani chaqirdi.
Eshikdan qo‘rqa-pisa bir qoramag‘iz qiz kirib keldi. Uning bo‘yi pastgina, orqasiga tashlab olgan sochi timqora, egnidagi kiyim-boshi qishloqcha edi. Favzi unga kirlarni olib ketishni buyurdi.
– Kir yuvadigan qizmi? – deb so‘radim men.
– Yo‘q, – deb javob berdi Favzi. – Kiringiz bo‘lsa bering, yuvib beray, deb iltimos qilgan edi. Lekin qanaqa yuvishini bilmayman.
Nabaviya kirlarni yig‘ishtirib, vannaxonaga olib kirmoqchi edi, biroq bizning gapimizni eshitib, luqma tashladi:
– Hoynahoy, ishimdan rozi bo‘larsiz, janob. Ajab emaski, do‘stlaringizga ham meni tavsiya qilsangiz…
Men shu kuni kechgacha Favzinikida bo‘ldim va ketayotib, Nabaviyadan mening ham kirlarimni yuvib berishini iltimos qildim.
Nabaviya juma kuni keldi… Ustidagi ko‘ylagi eski, bir-ikki joyidan sitilgan edi, yelkasidagi yirtiqlardan badani ko‘rinib turardi. Chehrasi toliqqan, ko‘zlari horg‘in. Tunni bedor o‘tkazgani yaqqol sezilib turardi. Qizaloqqa rahmim kelib ketdi. Favzi buni bilsa, albatta, “ko‘ngilchanligingni qo‘ysang-chi, xomxayol bo‘laverma” deb koyib berardi.
– Boshqa gal yuvib bera qolasanmi? – deb so‘radim Nabaviyadan.
– Yo‘q, shu bugun yuvib beraman, xo‘jayin… — Uning ovozida qo‘rquv ohangi bor edi, ko‘zlarida hadiksirash sezilardi.
– Juda toliqib turibsan-ku? – dedim men.
– Toliqib? – deb qo‘rqa-pisa qaytarib so‘radi qiz.
– Ana, basharang o‘zi aytib turibdi. Ayni shu bugun kir yuvdirishim shart emas.
– Lekin men…
– Mayli, haqingni bugun bera qolaman, kirni boshqa kuni yuvib berarsan…
Qizning yuzi quvonchdan yorishib ketdi, ko‘zlari chaqnadi, u mening qarshimda polda o‘tirar edi.
– Nonushta qilganmisan? – deb so‘radim men.
– Ha, – deb javob berdi qiz. Lekin uning yolg‘on gapirayotgani ko‘rinib turardi.
Men unga qornim ochligini aytdim va ko‘chadan non bilan loviya olib kelib berishini iltimos qildim.
Nonushta qilib bo‘lganimizdan keyin, Nabaviya dedi:
– Xo‘jayin, meni oqsochlikka olsangiz-chi? Men ovqat qilishni bilaman, pol yuvaman, xonani supurib-sidiraman, kir yuvaman, nimaiki ish buyursangiz, hamma-hammasini qilaman. Axir, siz… Axir, sizning yumushlaringizni qiladigan hech kimingiz yo‘q-ku?
Men o‘ylanib qoldim – uning taklifi chakki emas edi. Keyin so‘radim:
– Senga qancha haq to‘lashim kerak bo‘ladi?
– Hech qancha. Faqat ovqat bilan bir burchakdan joy bersangiz bas, ishlayveraman.
Men unga oyiga ellik piastr beraman dedim.
Shunday qilib, Nabaviya menikida qoldi.
Mashg‘ulotlardan keyin universitetdan qaytib kelganimda xonamning sarishtaligini, meni kutib turgan lazzatli taomni ko‘rib xursand bo‘lardim.
Avvaliga Nabaviyadan bironta rost gap eshitishning imkoni yo‘q edi. Bir kuni undan qarindosh-urug‘larini surishtirib qoldim. U otasi Mangur shahrida turishini aytdi, onasi esa Qohirada yashar ekan. Keyin ma’lum bo‘ldiki, Nabaviya na otasini, na onasini bilar ekan.
