Abbos Said. Ustoz ibrati

http://ziyouz.com/images/uz/shukrullo.jpgHayotda shunday insonlar borki, ular haqida yozishni ko‘nglingga tugsang-da, cho‘chib turasan: yoshi, salobati, bosib o‘tgan umr yo‘llari o‘ylantiradi, hayratlanasan, arzirli darajada yoza olarmikinman, degan andishaga borasan. Ustoz Shukrullo haqida maqola yozishni niyat qilganimda ham, garchi mo‘tabar yoshni qoralagan adibning asarlarini o‘qigan, suhbatlarida bo‘lgan, Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir singari atoqli yozuvchilar haqida hikoya­larini eshitgan, insoniylik, yaxshilik haqidagi ibratomuz nasihatlarini tinglagan bo‘lsam ham, meni shunday hislar tark etmasdi.

Bir uchrashganimda Shukrullo aka suhbatdan so‘ng o‘sha paytda chop etilgan “Umrboqiylik” nomli kitobni berdilar. To‘plamda Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev, Chingiz Aytmatov, Mustay Karim, David Qug‘ultinov, Rimma Kazakova singari yozuvchi, shoirlar, zamondosh ijodkor va olimlarning Shukrullo ijodi, shaxsi haqidagi iliq fikr-mulohazalari jamlangan. Chindan ham bu kuyunchak inson asarlari tilining ravonligi, ta’sirchanligi bois, G‘afur G‘ulom ta’riflaganiday, “yirik lirik shoir sifatida” o‘tgan asrning oltmishinchi yillaridayoq elga tanilib ulgurgandi.

Shukrullo aka sermahsul ijodkor. U kishi necha o‘n yillardan beri nafaqat she’rlar, balki poe­malar, dramatik, publitsistik, nasriy asarlar, stsenariylar, maqolalar ham yozib keladi. Adibning “Tanlangan asarlar”idan yirik nasriy asarlari — “Kafansiz ko‘milganlar”, “Tirik ruhlar”, “Javohirot sandig‘i”, “Og‘ir kunlar sevinchi” nomli roman, qissalari ham o‘rin olgan. Men bu asarlarning ba’zisini qo‘lyozma, ba’zisini jurnal variantida o‘qigandim. Keyinchalik ularni to‘plamda qayta mutolaa qildim. Bu asarlar adabiy jamoatchilik tomonidan allaqachon e’tirof etilgani, kitobxonlarda juda katta qiziqish uyg‘otgani, xorijiy tillarga tarjima qilinib, chop etilgani sir emas.

“Kafansiz ko‘milganlar”da muallif o‘tgan asrning elliginchi yillari boshida “xalq dushmani” sifatida nohaqdan qamalib, sovuq o‘lkalarga, mahbuslar lageriga surgun qilinishi voqealarini qalamga oladi. Asar nihoyatda shoirona dard bilan yozilgan. Muallif mustabid tuzum davri fojeasini zamondoshlariga va kelajak avlodlarga imkon qadar haqqoniy ko‘rsatishni niyat qilgan va o‘z maqsadiga erishgan.

To‘g‘ri, bu mavzuda ko‘plab asarlar bitilgan. Xususan, rus yozuvchisi A.Soljenitsinning “Gulag Arxipelagi” (“Qamoqxonalar saltanati”) asari ham ayni shu mavzuda. Ammo Shukrullo bu mashhur adibdan farqli o‘laroq, o‘z asarini sharqona mungli ohangda, ta’bir joiz bo‘lsa, Sharq mumtoz adabiyoti an’analari ruhini singdirgan holda o‘quvchisi hukmiga havola etganki, bu asarning nafaqat badiiy qimmatini, balki ruhiy-hissiy ta’sir darajasini ham oshirgan. Zotan, haqqoniy yozilgan kitoblar barcha zamonlarda o‘quvchisini topadi, ko‘pchilik e’tiboridan chetda qolmaydi.

