Yigit ot ishqibozi, otlari son-sanoqsiz edi. Lekin shuncha otning ichida bodom gul rangli otiga ko‘ngil qo‘ygan, uni xotini, bolalari, yoru do‘stlari singari yaxshi ko‘rardi. U jonivor yigitning eng yaxshi yo‘ldoshi edi-da. Agar biron kun o‘sha otiga minmasdan, ko‘chada yayov yurib qolsa, o‘zini charchagan, horg‘in sezar, hamqishloqlarining hazilu sho‘xliklari ham qulog‘iga yoqmasdi. O‘zini ezilgan, qo‘lidan bir narsa kelmaydigan odamday his qilardi. Va ichida takrorlardi: “Asli ot erkakning uchar qanotidir”. Oti sho‘x edi va yigit bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rar, unga erkalik qilardi. U yaqinlashishi bilanoq jimgina turgan otga jon kirib, kishnab o‘ynoqlardi. Tuyoqlarini yerga taq-taq urar, quloqlarini chimirar, yollari tikrayardi, bo‘ynini o‘ynatib gijinglardi. Ot egasining yelkalariga labini bosar, bilaklarini mehr bilan asta tishlaganday bo‘lardi. Shunday paytlarda quvonch va yigitlik zavq-shavqi ichiga sig‘masdi. Odamlar ko‘z o‘ngida otning chiroyi yildan-yilga ochilib borar, kuchi borgan sari ko‘payib, yo‘rg‘asi, chopishi misli o‘q edi. Qariyu yosh shu meniki bo‘lsaydi, deganday otdan uzoq vaqt ko‘z uzmas, “Sara jonivor… chiroyliligini qarang, mamlakat xirojiga arziydi. Xudo yarlaqagan, didli, yaxshi molni taniydigan yigit ekan”, deyishardi.
Uloq paytida ot bamisoli qanot chiqarar va bir qarasang, kishnagancha ko‘z ko‘rmagan kuch bilan boshqa otlarni yaqinlashtirishga qo‘ymas, xalal berayotgan otlarni tishlab, ilondek buralib-buralib to‘dadan egasini olib chiqib ketardi. Va unga g‘alaba keltirardi. Shunda odamlarning qiyqiriq, olqishlari osmonga o‘rlar, ayrim ichiqoralarning dilida ot bilan yigitga nisbatan yomonlik qaynab-toshardi. Ha, chiroyli shu dongdor otining ortidan yigitning do‘stu dushmanlari ko‘payar, ichi yonib, ko‘rolmaydiganlar gijinglab turadigan jonivorning joniga qasd etishni ko‘ngillariga tugishardi. Ular uloqchilar o‘yiniga berilib ketadigan lahzalarda yigit qamchinini tishlagancha, uzangiga tiqilgan oyoqlari bilan niqtab, tezlab, raqiblarning jon berguday qarshiligini yengib to‘dani yorib chiqishga intilardi. Ich-ichlari yongan yomon niyatli odamlar o‘sha o‘zg‘ir tulporning yo‘lini to‘sishga urinardi. Maqsadlari bitta – jonivorni safdan chiqarish, ayovsiz savalash va muhimi, uloqda yutmay egasining g‘azabiga uchrasin, deya zo‘r berishardi. Lekin oti qiynalayotganini ko‘rgan lahzalarda yigit o‘zining tizzalariga mushtlar, tulporning ter bosgan peshonasini silar, yo jonivor ustiga bag‘rini bosgancha unga behol osilib, quloqlariga eshittirib achchiq-achchiq kulardi. Shu ko‘yi terlagan ot sag‘rinini mehribonlik bilan silab-siypalardi. Jonivor yengil nafas olgancha gijinglashga tushardi.
Aslida gina-kudurat, ko‘rolmaslik otning chaqqonligi, o‘zg‘irligi va chavandozning mahorati, uloq tortishga ustaligidan kelib chiqqandi. Qaysi bir ko‘pkarida baxti kulib boqmasin, ot va chavandozning ta’rifi og‘izdan-og‘izga ko‘char, baxilu qora niyatli kimsalar esa kuyib-yonardi.
