Burobiya Rajabova. “Ravzat us­salotin”da Amir Temur va temuriylar zikri

Ma’lumki, tarixiy manbalarda Sohibqiron Amir Temur va temuriylarning badiiy adabiyotga, so‘z san’ati hamda boshqa san’at turlariga qaratgan e’tiborlari, yaratgan maktablari, tashkil qilgan kutubxonalari, ular homiyligida yozilgan asarlar yoki ularga atab bitilgan kitoblar va ularning qalam ahli uchun ajratgan mablag‘lari hamda she’r aytishga bo‘lgan iqtidorlari, sehrli fikrlari alohida hurmat  bilan bitilgan va temuriylar Renessansi deb e’tirof qilingan. Ularning dunyo tamadduni taraqqiyotidagi bu kabi olmos qirralarini yoritib, ko‘rsatib beruvchi tarixiy ma’lumot, sharh va lavxalarni tazkira kitoblarida bitib qoldirish usuli esa mumtoz adabiyotimiz tarixida o‘zgacha usul bo‘lib, bu usulni birinchilardan bo‘lib Alisher Navoiy boshlab bergan. Ulug‘ shoirning bu yangicha usuli uning  “Majolis un-nafois”  tazkirasida yaqqol ko‘rinadi.  U tazkirasining majmua  xarakteridagi yettinchi majlisini Amir Temur hamda yigirma bir nafar temuriylarga, sakkizinchi majlisini esa musohibi, do‘sti Sulton Husayn Boyqaroning boy adabiy, ilmiy merosiga bag‘ishlagan. Yettinchi majlisda u temuriylarning har birini alohida fiqralarda tilga olar ekan,  ijodlaridan namunalar keltirgani, ularning badiiy mahoratlari xususida o‘zining adabiy-tanqidiy fikrlari, tavsiyalarini ham bildirgani, namuna qilib ko‘rsatib o‘tgani yoki ba’zi birlarining ijodiga katta umid bog‘lagani bilan bog‘liq tarixiy, adabiy hodisalar adabiyotshunoslik fanida ma’lum va mashhurdir.

Temuriylar sulolasining so‘z san’ati, she’riyat bilan oshnoligini ko‘rsatuvchi yana bir ishonchli manbalardan biri, bu  – Faxri Hiraviyning 1551–1555 yillarda fors tilida yozgan “Ravzat us-salotin” (“Sultonlar bog‘i”) nomli tazkirasidir. U ushbu nodir asarini Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi ta’sirida bitgan. O‘zbekistonda ushbu tazkiraning fors tilidan o‘zbek tiliga ilk marta to‘liq tarjimasi iste’dodli olim Jaloliddin Jo‘rayev tomonidan  amalga oshirilgan va nashr qilingan (Toshkent: “Mumtoz so‘z”, 2014). Faxriy Hiraviyning ushbu nodir kitobi faqat sultonlar, podshoh xonadonining ijodkor vakillari hamda amir shoirlar haqidadir. Asarning bu xususiyati esa kitobning nomida ham seziladi. Tazkira jami yetti majlisdan iborat bo‘lib, muallif unda yuzga yaqin sulton va amir shoirlarni tilga olgan. U ustozi Alisher Navoiyni amir shoirlar zikrida tilga olish bilan birga, yana uning bir an’anasini davom ettirib, “Ravzat us-salotin” tazkirasining  uchinchi bobini Sohibqiron Amir Temur va temuriy sultonlarga bag‘ishlagan. O‘rganishimizga ko‘ra, Faxriy Hiraviy kitobning uchinchi bobiga temuriylar sulolasining 36 nafar vakilini kiritgan. U bu ijodiy ishni bajarishda, bir tomondan, manba sifatida Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi va Boburning  “Boburnoma” memuaridan unumli foydalangan. Masalan, tazkirada berilgan Mirzo Ulug‘bek zikri Alisher Navoiy tazkirasidan olingan, bu haqda Faxriy Hiraviyning o‘zi odob bilan “… Alisher Navoiy “Tazkirat ush-shuaro”(“Majolis un-nafois” nazarda tutilgan  – B.R.) da uning ahvolini mana bunday bayon qilgan” deb ta’kidlab ham o‘tgan. Ikkinchi tarafdan esa uning o‘zi ham uchinchi bobga shonli sulolaning yangi vakillari nomini zikr qilgan, fikrlari isboti uchun ularning ijodlari bilan bog‘liq qiziqarli hayotiy lavhalarni va ibratomuz hikoyatlarni tamsil qilib keltirgan. Demak, Faxriy Hiraviy ushbu kitobining uchinchi bobini “She’rga mayl ko‘rsatgan va she’r aytgan Samarqondu Xurosonning Amir Temur Ko‘ragon avlodidan bo‘lgan sultonlari zikrida”[1] deb nomlagan. Ammo shu o‘rinda bob nomida tilga olingan Samarqand so‘ziga ozgina izoh berib o‘tishni lozim deb bildik, chunki bob nomida muallif ishlatgan Samarqand toponimi butunning ma’nosini qismda (bu o‘rinda ma’no ko‘chishning snekdoxa usuli qo‘llangan – B.R.) ifodalagan va faqat poytaxt shahar nominigina emas, balki temuriylar davlatining Movarounnahr qismini ham bildirib kelgan. Xullas, uchinchi bobda temuriylar davlati boshqaruvida bo‘lgan Movarounnahr va Xuroson davlatida hukumat surgan yoxud viloyatlar boshqargan 36 nafar temuriy sultonni alohida fiqralarda yodga olgan hamda u bu fiqralari bilan kelajak avlod uchun nihoyatda boy tarixiy, adabiy merosni yozib qoldirgan.

