Naim Karimov. Oybek va jahon adabiyoti

O‘zbekiston Oybek bilan xayrlashgan kun
Mangulikdan bir lahzaga keldi Navoiy –
Tiriklarga sezdirmasdan siladi beun,
Oybegining manglayini ruhi samoviy
Va so‘ng uni olib ketdi bosib bag‘riga
Abadiyat deb atalgan ruhlar shahriga.

Abdulla Sher

XIX asrning 50–60-yillarida Rossiya qo‘shinlarining O‘rta Osiyoni zabt etishi bilan o‘zbek xalqi tarixining mustamlakachilik davri boshlandi. Yer yuzining boshqa hududlarida bo‘lganidek, O‘rta Osiyo xalqlari ham mustamlakachi davlat belgilab bergan qonun-qoidalar asosida yashashga majbur bo‘ldi. Shu davrda masjid va madrasalar yopilib, arab va fors tillarining ma’naviy-madaniy taraqqiyot vositalaridan biri sifatidagi maqomi pasaytirildi. Buning o‘rniga xalqimiz madaniy va ma’naviy hayotiga rus tili va rus adabiyoti shiddat bilan kirib keldi. Bu hol, bir tomondan, milliy tarixni o‘rganishga, milliy til va adabiyotning rivojlanish jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zbek xalqining oxir-oqibatda rus tili va adabiyoti orqali Yevropa, shuningdek, Amerika xalqlari adabiyotlarini – yangi adabiy-madaniy olamni kashf etishiga imkon berdi. O‘zbek yozuvchilari jahon adabiyoti erishgan badiiy yutuqlar va tajribalarni o‘rganish asosida milliy adabiyotimizga yangi adabiy shakl va janrlarni, yangi badiiy-uslubiy vositalarni olib kira boshladilar.

Ana shu jarayonda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Usmon Nosir, Zulfiya, Asqad Muxtor, Odil Yoqubovlar nafaqat barkamol shoir yoki yozuvchi zabardast tarjimon, balki sifatida ham havas qilishga arzirli ishlarni amalga oshirdilar. O‘zbek xalqining jahon adabiyoti namunalari bilan tanishishi, ularni Navoiy yoki Qodiriy asarlarini o‘qigandek sevib o‘qishida badiiy tarjima oltin ko‘prik vazifasini o‘tadi.

Lekin bu ish osonlik bilan bo‘lmadi. XIX  asrning 70-yillarigacha asosan fors va arab tillaridagi badiiy adabiyot namunalarini turkiy (eski o‘zbek) tiliga tarjima qilgan tarjimonlar uchun Yevropa xalqlari tillari, jumladan, rus tili ham mutlaqo begona til edi. Shuning uchun ham 1870 yilda Toshkentda o‘zbek tilida chiqa boshlagan “Turkiston viloyatining gazeti” o‘z oldiga muhim va xayrli vazifani qo‘yib, I.A.Krilov, A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, N.A.Nekrasovning asosan bolalarga mo‘ljallangan kichik-kichik asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish  ishlarini boshlab berdi. Bu ishga gazeta muharriri N.A.Ostroumovdan tashqari, Shohimardon Ibrohimov, Chanishev, Aydarov, Sattorxon, Mulla Olimlar jalb etildi. Rus adabiyotining dastlabki tarjimonlari tomonidan eski o‘zbek tiliga o‘girilgan ayrim asarlar Saidrasul Aziziy, Ali Asqar Kalinin, Abdulla Avloniyning darsliklariga ham kiritilib, rus-tuzem va jadid maktablari o‘quvchilari e’tiboriga havola etildi. Bolalarbop badiiy shakl va ibratli-didaktik mazmun bilan yo‘g‘rilgan bu asarlar jadid bolalar adabiyotining maydonga kelishida mumtoz o‘zbek adabiyoti va folklori an’analari bilan birga katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ammo bu tarjimalarga bugungi adabiy-badiiy mezonlar asosida yondashganda ularning til va uslub jihatidan murakkab ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Buning asosiy sababi nafaqat tarjimonlarning badiiy tarjima amaliyotidan uzoq bo‘lganligida, ko‘rinadi. O‘zbek adabiy tilining keyingi rivojida birinchi navbatda, Cho‘lpon va Qodiriyning ham yozuvchi, ham jahon adabiyoti namunalarining tarjimoni sifatidagi xizmatlari mislsiz. Ular bilan izma-iz ham o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishiga, ham o‘zbek xalqini jahon adabiyoti bilan tanishtirish ishiga katta hissa qo‘shgan so‘z sehrkorlaridan biri Oybekdir.

Oybek umrining, Navoiy aytmoqchi, ilm maxzanini yig‘ish fasli ikki tarixiy davr to‘qnashgan yillarga to‘g‘ri keldi. U hayotining ilk davrida, oz fursat bo‘lsa-da, madrasada o‘qib, arab va fors tillari bilan oshno bo‘ldi,  inqilobiy bo‘ronlar bilan boshlangan yangi davrda esa e’tiborini ko‘proq shu davrning muhim ijtimoiy masalalariga qaratdi.

