Qiyomiddin Nazarov. Adabiyot falsafasi

Biz falsafa mavjud ekan, “madaniyat falsafasi”, “huquq falsafasi”, “axloq falsafasi”, “siyosat falsafasi” kabi atamalar qo‘llanilishiga, millat bor ekan, unga xos til va adabiyot, madaniyat kabi milliy falsafa ham mavjud bo‘ladi, degan fikrlarga ko‘nikib qolganmiz. Adabiyot ahli va falsafa mutaxassislari o‘rtasidagi suhbatlar va o‘zaro muloqotlarda bu haqda gap ketganda, biron-bir kishi adabiyot falsafasi to‘g‘risidagi fikrlarni mutlaqo rad qilmaydi yoki uni o‘rganishga arzimaydigan yo‘nalish, deya baholamaydi. Aksincha, aksariyat shoir va yozuvchilar, jurnalistlar bu haqda ijobiy fikrlar bildirishadi, u bilan bog‘liq masala va muammolarni tadqiq qilish foydadan xoli emasligini ta’kidlashadi.

Shunga qaramay, nima sababdandir “Adabiyot falsafasi” tushunchasi nihoyatda kam qo‘llaniladi, bu haqda undan ham kamroq yoziladi. Ilmiy izlanishlar sohasida bu mavzuga unchalik rag‘bat bildirilmasligi, maxsus tadqiqotlar kamligi ba’zi savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Balki haqiqatan ham adabiyot falsafasi yo‘qdir? Falsafasiz adabiyot bormi? G‘oyasizlikni aks ettiradigan adabiyot-chi? Bunday falsafa yo‘qmi? Ular qo‘shilsa, uyg‘unlashsa, nima bo‘ladi? Aslida falsafasizlikning o‘zi ham bir g‘oya, turli vayronkor adabiyotlar va buzg‘unchi falsafalar uchun tayanch emasmi? Shu va shu kabi savollarga javob izlar ekansiz, “Insoniyat tafakkuri taraqqiyotida nihoyatda katta ahamiyat kasb etgan adabiyot falsafasi mavzusi o‘rganilmasdan va tadqiq etilmasdan qolib ketaverishi kerakmi?” – degan o‘kinch xayolga kelaveradi.

Shu bilan birga, alohida qayd etish kerakki, sobiq ittifoqning bir tomonlama, sinfiy-partiyaviy mafkurasi bilan tafakkuri zaharlangan ba’zi faylasuflar va sotsialistik realizm ta’sirida miyasi qotgan ayrim mutaxassislar “Bugungi kunda adabiyot falsafasi yo‘q!” desalar ajablanish kerak emas. Chunki ularning tafakkuri va tasavvuriga bunday tushunchalar tez va osongina singavermaydi. Zero, yaqin-yaqingacha “Aksiologiya”, “Akmeologiya”, “Ideologiya” kabi fanlar va atamalarga ham shunday munosabat bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Kechagina ushbu atamalarga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan ayrim mutaxassislar bugun ularni bemalol ishlatayotgani, hatto bu sohalarning ilg‘or vakiliga aylanayotgani ham sir emas. Fan tarixida yangi tushuncha va atamalarga nisbatan bunday holatlar ro‘y berishi kam emas.

Bir so‘z bilan aytganda, “Adabiyot falsafasi” nima, ushbu tushunchaning ma’no-mazmuni qanday, uning namoyon bo‘lish xususiyatlari nimalardan iborat, degan masalalarni tadqiq etishni zamonning o‘zi kun tartibiga qo‘ymoqda. Afsuski, hozirgi kungacha ushbu masalalarga bag‘ishlangan biron-bir yirik asar, monografiya, ilmiy risola yoki qo‘llanma borligi, ushbu yo‘nalishda muayyan natijalarga olib kelgan maxsus ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotga ega emasmiz.

