Zaynobidin Abdurashidov. “Katta boshliq” faoliyatining ayrim qirralari

Mustaqillik uchun kurashgan, jadidchilik harakati nomini olgan mutafakkirlar guruhi millatning o‘zligini tanitish, milliy-ozodlik harakatini shakllantirish va uni amalga oshirishdek ulug‘ vazifani o‘z oldiga qo‘ygan va butun Turkiston o‘lkasini harakatga keltirgan buyuk kuch edi. Bu harakatning rahbarlari Sharq va G‘arb ma’rifati, ma’naviyatini egallagan, ilmga chanqoq ziyolilar edilar. Ular mustamlaka zulmi iskanjasida xarobaga aylanib borayotgan ona – Vatan jarohatlariga malham izladilar. Millatning ana shunday ziyolilaridan biri, toshkentlik jadidlarning rahnamosi Munavvarqori Abdurashidxonovdir.

Munavvarqorining hayoti, ijodi, faoliyati haqida istiqlol yillarida juda ko‘p yozildi. Ushbu tadqiqot, maqola va turli yozuvlarni tahlil qilar ekanmiz, ularda Munavvarqori ko‘z oldimizda millat tarbiyachisi, mohir siyosatchi, adib sifatida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Darhaqiqat, Munavvarqorining hayot yo‘li o‘ta mashaqqatli, turli evrilishlar va ziddiyatlarga to‘la. Tarixiy hujjatlarga boqsak, chor ma’muriyati vakillarining Munavvarqoriga toshkentlik jadidlarning yetakchisi, butun jadid maktablarining boshlig‘i, musulmon matbuotining ilk tashkilotchilaridan, degan ta’riflariga duch kelamiz. Ha, ruslarning bu ziyoliga nisbatan bergan ta’riflari juda haqqoniy edi, ammo xolis-xayrixoh emas, albatta.

Munavvarqori o‘ta mohir siyosatchi edi. U turli matbuot nashrlarida chop etgan maqolalarida o‘z fikrlarini shu qadar mohir tarzda ifoda etadiki, chor ma’murlari unga biror ayb qo‘ya olmas edilar. Bu esa Munavvarqorining juda sinchkov publitsist ekanligidan dalolat beradi. Shu sababdan ham chor ma’muriyati Munavvarqorini faqat kuzatish, u haqda ma’lumot yig‘ish, orqasidan xufyalar qo‘yish bilangina cheklangan. Munavvarqorining faoliyatini o‘ta sinchkovlik bilan kuzatgan turkistonlik rus ma’murlaridan biri, o‘lka mustamlaka maorif tizimi “asoschilaridan” Nikolay Ostroumov edi. N.Ostroumov kitoblari orqali o‘ta shovinist, millatparast sifatida tanilgan. Uning birgina “Qur’on va taraqqiyot” yoki “Qur’on nima?” kabi asarlari yuqoridagi fikrga dalil bo‘la oladi. N.Ostroumov muntazam ravishda mahalliy ziyolilar ustidan yuqori idoralarga arz qilib turgan. Uning 1910 yil 3 sentyabrda Turkiston general gubernatori kantselyariyasi boshlig‘i V.A.Mustafinga yo‘llagan maxfiy bildirishida Toshkent shahridagi jadid maktabining katta muallimi Munavvarqorining hukumatga qarshi ish olib borayotganligi haqida ogohlantirib qo‘yish o‘z vazifasi ekanligini ma’lum qiladi. N.Ostroumovning ushbu bildirishi natijasi o‘laroq V.A.Mustafin Turkiston hududiy oxrankasi boshlig‘iga shaxsan general gubernatorning ko‘rsatmasiga binoan Munavvarqori ortidan kuzatuv kuchaytirilishi borasida buyruq beradi. Tabiiyki, Turkiston oxrankasi Munavvarqori borasida turli yo‘llar bilan ma’lumot yig‘ib, ushbu ma’lumotlar Munavvarqori va uning izdoshlari hamda hamfikrlari faoliyatining ayrim qorong‘u jihatlarini ochishga va ular borasidagi ma’lumotlarning boyishiga xizmat qiladigan manbalardan hisoblanadi. Eng achinarlisi, bunday ma’lumotlarning ko‘pi o‘zlarini hukumatga sodiq ekanligini ko‘rsatishga harakat qilgan ayrim mahalliy “millatparvarlar” tomonidan taqdim etilgan. Ular bergan chaquv qog‘ozlarida asosan Munavvarqori va uning atrofiga yig‘ilgan haqiqiy millatparvarlar haqida ma’lumotlar jamlangan. O‘zini Munavvarqori masjidi ahllaridan biri, deb tanishtirgan “millatparvarlar”dan biri bergan chaquv qog‘oziga ko‘ra, Munavvarqori tashkil etgan gazetalar hukumat tarafidan yopib qo‘yilgandan keyin fikr va g‘oyalarini yangi maktablar orqali tarqatishga tirishayotgani hamda mahalliy yoshlarni Turkiyaga o‘qishga yuborishga qattiq harakat qilayotgani o‘ta ehtiros bilan bayon etilgan. Bu “millatparvar” Munavvarqorini “fosh” qilish maqsadida Turkistondan tashqaridagi matbuotda o‘lka ma’muriyati va ayrim amaldorlari to‘g‘risida tanqidiy maqola berilayotgan bo‘lsa, ularning barchasi Munavvarqori tarafidan yozilayotganligini hamda shaxsan N. Ostroumov sha’niga turli haqoratomuz so‘zlar aytayotganini bildiradi. “Hozirgi vaqtda Turkistonda Munavvarqori va Samiqoridan boshqa rasmiy hukumatga qarshi harakat qilayotgan kimsalar yo‘q. Agarda paydo bo‘lgan bo‘lsa ham bevosita bu ikkisining shogirdi bo‘ladi”, deb yozadi “millatparvar”. Bu chaquv qog‘ozlari Munavvarqorining millat ravnaqi uchun olib borgan ishlari eski tarzda fikrlovchi insonlarni qay tarzda tashvishga solganini ko‘rsatadi.