Bu qanday davr edi? Bu, Oybekning ustozi Munavvar qori Abdurashidxonov va uning maslakdoshlari uchun 1917 yil fevralidan keyin milliy mustaqillik umidi paydo bo‘lgan, 1918 yil fevralida Turkiston muxtoriyati bostirilgandan keyin esa, shu umid gullari xazon bo‘lgan, lekin “noumid – shayton” hikmatiga amal qilgan ustozlar mustaqillik uchun kurashning yangi yo‘llarini axtarayotgan yillar edi. Ular kelgan fikr-xulosaga ko‘ra, davlat idoralarini boshqara oladigan, ta’lim, fan, madaniyat va xalq xo‘jaligining barcha sohalari bo‘yicha yuqori malakali milliy kadrlarni tayyorlamasdan turib, mustaqillik uchun kurashish samarasiz edi. Shuning uchun ham 1922 yilda Buxoro Xalq sho‘ro jumhuriyatining mablag‘i va ma’rifat fidoyilarining duoi salomlari bilan 70 nafar yosh Germaniyaga o‘qishga yuborildi. Ular ishlab chiqqan rejaga ko‘ra, har yili taxminan shunchadan yoshlar nafaqat Germaniya, balki boshqa davlatlarga, xususan, Rossiyaning Moskva va Leningrad shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlariga ham yuborilishi va milliy kadrlar muammosi besh-o‘n yil mobaynida hal qilinishi lozim edi.

Shu tarixiy davrning shiorlaridan biri “Finansы poyut romansы” (bu iborani “Qo‘shiqni moliyadan eshiting”, deb tarjima qilish to‘g‘ri bo‘lsa kerak), degan so‘zlar edi. Munavvar qori ta’sirida ulg‘ayib borayotgan Oybek ham hali bilim yurtida o‘qib yurgan kezlaridayoq o‘z oldiga iqtisodchi bo‘lish maqsadini qo‘ydi. Ammo u faqat iqtisodga doir adabiyotnigina emas, balki Tenning “San’at bo‘yicha mutolaa”, Frichening “San’at tarixi”, Belinskiyning “Adabiy orzular”, Lunacharskiyning “Pozitiv (ijobiy) estetika haqida” singari asarlarini qunt bilan mutolaa qildi.

O‘sha yillarda Oybek bilan tanishgan O‘zbekiston FA muxbir a’zosi K.Lapkinning adib haqidagi xotiralarida bunday ma’lumot bor: “Men, – deb yozgan edi u, – rus adabiyoti va she’riyati puxta o‘rgatilgan o‘rta maktabda tahsil olganman. Jukovskiy, Nekrasov, Tyutchev, Pushkin, Blok, Mayakovskiy, Yeseninning she’rlarini yod aytardim. Mayakovskiy she’r o‘qigan kechalarda qatnashganman. Men ba’zan oqshom chog‘lari Oybekka rus shoirlarining she’rlarini o‘qib berardim. U Pushkin bilan Tyutchevni, ayniqsa, sevar, ammo shu bilan birga boshqa shoirlarning she’rlarini ham bajonidil tinglar edi. U rus adabiyotiga xos gumanizmni, insonning ezilishi bilan chiqisha olmaslikni, yovuzlik bilan kurashdagi murosasizlikni qadrlar edi”.

Bu so‘zlardan ma’lum bo‘ladiki, Oybek rus va jahon adabiyotiga murojaat etganida, bu adabiyot namunalarini estetik zavq olish, ijodiy o‘rganish uchungina emas, balki, eng avvalo, ulardagi o‘zi uchun, o‘zbek xalqi uchun zarur bo‘lgan gumanizm g‘oyalaridan, insonning, butun bir xalqning jabrlanishiga bo‘lgan nafrat va adolatsizlikka nisbatan murosasizlik tuyg‘ularidan bahramand bo‘lish, ruhiy quvvat olish uchun o‘qigan. O‘sha paytda qaramlik sharoitida yashayotgan Oybek uchun, o‘zbek xalqi uchun shu narsa, ayniqsa, muhim edi.

Oybekning rus she’riyati klassiklari bilan tanishishida rus tili va adabiyoti muallimi Goryanovning xizmatlari katta. “So‘zlarining, qo‘llarining imo-ishorasi bilan, taxtaga chiza-chiza rus tilini o‘rgatishga uringan” Goryanov tufayli u Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Blok she’riya­tini ilk bor kashf etdi. Ayniqsa, Pushkin she’riyati uni maftun etdi. “Men Pushkin she’riyati bilan yashay boshladim, – deb yozgan edi Oybek olis 20-yillarni eslab. – Yangi bir dunyoga kirdim, yangi hayot, yangi ilhom kashf etdim”.

O‘rta Osiyo davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakultetining iqtisod bo‘limida tahsil ola boshlagan Oybek chuqurroq bilim olish maqsadida o‘qishni Leningraddagi Xalq xo‘jaligi institutiga ko‘chiradi. U “Shimoliy Venetsiya”da iqtisodiy tanglikda, yarim och-yupun yashaganiga qaramay, yuqori malakali iqtisodchi bo‘lish va ayni paytda she’riyatga bo‘lgan ruhiy ehtiyojini qondirish uchun tinmay o‘qiydi.

Oybekning bolalik davri o‘rtoqlaridan biri Homil Yoqubov adib bilan Leningradda ilk bor uchrashgan kunlarni bunday xotirlagan edi: “…1927 yilning kuz faslida Oybek Leningradga kelib qoldi… Odatiy salom-alikdan so‘ng biz tezroq O‘zbekistondagi ahvolni bilishga qiziqdik. Oybekning hikoya qilishicha, O‘zbekistonda mafkura maydonida keskin  kurash boshlanibdi. Adabiyot sohasidagi yot mafkuraga qarshi kurash masalasi matbuot sahifalarida ko‘tarilgan bahslarda Oybek ham qatnashibdi. Bu haqda Oybek shu qadar kuyunib-yonib so‘zlardiki, biz adabiyot allaqachon hayotining ajralmas qismiga aylanganini sezib turardik. Uning fik­richa, ijodkor avvalo g‘oyaviy barqaror va o‘ta bilimdon bo‘lmog‘i shart. “O‘zi to‘g‘ri yo‘lda turmagan yozuvchi o‘zgalarni ham aslo Haq yo‘liga boshlay olmaydi”, – degandi u. Shundan so‘ng suhbat inson umrining mazmuni haqida ketdi…”