Buning asl sabablari, bizningcha, bir qator omillar bilan birga, muqarrar tarzda sobiq ittifoqqa xos totalitar mafkura hukmron bo‘lgan yaqin o‘tmishga borib taqaladi. Boshqa sohalar qatori, bu borada ham ayanchli meros qoldirgan bu davrda, adabiyot falsafasi to‘g‘risida yozishmas, yana ham to‘g‘rirog‘i, u haqda yozdirishmas, yozgani qo‘yishmas edi. Hatto shu soha mutaxassislari, ya’ni adabiyot va falsafa bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan universitetlarda ham bu boradagi mavzular ushbu fanlarning asosini tashkil etadigan ilmiy-nazariy tizim, badiiy tafakkurni belgilaydigan falsafiy g‘oyalar va tushunchalar majmui sifatida o‘qitilmas edi. O‘sha davrda adabiyot falsafasining ijtimoiy omillar va jamiyat ruhiyati, odamlarning dunyoqarashi, badiiy tafakkur, adabiy muhit va ijodiy jarayonlar bilan bog‘liq o‘ziga xos xususiyatlari, inson hayotidagi o‘rni hamda ahamiyatini o‘rganuvchi ilmiy-nazariy yo‘nalishga aylanmagani ham shu bilan izohlanadi.

“Sobiq ittifoq mafkurasi taraqqiyotning asosiy qonuniyatlarini to‘g‘ri tushuntirib beradigan yakka-yu yagona ta’limot”, degan soxta aqida mutlaq haqiqat sifatida e’tirof etilgani oqibatida, bu sohadagi mutaxassislar totalitar mafkuraning asoslarini atroflicha va chuqur o‘rgansa, bas, adabiyot esa ana shunga xizmat qilishi shart, degan qarash hukmron bo‘lib qolgan edi. Aynan ana shunday qarash umuminsoniy ahamiyatga molik bo‘lgan adabiyot falsafasining umuman o‘rganilmasligi, unib-o‘smasligi va maxsus tadqiqotlar yo‘nalishi sifatida shakllanmaganiga sabab bo‘ldi. Umuman, o‘sha davrda boshqa ijtimoiy fanlar ham umuminsoniy tamoyillar asosida o‘qitilmas, bu boradagi asl haqiqatlar, ularning to‘liq mazmun-mohiyati to‘g‘risida yetarli ma’lumotlar berilmas edi. Sobiq sho‘ro davrida bu sohalardagi mutaxassislarning ongini umuminsoniy tamoyillar emas, balki ularning dunyoqarashini totalitar mafkura va mustabid tuzumning maqsadlari yo‘lida shakllantirishga xizmat qiladigan “fan”lar kerak edi. Shu maqsadda ba’zi sotsialistik realizm ruhidagi “Sovet adabiyoti” va “O‘zbek sovet adabiyoti” qabilidagi “fanlar” o‘ylab topildi va ta’lim tizimiga kiritildi. Faylasuf, sotsiolog kabi mutaxassislarni tayyorlaydigan muassasalarda ham xuddi shu kabi o‘ylab topilgan “fanlar” bo‘yicha dars olib borish bu boradagi ta’lim tizimining tarkibiy qismiga aylanganining sababi shu edi.

U davr va uning tuzumiga adabiyotning falsafa bilan uyg‘unligi, asl umuminsoniy g‘oyalarni kuylaydigan adabiyot va ana shunday adabiyot orqali ifodalanadigan haqiqiy va xalqchil falsafa kerak emas edi. Bu o‘tmish allomalarining boradagi fikrlariga amal qilinmas, ularni eslashning keragi yo‘q, deb hisoblanar, ushbu yo‘nalishdagi asl haqiqat va qadriyatlar unutilishga mahkum qilingan edi. Yakka mafkura tuzog‘iga tushirilgan adabiyot sotsialistik realizm g‘oyasiga mos bo‘lishi, ushbu mafkuraning quli va maddohiga aylantirilgan falsafa esa, halqchil tilda yozilmasligi va tushunarli ifodalanmasligi kerak edi.

Afsuski, bu boradagi harakatlar zoye ketmagan. Garchand totalitar mafkura doimo bosh qahramoni ijodkorning o‘zi bo‘ladigan adabiyotdan xalqchillikni butunlay o‘chirib yubora olmagan bo‘lsa-da, u bilan falsafa o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni buzib tashlagani ma’lum. Sobiq ittifoq mafkurasi falsafaning odamlar taqdiri, inson manfaatlari bilan bog‘liq fan sifatidagi ahamiyatini yo‘qotgan, uni xalq vijdoni bo‘lgan asl adabiyotdan ajratgan, natijada, aholining keng qatlamlari o‘qimaydigan, o‘qisa ham aksariyat kishilar tushunmaydigan, shaxssiz soha va mavhum bir “fan”ga aylantirgan edi.

