Ozarboyjon adibi Yunus O‘g‘uzning “Sulton Alp Arslon” romani o‘zbek tilida chop etildi

Toshkentdagi “Kitob olami” ma’rifiy markazida ozarboyjonlik taniqli yozuvchi va olim Yunus O‘g‘uzning o‘zbek tilida chop etilgan “Sulton Alp Arslon” romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda fan, madaniyat, san’at va adabiyot namoyandalari, taniqli shoir va adiblar qatnashdi.

Yunus O‘g‘uz qalamiga mansub tarixiy roman o‘zbekchaga shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor tomonidan o‘girilgan.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosning qayd etishicha, Yunus O‘g‘uzning 40 dan ziyod asari 20 dan oshiq mamlakatda nashr qilingan. Xususan, “Attila”, “Nodirshoh”, “Shoh Tahmosib”, “Turk tarixiga yangicha nazar”, “Qadimgi Onado‘li va Ozarboyjon turklari” kabi asarlar muallifga shuhrat keltirgan.

Taqdimotda so‘z olgan olim va tarjimon Boboxon Sharif, shoir Mirpo‘lat Mirzo, jurnalist Rustam Jabborov, professorlar Saodat Muhammedova va Ibrohim Yo‘ldoshev, O‘zbekiston-Ozarboyjon do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Erkin Nuriddinovlar yozuvchi Yunus O‘g‘uz nafaqat Ozarboyjon, balki turk olamida e’tirof qozonganini qayd etdilar.

Tadbirda qatnashgan Yunus O‘g‘uz romanning yaratilishi va tarjima jarayoni haqida so‘zlab berdi. Uchrashuv qatnashchilariga muallif dastxati qo‘yilgan kitob tarqatildi.

Eslatib o‘tamiz, “Sulton Alp Arslon” – yozuvchi Yunus O‘g‘uzning o‘zbek tilida chop etilgan uchinchi romanidir. Bunga qadar adib qalamiga mansub “Amir Temur” hamda “Malika va jodugar” asarlari Toshkentda nashr etilgan.

Shu mavzudagi maqola:

Yunus O‘g‘uz: “Maqsadim – turkiylarning dunyo tamaddunidagi o‘rnini ko‘rsatish”. 16.11.2015