Bir kuni chavandoz yigitning do‘stlaridan biri otingni menga sot, deb qoldi.
– Sotmayman, – dedi yigit. – Nima jinni bo‘lib qoldingmi? Yaxshisi, yuragimga xanjar sanch-da, keyin otimni ol…
Lekin do‘sti oylar o‘tib, yil o‘tib ham aytganidan qolmadi, qayerda ko‘rsa otingni sot, deb turib olaverdi. Yigit uning yuzsizlarcha xiraligiga chidayolmadi va “E, mayli ol. Jonimga tegib ketding. Shaytondan qutulish mumkin, biroq sendan qutulib bo‘lmas ekan. Olaqol, tekinga berdim otimni”, dedi nafrat bilan. Uning bu ishidan hatto dushmanlari hayratda qolishdi, do‘stlari esa o‘yga cho‘mdi.
– Ahmoq, hali pushaymon bo‘lasan, – dedi do‘stlar bir ovozdan. – Bunday yaxshi otni boshqa topib bo‘psan. Bu ot senga nima yomonlik qildi?
– U insofsiz boshini aylantirib, ko‘zini ko‘r qilgan. Joniga tegib ketgan…
– Balki… Lekin chavandoz hotamtoy ekan, uch-to‘rt marta so‘raganga qo‘shqo‘llab tutqazib yubordi-ya.
– Yo‘q, bu ishi yaxshilikka olib bormaydi. Axir bedov ot yigitning ko‘rki, nomusi hisoblanadi… Qiziq, kimga achchiq qilasan? Gadoy arazlasa, xaltasiga ziyon, deyishadi-ku…
– Yuz so‘m puling bo‘lmasin, yuzta do‘sting bo‘lsin, deganlar…
– E-e, ta’magir, faqat o‘zining manfaatini o‘ylaydigan odam hech qachon do‘st bo‘lmaydi.
– Ot topish oson, lekin do‘st har kuni topilmaydi. Do‘stingni yo‘qotding, aqlingdan ayrilding, deydilar-ku…
Yigit otini eng chiroyli yugan, jabduqlar bilan yasatib, hovli o‘rtasidagi yakkalikka bog‘lab qo‘ydi. Ikki-uch oylik parvarishdan so‘ng tor otxonadan keng, yorug‘, ochiq maydonga chiqqan ot quvonganidan qoziq atrofida o‘ynoqlar, boshini chiroyli silkitib kishnar, tuyoqlarini yerga urib, yol va dumini hurpaytirardi, lekin nigohida allanechuk bir tashvish zuhurlanib, xotirjam, o‘z yumushi bilan ovora xonadon ahliga iltijo bilan termulardi. Yigitning xotini o‘yga botib, g‘amgin holda jonivorning tumshug‘i oldiga bir tovoq arpa keltirib qo‘ydi, bu uydagi oxirgi nasibasini yesin, dedi. Uning shunday odati bor – eri sotmoqchi bo‘lgan otlarga xayrlashishdan oldin nasibasini keltirib berar hamda insoniylik qarzimni ado etdim, deya yuragidagi yuk yengillashganday bo‘lardi. Lekin ot arpani hidladi-da, og‘ziga bir donasini ham olmadi. Qaytaga hasratdan kuyayotganday chuqur nafas oldi. Go‘yo u “bevafo egamning arpasini yeyishni istamayman”, demoqchidek edi. Arpa to‘la tovoqqa qo‘shilib, ayolning ovozi ham titradi: “Bilibdi, axir u hamma narsani tushunadi, aqli bor, ot qayg‘uga botgan, – dedi ayol noligancha ko‘z yosh to‘kib. – Ilgari arpani o‘ynab-o‘ynab yerdi… Otni bermang, ko‘nglimni yaralamang. Uyimizning ko‘rki, barakasi mana shu ot. Bermang…”
Yigitning labiga kulgi yugurdi, lekin o‘sha zahoti birdan oqardi. U to‘y kechasidan keyin yangi kelinchakka aytgan gaplarini esladi: “Bir istagim bor: mening xursand yurishimni istasang, otimga yaxshi qaragin. Men och qolsam, chanqasam, mayli, lekin otim och qolmasin, suvsamasin”.