Holbuki, adabiyot falsafasining tarixi uzoq o‘tmishdan, insoniyat hayotining ilk davrlaridan, xalq og‘zaki ijodi va falsafiy g‘oyalar endigina tug‘ilayotgan qadimgi zamonlardan boshlangan. Qachon, qayerda va qanday adabiyot shakllangan bo‘lmasin, u muqarrar tarzda, muayyan falsafa, falsafiy tushuncha va g‘oyalar, ijtimoiy fikr va mulohazalarning badiiy tafakkurda aks etishi, ularning xalq og‘zaki ijodi namunalari, nazmiy va nasriy asarlar sifatida, biron-bir shaklda namoyon bo‘lishidan boshqa narsa emas. Falsafa va adabiyot sohasidagi har qanday buyuk asar original falsafiy g‘oyalar va yuksak badiiy tafakkurning uyg‘unlashuvi, bunday asarlarni yaratgan kishilar tasavvuri, ongi va qalbida ezgu g‘oyalarning tug‘yon urishi hamda zamon nidosi va davr talablari natijasida shakllangan ma’naviy shijoat va adabiy ilhomning hosilasidir.

Shu ma’noda, adabiyot va falsafa insoniyat tarixi va tadrijining umumiy hosilasi, falsafiy va badiiy tafakkurning uyg‘unlikda namoyon bo‘ladigan yaxlit natijasi, birining mavjudligi ikkinchisining zarurligini albatta taqozo etadigan, o‘zaro chambarchas bog‘liq fenomenal hodisalardir. Bu esa, badiiy tafakkurni falsafa, falsafiy g‘oya va qarashlardan ayricha qarash, uzviy aloqador bo‘lgan bu hodisalarni bir-biridan ajratishning nihoyatda xato ekanligi va salbiy natijalarga olib kelishi mumkinligidan dalolat beradi.

Zukko allomalar, atoqli faylasuflar, mashhur shoirlar va yozuvchilar masalaning bu jihatiga alohida e’tibor berganlari ma’lum. Qadimda ilm-fan va badiiy ijodda yutuqlarga erishgan kishilarning barchasi falsafa va adabiyotning uzviy birligi va uyg‘unligiga shubha qilmaganlar. Xorazmiy va Buxoriy, Termiziy va Forobiy, Farg‘oniy va Zamaxshariy, Beruniy va Ibn Sino, Navoiy va Bobur kabi alloma bobolarimiz “Avesto” yoki “Alpomish” oddiy dostonlar, faqatgina badiiy ijod namunasi emas, balki “Ezgu fikr, ezgu so‘z va ezga amal” tamoyilini o‘zida aks ettirgan xalq dahosi va falsafiy tafakkurining yaxlit hosilasi ekanligiga shubha qilmaganlar.

Dunyo adabiyoti va falsafasida ham bunday holatlar nihoyatda ko‘p uchraydi va ular insoniyat tsivilizatsiyasi tarixida adabiyot falsafasi, falsafa va adabiyotning uyg‘unligi masalasida allomalarning yakdil va hamfikr ekanligidan dalolat beradi. Adabiyot tarixida, shu nuqtai nazardan, ko‘plab asarlar yozilgani ma’lum. Mashhur alloma, tasavvuf falsafasi va adabiyotining atoqli namoyandasi Ahmad Yassaviyning, nafaqat yassaviya tariqati asoschisi, balki ona tilimizni tariqat tiliga aylantira olgan, xalqchil she’riyati va hikmatlari bilan falsafiy tafakkur taraqqiyoti va adabiyotimiz xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkir sifatida qadrlanishi buning yaqqol misolidir. Agar Forobiy davridan boshlab “Falsafa – hikmatni qadrlash ilmi” sifatida tushunilganini e’tiborga olsak, Yassaviyning eng mashhur nazmiy asarining “Devoni hikmat” deb atalishida ham katta falsafiy ahamiyatga molik ramziy ma’no borligini anglash qiyin emas.