Toshkent shahrining musulmon qismi politsiya boshlig‘i kapitan Kolesnikovning Turkiston hududiy oxranka bo‘limiga 1910 yil 9 dekabrda bergan ma’lumotnomasida Toshkent shahridagi mahalliy aholi o‘rtasida kechayotgan yangilanish harakatining rahbari va rahnamosi Munavvarqori ekanligi ta’kidlanadi. Munavvarqori boshliq ushbu harakatning eng faol 20-25 a’zosi muntazam ravishda haftaning payshanba kunlari yig‘ilish o‘tkazib turishi va bu yig‘ilishlarda musulmonlar hayotini o‘zgartirish, Turkiyaga ko‘proq talaba yuborish masalasi muhokama qilinishi ma’lumotnomada batafsil yoritib o‘tiladi. Kolesnikov Munavvarqorining mahalliy musulmonlar orasida qanchalik yuqori e’tiborga loyiqligini ko‘rsatish maqsadida “uni hammalari katta boshliq” deb atashlarini alohida urg‘ulab o‘tadi.

Munavvarqori chor hukumati tarafidan 1905 yil 5 oktyabrda e’lon qilingan Manifestdan keyin o‘z faoliyatini ancha kuchaytirdi. Manifest bunga imkon berar edi. Lekin Rossiya imperiyasi hududidagi rus bo‘lmagan millatlarga ushbu Manifest bergan siyosiy erkinlikdan turkistonliklar juda kam istifoda qila oldilar. Buning asosiy sababi, agar Ismoil Gasprinskiy ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, turkistonliklarning “hayotsizligi”, ularning o‘ta sustligi bo‘ldi, deyish mumkin.