Uchinchi bobning tuzilishi o‘ziga xos  – bobda Sohibqiron Amir Temur alohida fiqrada zikr qilinmagan, ammo vorislari zikrida Amir Temur Ko‘ragon, Sohibqiron Amir Temur nomlari bilan yodga olingan va Onhazrat shaklida xitoblar ham qo‘llangan, masalan, uning vafotidan keyin Samarqand taxtida o‘tirib, Movarounnahrni besh yil boshqargan temuriyzoda Xalil Sulton nomi bilan boshlangan dastlabki fiqrada adolat va qudrat timsolining qalamga qalam bilan javob berish hodisasi tasvirlangan: “Sulton Ahmad Bag‘dodda mag‘rurlik martabasi va sipohlik kiyimin  ustiga tashlagan vaqtda Amir Temurga bir qit’a yo‘llaydi… va Onhazrat qit’ani eshitib, nihoyatda g‘azablanadi, afsuslanib deydi: “Agar menda nazm qobiliyati bo‘lganda, unga javob yozgan bo‘lardim”. Va buyurdi: “Mening farzandlarimdan qay biri bunga javob yo‘llay oladi”[2]. Nevarasi Xalil Sulton bu buyruqqa ko‘ra, bobosining yuragidagi bor g‘ubor, og‘riq va afsusni ko‘taradigan javob qit’ani yozib beradi. She’r Sohibqironga ma’qul keladi. Ushbu lavha Amir Temur tarixchisi Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”da bitib qoldirgan “Podshohlar so‘zi –  so‘zlar podshohidir”[3] degan mashhur iborani yodimizga soladi. Bobda boshqa temuriylar tartib bilan tilga olinar ekan, yana u shoh va shoir Bobur va uning sohibdevon shoir farzandlarini ham maxsus fiqralarda esga olgan. Xullas, mazkur bob Bobur Mirzoning xolavachchasi mashhur “Tarixiy Rashidiy” asarining muallifi Mirzo Xaydar zikri bilan yakunlangan. Umuman, Faxriy Hiraviyning ushbu bobda shoh va shoir Boburni va uning shoir, sohibdevon farzandlarini ham fiqralarda tasvirlashini ham tahsinga loyiq  ijodiy ish, deb baholash hamda kelajakda bu borada alohida tadqiqotni amalga oshirish mumkin.

Endi ushbu bob haqidagi tahlil va talqinlarimizni temuriylarning ayrim vakillari, xususan, Abulqosim Bobur, Muhammad Mo‘min Mirzo ijodlari misolida davom ettirsak. Kuzatishlarimizga ko‘ra, Faxriy Hiraviy uchinchi bobning Abulqosim Bobur haqidagi fiqrasini go‘yo zo‘r ishtiyoq va maroq bilan yozgandek. Muallif uni otasi Boysung‘ur Mirzo zikridan keyin tilga olar ekan, fiqraga uning bitta tasavvufiy ruhdagi ruboiysi, “ast” radifiga qurilgan besh baytli g‘azali va “nist” radifi asosidagi g‘azalining uchta baytini kiritgan. Ammo biz bu talqinda diqqatimizni uning fiqrada berilgan she’rlariga emas, balki uning kuchli farosati va zakiyligini ko‘rsatuvchi zavqu mushohadaga yo‘g‘rilgan bir ibratli hikoyatini keltirishni maqsad qildik. Chunonchi: “Aytishlaricha, bir kuni uning oldida shunday deyishibdi: “Hotam “Hotamnoma” binosini qurgan bo‘lib, uning qirqta eshigi bor ekan. Va agar tilanchi hamma eshikdan tilansa ham, Hotam unga ehson bilan muloyimlik ko‘rsatar ekan”. Abulqosim Bobur degan ekanlar: “Agar birinchi eshikda tilanchiga keragicha berganda edi, keyingi eshikka ehtiyoj bo‘lmas edi”[4]. Umuman, mumtoz adabiyotimizda Hotam[5] haqida tasvirlar, ishoralar ko‘p, biroq Abulqosim Boburning Hotam faoliyatiga bildirgan munosabatida sehrli tafakkurining kengligi, natijasi o‘z in’ikosini topgan. Manbalarda ham Abulqosim Bobur saxiy hukmdor, himmat va muruvvati bilan afsonaviy Hotami Toyi va Barmaklardan ustun bo‘lganligi xususida gaplar ko‘p, lekin uning bu fazilatining baland bahosini Alisher Navoiy  “Majolis un-nafois” tazkirasida bitib qoldirgan: “Bobur Mirzo – darveshvash va foniysifat va karim ul-axloq kishi erdi. Himmati olida oltunning dag‘i kumushning tosh va tufrog‘cha hisobi yo‘q erdi”.[6]

