Muhammad Rahimxon I

(1775-1825)

(1806-1825)

Xiva xoni. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. To‘liq ismi Muhammad Rahimxon ibn Avaz inoq ibn Muhammad Amin inoq. Akasi Eltuzarxon vafotidan keyin taxtga o‘tirgan (1806 yil). Muhammad Rahimxon I Xiva xonligini birlashtirishda ijobiy natijalarga erishgan; bir qancha siyosiy, iqtisodiy, ma’muriy islohotlar o‘tkazgan. Xon saroyi qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Kengash (Devon) ta’sis etilgan. Muhammad Rahimxon I mamlakatni kengaytirish uchun turkman – chovdurlar ustiga yurish qilgan (1808-1809 yillar). Shu yili Hasanboy elini bo‘ysundirib Qo‘ng‘irotga hujum qilgan, biroq u yerda qattiq qarshilikka uchragan. Oymirza hukmronlik qilayotgan qoraqalpoqlarning bir qismini Oq yoshq degan mavzega ko‘chirgan. Muhammad Rahimxon I Orol bo‘yi qoraqalpoqlarini bo‘ysundirish uchun bir necha marta yurish qilib, 1811 yilda To‘ramurod so‘fini yengib xonlikni mustahkamlagan. 1812-1818 yillar davomida Sirdaryo bo‘yi qozoqlari va Marvdagi taka turkmanlar ustiga yurish qilib, ularni xonlikka qo‘shib olgan. Bu g‘alabalar Xiva xonligining mavqeini mustahkamlab, uni mustaqil qudratli davlatga aylantirgan. 1822 yilda Marv ustidan hukmronligini o‘rnatdi. 1823-1824 yillarda Buxoro amirligiga tegishli Qoqishtivon, Og‘or va Poykend qal’alariga talonchilik yurishlarini qilgan. Buxoro amiri Haydar bilan sulh tuzgan (1825 yil).

Muhammad Rahimxon I davrida Dashti Qipchoq, Xuroson Xiva xonligiga soliq to‘lab turgan. Xonlik hududi janubda Xuroson, Shimolda Orol dengizi va Sirdaryoning quyi oqimidagi yerlar, sharqda Buxoro amirligiga tutash hududlar, g‘arbda Kaspiy dengizi qirg‘oqlarigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga olgan. Muhammad Rahimxon I o‘zi qurdirgan Pahlavon Mahmud maqbarasidagi katta xonaqohning to‘riga dafn etilgan. Muhammad Rahimxon I arab, fors tillarini bilgan. Ilm ahliga homiylik qilgan. Olim, shoir va donishmandlar bilan suhbatlar o‘tkazib turgan. Munisga Eltuzarxon davrida boshlangan “Firdavs-ul-iqbol” asarini davom ettirishga sharoit yaratib bergan. 1813 yilda Munisga “Ravzat-us-safo” asarini tarjimasini topshirgan. Mamlakatda bir qancha kanallar qazdirib obodonlashtirisga e’tibor bergan. Arkda zarbxona tashkil qilib oltin va kumush tangalar chiqargan. Muhammad Rahimxon I davrida ichkilik va bangilik taqiqlangan. Pahlavon Mahmud maqbarasi qayta qurilgan. Xivada bir qancha madrasa va masjidlar qurilgan. Bojxona va boshqa muassasalar ishga tushgan.