Buyuk ximik olimlar hayotidan

Dastavval, kimyo so‘zining qanday ma’noni anglatishi borasidagi farazlar to‘g‘risida ma’lumot beraylik. Birinchi faraz, «Xem» — qora degani bo‘lib, qadimiy Misr nomidan kelib chiqqan. Keyingilari «Xyumo» (grekcha) «kuyish», «suyultirish» degani;«Ximevis» — «aralashtirish»; «Kim» (xitoycha) — «oltin»; Niderlandiyalik olim U.V. Xelmont nomi bilan bog‘liq degan farazlar ham yashab kelayapti. Quyida kimyogar olimlarning o‘ziga xos hayot tarzi bilan yaqindan tanishasiz.

D.I.Mendeleev oilada 17-farzand bo‘lib, dam olish paytlarini jomadon sozlash bilan o‘tkazgan.

Teofrast Bombast fon Gogengeym ajoyib shifokor bo‘lib, farmakologiya va tibbiyotga oid bir qancha kitoblar yozgan. Zamondoshlari uni Paratsels, ya’ni lotinchasiga «O‘ta olijanob» deb atashgan. Uning fikricha, kimyoning vazifasi oltin yaratish emas, balki dori tayyorlashdir.

Per Ejen Marselen Bertlo frantsuz olimi bo‘lib, turli fan sohalari bo‘yicha 2500ga yaqin maqola yozgan.

Lavuaze oila an’analariga ko‘ra yuridik fakultetda o‘qigan bo‘lsa-da, o‘zini tabiiy fanlarga bag‘ishlab, «boshi bilan turgan kimyoni birinchi bo‘lib oyoqqa turg‘azdi».

Nobel Alfred Bernxard — shved injener-kimyogari. Shvetsiya, Angliya va AQSh patentlangan dinamitni kashf etdi. Tutunsiz poroxning tarkibini ishlab chiqdi. 33 mln.ga yaqin shved kronini fizika, kimyo, fiziologiya, tibbiyot, adabiyot sohasidagi ishlarga hamda tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi faoliyatlarga vasiyat qilib qoldirgan.

Svante Avgust Arrenius elektrolitlar sohasida olib borgan ilmiy ishlari uchun 1903 yil Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Arrenius laboratoriyada chekish mumkin emas, degan qoidaga amal qilib, eshik oldiga hidni yutuvchi aromatik modda sepib, dezodarantni kashf etgan.

Klod Lui Bertolle frantsuz ximigi. Napoleon boshchiligidagi qo‘shinlar bilan Misrda bo‘lgan. Umrini oxirigacha eks­prementlarni yoqlab, Frantsiya «peri qilichini» o‘zining sevimli shogirdi Gey-Lyussakka vasiyat qildi.

Amedeo Avogadro italyan ximigi bo‘lib, 20 yoshga yetmasdan cherkov huquqlari doktori unvoniga sazovor bo‘ldi. Biroq tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishi ustun kelib, ota kasbi advokatlikni tashlab, o‘zini fanga bag‘ishladi.

TUTUNSIZ POROXNING «SIR»I

1880 yili Rossiya harbiy dengiz floti ministrligi D.I.Mendeleevga Frantsiyada ishlab chiqarilayotgan tutunsiz portlovchi modda — poroxning tarkibini aniqlab berish vazifasini topshirdi. Tezda u yerga yetib borgan Mendeleevdan poroxni kashf qilgan frantsuz ximik olimi M.Bertlo sirni yashirdi. Bertlo porox ishlab chiqarilayotgan zavodni ko‘rsatishga ko‘rsatdi-yu, ammo ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlarni yozib olishga, biron narsani olib chiqishga ruxsat etmadi.

O‘shanda o‘tkir zehnli Mendeleev porox ishlab chiqarish sirini mana bunday kashf qilgandi: eng avval, temir yo‘l orqali zavodga tashib keltirilayotgan ximiyaviy moddalar va chiqarib tashlanayotgan chiqindilar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi. So‘ngra ular orasidagi miqdoriy tenglikni hisoblagach haqiqat oydinlashdi. Keyinchalik bu haqda Bertloga so‘zlab berganida, u olimning top­qirligiga tasannolar aytgan edi.

MUVAFFAQIYaTLAR BOISI NIMADA?

Mashhur daniyalik fizik olim, Nobel mukofoti laureati Nils Bor ikkinchi jahon urushi vaqtida gitlerchi bosqinchilar tomonidan ta’qib ostiga olindi. O‘zini fashistlar zulmidan saqlab qolish maqsadida 1943 yili Kopengagen shahrini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Lekin Nobelning oltin medalini o‘zi bilan olib ketishni ma’qul ko‘rmadi. Uni «shox suvi»da eritdi-da, shisha idishini o‘z laboratoriyasidagi boshqa eritmalar qatoriga qo‘shib ketaverdi. Urush tugaganidan so‘ng o‘z vataniga qaytgan Nils Bor o‘sha eritmadan oltinni kimyoviy usul bilan ajratib olib, medalini yangidan quyib berishga buyurtma berdi.

Fanda shunchalik muvaffaqiyatga erishganligining boisi so‘ralganida u: «Men boshlagan har qanday ishimni oxiriga yetkazaman», — deya javob qilgan.

TEJAMKOR BEKANING FIG‘ONI

1891 yilda Garvard universitetining bitiruvchisi Robert Vud (keyinchalik taniqli amerika fizigi) ximiya bilan shug‘ullanish maqsadida mashhur professor A.Remsen huzuriga keldi. Universitet pansioniga joylashgan Vud tez orada bu yerda yashovchi talabalardan uy bekasi ertalabki issiq ovqatni ko‘pincha kechagi tushlik vaqtida tarelkalardan yig‘ib olingan qoldiqlardan tayyorlashini eshitib qoldi. Ammo buni qanday isbotlash kerak? Har qanday jumboqni sodda va o‘ziga xos topqirlik bilan yenga oladigan Vud bu gal ham o‘z uslubiga sodiq qoldi. Bir kuni tushlikka bifshteks berilganida u tarelkada bir necha katta-katta go‘sht bo‘laklarini qoldirdida, ko‘rinishi va ta’mi oddiy osh tuzidan farq qilmaydigan, sira ham ziyoni yo‘q litiy xloriddan sepib qo‘ydi. Ertasi kuni nonushtaga berilgan qovurilgan go‘sht bo‘laklari spektroskop alangasida «yoqib» ko‘rildi. Spektrning litiyga xos qizil chizig‘i haddan ziyod tejamkor pansionat bekasini fosh qilib qo‘ydi.

Nigora Boboyeva
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.