Xotiranavisning yozishicha, Oybek: “…Endi hamma imkoniyatlardan yaxshi foydalanib, faqat ixtisos(lik) fanlarini o‘zlashtirish bilan qanoatlanmasdan, mustaqil mutolaa yo‘li bilan adabiy-nazariy ma’lumotini chuqurlashtirish, rus va G‘arbiy Yevropa badiiy ijod xazinalari bilan yaqindan tanishish niyatida ekanini hayajonlanib so‘zla”gan; “ijtimoiy, iqtisodiy va falsafiy fanlarga qiziqishi tobora kuchayib”, “iqtisod fakulteti programmasi yuzasidan sistemali ravishda falsafa tarixi, qadimgi va yangi dunyo falsafasi…ni chuqur o‘rgangan”. “Badiiy asarlarni aytmaysizmi? – deb davom etgan xotiranavis. – Ular (Oybekning yotoqxonasida – N.K.) qalashib yotardi. Oybek bularning ko‘plarini o‘qishga ulgurar, o‘qiganda ham sinchkovlik bilan g‘oyaviy-badiiy mag‘zini chaqib o‘qirdi. U xususan poeziyani yoqtirardi. Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Blok, Mayakovskiy, Yesenin she’rlarining ba’zilarini bizga yoddan o‘qib berardi. Biz e’tibor berib tinglardik…”

Oybek Toshkent va Leningraddagi talabalik yillarida nomlari yuqorida tilga olingan shoirlar ijodi misolida rus lirikasidagi his-tuyg‘u va lirik kechinmalarning porloqligidan, badiiy tasvir usullarining rang-barangligidan  bahra olgan. Ammo rus she’riyatiga rom bo‘lmasdan avval u Turkiyada tahsil olgan ustozi Eson afandi va Cho‘lpon ta’sirida yangi turk she’riyatiga ixlos qo‘ygan edi. Oybek “Adabiyot, tarix, zamonaviylik”  (1966) deb nomlangan suhbatida shu jarayon haqida ilk bor so‘zlab, bunday degan edi: “Yangi turk poeziyasining asarlari meni ilk marta lirik soddalik yo‘lida izlanishga o‘rgatdi. Men turk poeziyasi bilan texnikumning studenti bo‘lgan yillarimda tanishdim. O‘sha paytda Bokuda Yahyo Kamol, Rizo Tavfiq, Abdulhaq Homid va boshqa bir necha turk shoirlarining asarlari nashr qilingandi. Bu asarlar mening ham qo‘limga tushib qoldi. Bular hozir ham menda saqlanadi. Yaqinda ularni qaytadan varaqlarkanman, ilk marta ta’sirlanganimni ko‘z oldimga keltirdim. Muhim va murakkab narsalar haqida soddagina qilib so‘z aytish mumkin ekan. Qalbni zabt etgan his-tuyg‘ularni, chuqur lirizmni ifoda etmoq uchun dabdabali shakl shart emas… Eng muhimi, kundalik hayot predmetlari, odatiy nutq poetik olamning butun dabdabasi va jozibasini yo‘qqa chiqarib qo‘yadigan ko‘rinardi”.

Oybek 20-yillarda Toshkentdagi “Turon” kutubxonasi fondidagi turk shoirlarining majmualari va “Sarvati funun” jurnalida bosilgan asarlarini mutolaa qilish jarayonida sodda uslubi va yoniq tuyg‘ulari bilan an’anaviy o‘zbek she’riyatidan keskin farq qilgan turk she’riyatiga mehr qo‘ydi. U hatto Ziyo Ko‘kalp ta’sirida mashhur “O‘zbekiston” she’rini yozdi.

Sovet mafkurachilari ta’biri bilan aytganda, panturkizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan bu she’rning badiiy shakli Oybekka o‘zbek lirikasining go‘zal namunalaridan birini yaratish sevinchini bag‘ishladi. Agar Ziyo Ko‘kalp o‘z she’rida turk tilini sharaflagan bo‘lsa, Oybek o‘z she’rida ona-Vatani –O‘zbekistonni ko‘klarga ko‘tardi.

Oybek turk she’riyatiga qiziqa boshlashidan avval, “maktabdalik yillarida Sharq klassikasi bilan tanishib”, “hirotlik buyuk Navoiy va ajoyib lirik, ozarboyjon adabiyotining buyuk siymolaridan bo‘lgan Fuzuliyga benihoya mehr qo‘ygan” edi. Va bu mehr uning hayoti, qalbi va ijodini butun umri bo‘yi yoritib, unga quyosh haroratini bag‘ishlab turdi.

Endi yana Oybekning Neva bo‘ylarida yashagan kunlariga qaytsak.