Gasprinskiy fikricha, turkistonliklar berilgan imkoniyatdan foydalangan holda hukumatdan birinchi navbatda vaqf hamda ta’lim sohasi doxil diniy ishlarni hal qilishda erkinlik berilishini hamda Turkiston istilo qilingandan beri joriy bo‘lib kelinayotgan “harbiy holat”ni bekor qilishni talab qilishlari kerak edi. Bu masalada Munavvarqori birinchilardan bo‘lib Gasprinskiyning yuqoridagi fikrlarini qo‘llab chiqdi. Munavvarqori Toshkent aholisini harakatsizlikda va boshqa millatlar allaqachon erishib bo‘lgan masalalar bizda o‘rnidan siljimayotganligi, ya’ni “Turkistondagi siyosiy tuzumni isloh etish; diniy va siyosiy huquqlar berilishini talab qilish” kabi ishlarni amalga oshirishga xohishlari yo‘qligidan shikoyat qiladi.

Munavvarqori “Taraqqiy” gazetasida bergan maqolalaridan birida toshkentliklar yuqoridagi kabi ayrim masalalarni hal qilish maqsadida hukumatga murojaat etish uchun bir necha marotaba turli yig‘ilishlar o‘tkazganiga qaramay ish o‘rnidan umuman siljimagani haqida yozadi. Buning asosiy sababini esa Munavvarqori fikrlari bir joydan chiqmagani, birlik bo‘lmagani hamda har kim umum foydasini ko‘zlamay faqat shaxsiy manfaatini ko‘zlagani deb erkinligidan istifoda etgan holda bir necha vaqtli matbuot organlari – “Shuhrat”, “Osiyo”, “Xurshid” kabi gazetalar faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Lekin ushbu matbuot organlari islohparvarlarning asosiy “dushmanlari” ulamo hamda ular ortidan ergashuvchi “ma’rifatsiz” omma qarshiligiga duch keldi. Chor ma’muriyati yuqoridagi “millatparvarlar”dan foydalanib, gazetalarni hukumatga qarshi fikrlarni tarqatayotganlikda aybladi va ularni birin-ketin yopib qo‘ydi.

Darhaqiqat, Toshkentda milliy matbuotni boshlab bergan ilk vaqtli matbuot organlarida birinchi navbatda eski fikrli ulamoga qarshi so‘zlar aytilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda hukumatning ayrim vakillari tanqid ostiga olindi. Bu esa, tabiiyki, ikki tomonga ham xush kelmadi.

Munavvarqorining ilk maqolalarida, Turkistonda musulmonlar ijtimoiy hayotini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi fikrlar uchraydi. U mazkur maqolalarida isloh qilishdan maqsad birinchi navbatda diniy soflikka chaqiruv, ya’ni islom dinini turli bid’atlardan tozalashga targ‘ibot yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Turkistondagi ilk “Taraqqiy” gazetasida yuqoridagi kabi maqolalarning asosiy muallifi Munavvarqori edi. Ushbu gazeta katta qarshilikka uchrab, hukumat tarafidan yopilgandan keyin oradan bir necha hafta o‘tib Munavvarqori “Xurshid” gazetasini ta’sis qildi. Bu gazeta ham “Taraqqiy” tutgan yo‘ldan bordi, lekin bu safar Munavvarqori gazetaning asosiy yo‘nalishini Rossiya va qo‘shni mamlakatlarda kechayotgan siyosiy jarayonlarni yoritishga urg‘u berdi. Aftidan, Munavvarqorining gazetani bu yo‘nalishga burgani Ismoil Gasprinskiyga juda xush kelgan ko‘rinadi. I.Gasprinskiy “Tarjimon”da “Xurshid”ni Rossiya musulmonlari tarafidan chop etilayotgan gazetalar ichidagi “sof milliy” matbuot organi ekanligini yozib chiqadi. Bu esa turkistonlik, xususan, toshkentlik ziyolilarning katta yutug‘idan darak beradi.