Aynan shu ma’noda, “g‘azal mulkining sultoni”, deya ardoqlanadigan Alisher Navoiy faoliyati va uning ijodi adabiyot falsafasi va milliy tafakkur uyg‘unligining yorqin misoli, insoniyat tarixida ko‘p uchrayvermaydigan noyob hodisadir. Yoshligidanoq serqirra falsafiy hikmatlarni chuqur egallagan, falsafaning eng murakkab va muhim masalalariga bag‘ishlangan asarlarni puxta o‘rganib, ilk ash’orlaridayoq ularni mohirona aks ettirgan alloma bobomizning o‘sha davrda adabiyotni yangi bosqichga ko‘tarib, xalqimiz tafakkurini nihoyatda yuksaltirishdek ulkan tarixiy missiyani bajargani aslo tasodif bo‘lmagan. Mutafakkir bobomiz o‘sha zamondagi o‘zbek adabiyoti va milliy falsafamizning asl tamo­yillaridan birini “Xamsa”ning boshlanishida “Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasiga panja urmoq. Kerak sher ollida ham sher jangi, Agar sher o‘lmasa bori palangi”, – deya ifodalagan, asarning nihoyasida esa “Nizomiy bolidin halvo pishurdim”, deya kamtarlik qilgani ham bejiz emas. Navoiyning salaflari bunday vazifani bajarishga umrining 15-20 yilini sarflagan bo‘lsalar, alloma bobomiz xalqimiz dahosini butun dunyoga tarannum qilgan buyuk “Xamsa” asarini bor-yo‘g‘i ikki-uch yilda yaratgani barchamizga ma’lum.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu kabi jarayonlar dunyoning boshqa joylarida ham ro‘y bergani, taraqqiy etgan milliy falsafa va unga tayangan adabiyotning umuminsoniy ma’naviyat xazinasiga munosib hicca bo‘lib qo‘shilganini ko‘ramiz. Masalan, Rim saltanati zavolga yuz tutganidan ancha keyin, o‘z milliy davlatchiligiga ega bo‘lgan Yevropa mamlakatlarida, o‘rta asrlarga kelib, o‘zlariga xos adabiyot va mos milliy falsafani yaratish imkoni tug‘ildi. Bu jarayon, avvalo, Italiya va Angliyada, so‘ngra Frantsiyada yuz berdi. Ushbu falsafiy maktablarning atoqli namoyandalari bizning alloma bobolarimiz kabi, nafaqat o‘z mamlakatlari, balki jahon falsafasi va badiiy tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirdilar. Shunday mamlakatlardan biri Frantsiyada shakllangan va XVIII asr o‘rtalariga kelib yangi bosqichga ko‘tarilgan frantsuz falsafasining an’analari va ma’naviy taraqqiyotga nihoyatda katta ta’sir ko‘rsatgani, bu borada birgina “Entsiklopediya” asarining yaratilishi nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini misol qilib keltirish mumkin. Didro, Volter, Russo, Monteske, Golbax, Lokk, Lametri, Kandelyak kabi atoqli mutafakkirlar, faylasuflar tomonidan qariyb 30 yil davomida yaratilgan “Entsiklopediya” tarixini o‘rgangan ko‘plab mutaxassislar 28 jilddan iborat bu to‘plam o‘sha davrdayoq ilm-fan, falsafa va adabiyot, fikr va so‘zning qudrati nimalarga qodir ekanini yaqqol ko‘rsata olgan, butun bir davr tafakkurining qiyofasini va zalvorini namoyon qilgan buyuk asar edi, deya e’tirof qiladilar.

Albatta, frantsuz allomalari nafaqat o‘sha davrning eng salmoqli asari – “Entsiklopediya”ni yaratdilar, balki Frantsiya, keyinroq esa Yevropa va jahon xalqlarining dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatgan milliy falsafani takomillashtirdilar, yangi dunyoqarash va zamonaviy tafakkurga asos soldilar. Boshqacha aytganda, “Frantsuz falsafasi” deb ataladigan va insoniyat tafakkuriga katta ta’sir ko‘rsatayotgan falsafiy tafakkur taraqqiyotining muhim bosqichini boshlab berdilar. Masalaning bu jihatini o‘rgangan mutaxassislarning aksariyati AQSh Konstitutsiyasi, Buyuk Frantsuz inqilobining mevasi – Inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi deklaratsiya kabi o‘sha davrda paydo bo‘lgan, demokratiya, inson qadri va erkinliklari sohasida jahonshumul ahamiyatga molik hujjatlarda ana shu allomalarning ko‘plab g‘oya va qarashlari aks etganini e’tirof etadilar. Shu ma’noda, atoqli frantsuz allomalaridan birining “Entsiklopediya” Frantsiyani, Frantsiya esa butun dunyoni uyg‘otdi”, degan so‘zlari bekorga aytilmagan. “XIX asrning birinchi yarmidagi frantsuz adabiyoti dunyoning eng ilg‘or va buyuk adabiyotiga aylanganining sababini qanday izohlaysiz?” deb so‘rashganida, atoqli yozuvchi Emil Zolya bejiz quyidagicha javob bermagan: “Agar frantsuz mutafakkirlari XVIII asrning ikkinchi yarmida buyuk frantsuz falsafasini yaratmaganlarida, XIX asrning birinchi yarmida butun jahonni lol qoldirgan dunyodagi eng ilg‘or frantsuz adabiyoti ham bo‘lmas edi. Biz bunday ulkan adabiy ko‘tarilish uchun o‘tgan asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan ulug‘ salaflarimizdan abadiy minnatdor bo‘lishimiz kerak. Bugun har birimiz “entsiklopediyachilar”ning asarlaridan ta’lim olganimiz, ularning kitoblarini o‘qib katta bo‘lganimiz, ana shu buyuk faylasuflarning yelkasida ulg‘ayganimizni e’tirof qilishimiz, ular tayyorlagan zaminga tayanganimiz va ularning g‘oyalarini asarlarimizga ko‘chirganimizni tan olishimiz lozim”.