Kunlarning birida Oybek Leningrad universitetida tahsil olayotgan texnikumdosh do‘sti Mannon Eminjondan yosh qozoq yozuvchisi Muxtor Avezovning ham shu dorilfununda ta’lim olayotganini eshitadi. U ma’ruzalardan bo‘sh soatlarida Avezovni axtarib topib, u bilan samimiy suhbatlashadi. Ayon bo‘lishicha, Muxtor Avezov o‘sha kezlarda tahsil olish bilan birga Jonli Sharq tillari instituti domlasi, bo‘lajak atoqli turkolog I.K.Yudaxinning taklifi bilan shu institutda o‘zbek tili bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni ham olib borayotgan ekan. Oradan bir necha kun o‘tgach, Oybek uning maslahati bilan Jonli Sharq tillari institutiga borib, institutning pedagogik jamoasi bilan tanishadi va o‘zi ham o‘zbek tili bo‘yicha talabalar bilan amaliy mashg‘ulotlarni olib bora boshlaydi. Ayni paytda u erkin tinglovchi sifatida V.V.Bartold, A.N.Samoylovich, Ye.E.Bertels singari mashhur sharqshunos olimlarning ma’ruzalarini tinglaydi. U shu yillarda Bartold tahriri ostida chop etilgan “Mir-Ali-Shir” to‘plamini hijjalab o‘qiydi. Navoiy yashagan davr, ulug‘ o‘zbek shoirining hayoti va ijodi haqida shu yerda, shu domlalar davrasida bo‘lib o‘tgan suhbatlar Oybek ilmiy va ijodiy hayotining asosiy yo‘nalishini belgilab beradi. U shu davrdan boshlab ulug‘ o‘zbek shoiri hayoti va ijodini izchil o‘rganishga kirishadi.

Shu yillarda O‘zbekistonda arab yozuvidan lotin yozuviga o‘tish masalasi hal etilayotgan, ziyolilar shu masalada ikki qismga ajralib chiqishgan edi. Arab yozuvini saqlab qolish tarafdorlari ham, lotin yozuviga o‘tish va shu yo‘l bilan xorijiy madaniy dunyoga yaqinlashish tarafdorlari ham – har birlari o‘zlaricha haq edilar. Shu masalada Oybek, K.Lapkinning aytishicha, Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi yaqinlashuvning kuchayishi, shu ikki dunyo o‘rtasidagi “Xitoy devori”ning olib tashlanishini yoqlab chiqadi.

“Oybek, –  deb yozadi u, – o‘tmish madaniy merosini yuksak baholar, uni qunt bilan o‘rganar, lekin “Sharq va G‘arb madaniyati” degan gapni tan olmasdi. U Sharq madaniyati tarafdorlarining G‘arb madaniyati, yozuviga nisbatan qo‘yayotgan da’volarining puch, na tarixiy, na mantiqiy asosga ega emasligini yaxshi bilar edi. Chunki O‘rta Osiyo tarixida, madaniyatida doimo turli xil mamlakatlar va xalqlar madaniyati, fanining ta’siri bor. Aristotelsiz Ibn Sino yoki Beruniyning bo‘lishi mumkin emas edi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, o‘rtaosiyolik mutafakkirlar Yevropa va jahon madaniyati, tsivilizatsiyasining shakllanishi va ravnaqiga o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shganlar. G‘arbga sajda qilishni ham Oybek bema’nilik deb bilardi. Shu bilan birga, bu har ikkala madaniyatni “Xitoy devori” bilan ajratib qo‘yishni telbalik, der edi”.

Oybek 1926 yilda jahon adabiyotiga ilk bor murojaat etib, Anatol Fransning “Bashariyat tarixi” hikoyasini tarjima qiladi. “Bashariyat tarixi”, aslida, mustaqil hikoya bo‘lmay, frantsuz adibining “Jerom Kunyar afandining fikr va mulohazalari” degan kitobidan olingan. Bu kitob dastlab “Echo de Paris” gazetasining 1893 yil 15 mart – 19 iyul sonlarida feletonlar turkumi tarzida bosilgan. Asar naql shaklida bayon qilingan dialoglar silsilasidan iborat bo‘lib, ularda qahramonning davlat tuzilishi, armiya, urush, axloq va huquq haqidagi qarashlari o‘z ifodasini topgan. Bu hikoya tarjimasini o‘qir ekansiz, sizda bir savol tug‘iladi: “Oybek shu asarni to‘la holda o‘qiganmi yoki Anatol Frans asarining biror jurnal yo gazetada e’lon qilingan parchasinimi?” Bizningcha, Oybek dastlab shu hikoya bilan tanishgan bo‘lsa ham, bu ibratli Sharq afsonasini tarjima qilganidan so‘ng, “Jerom Kunyar”ni, albatta, o‘qib chiqqan. Ammo hozir gap bunda emas. Gap shu “qissa”ning “hissa”sida.

Hikoyada tasvirlanishicha, donishmand Zabning shogirdi yosh shahzoda Zamir otasi vafot etganidan keyin Eron taxtiga o‘tirgach, saltanatdagi barcha olimlarni yig‘ib, ularga bunday so‘zlar bilan murojaat etadi: “Mening donishmand otam moziydan xabardor bo‘lib ish qilsalar, ko‘p xato qilmaslar edi, deb aytgan edilar. Shuning uchun men butun xalqlarning tarixlarini o‘qimoqni orzu qilaman. Mana buning uchun butun dunyo tarixini tuzishni va uning mukammal bo‘lishi uchun hech bir voqeaning qoldirilmasligini sizga buyuraman”.