Alisher Navoiy tazkirasiga nima sababdandir kiritilmagan, biroq Faxriy Hiraviy tazkirasida zikr qilingan Muhammad Mo‘min Mirzo haqidagi fiqraga diqqat qilsak. Muallif u to‘g‘risida yozgan tarixiy ma’lumotlarida, birinchidan, uning bevaqt o‘limi va o‘limi sababli Sulton Husayn Boyqaroning davlat boshqaruvida, xonadonida yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat, o‘zaro dushmanchilik kayfiyati, ikkinchidan, bu muxoliflik, noxushliklar to‘g‘risida shoir Mavlono Gulxaniy bitgan mashhur qit’a matni, uchinchidan esa uning o‘zi tomonidan taqdir qo‘llamagani tufayli uchragan o‘ta og‘riqli mag‘lubiyatiga bag‘ishlab yurak qo‘ri bilan yozgan matlasi, betakror qit’asi va Abdurahmon Jomiy g‘azaliga bog‘lagan go‘zal muxammasining to‘liq matni bayon qilingan. Chunonchi: “Muhammad Mo‘min Mirzo – Badiuzzamon Mirzoning o‘g‘li edi. Va Sulton Husayn Mirzo avlodlarining otasi bilan bu barcha muxolifliklari uning nohaq xuni vositasi sababli bo‘ldi… Va Muhammad Mo‘min Mirzo husnu jamolda Yuusufi Soniy edi. Va latif tabi bor edi va nazmi bag‘oyat yaxshi edi…”[7] Demak, muallif bitgan lavhadan biz uchun zaruri, uning ijodi borasidagi “latif ta’bi bor edi va nazmi bag‘oyat yaxshi edi,” deb ko‘rsatgan muhim   bahosidir. Faxriy Hiraviyning bu yuksak bahosi hurmati uchun uning tabibga murojaat shaklida yozgan bir qita’sini esga olsak: “Va uning mana bu qit’isi mashhurdir. Matla’:

Ztob biso‘xt, tabibo, tani balokashi man,
Birav, birav, ki naso‘zi tu ham bar otashi man”[8],  –

ya’ni:

Ey tabib, mening balokash tanim istimadan kuydi,
Ket,ketginki, mening otashimda sen ham kuymagin.

Ma’lumki, Sharq adabiyotida tabibga murojaat qilib bitilgan she’rlar, baytlar ko‘p uchraydi, lekin ularda lirik qahramonning o‘z ahvolidan tabibga nolishi, yordam so‘rashi yoki tushkunlik kabi motivlar yetakchi bo‘lsa, Muhammad Mo‘min Mirzoning bu qit’asida butunlay o‘zgacha tasvir va ko‘tarinki kayfiyatni  ko‘ramiz. U o‘z she’rida insonlarni sabotli bo‘lishiga da’vat qilar ekan, sabotli odam Ollohdan boshqa hamma sabablarni o‘zidan uzib, o‘zini izlab va o‘zi tushgan holatidan, malomatidan o‘zi chiqishi kerak, degan kuchli o‘zlik ramzini, g‘oyasini badiiy talqin qilgan va oldiga qo‘ygan maqsadini sodda qilib ochib bergan.

Xulosa shuki, Sohibqiron Amir Temur va temuriylarning so‘z san’ati va boshqa san’at turlari rivojiga qo‘shgan hissalari, faoliyatlari dunyo tamaddunida yuksak darajada e’tirof qilinadi. Bu yuksak e’tiroflarning isboti sifatida Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va Faxriy Hiraviyning “Ravzat uc-salotin” kabi tazkiralarida bitilgan majlislarni bilishimiz va o‘qib-o‘rganishda davom qilishimiz kerak.

_______________________

[1] F a x r i y H i r a v i y. Ravzat uc-salotin. (Fors tilidan J. Jo‘rayev tarjimasi). –  Toshkent: Mumtoz so‘z, 2014, 42-bet.

[2] O‘sha tazkira, 43-bet.

[3] N i z o m i d d i n  Sh o m i y. Zafarnoma.(Fors tilidan Yu. Hakimjonov tarjimasi.) -Toshkent: O‘zbekiston, 1996. 369-bet.

[4] O‘sha tazkira, 47–48-betlar.

[5] Hotami Toyi – saxiylik timsoli, arablarning Toyi qabilasidan va shu qabila hukmdori bo‘lgan, saxiyligi bilan mashhur, xalq og‘zaki ijodida “Hotamnoma” nomli kitob ham yaratilgan U  professor Akbar Matg‘oziyev tomonidan 1988 yilda nashr qilingan.  –  B.R.

[6] A l i sh ye r  N a v o i y. Majolis un-nafois  \\ Mukammal asarlar to‘plami. – Toshkent: Fan, 1997, 166-bet.

[7] O‘sha tazkira, 65–67-betlar.

[8] O‘sha tazkira, 66-bet.