– Qo‘rqaman. Mabodo tepsa, nima qilaman? – dedi iymanibgina kelinchak.
– Yo‘q, bu aqlli jonivor, ko‘nglingdagini sezib turadi, mening sevganimni hech qachon xafa qilmaydi, – dedi yigit. – Kel, peshonasini sila, suv, somon berayotganingda yolini, bo‘ynini siypalagin. Qarabsanki, senga o‘rganib otim xuddi o‘z ining kabi mehribon bo‘ladi. Eng aqlli hayvonlardan biri shu ot bo‘ladi…
Kelinchak yigitning ortida jur’atsizgina turgancha cho‘chib-cho‘chib, otning peshonasidan siladi. Jonivor jimgina turar, na yungi, na paylari qimir etmas, osuda nafas olardi. Kelinchak otning peshonasi, bo‘ynidan asta-asta silar ekan, to‘satdan uning ko‘zlarida o‘zi va erining aksini ko‘rib qoldi. Er-xotin yelkama-elka turardi. U xuddi shunday holatni nikohdan so‘ng, chimildiqda ko‘rgandi. U qizlar yuragi uyat, hayajon va iztirobdan dukillab uradigan lahza edi. Kuyovni yigitlar o‘rtaga olib, qo‘shiq aytgancha kelinchakning oldiga olib kirishdi. Ko‘zgu tutgan yanga kirib keldi va sho‘x hazillar qilib, kelin-kuyovni bir-birlarining yuz-ko‘zlariga tikilishga undadi. Ana shu lahzada ular ilk bor bir-birlarini ko‘zguda ko‘rishdi. Qizning yuzi lov-lov yonar, qizarib ketgandi, uning shahlo ko‘zlari xuddi tuzoqqa tushgan kiyikdek qochishga joy topa olmasdi. Yigit esa xotirjam edi, balki o‘zini shunday tutayotgandir, har holda labidan kulgi arimas, hayo to‘la chanqoq ko‘zlari qizning hurkak ko‘zlaridan uzilmasdi… Hozir ular yana otning buloqdek toza ko‘zlarida bir-birlarini ko‘rib turishardi.
O‘sha kecha yigit kelinchakka bir qissa aytib berdi. Bir yigitning yeru ko‘kka ishonmaydigan sevimli oti bo‘lgan ekan, xotini rashki kelib, jonivorga zahar beribdi.
– Ot o‘libdimi?
– Ha-da. Ot nozik jonivor… Devday kuchi boru, lekin nozik…
– Razil, yaramas. Ayol degani ham shunchalik shafqatsiz bo‘ladimi? Eri xotiniga qanday jazo beribdi?
– Hech qanday…
– Nega? Demak, u otini chin dildan yaxshi ko‘rmas ekan, – kelinchak fig‘oni chiqqudek pichirladi.
– Yaxshi ko‘rgan, shunday yaxshi ko‘rganki, buni ta’riflashga til ojiz. Lekin xotinini ham jonidan ortiq sevgan ekan…
– Sho‘rlikka qiyin bo‘lgan ekan, bir tomonida o‘t, bir tomonida suv…
– Shu-shu yigitning hayotdan ko‘ngli soviydi. Qadrdon otiga motam tutib, uyda o‘tirib qoladi. Ishi yurishmaydi. Bekorchilikda g‘ijjakka o‘xshash bir soz yasaydi. Sozning boshi va quloqlari otning boshi va quloqlaridek chiroyli edi. U bir umr otining firog‘ida o‘sha sozida kuyib-yonib, dillarni o‘rtaydigan kuylar chalib o‘tadi…
– Aqlingizni o‘g‘irlabdi! Sehru jodu qilibdi! Kallangizni ishlatib, otni bermang! – ayol otning mahzun qarashlari hamda o‘ziga yarashiqli bejirim harakatlaridan ko‘z uza olmay yig‘lamsirab, qotib turgan eriga so‘z qotgandi.
