Archibald Maklish. Kitobning qudrati

Amerika kitobchilar assotsiatsiyasining 1942 yil 6 maydagi majlisida so‘zlangan nutq

Biz bugun xotira kuni munosabati bilan yig‘ildik deb aytsak, xato bo‘lmaydi. Yaxshi bilasiz, yana to‘rt kundan keyin mash’um kitob yoqish fojiasi yuz berganiga o‘n yil to‘ladi — 1932 yil 10 may kuni fashistlar yigirma besh ming kitobni o‘tda kuydirgan edi.

Men bu gaplarni sanalar tasodifan to‘g‘ri kelib qolgani yoki shu voqeaga alohida e’tibor qaratish uchungina aytayotganim yo‘q. O‘ninchi mayda Berlindagi gulxanda kitoblar lovullab yongan edi, oltinchi mayda esa Nyu-Yorkda umrini kitobga baxshida etgan odamlar tantana qilmoqda. Yo‘q, mening ta’kidlamoqchi bo‘lganim shuki, har ikkala voqea ham kitobning naqadar ulkan qudratga egaligini yaqqol ko‘rsatadi.

Yanayam, aniqrog‘i, men bu ikki voqeani shuning uchun taqqoslayapmanki, ma’lum ma’noda, Berlindagi yong‘in kitob qanday ulkan qudratga ega ekanligini ko‘rsatuvchi eng yorqin dalil bo‘lgan edi. Holbuki, uning tashkilotchilari aynan shuni istamagan. Yana shuning uchun ta’kidlayapmanki, bu yong‘in ba’zi bir oqibatlarni ham keltirib chiqardi.

Fashistlar — noto‘g‘ri yo‘ldan yurgan nodon o‘spirinlardir, ular hayotda o‘z o‘rnini topa olmagan qalang‘i-qasang‘ilar, o‘g‘ri, qotil, bosqinchilardan tashkil topgan to‘da, o‘z fashistcha «tartibi»ni o‘rnatgan galadir. Fashistlar kitob yoqishdek ushbu jirkanch sharmandagarchilikka bejiz qo‘l urmagan, chunki ular naqadar nodon, johil, qahru g‘azabning quli bo‘lsa ham, kitobning qudratli qurol ekanligini yaxshi bilishardi. Ular hur fikrli insonlar yaratgan kitob faqat hur insonlarga xizmat qilishini, ozod insonlarning mag‘rur tafakkurini aks ettirishini, mahv etish mushkul bo‘lgan o‘tkir va qudratli qurol ekanligini yaxshi tushunishgan. Ozodlikni tiz cho‘ktirishga qasd qilganlar eng avval kitobni — ozodlik  huquqlari xaloskorini yo‘qotishi lozim ekanini anglab yetishgan.

Shu bois men sizga bir savol bermoqchiman, barchamiz — o‘z hayotini kitobsiz tasavvur qila olmaydigan yozuvchilar va kitob savdosi vakillari, noshirlar va kutubxonachilar, olimlar va jamoat arboblari  o‘ylab ko‘rishi lozim bo‘lgan savol bu. Biz — kitobni tahqirlagan fashistlardan shunchalik otashin bo‘layotganlar, biz — kitoblar ustida ishlaydigan, ularni o‘rganadigan va ular haqida chiroyli gaplarni gapiradiganlar — kitobning qudratiga uni olovga tashlagan fashistlarchalik yuqori baho bera olamizmi? Biz — kitob yozuvchilar va ularni tarqatuvchilar, targ‘ib etuvchilar — kitobning ahamiyatini miridan-sirigacha to‘liq his etamizmi, uni faqat tilda emas, butun vujudimiz bilan idrok eta olamizmi, hech qursa, kitobdan qo‘rqqani uchungina uni olovga tashlagan nokaslar anglaganchalik anglay olamizmi?

Bu shunchaki bir savol emas. Judayam jiddiy savol. Nazarimda, men uning javobini bilaman. Siz ham yaxshi bilasiz. Biroq yana shuni ham yaxshi bilamizki, agar iblisning advokati[1] jiddiy xohlasa, bizga juda yoqimsiz bo‘lgan yana bir chala javobni qulog‘imizga shipshitishi mumkin.