Olimlar shu soatdan boshlab ishga tushib, 20 yildan keyin podsho o‘qishi uchun 12 tuyaning har biriga 500 jilddan yuklangan kitoblarni saroyga olib keladilar. Shu orada 20 yilga keksaygan podsho el-yurt tashvishlaridan ortib, shuncha kitobni o‘qish imkoniga ega bo‘lmaydi. U olimlarga insoniyat tarixining qisqacha xulosasini yozib berishni buyuradi. Donishmandlar yana 20 yil ter to‘kkach, 1 yarim ming jildni 3 tuyaga yuklab, saroyga keladilar. Yana 20 yilga qarigan podshoda shuncha kitobni o‘qish imkoniyati, albatta, bo‘lmaydi. Olimlar yana 10 yil mehnat qilib, 1 filga 500 jildni ortib keladilar. Endi 50 yilga qarigan podsho: “O‘lim ko‘zlarimni yummasidan avval bashariyat tarixini bilishimni istasangiz, qisqartiring, qisqartiring, yana qisqartiring!” deb xitob qiladi. Olimlar mo‘ysafidi 5 yildan keyin ustiga bir dona buyuk kitob qo‘yilgan kichkina eshakni saroyga yetaklab kelganida, podsho o‘lim to‘shagida yotgan ekan. So‘nggi daqiqasi yaqinlashgan podshoning istagi bilan olimlar sarvari bashariyat tarixini uch og‘iz so‘z bilan ta’riflab beradi: “Odamlar tug‘iladilar, azob chekadilar va o‘ladilar”. Hikoya: “Shunday qilib, Eron podshohi bu dunyodan u dunyoga rixlat qilish vaqtida butun dunyo tarixi bilan oshno bo‘ldi”, degan so‘zlar bilan tugaydi.

Anatol Fransning Oybek tarjimasida e’lon qilingan hikoyasi, garchand Sharq afsonalariga asoslangan bo‘lsa-da, kitobxonlarda katta taassurot qoldirdi. Balki Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidagi: “Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar”, degan so‘zlari bilan hikoyadagi: “Mening donishmand otam moziydan xabardor bo‘lib ish qilsalar, ko‘p xato qilmaslar edi, deb aytgan edilar”, degan so‘zlari o‘rtasidagi mushtaraklik tasodifiy emasdir.

Har holda Oybek bu hikoyani tarjima qilibgina qolmay, undan o‘zi uchun kerakli xulosalarni chiqarib oldi. Birinchi va eng muhim xulosa, bizningcha, shu edi: har bir inson, ayniqsa, ijodkor faqat o‘z xalqining tarixi va madaniyatini emas, bashariyat (ya’ni jahon xalqlari) tarixi va madaniyatini ham bilishi lozim. Oybek shu asosiy xulosaga asoslangan holda jahon xalqlari tarixi va madaniyati (jumladan, adabiyoti)ni o‘zi o‘rganibgina qolmay, yosh avlodning ham shunday bilimga ega bo‘lishi uchun ko‘maklashishga ahd qildi.

Oybek 1930 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning ijtimoiy fanlar fakultetini tugatganida, nafaqat iqtisod fani asoslarini egallagan diplomli mutaxassis, balki bir necha she’riy kitobi chop etilib, she’riyat muxlislari e’tiborini qozongan iste’dodli shoir ham edi. 1935 yilga kelib, Germaniyada, shuningdek, Moskva, Leningrad va boshqa shaharlarda o‘qib kelgan yoshlar hisobiga respublikada kadrlar masalasi ozmi-ko‘pmi hal bo‘lgan edi. Shuning uchun Oybek ikki sohadan birini tanlashga majbur bo‘ldi va u “sevdigi” adabiyotni tanladi.

30-yillarning o‘rtalarida adabiyot bo‘yicha maktablar uchun o‘quv dasturlari qayta ko‘rilib, darslik hamda majmualarga o‘zbek va rus yozuvchilaridan tashqari, jahon adabiyoti klassiklarini ham kiritish lozim deb topildi. Maorif xalq komissarligining shu haqdagi qarori Oybek uchun ayni muddao edi. U 1935 yili o‘rta maktablarning 9-sinfi o‘quvchilariga atalgan “Adabiyot xrestomatiyasi” uchun buyuk olmon shoiri Heynrix Haynening “Sileziya to‘quvchilari” va “Qullar kemasi” she’rlarini tarjima qildi. 1937 yilning Oybekni ham Til va adabiyot instituti hamda Yozuvchilar uyushmasidan uchirib yuborgan bo‘ron tingach, u 1938 yil oxiri– 1939 yil boshlarida prof. N.F.Deratani tomonidan tuzilgan “Antik adabiyot xrestomatiyasi”ning Rim adabiyotiga bag‘ishlangan 1-jildini o‘zbek tiliga tarjima qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Garchand mazkur xrestomatiya eramizdan avvalgi III–I asrlar Rim adabiyotining Plavt, Terentsiy, Katull singari namoyandalaridan tortib, imperatorlik davri (milodiy I–II asrlar) adabiyotining Petroniy, Apuley singari romannavislarigacha bo‘lgan namoyandalari ijodini qamrab olgan bo‘lsa-da, unda shu shoir va yozuvchilarning ayrim asarlari yoki katta hajmdagi asarlaridan parchalargina berilgan edi. Shunga qaramay, bu majmuaning nashr etilishi o‘zbek xalqining madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi. Kitobxonlar Oybek tarjimalari tufayli antik Rim adabiyoti va uning buyuk namoyandalari haqida ilk bor tasavvur hosil qildilar. Bu Oybekning jahon adabiyotini o‘rganish va tarjima qilish sohasida olib borgan ijodiy ishlarining o‘ziga xos cho‘qqisi bo‘ldi. Agar antik davr yunon va Rim adabiyotlari jahon adabiyotining beshigi bo‘lganligini e’tiborga olsak, Oybek jahon adabiyoti yutuqlarini o‘rganish va o‘zlashtirish ishlaridan biri bo‘ldi.

