YuNESKO e’tirof etgan ko‘hna san’at

Ozarboyjon madaniyati va tarixida oshiq san’atining alohida o‘rni bor. Bu – nazm, nasr, raqs va musiqa uyg‘unligidagi san’atdir. Demak, oshiq shoirlik, xonandalik va bastakorlikni omixta etgan ijodkordir.

Turkiy xalqlarning ayrimlarida xalq og‘zaki ijodi namoyandalari baxshi deb atalishi ma’lum. Ozarboyjonda esa soz jo‘rligida qo‘shiq ijro etuvchi folklor ustasi oshiq (aşıq) deb ataladi.

Bu istiloh arabcha “oshiq” so‘zidan kelib chiqqan (o‘zagi – ishq), keyinroq turkiy tilga o‘tgan. XII asrning ulug‘ mutasavvif shoiri Ahmad Yassaviy co‘fiy darvishlarini “oshiqlar” deb atagani bejiz emas.

Ozarboyjonda oshiq san’ati XV-XVI asrlardan nash’u namo topdi. Ammo bu ko‘hna san’atning ildizi X-XI asrlarga borib taqaladi.

Oshiqlar asrlar davomida xalqning orzu-umidlari, vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg‘ularini tarannum etib kelgan. Bu san’at epik doston hamda qahramonlik, do‘stlik va muhabbat madh etilgan, shuningdek, ijtimoiy hayot illatlari hajv etilgan satirik, yumoristik qo‘shiqlarni o‘z ichiga oladi.

Mutaxassislar uni sintetik san’at deb baholaydilar. Negaki, oshiq o‘zi she’r yozadi, musiqa bastalaydi, soz chaladi va o‘zi raqsga tushadi. Ko‘pincha oshiq ijrochisiga balaban va puflab chalinadigan cholg‘ular ansambli jo‘r bo‘ladi, lekin oshiqning asosiy cholg‘usi bu – soz.

Bu san’atning eng keng tarqalgan janri dostondir. Bosqinchilarga qarshi mardona kurashgan Go‘ro‘g‘li haqidagi doston ayniqsa mashhur. Qolaversa, “Asli va Kerem”, “Oshiq G‘arib” kabi muhabbat qissalari ham tilga tushgan.

Musiqa uslubiga baland pardalarda kuylash, tor hajmdagi ohanglar, ritmik badihago‘ylik, band-naqarot shakllar xosdir. Qolaversa, bu san’at turida improvizatsiya (badihago‘ylik) muhim o‘rin tutadi. Ozarboyjon oshiqlarining ijro uslubi hududlarga ko‘ra farqlanadi va har bir maktabning o‘z an’analari bor.

Oshiqlar nafaqat yakkaxon, balki jamoa bo‘lib ham ijro etgan. Ularning repertuari faqat dostonlar bilan cheklanib qolmaydi, u janrlariga ko‘ra rang-barangdir. She’rlar esa odatda beshlik yoki ikkilik shaklda bo‘ladi.

Ilgarilari oshiqlar choyxona, karvonsaroy va bozor maydonlarida chiqishlar qilgan. Bu san’at avloddan avlodga o‘tgan.  Bitta taronani turli oshiqlar turli uslub va talqinda ijro etgan.

Oshiq san’atining eng qiziqarli shakllaridan biri bu musiqiy-she’riy bellashuvdir. Bunda ishtirokchilar topishmoq, savol-javoblar orqali bahsga kirishadi. Raqibiga she’riy shaklda javob qaytara olmagan yoki topishmoqni topa olmagan mag‘lub ijodkor o‘z sozini g‘olibga topshirgan. Gohida mag‘lub tomon oshiq unvonidan mahrum etilgan.

Zamonaviy Ozarboyjonda professional oshiqlar ikki toifaga bo‘linadi: oshiq-ijrochilar va oshiq-shoirlar. Oshiq-ijrochilar professional baxshi bo‘lib, she’riy ijod bilan shug‘ullanmaydi, ammo zukkoligi, topqirligi bois badihago‘ylik ila dostonlarga turli o‘zgarishlar kiritadi. Oshiq-shoirlar esa baxshilik hamda she’riy ijod bilan shug‘ullanadi. Ozarboyjonda ularni “ustodlar” deb atashadi. Ustodlar cirasida Qurboni (XVI), Oshiq Abbos (XVII), Xeste Kasum (XVIII), Oshiq Valex (XVIII), Oshiq Alesker (1821-1926), Oshiq Husayn (1875-1949) kabi iste’dodli shoirlarni sanash mumkin. Bu ijodkorlar nafaqat oshiqlik san’ati, balki Ozarboyjon yozma adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan.

2009 yili Abu Dabida (BAA) o‘tgan YuNESKO mashvaratida ozarboyjon oshiq san’ati Insoniyatning nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, Ozarbayjonning maqomi, kelagayi san’ati, tor cholg‘usi hamda gilamdo‘zlik hunari Insoniyatning nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

C.Calim

Shu mavzudagi maqolalar:

Ozarboyjon YuNESKO qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. 16.12.2015

Marko Poloni hayratga solgan Ozarbayjon shoyisi. 04.11.2015