Bir kuni ustoz uyga qo‘ng‘iroq qilib, bir roman yozganini ayt­di. “O‘zbeklardan Lev Tolstoyga xat yozgan Ubaydulla Xo‘jayev — istiqlol uchun kurashgan advokat ziyoli haqida. O‘qib, fikringni aytsang”, dedi. Menga ishonch bildirib, qo‘lyozmani o‘qishga tavsiya etayotganidan quvondim. Asar menda iliq taassurot qoldirdi. Muallifning ko‘nglini ko‘tarib: “Asar ma’rifiy roman bo‘pti. Pasternakning “Doktor Jivago”sidan qolishmaydi”, dedim. U kishi ko‘nglini ko‘targanimni sezdi, shekilli: “Kamchiligini ayt”, dedi. Men shu qutlug‘ yoshda epik janrga qo‘l urishning o‘zi jasorat ekanini ta’kidladim. Ko‘zlaridan mening javobim qoniqtirmaganini sezdim. O‘sha damda asarning syujeti, kompozitsiyasi biroz sustligini aytsam, ustoz yana asar ustida qattiq ishlayman, deb dard­ga chalinib qolishi mumkinligini o‘yladim. Shunday esa-da, to‘g‘ri gapni yaxshi ko‘radigan Shukrullo akaga: “Oybek domlaning romanlariga o‘xshash ko‘lam yetishmayotganday, voqealar bir-biriga bog‘lanib, chirmashib ketishi kerakdek tuyulyapti…”, dedim. “Oybek ham shoir edi-ku”, dedi ustoz. “Oybek domla katta romanlarini yozganlarida ­oltmishdan oshmagandilar”, ­deganimdan so‘ng Shukrullo akaning ko‘zlari chaqnab ketganday bo‘ldi go‘yo…

“Tirik ruhlar”ni “Tanlangan asarda” qayta o‘qib, hayratlandim. Adib asarni keyin yana ancha ishlagan ekan. Eng asosiysi, asarning ko‘lami ham kengaygan, o‘tgan asr boshidagi voqealar, Ubaydulla Xo‘jayev, Munavvar qori, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa jadidlarning yorqin siymolari, murakkab, chigal hayotini o‘sha davr voqealariga ­uyg‘un tasvirlashga erishilgan.

Shukrullo akaning “Javohirot sandig‘i” memuar qissasi haqida o‘tgan asrning saksoninchi yillarida ko‘p yozilgan. Asar rus va bosh­qa xalqlar tiliga o‘girilib, o‘quvchilar e’tiboriga tushgan. Oradan ko‘p yillar o‘tib, yaqinda uni takror o‘qib chiqdim va asarning badiiy qimmati, tarbiyaviy ahamiya­ti birday saqlanganiga guvoh bo‘ldim. Muallif bolaligida ko‘rgan-kechirganlarini, Toshkent mahallalaridagi hayot tarzini, shoir bo‘lib shakllanish davridagi tengdoshlari, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon kabi atoqli adiblarning shaxsi, fe’l-atvori, dunyoqarashini o‘ziga xos shoirona iboralarda tasvirlaydi.

Xullas, asarning qayta mutolaasidan ta’sirlanib, hayajonimni yashirolmay, ustozga qo‘ng‘iroq qildim: “Ayniqsa, ustozlaringizga bo‘lgan muhabbatingiz juda boshqa­cha chiqibdi, ularning fe’l-atvorlarini, yuksak insoniy fazilatlarga ega shaxslar ekanini boshqalarnikiga o‘xshamagan tarzda yozibsiz”, dedim. Shukrullo aka o‘nlab yillar burun yozilgan asari haqida yaxshi gaplarni eshitib boshi osmonga yetdi, shekilli, o‘zgacha: “Xudoga shukur!” deb qo‘ydi-da: “Rasul Hamzatovga bir paytlar sening “Dog‘iston”ingdan ta’sirlanib “Javohirot”ni yozdim deganimda: “Men esa shayx Sa’diyning “Guliston”idan o‘rganib “Mening Dog‘istonim”ni yozgan edim. Asarlar shu tarzda bitiladi — o‘tmish allomalaridan va bir-birimizdan o‘rganamiz”, degan edi”, ­dedilar…

Haqiqatan ham, bu qissa yetuk asarlardan biri sifatida kitobxonlar, ayniqsa, yosh avlod ­ma’naviy olamini boyitishda, ­ta’lim-tarbiyasida bebaho qimmatga ega.

Muborak to‘qson yoshi munosabati bilan chop etilgan “G‘oyibona muhabbat” nomli to‘plamga adibning ko‘plab o‘lkalardagi, xorijdagi o‘quvchilaridan kelgan ijodi, asarlari haqida fikr-mulohazalar bitilgan maktublar jamlangan. Ularni o‘qib, Shukrullo akaning qancha odamlarning mushkulini oson qilgani, dardiga malham bo‘lgani, ezgu ishlardan, ijoddan to‘xtamaganiga guvoh bo‘lamiz.

“G‘oyibona muhabbat” kitobidagi ijodkor do‘stlari — Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev, Chingiz Aytmatov, Mustay Karim, Komil Yashin, Chabua Amirejibi, David Qug‘ultinov, Odil Yoqubov singari adabiyot darg‘alari bilan tushgan suratlarni ko‘zdan kechirarkanman, bu katta davrada Shukrullo akaning o‘z o‘rni borligiga quvondim. Bunday o‘ringa hamma ham sazavor bo‘lavermaydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 38-sonidan olindi.