Afsuski, “Antik adabiyot xrestomatiyasi”ning yunon adabiyotiga bag‘ishlangan jildi o‘sha yillarda rus tilida nashr etilmaganligi sababli Oybekning o‘zbek xalqini antik yunon adabiyoti namunalari bilan tanishtirish haqidagi orzusi ro‘yobga chiqmadi. Lekin Ikkinchi jahon urushi arafasida Moskvada “Chet el adabiyoti xrestomatiyasi” nashr etilib, undan Dante, Gyote, Bayron kabi jahon mumtoz shoirlarining asarlaridan parchalar o‘rin olgan edi. Oybek tarjimai hollaridan birida “jahon madaniyati yutuqlari oltin fondiga kirgan” shu asarlardan Dantening “Ilohiy komediya”, Gyotening “Faust”, Bayronning “Kain” asarlaridan ayrim parchalarni tarjima qilganligini aytgan. Ammo bu asarlar tarjimasi majmua muharriri Sotti Husayn qo‘lida bo‘lgan va u qatag‘on qilingan 1941 yilda, tintuv paytida olib ketilib, kuydirib tashlangan.

1939 yil sentyabrida sobiq ittifoqning barcha respublikalarida arman xalqining milliy eposi – “Dovud Sosunli”ning 1000 yilligi katta tantana bilan nishonlandi. Shu yirik adabiy sana munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi arman eposini o‘zbek tiliga tarjima qilishni Oybekdan iltimos qildi.

“Dovud Sosunli” “Sanasar va Bagdasar”, “To‘ng‘ich Mger”, “Dovud Sosunli” va “Kenja Mger” deb nomlangan 4 ta kitobdan iborat bo‘lib, Oybek eposning bosh qahramon hayotiga bag‘ishlangan uchinchi kitobini tarjima qilishga kirishdi va shu ijodiy jarayonda asarning mashhur rus shoiri V.Bryusov va tarjimon M.Lozinskiy amalga oshirgan ruscha tarjimasidan foydalanishga qaror qildi. Arman eposining o‘zbek xalqiga yaqin tomoni shunda ediki, unda VII asrda arman xalqining o‘z vatani ozodligi yo‘lida arab fotihlariga qarshi olib borgan qahramonona kurashi tasvirlangan edi. “Sosunli Dovud siymosida, – deb yozgan edi M.Shayxzoda asarning 1961 yildagi nashriga yozgan debocha so‘zida, – arman xalqi o‘zining eng ajoyib xislatlarini – mehnatsevarlik, vatanparvarlik, botirlik, vafodorlik, do‘stlik, sulhparvarlik xislatlarini mukammalligi, klassik to‘laligi bilan tarannum etgan. Ayollarga ehtirom va ularning go‘zal fazilatlarini qadrlash, turli millatlarga mansub bo‘lgan mehnatkashlarga mehru rag‘bat kayfiyatlari ham bu dostonning tarbiyaviy qimmatini oshirib, uning chinakam xalqchil bir asar bo‘lganiga qo‘shimcha dalil bo‘lib tushadi.

Arman xalqining dilida yod bo‘lib saqlangan va asralgan Dovud dostoni 1873 yilda Krpo nomli oddiy bir dehqonning og‘zidan yozib olingan edi. Doston arman yozma adabiyotiga, keyincha esa butun dunyo poeziyasiga durdona bo‘lib kirdi”.

O‘zbekistonda “arman yozma adabiyoti durdonasi” – “Dovud Sosunli”ning  1000 yilligini munosib o‘tkazish maqsadida 1939 yilda yubiley komissiyasi tuzildi. Shu komissiyaning 1939 yil 28 avgustda Hamid Olimjon raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishida mazkur asar yubileyiga tayyorgarlikning borishi to‘g‘risidagi axborot tinglanib, bunday qaror qabul qilindi:

“1. Shoir Oybek tomonidan arman eposi – “Dovud Sosunli” tarjimasining o‘z vaqtida tugallangani e’tiborga olinsin.

  1. Erevandagi yubiley tantanalarida ishtirok etuvchi delegatsiya o‘zi bilan olib ketishi uchun asarni zudlik bilan o‘zbek tilida nashr etish tashkil etilsin.
  2. “Sovet adabiyoti va san’ati” jurnalining 5-sonida epos tarjimasi e’lon etilsin va jurnalni yubiley kunlariga chiqarish ta’minlansin…”

Yuqorida bayon qilingan so‘zlardan shu narsa ayon bo‘ladiki, o‘tgan asrning 30-yillarida O‘zbekistonda rus adabiyoti bilan birgalikda jahon adabiyoti durdonalarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilishga va o‘zbek adabiyotini jahon adabiyoti yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda rivojlantirishga katta e’tibor berilgan. Cho‘lpon, Oybek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Mirtemir, Usmon Nosir singari shoirlar shu imkoniyatdan foydalanib, Sh.Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon”, V.Shekspirning “Hamlet”, A.S.Pushkinning “Evgeniy Onegin”, “Boris Godunov”, “Bog‘chasaroy fontani”, “Kavkaz asiri”, “Suv parisi”, “Mis chavandoz”, M.Yu.Lermontovning “Demon” singari o‘nlab asarlarini o‘zbek navolarida yangratib yuborishdi. Oybek 30-yillarda shiddat bilan boshlangan shu ijodiy ishni 40-yillarda ham davom ettirib, jahon komediya san’ati qirollaridan biri Jan Batist Molerning “Tartyuf” komediyasini o‘zbek tiliga o‘girdi. Ammo adib bu asarni hozirgi O‘zbek Milliy drama teatri buyurtmasi asosida shoshib tarjima qilganligi, shuningdek, suronli davrning boshqa muhimroq masalalari bilan bandligi sababli unga sayqal berish imkoniga ega bo‘lmagan. Shunga qaramay, bu tarjima bilan tanishgan kitobxon Oybekning asar g‘oyasi, qahramonlarning sajiyalari va o‘zaro munosabatlarini chuqur his qilgani hamda buni tarjimada berishga intilganligini, albatta, sezadi.