– Mol qo‘lning kiri, – yigit asta suqladi. – Ketadiyu keladi. Lekin do‘stdan narsa ayash mardning ishi emas. Bobom yuzta mol do‘stning bitta tirnog‘iga arzimaydi, derdilar.
– O‘sha odamning sizga nisbatan yuragida zarracha mehr yo‘q, u otingizga ishqiboz… Otni ola qochsa, bas.
Xotinining malomat to‘la gaplari yigitning ichida yonayotgan alamga yana olov sepdi va uning yuragidagi jarohat og‘rig‘i ikki baravar kuchaydi. “Shu paytgacha men o‘z so‘zimdan qaytmaganman!” Yigitning lablaridan alamli so‘zlar to‘kildi. U shitob bilan otning arqonini qoziqdan yechib olgach, darvoza tomon yetakladi. Boshqa ko‘rmasin va eshitmasin…
Hovlida dod-voy ko‘tarildi. Chavandozning xotini, bolalari bobolari va buvilari tobutining ortidan yig‘lashganday voy-voylashdi. Ular yosh to‘la ko‘zlaridagi nafratu nadomatni yashirmasdan otga ko‘z tikkan odamga qadashdi. Jonivor avvaliga alamini bosa olmasdan achchiq-achchiq pichirlagandek bo‘ldi, keyin yig‘lamsiragandek kishnadi. Yigit qishloq etagidagi qir tepasigacha otning jilovidan ushlab istar-istamas qadam bosadi. U jilovni do‘stining qo‘liga topshirar ekan, ot jimgina o‘yga tolgandek turaverdi, so‘ng boshini egib, tuproqni hidladi, og‘ir oh tortganday bo‘ldi, g‘am to‘la ko‘zlarining chetidan yosh dumaladi. Buni faqat yigit ko‘rdi, uning ham ko‘zlari namlandi.
– Egar-jabduqlarini ol, – hayajonga to‘lgan do‘sti quvonchini yashirolmasdi. – Kerak bo‘ladi…
– Yo‘q, – dedi achchiqqina kulib yigit. – Otni senga ataganimdan keyin, egar-jabduqlari nima degani? Ular faqat shu otga yarashadi.
U do‘stining avzoi birdaniga o‘zgarib ketganini ko‘rdi. Do‘st kaftiga son-sanoqsiz oltin tangalar yog‘ilayotganday talvasaga tushdi, jilovni olar ekan, qo‘llari titrab ketdi, ovozi allanechuk yotlashdi, ko‘zlari bejolanib, goh chavandozga, goh otga javdiray boshladi. Balki chavandoz so‘zidan qaytib, xazinani qaytarib olmasin, deya qo‘rqqanidan shoshib uzangiga oyoq qo‘ydi, mushukdek bir sakrab jar labiga qo‘ndi, so‘ng na xayr, na xush bor ustma-ust qamchi bosdi. Jonivor dabdurustdan telbalanib qoldi. U ustma-ust kishnadi, go‘yo yeru ko‘k uning faryodiga to‘ldi. Otning kishnashi xiyonat, bedodlikka qarshi isyondek, e’tiroz misol edi. Ana keyin jonivor chinakam isyon ko‘tardi. Uning ko‘zlari kosasidan chiqquday bejo, ola-kula bo‘lib ketdi, ikki-uch marta orqa oyoqlarida tik turdi, o‘zini u yon-bu yon tashladi, qattiq yer tepindi-da, aylana ketdi. U quyundek aylanar, tumshug‘i osmonga yetay derdi. Balki u shunday qilib orlangancha ustidagi zildek yukni va jonsiz tanadek poliz qo‘riqchisini uzoq-uzoqlarga irg‘itib tashlashga intilardi. Ot tuyog‘i tagidan uzilgan tuproq parchalari osmonga uchardi. Ustiga mingan odam xuddi chakamug‘dek otning tanasiga yopishib olgan, suvoriy goh-goh jilovni jonivorning og‘zi yirtilgudek shafqatsizlarcha siltab tortardi. U hayvonning tizzalari kuchini sezib, o‘ziga bo‘ysunishini istardi. Ot esa bu shafqatsiz qattiqqo‘llikdan ikki baravar ko‘proq g‘azablanardi. Unga hech kim, hech qachon bunday muomala qilmagandi. Bironta begona odam uzangiga oyoq qo‘yib, ustidagi egarga o‘tirmagandi. Chavandoz egasining qamchisi belidagi kamarda, jilovdan ushlagancha qadam sanagandayin tashqari chiqar ekan, jonivorning ichida sho‘xlik qilish, o‘ynoqlash istagi oshib-toshardi, boshini osmonga ko‘targancha yoqimli kishnardi. Ajib bir ko‘z o‘ynatuvchi qiliqlar qilib, erkalangancha egasining tanasiga labini, tishlarini surkardi. U tepalikning o‘ng tomonida chehrasi gul-gul yonib jonivorga yuzlanar, jilovining rango rang popuklari, tasmachalarni havas bilan tuzatib qo‘yardi. Ana undan keyin tepalik ustiga chiqardi. Jonivor egasiga ikki-uch qadam yaqinlashardi.