Boshqa bir gal u qaylig‘i bo‘lganini gapirib qoldi. Qallig‘i hunar bilim yurtining talabasi ekan, lekin uning ota-onasi tufayli qallig‘idan voz kechishga majbur bo‘libdi.
Nabaviya uning tashqi qiyofasini batafsil tasvirlab berdi. Qanday qilib, qaylig‘i uni kinoga taklif qilganini, qanaqa sovg‘a-salomlar olib berganlarini so‘zladi, sevgan odamidan judo qilgan qismatini qarg‘adi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, hech qanaqa qallig‘-pallig‘ degan narsa bo‘lmagan ekan. Qiz bechora loaqal shu tarzda hayotini jinday bezamoqchi bo‘lgan ekan.
U o‘zining el qatori qiz ekaniga, uning ham ota-onasi, qallig‘i borligiga, ota-onasi tuppa-tuzuk odamlar ekaniga, o‘zlariga to‘q turmush kechirishlariga meni ishontirishga urinardi.
Men uning yolg‘onlariga ko‘p ham parvo qilmasdim. Hatto o‘zimni ishonganday qilib ko‘rsatishga ham harakat qilardim, negaki, ko‘rib turardimki, ezilib ketgan bu sho‘rlik qiz yolg‘oni bilan o‘zini tahqirlar va kamsitishlardan himoya qilishga urinardi. Uning hayoti esa turfa xil tahqirlar va kamsitishlarga to‘la edi.
Bir kuni uyga yaqinlashib kelar ekanman, Nabaviyaning past ovozda ashula aytayotganini eshitib qoldim. “O, tun! Qanchadan-qancha sho‘rliklar ustiga pardangni tortasan! Faqat sengina, o, sirli tun, dunyoda qancha qiz bir tishlam non uchun nomusini sotayotganidan xabardorsan!”
Tungi sukunat bag‘rida taralayotgan bu mungli ohang olis-olislarga borib singib ketmoqda edi.
Men Nabaviyadan so‘radim:
– Senga nima bo‘ldi?
– Hech narsa, – deb javob berdi qiz va birdan alam bilan o‘ksib yig‘lab yubordi.
Nihoyat, men Nabaviyani hamma gapni ro‘yirost aytib berishga ko‘ndirdim. U menga yuragini ochdi. Nabaviyaning qalbi g‘am-hasratga va alamli iztiroblarga to‘la edi.
Nabaviya na otasini, na onasini bilardi. Faqat allaqanday odamlarning uyida yashaganini eslardi. Ular er-xotin edi. Ertayu kech sho‘rlik qizni urishganlari urishgan edi, uning tomog‘idan o‘tayotgan har tishlam taom uchun ta’na qilishar, “rahmimiz kelganidan seni boqib o‘tiribmiz” deb pisanda qilishar, “tekinxo‘r, noshukur, yalqov” deb dashnomlar berishardi.
Nabaviya tong qorong‘usida uyqudan turar, pollarni yuvar, yugurib bozorga borib kelar, nonushta tayyorlar, kun bo‘yi bekasi va xo‘jayinning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish uchun yelib-yugurar, tun yarimlagandan keyingina uyquga yotardi. Uning yotadigan joyi yo‘lakda edi. U quruq polning ustiga yotardi-da, ertalab tong yorishmasdan yana yugur-yugurini boshlamoq uchun uyquga kirardi.
Bir kuni kechqurun beka Nabaviyaga choy qaynatishni buyurdi. Nabaviya bexosdan choynakni qo‘lidan tushirib yubordi. Choynak sindi. Bekaning jon-poni chiqib ketdi. Fazabdan qizarib ketgan, ola-kula ko‘zlaridan o‘t chaqnagan beka Nabaviyaga tashlanib, uni ura boshladi. Og‘riqdan qizaloq qancha balandroq faryod cheksa, bekaning g‘azabi shuncha olovlanib borardi. U qizning sochidan changallab, polda sudraganicha burchakka olib bordi, u yerda uning qo‘l-oyoqlarini bog‘ladi-da, otashkurakni o‘choqqa tiqib qizdira boshladi.