Shuni yodda tutish lozimki, sovet davridagi adabiy-madaniy siyosat zaminida sobiq ittifoq hududlarida yashagan xalqlarni nafaqat kommunistik partiya va sovet davlati g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, balki internatsionalizm niqobi ostida ruslashtirish maqsadi ham yotgan. Sovet davrida rus mumtoz va zamonaviy adabiyoti namoyandalarining juda ko‘p asarlari milliy tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga shu maqsadda tarjima qilingan. Ammo agar 20-yillarda A.Serafimovichning “Temir oqim”, M.Shaginyanning “Gidrotsentral” singari davrning dolzarb mavzularidagi asarlar tarjima qilingan bo‘lsa, 30-yillarning o‘rtalariga kelib, rus va qardosh xalqlar adabiyotining durdona asarlarini tarjima qilishga ehtiyoj tug‘ildi. A.S.Pushkin vafotining 100 yilligi munosabati bilan ulug‘ rus shoiri durdonalarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi xuddi shu davrga to‘g‘ri keldi. Oybek “rus hayotining qomusi” (V.G.Belinskiy) deb baholangan “Evgeniy Onegin” she’riy romanini o‘girish jarayonida Pushkinni jahon she’riyatining buyuk arboblaridan biri sifatida kashf etdi. U bu asarni tarjima qilish va pushkinona poetik mahorat “sir”larini o‘rganish jarayonida o‘z ijodida ham, qolaversa, o‘zbek she’riyatida ham yuksalish ro‘y berishi mumkinligini sezdi. Ana shu sezgi va Pushkin asarining badiiy latofati “Evgeniy Onegin”ni katta ilhom va muvaffaqiyat bilan tarjima qilishiga sabab bo‘ldi. Oybek nafaqat o‘zining, balki qalamkash do‘stlarining ham Pushkin ijodi durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilganidan g‘oyat mamnun bo‘lib bunday yozdi: “Bu yil o‘zbek adabiyoti uchun juda baxtli yil bo‘ldi: Pushkinning bir ko‘p she’r va poemalari, hikoya va qissalari tarjima etildi. “Muftax ul-jinon”larni o‘qib, “oxirat azoblari” vahimasidan ko‘zlarga yosh olib uxlaydigan zamonlar ko‘pdan yo‘qolgan. Endi o‘zbek kitobxonlari Pushkin she’rlarining fikrlariga, musiqasiga berilib, go‘zallikni tuyadilar”.

Oybekning Pushkin ijodiga bo‘lgan qiziqishi “Evgeniy Onegin”ni tarjima qilish bilangina yakunlanmadi. U V.G.Belinskiyning Pushkin ijodiga bag‘ishlangan maqolalarini qunt bilan o‘rgandi, uning “Poeziyaning xil va turlarga bo‘linishi” maqolasini va shu maqoladan o‘rin olgan ulug‘ shoirning “Qishloq”, “Tun nuri sohir…”, “Bulut” singari she’rlarini tarjima qildi. Uning nazarida, ketmon, traktor, gudok, fabrika, zavod haqidagi “she’rlar” bo‘g‘ziga kelgan kitobxonlar Pushkinning bu va boshqa asarlarida tarannum etilgan fikrlar, tuyg‘ular, musiqaning go‘zalligini tuyib yayrashlari, shoirlar esa Pushkindan poetik mahorat “sir”larini o‘rganishlari mumkin edi. “Pushkin asarlarini xalqqa yetkazish  kabi sharafli ishni bajarish bilan bir qatorda, – deb davom etdi u, – o‘zbek shoiri va yozuvchilari ham Pushkin ijodining boy xazinasini atroflicha tekshirish, o‘rganish vazifasini qo‘yishlari lozim. Yildan-yil o‘sayotgan o‘zbek adabiyotining gullashiga Pushkin ijodi katta ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir”.

Oybekning o‘zi nafaqat Pushkin, balki Lermontov, Tyutchev, Tolstoy, Chexov, Gorkiy, Blok “ijodlarining boy xazinasi”ni ham atroflicha tekshirib, o‘rganib, ulardan saboq olishga urindi. Zero, jahon adabiyotining muhim bir qismi bo‘lgan rus adabiyoti yutuqlarini o‘rganish uning o‘z mahoratining oshishi, ijodining yangi, yuksalish bosqichiga ko‘tarilishi uchun zarur jarayon edi. “Rus tili va adabiyotini o‘rganish bilan, – deb yozdi u bir maqolasida, – kishi butun jahon madaniyati va butun jahon adabiyoti bilan-da tanishishga imkoniyat topadi. Chunki jahon adabiyotining eng yaxshi asarlari rus tiliga mo‘l-ko‘l tarjima etilgan va hozir ham tarjima etilmakdadir”.

Biz Oybekning bu so‘zlarini o‘qir ekanmiz, Pushkindek buyuk dahoning tug‘ilishida buyuk ingliz shoiri Bayronning roli oz emasligi yodimizga keladi. Boshqa rus shoir va yozuvchilarining shakllanishida ham ingliz, nemis, frantsuz, italyan adabiyotlari buyuk namoyandalari ijodining ta’siri oz bo‘lmagan. Umuman, adabiy ta’sir, adabiy aloqa badiiy ijodni harakatga keltiruvchi, yangilab turuvchi, boyituvchi muhim vositadir. Oybek 30–50 yillarda qaysi shoir yoki yozuvchi asarini tarjima qilgan, ijodini o‘rgangan bo‘lmasin, shu shoir yoki yozuvchiga jahon adabiyotining vakili sifatida yondashib, uning ijodiy yutuqlaridan, tajribasidan bahramand bo‘lishga, shu asosda ijodiy o‘sishga intildi.