Chavandoz otning farosati va sezgirligidan mamnun, uning kumushrang yollaridan tutgancha ohista, zarracha ozor bermasdan uzangiga oyoq qo‘yar, chiroyli uchayotgan kaptar misol egarga yengilgina o‘tirardi va jonivorning bo‘yniga mayingina, mehr bilan tapillatib urib qo‘yardi. Yo‘rg‘a otga qamchi nima zarur? Egasi faqatgina uloqning g‘oyatda og‘ir damlarida qamchi urardi. Boshqa paytda bir ishora qilsa, ot lablarini yalagancha bo‘ynini chiroyli burar, yo‘rg‘alagancha yo‘lga tushar, tuyog‘i ostidan chiqayotgan yoqimli sado va raqs tushayotgandek ketishi ko‘chalar, qishloqlar chiroyini ochardi.
Lekin hozir ustida o‘tirgan odam o‘zida yo‘q, boshi aylanguday otning yag‘rini, bo‘yniga ayamasdan qamchi solardi. Qamchi ovozini eshitgan chavandozning qulog‘i og‘rishga tushdi. Go‘yo har bir qamchi uning yuragiga kelib tegayotgandi. U bo‘ynini qisgancha ko‘zlarini barmoqlari bilan to‘sdi. Qadrdonining to‘lg‘anishiga, azoblanib qiynalishiga toqat qilolmadi. Lekin uning ichidan bir nola otilib chiqdi: “Ey johil, ey zolim, otni urma…” Jonivor devonavor osmonga sapchib, kishnashga o‘xshash na’ra tortdi. Na’rasi osmonga yetgudek bo‘ldi. U bo‘ynini kamondek egib, qonga to‘lgan ko‘zlaridan vahshat, malomat yog‘ilib egasiga termuldi: “Ey do‘st, meni qay zolimning, kimning changaliga topshirding? Mehr-muhabbat deganlari shunday bo‘ladimi, ayt!” Ot allaqachon terga botgan, lablari chetidan qon aralash so‘lak oqardi. Otning g‘alati harakatlari, o‘zini u yon-bu yonga tashlashlari, burun kataklarining tez-tez ochilib-yumilayotgani uning vajohatini yanada qo‘rqinchli tusga kiritgandi. Jonivor qarashlaridagi alamli o‘tinchni ko‘rib, ayamasdan urilayotgan qamchi ovozi va otning ko‘mak so‘rayotgan kabi nolasini eshitgan chavandozning yuragi ezildi, alami bo‘g‘ziga keldi. U ot va unga minib ketayotgan odam tomon alam bilan boqdi, ko‘nglida yugurib borgancha otning jilovidan tutib, qamchi urayotgan qo‘llar egasini irg‘itib tashlash istagi kuchaydi. Lekin hasratidan chiqayotgan chang havoga ko‘tarilgancha qolaverdi. Qarasa, otning yangi egasi unga to‘xtovsiz qamchi urib, uzoqlarga olib ketyapti. Endi unda tik turish uchun mador qolmadi, ichida nafrat yongancha, qanotlari qayrilgan qushdek yerga o‘tirib qoldi. U alamiga chidayolmasdan oyoq tagiga tikildi. Kuraklari tez-tez titray ketdi. Achchiq ko‘z yoshlari oqib, moshguruch soqolini yuva boshladi. “Ey, pishmagan kalla, kimga achchiq qilding? Nima foyda ko‘rding?”. U holsizlangancha bo‘g‘iq ovozda pichirlardi. Xatosini sezib, jallodning qo‘liga joniga teng mehribon do‘stini topshirgani uchun suyak-suyagigacha qaqshar, bu gunohi, bu xiyonati uchun tirik ekan, jismu joni kuyib-yonishini o‘ylardi.