Nabaviya dag‘-dag‘ qaltirab, qo‘rquv ichida yana nima bo‘lishini, qandoq qiynoqlarga duchor qilinishini kutardi. Beka esa bamisoli esini yo‘qotib qo‘ygandek ko‘rinardi. U lag‘cha cho‘g‘ bo‘lib qizigan otashkurakni o‘choqdan olib, qizning oyoqlarini savalay ketdi. “Men senga ko‘rsatib qo‘yaman! Choynak sindirish qanaqa bo‘lishini bilmas ekansan!” — deb vaysardi u.
Nabaviya og‘riqdan g‘ujanak bo‘lib olgandi. Qiz bechora tuni bilan yig‘lab chiqdi. Tahqirlar ertasiga ham davom etdi. Qorong‘i tushganida Nabaviya kuygan oyoqlarini zo‘rg‘a bosib, ko‘chaga chiqdi.
Uning boradigan joyi yo‘q edi. O‘n ikki yashar qizaloq sovuqdan diydirab, yo‘lkaning bir chekkasida qunishib o‘tirardi. Oyog‘idagi yaradan qon sizib oqardi. Uning yoniga politsiyachi kelib, o‘shqirdi:
– Nima qilib o‘tiribsan bu yerda?
U yuragi taka-puka bo‘lib, javob berdi:
– Hech narsa. Uyqum kelyapti. Uxlayman.
Politsiyachi uning yuziga qaradi. Keyin nima bo‘lganini so‘rab-surishtira boshladi. Qiz bo‘lgan voqeani aytib berdi.
– Qani, yur, bo‘lmasa… Menikida turasan…
Nabaviya indamay uning orqasidan ergashdi. Ular katta ko‘chadan ancha yurishdi, keyin tor ko‘chaga burilishdi, bir uyga borib, ichkari kirishdi-da, aylanma zinadan yuqori ko‘tarilishdi. Ular kirgan uy ikki xonali edi. Politsiyachi chiroqni yoqdi va qizga dedi:
– Men ketaman. Ertalab kelaman. Sen bemalol yotib, uxlayver.
Politsiyachining mehribonligini ko‘rib Nabaviya hayron qolibdi – axir, u qizaloqqa rahmi kelib, uni uyiga olib keldi…
Asta-sekin qiz o‘ziga keldi. xonani ko‘zdan kechira boshladi. Xonalardan birida kattagina karavot, javon, divan turar, uning poliga bo‘yra to‘shalgandi. Ikkinchi xonada esa bitta xontaxta. Uchta kursi bor edi. Devorlarida esa bir nechta suvrat ilingan. Oradan ko‘p o‘tmay, horg‘inlik qizni yengdi va u uxlab qoldi.
Men so‘radim:
– Senga bilim yurtining talabasi uylanaman degan ekan. Nima bo‘ldi?
– E, yo‘q. Bu gaplarni o‘zim to‘qigandim.
– Hozirgi gaplaringni ham to‘qib chiqarayotganing yo‘qmi?
– Yo‘g‘-e… Hozirgi gaplarimning hammasi rost.
Men unga hammavaqt rost gapirish kerakligini aytdim.
U javob berdi:
– Yigitning menga “uylanaman” deyishini juda-juda istagan edim. Mening ham ota-onam bo‘lsa derdim. Jinday baxtli bo‘lishni xohlardim.
Qizaloq indamay qoldi.
Men so‘radim:
– Hozir biror gapni to‘qib chiqarging kelmayaptimi?