I.Gasprinskiy Munavvarqori gazetasining “tili”dan o‘ta mamnunligini yashirmaydi. Chunki bu “til” Gasprinskiy targ‘ib qilayotgan turkiy millatlarning umumadabiy tiliga juda mos tushdi. Shu sababdan ham “Tarjimon” “Xurshid”ning birinchi sonidagi asosiy maqolani o‘z sahifalarida qayta chop qildi. Uning “tili”ni esa boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatdi. “Tarjimon” “Xurshid”ni qolgan sonlarini ham diqqat bilan kuzatdi va undan anchagina ma’lumotlarni yana o‘z sahifalarida qayta nashr qilib bordi. “Xurshid” gazetasining faqat 10 soni chiqdi va u 1906 yil 13 noyabrda “aksilhukumat yo‘nalish”dagi gazeta sifatida rasmiylar tarafidan yopildi. Undan keyin Munavvarqori, Abdulla Avloniy va tatar namoyandasi Ahmadjon Bektemirovlarning birgalikda tashkil etgan “Shuhrat” va “Osiyo” gazetalari ham yuqoridagi ayblov bilan yopildi. 1908 yil may oyida Turkiston milliy matbuoti, amerikalik tadqiqotchi Adib Xolid so‘zi bilan aytganda, hukumat tomonidan “bo‘g‘ib o‘ldirildi”. Turkiston milliy matbuotining birinchi davri shu tariqa “hayotdan ko‘z yumdi”.

Munavvarqori faoliyatining asosiy qirralaridan birini tashkil etuvchi yo‘nalish bu xayriya tashkilotlaridir. Musulmon xayriya tashkilotlari ichki Rossiyada 1890-yillardan boshlab paydo bo‘la boshladi. Bu yo‘nalishda ham Gasprinskiy va uning “Tarjimon” gazetasi asosiy targ‘ibotchi bo‘ldi. Gazeta jamiyatlar qay yo‘sinda ochiladi, uning nizomi qanday tartib beriladi, hukumatning qaysi organlariga murojaat qilinadi, degan masalalarni muntazam yoritib borar edi. Turkistonda bunday jamiyatlarning to‘ng‘ichi 1909 yili aynan Toshkentda Munavvarqori va uning atrofiga jam bo‘lgan millatparvarlar tashabbusi bilan tashkil etildi.

Ushbu keng qamrovli jamiyat 1909 yil 15 iyulda, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 10 avgustda “Jamiyati Imdodiya” nomi bilan qurildi.

“Jamiyati Imdodiya”ning birinchi raisi sifatida Abdulla Avloniy 4 oy ish olib bordi. Undan keyin esa jamiyat raisligiga Toshkentning nufuzli millioner savdogari Saidkarimboy Saidazimov tayinlangan.

Mazkur jamiyat hukumat belgilab bergan “Namunaviy Nizom” asosida o‘z nizomini tasdiqlatgani bois ayrim ishlarni amalga oshirishda “qo‘li bog‘liq” edi. Jamiyat faqatgina Sirdaryo viloyati hududi bo‘yicha turli moddiy yordam ko‘rsata olar edi. Turkistondan Rossiya va boshqa joyga borib o‘qiyotgan turkistonlik talabalarni moddiy jihatdan qo‘llashi qonun bo‘yicha ta’qiqlangan edi. Shu sababdan ham taniqli toshkentlik ma’rifatparvar Mo‘minjon Muhammadjonov, u vaqtda Ufadagi “Madrasai Oliya” talabasi, jamiyatga moddiy yordam so‘rab murojaat qilishiga qaramay, rad javobi olgan edi. Lekin jamiyat asoschisi Munavvarqori shaxsan o‘zi ayrim boy savdogarlar oldiga borib M.Muhammadjonov uchun bir miqdor mablag‘ topib bergani “Turmush urinishlari” asarida bayon etilgan.

Jamiyat a’zolari tarkibida toshkentlik ayrim nufuzli boy kishilarning ham bo‘lishiga qaramay moddiy jihatdan u qadar boy tashkilotga aylana olmadi.