Iblisning bilimdon advokati bizdan quturgan fashistlar jaholatini bir zumga unutishni va o‘zimizning keyingi o‘n yillikdagi xatti-harakatlarimizni yodga olib, to‘g‘risini aytishimizni talab qilishi ham mumkin: agar biz — hayotini kitobga bag‘ishlagan odamlar — kitobning buyuk ta’sir kuchiga ega ekanini, u insonlar va xalqlarning hayotini o‘zgartiruvchi vosita ekanini anglagan bo‘lsak, shu yillarda o‘zimizni kitobning ahamiyatini dildan his qilgan insonday tutdikmi yoki, aksincha, unga peshtaxtadagi tovarga, plastmassadan yasalgan tish cho‘tkasi, loson butilkasi va yo dori-darmonga qaraganday qaradikmi?

Bunday savolga javob berish oson bo‘lmaydi. Biz, ikkiyuzlamachilik qilmasdan, 1920-yillarda ishlab chiqilgan va 1930-yillarda keng qo‘llangan kitob savdosi usullari tufayli sotilayotgan kitoblar soni ancha ko‘paydi, bozorgir kitoblar adadi esa shunday sur’atlar bilan oshdiki, tez orada ular uchun tiraj cheklovi degan narsa umuman yo‘qoladi deb javob berishimiz mumkin. Biroq javobimizni tinglagan iblisning advokati bizdan yana so‘raydi: «Aynan qanday kitoblarni sotdingiz? Ommaviy tarqatishga mo‘ljallangan bu kitoblar qanday tamoyilga ko‘ra tanlandi? Va nihoyat, ularning keng ko‘lamda tarqatilishidan qanday maqsad ko‘zlangan edi? O‘sha maqsadga erishdingizmi?».

Bir narsa aniq, — deydi u bizga, — ushbu kitoblarning badiiy qimmati masalasini bir chetga qo‘yib turgan taqdirimizda ham (o‘ylashimcha, iblisning advokati mazkur masalani ko‘tarmasa, biz uchun ayni muddao bo‘lardi) ushbu kitoblarda, ularga bo‘lgan munosabatingizda siz kitoblarga mamlakat hayotiga va uning kelajagiga ta’sir o‘tkazuvchi qudratli qurol kabi yondashganingizni tasdiqlovchi jihatlar juda kam. Agar buyuk mamlakatning xalqi qachonlardir atrofida yuz berayotgan sirli o‘zgarishlarni payqamagan bo‘lsa, zamona zaylidagi g‘ayrioddiy o‘zgarishlardan xabarsiz qolgan bo‘lsa, amerikaliklar fashizmning tobora kuchayib borayotganidan g‘aflatda qolgani va bunga tayyor bo‘lmaganining sababi shu, boshqa izohga hojat yo‘q. Xaridorgir kitoblar ro‘yxatida Ernest Xemingueyning «Qo‘ng‘iroq kimni chorlayapti?» yoki Ed Teylorning «Qo‘rquv strategiyasi» yoxud «Bill Shirerning kundaligi» singari notinch dunyo haqidagi, xalqimiz e’tibor bilan o‘qiganida dushman Gonoluluga[2] bomba yog‘dirmasidan va Atlantika qirg‘oqlarini halok bo‘lganlarning jasadlari bosib ketmasidan burun unga mamlakatga xavf-xatar buluti soya solayotganini anglash imkonini beruvchi atigi bir nechta kitob bor edi, xolos. Ammo sotuvga chiqarilgan kitoblarning aksariyatini jahon tarixining oxirgi o‘n yilligida hammamiz uchun o‘lim xavfi yuzaga kelishi haqida zarracha ham tushuncha bermaydigan asarlar tashkil qilardi. Ularni o‘qigan odamlar Ispaniyada fashistlar uyushtirgan to‘ntarish fashistlarning olamshumul yurishi boshlanganining alomati ekanini, u bizning ham erkinliklarimizga, hayotimizga xavf solishini; Chexoslovakiyaning[3] okkupatsiya qilinishi faqat Sudet viloyatining fashizm tomonidan bosib olinishini emas, balki boshqa, Germaniyadan ancha uzoq mamlakatlarni ham, shu jumladan, bizning diyorni ham zabt etishga urinishni anglatishini xayoliga ham keltirgan emas.

Amerika yozuvchilari, garchi o‘shanda ulardan tashqari juda kam odam Ispaniyadagi voqealar haqida haqiqatni aytishga jur’at qilgan bo‘lsa-da, frankochilarning kirdikorlarini o‘z nomi bilan to‘ntarish deb atab, mamlakatimizda fashizmga qarshi ilk va jasur kurashchilar sifatida maydonga chiqqan edi. Shuni aytib, yana amerikalik noshirlarning aksariyati antifashistik kitoblarni chop etish uchun bor kuch va mablag‘ini ayamagani; xalqni xavfdan ogoh etishni vatanparvarlik burchi deb bilgan yozuvchilarning asarlari qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan holatlar ham bo‘lgani singari dalillarni qalashtirib tashlab, ushbu xayoliy munozarani davom ettirishga hojat yo‘q. Bularning hammasini, yana ko‘p dalillarni iblisning advokatiga e’tiroz sifatida keltirish mumkin. Ammo, tan olaylik, umuman olganda biz kitob yordamida erishishimiz kerak bo‘lgan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun kitobning imkoniyatlaridan samarali foydalandik deya olmaymiz.