– Yo‘q. Sizga faqat rost gapirgim kelyapti. Siz juda mehribon odam ekansiz. Shunday qilib, ertasiga ertalab politsiyachi qaytib kelib, meni uyg‘otdi. U non, pishloq, rediska,xurmo, jinday go‘sht olib kelibdi. Sizga bularni batafsilroq gapirib berishga qiynalyapman, xo‘jayin, faqat bir narsani aytaman, xolos. Politsiyachi mening nomusimga tegdi. Holbuki, men o‘n ikki yoshda edim. Men unga ham o‘ynash, ham oqsoch bo‘ldim.
– Yo‘g‘-e. Bo‘lishi mumkin emas, — deb xitob qildim.
– Hamma gapim rost, xo‘jayin.
– Keyin-chi?
– Nima “keyin-chi?”
– Bularning hammasi qanday ro‘y berishi mumkin, Nabaviya?
U gaplarini davom ettira olmay, boshini quyi soldi.
– Uning uyida ahvoling nima kechdi? – deb so‘radim men.
– U menga durra, ko‘ylak olib berdi. Hatto botinka sovg‘a qildi. Lekin “ko‘chaga chiqmaysan” deb tayinlab qo‘ydi. “Gapimga kirmasang, o‘ldiraman” dedi.
– Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?
– Men undan juda ham qo‘rqardim, xo‘jayin. Rostdan o‘ldirib qo‘yadi, deb o‘ylardim. Ostona hatlab, tashqariga chiqishni xayolimga ham keltirganim yo‘q. Bir kuni uning oldiga qishloqdan qarindoshlari keldi. Ularga meni “oqsoch” deb tanishtirdi. Ularning gap-so‘zlaridan angladimki, qarindoshlari unga qishloqda kelin topishibdi. O‘sha kundan boshlab, uning menga muomalasi sovudi. Aftidan, mening ham undan ko‘nglim qolishini xohladi, shekilli.
– Xo‘sh, keyin-chi? Keyin nima bo‘ldi?
– Keyin u meni uydan haydab chiqardi, nomusingga tekkanimni biror odamga og‘zingdan chiqaradigan bo‘lsang, o‘ldiraman deb po‘pisa qildi. Men chiqib ketdim… Charchoqdan zo‘rg‘a qadam bosib, ko‘chama-ko‘cha ko‘p tentiradim. Keyin bir xotinga ro‘para keldim. Unga oqsoch bo‘lmoqchi ekanimni aytdim. U menga kir yuvuvchi bo‘lishni maslahat berdi va Qohiradagi boshqa shahardan kelgan talabalar yashaydigan mahallani ko‘rsatib qo‘ydi. Men talabalarning kirlarini yuvib yuribman.
– Faqat kirini yuvasanmi?
– Ular meni istagan ko‘ylariga solishadi.
U lablarini qimtib, indamay qoldi, keyin alam bilan dedi:
– Men — sho‘rlikning nima ilojim bor? Kimdan himoya izlashim kerak?
– Politsiyachinikida ko‘p yashadingmi?
– Bir yilcha yashadim-ov…
– Uyi qayerda edi?
– Yo‘q, yo‘q, aytmayman. Qo‘rqaman…
– O‘zing bilasan…
– Avvalgi xo‘jayinimnikidan ketmasligim kerak edi. Lekin ular meni yomon kaltaklashardi.
– Kir yuvish bilan anchadan beri shug‘ullanyapsanmi?
– Rosa bir yil bo‘ldi. Politsiyachinikidan ketganimdan beri…
– Xafa bo‘lma, Nabaviya. Ehtimol, sen menikida turishni xohlamay qolarsan? Unda ayt, seni qishloqqa, ota-onangning yoniga jo‘nataman.
– Kechki taomni yeganmisiz, xo‘jayin.
– Ha. Tamaddi qilgandim. Sen-chi?
– Menmi? Uncha ishtaham yo‘q.