Ba’zi adabiyotchilar “Quyosh Sharqdan chiqadi” degan hikmatni Gyotega nisbat berishadi. Aslida esa, uni dastlab nemis mumtoz falsafasining eng zabardast vakili, mashhur faylasuf Gegel aytgan. Keyinchalik Gyote uni takrorlashni xush ko‘rgani ma’lum. Nemis milliy falsafasi va o‘sha davr adabiyotining bu ikki darg‘asi, ikki qadrdon do‘st hayotida bunday misollar ko‘p. Gyotening o‘z ijodiga ta’siri borligini Gegel ham alohida e’tirof etgan. Masalan, u o‘zining “Adabiyot falsafaning so‘zlaydigan tili va aytadigan so‘zi bo‘lgani kabi, asl falsafa ham har qanday haqiqiy adabiyotning tayanchi, u oziqlanadigan g‘oyalar manbaidir”, degan fikri qadrdon do‘sti bilan bo‘lgan bir suhbatdan keyin tug‘ilganini tan olgan. Xuddi shunday, ko‘pchilik adabiyotchilar Shiller nomini eshitganlaridanoq, uning o‘z sohalari vakili ekaniga shubha qilmaydilar. Aslida ham shunday, ammo aynan Shillerning falsafa bo‘yicha muhim asarlar yaratgani, bu fandan dars bergani va shu tufayli dong‘i butun Yevropaga tarqalgani, Gegel, Shelling, Gyote kabi keyinchalik olamga tanilgan allomalarning undan o‘rgangani ham bor gap.

Bularning barchasi adabiyot falsafasining, avvalo, falsafa va adabiyot tarixining umumiy ildizlari va o‘zaro aloqador mezonlariga, umumiy g‘oyaviy va badiiy tafakkur tamoyillariga tayanishidan dalolat beradi. Dunyoning buyuk donishmandlari, yuksak tafakkur sohiblari, shoir va yozuvchilari aynan shunday mezonlar asosida yashaganlar va ijod qilganlar, o‘z yurti hamda xalqining orzu va umidlarini g‘oyalari, nazariya va ta’limotlarida ifoda etganlar. Natijada jamiyat farovonligi va millat ravnaqi uchun xizmat qiladigan yuksak ma’naviyatga chorlovchi ezgu g‘oyalar va ulkan ahamiyatga molik badiiy asarlar yaratilgan. Har bir mashhur badiiy asarning dunyoga kelishi va e’tirof etilishining asl sabablari unda aks etgan falsafiy g‘oyalarning muayyan davr odamlari uchun harakat dasturiga aylanishi, xalqni ulug‘ maqsadlarga yetaklovchi omil sifatida namoyon bo‘lishi va uni ezgulik yo‘lida safarbar qilishi bilan bog‘liqligi shubhasiz.

Shu ma’noda, “Adabiyot falsafasi” mazmun-mohiyati va mantig‘i jihatidan falsafa va adabiyot aloqadorligining muayyan ifodasi, adabiy tasavvur va badiiy tafakkur bilan uzviy bog‘liq g‘oya va qarashlar, ta’limot va nazariyalar, uslub va yondashuvlar majmui, ularning o‘ziga xos namoyon bo‘lish shakllari va falsafiy xususiyatlarini anglatadigan umumiy tushunchadir. Uning integral va funktsional mazmuni adabiyot va falsafa, deb atalgan ikki sohaning o‘zaro uzviy aloqadorligidan va umuminsoniylik xususiyatidan kelib chiqadi, ularning butun bashariyatga tegishli umumiy qadriyat ekanligiga tayanadi.