Amerikada oxirgi yigirma yil mobaynida bu borada qilingan ishlar qoniqarli emas desam, barchangiz fikrimga qo‘shilsangiz kerak. Tariximizni yodga olganda ustma-ust qilingan xatolarni tahlil qila turib, Bataan[4] taslim bo‘lgan o‘sha fojiali kundan, Korrexidor qo‘ldan ketgan o‘sha fojiaali kundan xayolan fojiiylikda ulardan qolishmaydigan, o‘zimizning mas’uliyatsizligimiz va kaltabinligimiz tufayli oldingi urushda qo‘lga kiritgan hamma narsamizdan mosuvo bo‘lgan kunlarga o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Endi ortga bir nazar tashlasak, tariximizning oxirgi chorak asri jinoyatkorona loqaydlikdan muqarrar baxtsizlik sari yo‘l bo‘lib ko‘rinadi — baayni Yevropada yuz bergan fojia singari, albatta bosib o‘tilishi lozim bo‘lgan, mash’um va dahshatli yo‘lday tuyuladi, buni hech kim inkor etmasa kerak. Oramizda bugun hammamizning boshimizga tushgan ko‘rgulik uchun javobgar bo‘lmagan, ayniqsa hayoti kitob bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ham elning boshiga tushgan ko‘rgulik uchun javobgar bo‘lmagan odam yoki jamoat yo‘q, bu fikrimga ham barchangiz qo‘shilsangiz kerak.

Ammo endi shunchaki o‘tmishni kavlashtirish va yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun pushaymon qilish yetarli emas, umumiy mas’uliyat hissi o‘zining alohida, aynan unga yuklatilgan burchini anglab yetgan har bir kishining shaxsiy mas’uliyatiga aylanishiga erishish shart. Bu tuyg‘u bizni harakatga undamog‘i lozim. Masalan, kino sanoati haqida gap ketganda uning vakillari bir, ikki yo besh yil ilgari kinoning yagona vazifasi tomoshabinning ko‘nglini yozishdir, kinoteatrlarning elektr chiroqlari bilan charog‘on ostonalaridan uzoqlarda nima bo‘lsa bo‘lar deb ishontirganlarning boshiga ta’na toshlarini yog‘dirishi yetarli emas. Endilikda kino sanoati ko‘plab haqiqatlarning ko‘ziga tik boqishi va o‘zi uchun zarur xulosalarni chiqarib olishi darkor. Ushbu haqiqatlarning eng asosiysi shuki, kinofilmlar mamlakatimiz hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi, kartina muallifi xohlaydimi-yo‘qmi, bu bir kunmas-bir kun o‘z mevasini beradi. Chunki chalg‘ituvchi yoki hayot haqida yolg‘on tasavvur uyg‘otuvchi kartinalar ham tomoshabinlarga haqqoniy, hayotni oynadagidek aks ettiruvchi kartinalar singari kuchli ta’sir qiladi-yu, oxir-oqibat illyuziyaga, o‘z-o‘zini aldashga olib keladi. Kino sanoati tan olishi kerak: uning shunchaki xalqning dimog‘ini chog‘ qilishga intilayotgani va ijtimoiy qarashlarni shakllantirishga hech qanday aloqasi yo‘qligini bahona qilib Amerikada yuzaga kelgan ijtimoiy fikr uchun javobgarlikni o‘zidan soqit qilishga urinishi asossiz va nojo‘ya urinishdir. E’tirof etish lozimki, Amerika xalqi hozirgi zamon qanday xususiyatlarga egaligi va dunyoga qanday xavf-xatarlar soya solishi mumkinligini ilgariroq, ancha ilgariroq anglab yetmagani uchun kino sanoati radio, matbuot, kitobchilik, kollejlar, maktablar, biz hammamiz kabi shak-shubhasiz javobgardir.