– Mayli. Borib yot, bo‘lmasa…
Anchagacha uxlayolmay yotdim. Shiftga tikilib, sho‘rlik qizning fojeona taqdirini o‘yladim. Men uni hayotning sovuq hamla xurujlaridan himoya qilishni istardim. Men qizning ko‘ksovga o‘xshab yo‘talayotganidan xavotirda edim.
Tong otdi. Tun bedor o‘tgani uchun juda lanj kayfiyatda to‘shakdan turdim. Nabaviya hali uyg‘ongani yo‘q. Uni uyg‘otgim kelmadi, kiyindim-da, endi chiqib ketmoqchi bo‘lib, qo‘zg‘algan edim, to‘satdan kimdir eshikni qoqdi. Kelgan odam Favzi edi.
– Ie, iye, kelsinlar. Xush ko‘rdik…
– Ha, yo‘l bo‘lsin?
– Universitetga.
– Bugun dars bo‘lmaydi, — dedi Favzi kulib. – Kinoga bormaymizmi?
Men juda erta turganimdan afsuslandim. Chiqib ketayotganimizda Favzi burchakda ustiga yupqa choyshab yopinib, burchakda g‘ujanak bo‘lib yotgan Nabaviyani ko‘rib qoldi va hayron bo‘lib so‘radi:
– Bu kim?
– Nabaviya…
– Yashavor-e! Senga ham aql kiradigan kun bor ekan-ku…
– Sen adashyapsan, Favzi.
– Unday bo‘lsa, o‘zim undan so‘rab ko‘raman.
– Bilasanmi, Favzi. Sening gaplaring menga malol kelyapti.
Mening achchig‘im kelayotganini ko‘rgan Favzi jinday yumshadi.
– Bilganingni qilaver, do‘stim. Menga desa, umringning oxirigacha xayolparast bo‘lib qolaver.
Men ham biroz jahldan tushdim, sho‘rlik qizning kechasi bilan yo‘talib chiqqanini aytdim.
– “Yo‘talib chiqdi” deysanmi? Unday bo‘lsa, uni darhol uyingdan quvla…
– Yo‘q, men uni vrachga olib boraman.
– Xo‘p g‘alati odamsan-da, do‘stim. Albatta, sen nima qilaman desang, ixtiyor o‘zingda. Lekin mening maslahatimga yursang, uni hozirning o‘zida uyingdan haydab chiqar.
– Yo‘q, men uni vrachga olib boraman, unga dori-darmon olib beraman, u shu yerda yashaydi. Shu yerdan u yo tuzalib chiqib ketadi, yo o‘ligi chiqadi. Shunda u bizga o‘xshaganlardan xalos bo‘ladi.
– Sen meni biror narsada ayblayapsanmi?
Favzi darg‘azab bo‘lib xonadan chiqdi. Chiqib ketayotganda, po‘pisa qildi:
– Bu uyga qadam izi qilsam, otimni boshqa qo‘yganim bo‘lsin…
Ochig‘ini aytsam, do‘stimning bu ishi g‘ashimga tegdi, achchig‘im keldi. Bunga o‘xshagan odamning qalbi yo‘q. Birovning dardi ularga ta’sir qilmaydi. Bunaqalar faqat mushtlashishga yaraydi, xolos.
Kun endi boshlanmoqda edi. Men Nabaviyani shahardagi eng taniqli vrachlardan birining huzuriga boshladim. Vrach uni sinchiklab ko‘rib chiqib, nafas olish yo‘llari shamollaganini, boshqa hech qanday qo‘rqinchli kasali yo‘qligini aytdi. Buni eshitib, xursand bo‘lib ketgan qiz, menga minnatdorlik to‘la nigohini tikib, shivirladi.
– Xudo xayringizni bersin. Mendan qaytmasa, xudodan qaytsin.

Nabaviya sukutga cho‘mib o‘tirardi. Ehtimol, u o‘zining qayg‘uli o‘tmishini o‘ylayotgandir. Birdan u qo‘llari bilan yuzini yashirib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
– Ha, nima bo‘la qoldi?