Hozir otning jontalash alamli kishnashini eshitib, jonivorning rahm keltirguvchi ko‘rinishini, asabiy tuyoqlar tagidan ko‘tarilayotgan qiyshiq chang izini ko‘rib, egarda o‘tirgan odamning qamchini baland ko‘tarib, shafqatsizlarcha urayotganini ko‘z oldiga keltirgan chavandoz chorasiz, musibatga ko‘milib o‘tirar va ko‘z ostidagi ajinlarni nadomat, pushaymon yoshlari yuvardi. Endi uning boshqa iloji qolmagach, dardga to‘lgancha Xudoga iltijo qilar va bo‘ysunmas otning ustidagi noinsofni uloqtirib tashlashini, oyoq-qo‘lini sindirishini so‘rardi. Berahm, qadr bilmas odamning jazosi shu, derdi o‘z-o‘ziga va otining kishnagancha, yollarini taratib oldiga qaytib kelishini istardi. Qaniydi, shunday bo‘lsa. O‘shanda otning oldiga yiqilardi-da, tuyoqlariga ko‘zini surkardi. Bo‘ynini quchoqlab, ko‘zlarini og‘alarcha o‘pardi. Peshonasiga boshini qo‘ygancha uzr so‘raganday zor-zor yig‘lardi. Agar jonivor ilgarigidek erkalanib emas, balki g‘azablangancha yelkasi yo qo‘llarini qattiq tishlasa ham parvo qilmasdi. Mayli, otning o‘zi unga xiyonatini eslatuvchi esdalik belgi qo‘ysin. U o‘zining razillarcha ishi uchun har qanday jazoga loyiq… Yo‘q, ot uzoqqa ketib borardi. Qora nuqtadek otliq, ot dumining silkinishi, o‘zini u yon-bu yon tashlagancha borishi arang ko‘zga chalinardi. Chavandozning alami yelkasini tog‘dek bosib, nihoyat motamga aylandi. U ko‘ngliga eng yaqin narsalaridan birini umrbod yo‘qotish, yuragining quvvati, faxridan ayrilish, manfaat ko‘zlagan odam do‘st emas, dushman ekanligi haqiqatini anglash motami edi…
Ot ketib borardi va chavandozning ko‘z yoshi oqqandan-oqardi. U hasratga to‘lgancha qo‘lining orqasini tishlardi va yelkalari to‘xtovsiz titrardi. Lekin u jar labidagi so‘qmoqda ot allaqachon zolim asoratidan o‘zini xalos etganini bilmasdi. Chavandoz hali otni berib yuborayotgan paytdagi xotini va bolalari kuyib-qaqshagani jonivorning ko‘z oldiga kelganini bilmasdi. U hali otning o‘zini kattadan-kichik yaxshi ko‘rgan, mehribonlik qilgan, endi esa, otalarining qanoti, hovlilarining ko‘rki bo‘lgan tulporining qaytib kelishlarini Xudodan so‘raganliklarini sezgandek, o‘zi uchun aziz va qadrdon xonadonga uchgancha qaytib kelayotganini bilmasdi.
Tojik tilidan O‘rinboy Usmon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 4-son