Ilgarilari kino sanoati ko‘ngilochar kino bilan odamlarga ta’sir o‘tkazuvchi kino o‘rtasida farq borligini da’vo qilgan bo‘lsa-da, tafovut mavjud emas. Dunyoni haqqoniy tasvirlashga urinish tomoshabinga qanday ta’sir qilsa, uni aslidagidan boshqacha tasvirlashga urinish ham o‘shanday ta’sir qiladi; bizning fojiali, xavf-xatarga to‘la zamonamizda odamlar duch kelayotgan haqiqiy muammolar ko‘rsatilmaydigan, biroq sizga son-sanoqsiz kelishgan oyoqchalardan hamda hammasida bir xil tabassum jilvalanadigan chehralardan bahra olish taklif qilinadigan, haqiqatdan ancha uzoq Hollivud lentalari qanday «targ‘ibot filmlari» bo‘lsa, «Bir shingil qahr»[5] va «Ispan diyori»[6] shunday «targ‘ibot filmlari» hisoblanadi, zarracha ortiq emas. Qolaversa, ushbu oyoqchalar va tabassumlarni «targ‘ibot» deb atash to‘g‘riroqdir, chunki amerikaliklarning ko‘pchiligi ularda tasvirlanadigan dunyo, aniqrog‘i, antidunyo haqiqatan ham mavjudligiga asta-sekin ishonib qolishdi, to osmondan bombalar yog‘ilib, ko‘z oldini chang-to‘zon qoplab, oldilarida nurafshon ekran o‘rniga kinoteatrning suvoqlari ko‘chib tushgan oddiy g‘isht devori namoyon bo‘lmaguncha ishonishdi.

Ammo yozuvchilar, vazifasi kitobni o‘quvchilarga yetkazish bo‘lgan insonlar haqida ham shunday deyish mumkin. Hammamizning zimmamizda mas’uliyat bo‘lgani singari, kitob sotish ham mas’uliyatli ish, demak kino sanoati kabi, yozuvchilar, kutubxonachilar va boshqalar kabi kitobchilik ham o‘z aybini tan olishi kerak. Yigirmanchi va o‘ttizinchi yillarda amal qilingan kitob tarqatish tamoyillari kinodagi shunga o‘xshash tomoyillar qanday oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, shunday oqibatlarni keltirib chiqardi. Kitobchilikda ham — unchalik oshkora va aniq bo‘lmasa-da — kitobga tovar sifatida, talab bo‘lgani uchun sotilishi kerak bo‘lgan buyum sifatida qarash shakllangan, sotilgan kitobning mazmuni uchun kitobchi javob bermaydi degan fikr keng tarqalgan edi. Kitoblar yemakxonalarda arzon narxlarda sotilgani bois kitob sotuvchilar ularga faqat narx-navo bilan qiziquvchi yemakxona egalarining ko‘zi ila qarashga o‘rganib qolishdi. Kitob bahosi uch dollar yoki to‘qson sakkiz tsent bo‘lgan tovar hisoblanar, tovar sifatida sotilardi. Kitobning mashhurligi yuz ming yo besh yuz ming yoki million nusxada sotilishiga qarab o‘lchanardi. Yirik do‘konlarda kitoblar muayyan bichimdagi kostyumlar tanlangandek tanlanardi, ikkalasida ham xaridorga aynan ushbu model yoqadi degan tamoyilga amal qilinardi.

Boshqacha aytganda, kinoda nima yuz bergan bo‘lsa, kitobchilikda ham deyarli shu narsa yuz berdi, ammo oqibati juda ayanchli bo‘lib chiqdi. Yodda tutish kerakki, yigirmanchi yillargacha kitobchilik bilan bu ishning mas’uliyatini to‘la his qilgan odamlar shug‘ullangan, keyinchalik ularning izdoshlari bu mas’uliyatdan qochishga harakat qilishdi. Kitobchilik, shubhasiz, mas’uliyatni his qilish juda ham zarur bo‘lgan kasblardan biri. O‘tgan asrda, undan avvalgi asrda ham kitoblar ularga tovar emas, kitob sifatida qaragan kishilar tomonidan; o‘zi sotayotgan kitob haqida ma’lum bir fikri bo‘lgan va shu fikrini asoslab bera oladigan kishilar tomonidan; xaridorlari ular bilan biron-bir roman necha nusxada sotilgani haqida emas, o‘sha romanning o‘zi, yutuq va kamchiliklari, fazilatlari haqida gurunglashadigan kishilar tomonidan sotilgan.