– Bilmayman…
– Bilasan.
– Nega ishonmaysiz? Bilmayman.
– Ehtimol, biror narsa esingga tushib ketgandir?
– Ha! Politsiyachi mening nomusimga tekkani esimga tushib ketdi. Koshki – u menga uylangan bo‘lsaydi…
– Sen uni yaxshi ko‘rarmiding?
– Yo‘q. Men undan qo‘rqardim.
– Nega bo‘lmasa, uni bot-bot eslab turasan?
– Nega menga uylanmaganiga sira aqlim yetmaydi. Men…
– Hadeb o‘tgan gaplarni kavlayverma, Nabaviya. Undan ko‘ra kelajakni o‘yla.

Nabaviya mening xonamga ko‘nikib qoldi. Mening xonam garchi unchalik fayzli bo‘lmasa-da, unga juda qulay va fayzli ko‘rinardi. Nima bo‘lganda ham Nabaviya shu xonadan panoh topgan edi.
Har kuni Nabaviya bozorga qatnar, sabzavot, go‘sht, non xarid qilar, taom pishirar, xonani supirib-sidirar edi. Shu ahvolda u bir oy yashadi, yuzlariga qon yugurdi, unga hayot yana qayta boshlaganday edi.
Ammo kunlardan birida peshinda eshik taqillab qoldi. Nabaviya bozorga ketgan, men esa shu kuni uyda qolgan edim. Eshik qoqqan qirq yoshlardagi, semiz, pak-pakana badbashara ayol ekan. Uning yuzi qorachadan kelgan, ko‘zlari qisiq, ustiga qora chodra yopinib olibdi.
– Keling, xizmat? – deb so‘radim men.
– Menga Nabaviya kerak edi.
– O‘zingiz kim bo‘lasiz?
– Men uning xolasiman.
– Xolasi? Nabaviya bozorga ketgan. Keling, ichkariga kiring.
– Yo‘q, men boshqa gal kelarman. Sizga malol kelmasa. Kelganimni aytib qo‘ysangiz…
Ayol ketganidan so‘ng, bu xotin Nabaviyaning menikida yashashini qayoqdan bilishi mumkinligini o‘ylay boshladim. Nabaviya bozordan kelishi bilan uni so‘roqqa tutdim:
– Qohirada qarindosh-urug‘laring bormi?
Nabaviya olib kelgan narsalarini joy-joyiga qo‘ydi. Keyin menga o‘girilib, yuzimga tik qaradi.
– Axir, sen na otam, na onamni bilaman degan eding-ku?
– Ha, degan edim.
– Yana meni aldayapsanmi, Nabaviya?
– Yo‘q, xo‘jayin.
– Unday bo‘lsa ayt – kim bu xotin?
– U menga qarindosh emas, xo‘jayin.
– Uni qayoqdan taniysan, bo‘lmasa?
– Uni bozorda ko‘rib, tanishib qolganmiz. U mening turmushimni so‘rab-surishtira boshladi. Men unga bor gapni gapirib berdim. U menga munchoq olib berdi. Keyin “menga qiz bo‘lasanmi? Mening farzandim yo‘q” dedi.
– Seni xafa qilmoqchi emasman-u, Nabaviya, lekin bu xotinga ishonib bo‘lmaydigan ko‘rinadi. Juda ham so‘xtasi sovuq ekan. Menimcha, u buzuq ayolga o‘xshaydi. Shunaqalar qizlarni yo‘ldan urib qo‘shmachilik qiladi.
Nabaviya qo‘rqib ketib, hadik to‘la ko‘zlarini menga tikdi:
– Endi nima qilaman, xo‘jayin?
– U xotin bilan boshqa uchrashma.
– Lekin u meni yaxshi ko‘radi-da. xo‘jayin?
– Muncha sodda bo‘lmasang, Nabaviya?