“Jamiyati Imdodiya”ning moddiy jihati faqatgina a’zolardan olingan badal puli hamda turli yig‘ilishlarda yig‘ilgan mablag‘ga bog‘liq bo‘lganligi sababli jamiyatning ishlari jadal rivoj topmadi. Jamiyat Nizomdan tashqari boshqa bir turli faoliyat olib bora olmasligi ham uni imkoniyatlarini bir tarafdan cheklab qo‘ygan bo‘lsa, boshqa tarafdan moddiy qiyinchilik ham to‘siq bo‘ldi. Jamiyatning raisi Saidazimboy Saidkarimov toshkentlik boylarni jamiyat atrofida qovushtira olmagandan keyin jamiyatni Munavvarqori boshliq yoshlar qanoti tashabbusni o‘z qo‘llariga olishga majbur bo‘ldi. Munavvarqori o‘z “Xotiralari”da jamiyat avvalda katta boylar qo‘lida edi keyinchalik yoshlar qo‘liga o‘tdi, deb yozganida aynan mana shu vaziyatni nazarda tutgan edi. 1913 yilga kelib jamiyatni yopish masalasi o‘rtaga qo‘yildi. Munavvarqori vaziyatdan chiqish maqsadida ayrim rus va tatar xayriya jamiyatlari qo‘llagan usuldan foydalanishga qaror qildi. “Jamiyati Imdodiya” moddiy jihatini yaxshilash uchun turli badiiy kechalar tashkil etish rejasini ishlab chiqdi. Tadbirdan tushgan mablag‘ Jamiyat hisobiga o‘tdi.

“Jamiyati Imdodiya” tashkil etilgan 1909 yilning o‘zidayoq Toshkentning rus qismi komendanti N.K.Kalmakov Sirdaryo viloyati Harbiy gubernatoriga jamiyatni yopishni iltimos qilib raport berdi. Kalmakov jadidlar rahnamoligidagi dunyoviy ishlar bilan shug‘ullanuvchi ushbu jamiyat shariat qoidalariga umuman zid deb ta’kidlashga urinadi. U bunday jamiyatlar ta’sirida Toshkent aholisi o‘rtasida turli janjallar chiqishi, bu esa butun mintaqa bo‘ylab norozilik kayfiyatlarini kuchaytirib yuborishi mumkinligidan yuqori tashkilotlarni ogoh etishni o‘z burchi ekanligini ham qo‘shib o‘tadi. Ko‘rinib turganidek, aholini yangilik va eskilik tarafdorlari bo‘lgan bir-biriga qarshi ikki guruhni shakllantirishga alohida e’tibor bergan. Bu maqsadda esa islom dini va shariatni “qurol” qilib oldi. Jadidlar tarafidan amalga oshirilayotgan har qanday islohot va yangilikni shariatga zid qilinmoqda deb ulamoni ularga qarshi qo‘yishga harakat qildi. Shu tariqa Turkiston chor ma’muriyati islom dinining kelajagiga “qayg‘urgan” bo‘lib aholini shariat doirasida boshqarib bordi.

Toshkentda yangi usul maktablarining paydo bo‘lishi va rivoji yana Munavvarqori faoliyati bilan bog‘liq. Ushbu yo‘nalishda oxirgi 20 yil ichida juda ko‘p izlanishlar, maqolalar e’lon qilindi. Yana ularni takrorlashga xojat yo‘q. Bir narsani aytish mumkinki, Munavvarqori aholiga yangi usul maktablarining afzalliklarini tanishtirish maqsadida Toshkentda ichki Rossiyada unumli qo‘llanilib kelinayotgan ochiq imtihon tadbirini birinchilardan bo‘lib qo‘lladi. Eng asosiysi, ushbu tadbirlar haqida N.Ostroumovning “Turkiston viloyati gazeti” sahifalarida yoritib borildi.

Munavvarqorining faoliyati juda kengqamrovli bo‘lganligidan uning barcha jihatlarini kichik maqola doirasida yoritib berish juda mushkul vazifa. Uning faoliyati naqadar chuqur bo‘lsa, ushbu faoliyatning har bir qirrasi shu qadar mukammal va chuqur tadqiq qilinishi lozim. Ana shundagina biz Munavvarqorining millat manfaati, ravnaqi, uning taraqqiyoti va istiqloli uchun olib borgan ishlar ko‘lamini yaqqolroq ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son