Oybek asarlarini tarjima qilgan shoir va yozuvchilar talaygina. Ular orasida I.A.Krilov (masallar), M.Yu.Lermontov  (“Maskarad”), M.Gorkiy (“Makar Chudra”, “Lochin qo‘shig‘i”), Anna Axmatova (“Mardlik”, “Bog‘da g‘alati chuqur…”), A.Tvardovskiy (“Garmon”) va boshqalar bor. Shular orasida falaknng gardishi bilan urush yillarida Toshkentga kelib qolgan chex shoiri, lyax adabiy tilining asoschisi Ondra Lisagorskiy ham bo‘lgan. Uning “Samarqand kuzi”, “Bombardimon vaqtida”, “Konchi partizanlar qo‘shig‘i”, “Men shoir” degan she’rlari 1943 yilda “Qilich va qalam” to‘plamida Oybek tarjimasida dunyo yuzini ko‘rgan. U “Bombardimon vaqtida” degan she’rida urushning dahshatli manzaralarini tasvirlar ekan, kutilmaganda Beskid tog‘lari etagida kechgan osuda yoshligini eslab, yozgan:

Ey, maysa, ey, samo, muncha go‘zalsan,
Muncha go‘zalsiz, tog‘, daryo, o‘rmonlar!
Er, dengiz go‘zaldir, Yevropa go‘zal,
Bu go‘zal jahonga tasadduq jonlar.

Bolalik chog‘imda qaraganimdek,
Gulzordan quyoshga zavq-la boqamen.
Quyoshdek, o‘rmondek, binafshadek sof
Insonlar haqida xayol suramen.

She’rning bu so‘nggi latif satrlaridan Oybekning ham tirik nafasi eshitilib turadi.

Oybek bu musofir shoirga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatgan bo‘lsa kerakki, u urushdan keyin vataniga qaytib borgach, Pragada nashr etilgan “Quyosh va yer qo‘shiqlari” she’rlar kitobini elchixona orqali o‘zbek adibiga bunday dil so‘zlarini yozib yuborgan:

“Azizim Oybek! Yaqinda badiiy adabiyot nashriyotida mening “Quyosh va yer qo‘shiqlari” yangi she’rlar to‘plamim chop etildi va shundan uch nusxasini o‘zbek xalqiga do‘stona munosabatim ramzi sifatida o‘zbek vakolatxonasi orqali Sizga, Shayxzoda va Mirtemirga yubordim…

Qadrdon Oybek, men o‘tgan yil kuzda muxtor vakil o‘rinbosari o‘rtoq Levshindan O‘zbekiston Respublikasining to‘yiga O‘zbekiston haqidagi rus va chet tillarga tarjima qilingan turkum she’rlarimni matbuot va radio uchun Toshkentga berib yuborgan edim. Men hanuzgacha bu materiallar taqdiridan bexabarman… Radiokomitetdan men uchun gonorar yuborishibdi, ammo aynan nima uchun ekanligini bilmayman. Sizdan juda iltimos qilar edimki, marhamatingizni ayamay javobini bilib bersangiz: biron narsamdan matbuot uchun foydalanildimi va aynan qayerda, shuningdek, radiodan nima eshittirildi? Agar biror narsa bosilgan bo‘lsa, u chog‘da nusxa yuborishingizni o‘tinib so‘rayman.

Men Sizga yuborgan “Quyosh va yer qo‘shiqlari” to‘plamimga Toshkent, Samarqand va Buxoro haqidagi qator she’rlarim kiritilgan. Biroq bular O‘zbekiston haqida yozganlarimning hammasi emas. To‘g‘ri, ko‘pchiligi nemis, ingliz va frantsuz tillariga tarjima qilindi va xorijiy matbuotga yuborildi, shu bilan birga o‘zimizning jurnallarimizda ham bosildi.

Javobingizni kutaman, qadrdon Oybek. Mening rafiqam Sizga alangali salom yo‘llayapti. Qo‘lingizni qattiq siqib qolaman.

Ondra Lisagorskiy. 1945 yil 27 noyabr”.

O.Lisakovskiy garchand chex adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakili bo‘lsa-da, biz uni jahon adabiyoti namoyandasi sifatida alqash niyatida emasmiz. Zero, jahon adabiyoti milliy adabiyotlarning shoh asarlaridan, yillar va zamonlar o‘tsa hamki, badiiy latofatini yo‘qotmaydigan asarlardan iborat xazinadir, oltin fonddir. Shubhasiz O.Lisakovskiy singari ijodkorlarning ham adabiyotning bepoyon olamida o‘z o‘rni, o‘lan-to‘shagi bor.

Oybek jahon adabiyotining nafaqat ingliz, nemis, frantsuz, balki fors, hind, ozarboyjon, o‘zbek va rus millatlariga  mansub namoyandalarining o‘lmas asarlarini ham o‘qib-o‘rgandi yoki tarjima qildi. Har ikki holda ham  ulardan estetik zavq olish bilan birga ularga badiiy mahorat maktabining ustozlari sifatida munosabatda bo‘ldi.

O‘ylaymizki, o‘zi ham “Qutlug‘ qon”, “Navoiy” romanlari va go‘zal, dilbar, umrboqiy lirikasi bilan jahon adabiyoti xazinasining boyishiga hissa qo‘shdi.

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 1-son