Dilimda esa “Bechora qiz, biror kimsaning mehriga muncha tashna bo‘lmasa” degan fikr o‘tdi.
Men Nabaviyaning quvonchsiz, azob-uqubatlarda o‘tgan bolaligini esladim. Uning o‘smirligini, u yillarda chekkan jabru jafolarini xayolimga keltirdim. Men uning mehr-muhabbatga mushtoqligini sezib turardim, axir, u ota-onaning mehrini ko‘rmay ulg‘aygan-da! Mehr-muhabbat epkini jinday esib o‘tsa-da, uning sog‘inchga to‘la qalbi quyoshni ko‘rib barg yozgan g‘unchadek ochilib ketaverar edi. Lekin anavi xotinga mening ishonchim yo‘k edi.
– Nima uchun bu ayol seni yaxshi ko‘rishiga ishonyapsan?
– Uning o‘zi aytgan. U meni quchoqlab, o‘pgan…
– Mayli, bu to‘g‘rida hali sen bilan yana gaplashamiz. Mening maslahatlarim senga kor qilib qolar deyman, nima deysan?
– Nima desangiz shu, xo‘jayin. Hamma aytganingizni bajo keltiraman.
Oradan bir necha kun o‘tdi.
Bir kuni kechqurun Nabaviya mendan so‘rab qoldi.
– Onangizni anchadan beri ko‘rganingiz yo‘qmi, xo‘jayin.
– Ha, ancha bo‘ldi.
– Juda sog‘inib qolgandirsiz?
– Nega buni surishtirib qolding?
– Negaki, onaning mehri – ulug‘ narsa. Unga yetadigan hech narsa yo‘q.
– Sen buni qayoqdan bilasan?
– Onamdan bilaman…
Ortiq u hech narsa demadi, lekin men uning o‘z sirini ochishga tayyor ekanini his qildim. Beixtiyor anavi semiz badbashara xotin esimga tushdi, biroq bu oqshom men o‘z ishlarim bilan shu qadar band edimki, Nabaviya bilan suhbatni davom ettirishning sira iloji bo‘lmadi.
Bir kuni universitetdan qaytib kelib, men Nabaviyani uydan topmadim. Avvaliga men uni bozor-o‘charga ketgandir deb o‘yladim. Biroq oqshom cho‘kdi, hammayoqni qorong‘ilik bosdi hamki, undan darak yo‘q edi. U qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykin? Nahotki, uning g‘oyib bo‘lishi anavi xotinning kelishi bilan bog‘liq bo‘lsa? Yoki bu yerda biror yangi yolg‘on bormikin? Fikrlarim chuvalashib ketdi. Ertasiga hech qayoqqa bormay, uyda qoldim. Peshinda eshik taqilladi. Eshikni ochib, ostonada o‘sha xotinni ko‘rdim. Rosa hayron bo‘lib qolgan edim.
– Nabaviya qani?
– Nabaviya siznikida emasmi? Agar uni darrov topib bermasangiz, politsiyaga xabar qilaman.
– Nima deb aljirayapsan, yigit! Qanaqa politsiya? Qani Nabaviya?
U g‘azablanib, baqirib-chaqira boshladi.
– Siz yolg‘onchi ayol ekansiz, siz uning xolasi emassiz!
Ayol hang-mang bo‘lib qolganday ko‘rindi. U o‘zining chodrasiga yaxshilab burkanib oldi-da, ketayotib dedi:
– Ha, men uning xolasi emasman. Men uning onasiman. U mening izmimga yuradi. Men buni senga isbotlab beraman…
Oradan to‘rt oy o‘tdi, Nabaviyadan hamon darak yo‘q edi. Axiyri, men undan butkul umidimni uzdim – endi qizni hech qachon ko‘rmasam kerak. Xayolan men unga yaxshilik, toza hayot tiladim.
Oqshomlardan birida ostonada Nabaviya paydo bo‘lganini ko‘rib, nechog‘liq lol qolganimni ko‘rsangiz edi! Uning ko‘zlari olazarak, yuzida gunohkorlik ifodasi zuhur etardi.