Adabiyot falsafasi badiiy dunyoqarashga xos tushuncha va tamoyillar tizimining mazmun-mohiyatini, ushbu soha vakillarining tafakkuri, pozitsiyasi, hayotdagi maqsad-muddaolari va vazifalarini belgilab olishga yordam beradi. U davr talablari, jamiyatning umumiy maqsad va manfaatlaridan kelib chiqadi hamda adabiyot va falsafa ahlining hayoti va faoliyati uchun ma’naviy-ma’rifiy mezonlar majmui sifatida ham nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda, har qanday dunyoqarash shakli kabi, badiiy tafakkur ham ma’lum bir jamiyatdagi ijtimoiy voqelik, ma’naviy holat va insoniy munosabatlarning ongdagi ifodasi bo‘lganidek, adabiyot falsafasiga xos dunyoqarash mezonlari va tamoyillari ham muayyan shaxs­ning boshqalarga, jamiyatga, hayotga munosabatida biron-bir tarzda namoyon bo‘ladi. Bu esa adabiyot falsafasi va uning asosidagi badiiy dunyoqarashning baholash funktsiyasini anglatadi. Ya’ni, har bir inson, yozuvchi, shoir yoki faylasuf o‘z g‘oyalari va intilishlaridan kelib chiqib, xilma-xil jarayonlar, insonlar faoliyati, narsa-hodisalarni yaxshi-yomon, foydali-zararli, savob-gunoh kabilarga ajratadi, ularni baholaydi.

Adabiyot falsafasining inson faoliyatini nazorat qilish vazifasi adabiy jamoatchilik, falsafa dunyosi vakillarining turli xil xulosalari, fikr-mulohazalari tarzida namoyon bo‘lishi ham mumkin. Ko‘p hollarda bu funktsiya muayyan kishi uchun biror-bir ideal yoki qadriyatga intilish borasidagi ishlarning ma’naviy mezoni vazifasini ham bajaradi. Shu bilan birga, jamiyatdagi turli qatlamlar manfaatlari nuqtai nazaridan muayyan farqlar bo‘lishi tabiiy. Bunday sharoitda adabiyot falsafasi odamlarni doimiy murosaga keltirish va umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunga kelib, adabiyot va falsafaga nisbatan, sobiq ittifoq davridagidan mutlaqo farq qiladigan shart-sharoit yaratilib, bu sohalarga e’tibor kuchaydi. Adabiyotda va falsafada ham asliyatga qaytish, umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligi va hayot haqiqatini aks ettirish ehtiyoji mustahkamlanib bormoqda. Ijtimoiy fanlarning zamonga mos yangi tizimi shakllanayotgan hozirgi davrda adabiyot falsafasi ham asta-sekin qaddini rostlab, muhim masalalar bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan ilmiy-nazariy yo‘nalishlardan biriga aylanayotgani bejiz emas.

Bu borada adabiy jarayonlarning ijtimoiy taraqqiyotga bog‘liqlik qonuni, har qanday umuminsoniy mazmunga ega bo‘lgan falsafiy ta’limot, davr ruhi yoki xalq tafakkurining adabiyotda o‘ziga xos tarzda aks etishi, muayyan xalq hayoti yoki jamiyatning ma’naviy qiyofasiga mos keladigan adabiy muhit shakllanishi hamda uning falsafiy asoslari to‘g‘risidagi qonun-qoidalarning mazmun-mohiyati va namoyon bo‘lish xususiyatlarini bilib olish imkoni ochildi. Ayni paytda, bugungi adabiyotda qaysi g‘oyalar ustuvor bo‘lmoqda, ularning mazmun-mohiyati va maqsad-muddaolari nimalardan iborat, muayyan falsafiy g‘oya va qarashlarni aks ettirayotgan asarlar nimaga va kimga xizmat qiladi, ba’zi evrilishlar va muammolarga qanday munosabatda bo‘lish, ushbu yo‘nalishdagi dolzarb vazifalarni bajarishda qaysi usullar va vositalardan qay tarzda foydalanish ma’qulligi bilan bog‘liq masalalar paydo bo‘lmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, ushbu sohada maxsus tadqiqotlar olib borish, ularning natijalari asosida zarur xulosalarga kelish va amaliyot uchun samara beradigan taklif va mulohazalarni ishlab chiqish adabiyotchilar va falsafa mutaxassislarining dolzarb vazifalaridan biriga aylanayotganini anglatadi.

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 7-son