– Kir ichkariga.
U indamay ichkari kirdi.
– O‘tir. Qayerda eding?
– Men erga tegdim.
– Biron og‘iz men bilan maslahatlashmay-a?
– U menga sizni rozilik bermaydi dedi.
– Kim ekan u?
– Sambo.
– Sambo deganing kim ekan?
– Yosh yigit. Mening erim.
– Ering bo‘lsa, qani u? Nima bo‘ldi? Nega kelding?
– Ajralishdik.
– Darrov-a?
– U menga bir chaqa ham pul bermasdi. Ochdan och o‘tiraverardim. Keyin mening talog‘imni berdi.
– Ajralganing haqidagi hujjating qani?
– Uning qo‘lida.
– Uning o‘zi qayerda?
– U Zaynab mahallasida yashaydi.
– Mayli, bu gaplarni qo‘y. Hammasini unut. Hech narsani o‘ylama. Mening gapimni qulog‘ingga ol.
– Men xato qildim, xo‘jayin! Meni kechiring.
Shunday deb Nabaviya ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

Endilikda men Nabaviyaning menikidan nima uchun ketib qolganining sababini bildim, lekin harchand urinmay, nima uchun uning ikkinchi marta g‘oyib bo‘lishining sabablarini aniqlay olmadim. U qaytib kelganidan so‘ng menikida yigirma kun turdi-da, keyin yana g‘oyib bo‘ldi. Men uning bu ishini na tushundim, na oqlay oldim. Uning birinchi marta g‘oyib bo‘lib qolganining mendagi alami hali tarqamagan edi. Men uning qarshimdagi gunohini his etishini o‘ylagan edim. Endilikda shuni eslasam, o‘zimga o‘zim bamisoli bir jinoyatchiday ko‘rinaman.
Kunlar, kunlar ketidan haftalar o‘tib borardi. Shu ahvolda bir yil o‘tdi.
Bir kuni yarim kechada Mizbax ko‘chasi bo‘ylab uyga qaytib kelmoqda edim. To‘satdan birov orqamdan chaqirib qoldi.
– Xo‘jayin! Ho-o, xo‘jayin.
Orqamga o‘girilib, Nabaviyani ko‘rdim.
– Nabaviya! Senmisan?
Uning rangida qon qolmagan, ko‘zlari ichiga botib ketgan, lablari so‘lg‘in edi.
– Gunohimdan o‘ting, xo‘jayin…
– Qayerlarda yuribsan, Nabaviya?
– Mendan so‘ramang, xo‘jayin. Men…
Anavi xotin esimga tushdi.
– Xolangmi?
– Ha, meni bu yerga o‘sha xotin olib keldi.
Qiz o‘qchib-o‘qchib yo‘taldi. Quruq yo‘tal uning bemalol nafas olishiga yo‘l bermayotgan edi.
– Men bilan ketasanmi?
U menga qaradi-da, shoshilib dedi:
– Keting. Tezroq keting bu yerdan. Bo‘lmasa, ular sizni ham, meni ham o‘ldirishadi.
– “Ular” deganing kim?
– Kim bo‘lardi. Anavi xotinning odamlari.
– Ular botina olmaydi, – dedim men Nabaviyani tinchitishga urinib.
– Ular — bezorilar. Ular mening har bir qadamimni ta’qib qilishadi. Menga o‘xshaganlarni ta’qib qilishadi. Ular bu mahallaning qorong‘i tor ko‘chalarida bizni pulga sotishadi. Uni yana yo‘tal tutdi. Shu choq uning yoniga yag‘rindor bir yigit keldi-da, qo‘pol ohangda buyurdi:
– Qani, yur, Nabaviya! – Shunday deb uning bilagidan tutdi-da, qizni sudrab, zimiston tor ko‘chaning qa’riga singib ketdi…

Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 8-son