Garchi, bu afsuslanarli holat bo‘lsa-da, fojia kitobchilikda kitob savdosining eski tamoyillariga amal qilmay qo‘yilganidagina emas. Fojia shundaki, kitob sotuvchilar o‘z vazifalarini butkul unutib qo‘yishdi — ushbu judayam muhim vazifa tufayli ularning faoliyati kitoblarda ifodalangan g‘oyalarning keng yoyilishida muhim ahamiyat kasb etardi.

Kitoblar, haqiqiy kitoblar o‘z-o‘zidan sotilib ketmaydi. Haqiqiy kitobning muqovasi qanchalik chiroyli bo‘lmasin, unda kitobning mazmun-mohiyati qanchalik mahorat bilan aks ettirilgan bo‘lmasin, kitobning tashqi ko‘rinishi odamlarda uni albatta sotib olib o‘qib chiqish kerak ekan degan fikrni uyg‘otolmaydi. Haqiqiy kitoblar ularning qanday kitobligini biladigan va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan odamlarning g‘ayrat-shijoati tufayli sotiladi. Bu g‘ayrat-shijoat esa avvalo kitobni varaqlab chiqayotgan o‘quvchini ishontirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Eng hurmatli tanqidchi yozgan eng benazir taqriz ham o‘quvchining o‘quvchi bilan gurungidan kamroq foyda keltiradi. Bunday gurunglarda esa har doim o‘z kitoblarini ham, o‘z xaridorlarini ham yaxshi biladigan kitobchi eng obro‘li suhbatdosh sanaladi. Agar kitob savdosida shunday sotuvchilar qolmasa, bu savdo hamma narsani ulkan va yorqin reklama plakatlari hal qiladigan, muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlik haqida esa olingan daromadga qarab baho beriladigan sovun yoki konserva savdosi kabi oddiy, o‘rtamiyona savdoga aylanadi.

Kitob savdosida yana haqiqiy kitobchining vazifasi haqidagi g‘oya qaror topmas ekan, kitoblar o‘zining yuksak rolini, davrning ijtimoiy ruhini belgilash rolini bajara olmaydi; urushayotgan mamlakatimizning ming-minglab o‘quvchilari o‘qib chiqishi lozim bo‘lgan kitoblar ularning o‘ndan biri, hatto yuzdan birining ham qo‘liga yetib borishi gumonligicha qolaveradi. Mamlakatimiz uchun kitob hali hech qachon bugungidek ahamiyat kasb etmagan edi. Ko‘pincha hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolarni, bartaraf etilishi kerak bo‘lgan g‘ovlarni bexato aniqlashga faqat kitobgina yordam bera oladi. Faqat kitoblargina, masalan, urushdan keyingi dunyo qanday bo‘lishi singari hammamizni qattiq xavotirga solayotgan masalalarni muhokama qilish uchun maydon bo‘la oladi. Nihoyat, oldimizda turgan eng asosiy masala — davrimiz qanday davr ekanligi masalasi — faqat buning uchun yetarli o‘rin va imkon beruvchi kitoblardagina o‘rtaga tashlangan va muhokama qilingan bo‘lishi mumkin. Bizning zamonda yashovchi odamlar hali uning o‘ziga xos xususiyatlarini anglab yetmagan ekan, kitob bizni undayotgan to‘xtovsiz izlanishgina hozirgi zamon ma’nisini anglash imkonini beradi.

Shuning uchun ham hali ko‘p oylar, ehtimol, yillar davomida kitoblar tariximizni shakllantirib, hayotimizda g‘oyat katta va juda muhim rol o‘ynaydi. Men faqat iqtisod va siyosatga oid kitoblar haqida gapirayotganim yo‘q. Endilikda so‘z ustalarining, shoirlarning hayotning ma’nosi va past-balandini hammamiz uchun aniq-ravshan ko‘rsatib beradigan asarlari, romanchilarning bizning alg‘ov-dalg‘ov va chalkash hayotimizga tartib va ma’no bag‘ishlovchi asarlari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Kitoblar bundan keyin ham yoziladi — bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi. Zamona ehtiyojlari davr talabiga mos kitoblarni yuzaga keltiraveradi. Ammo kitob yozishning o‘zi yetarli emas. Jiddiy taqrizlar bosiladigan kam sonli gazeta va jurnallarning adabiyot sahifalarida ular haqida taqriz e’lon qilishning o‘zi yetarli emas. Agar biz kitoblarda ko‘tarilgan masalalarni jamoatchilik keng muhokama qilishini xohlasak — bu juda zarur — bunday kitoblar ularga ehtiyoji bor o‘quvchilarning, shunday ehtiyojni his qiluvchi, lekin uni qanday qondirishni bilmaydigan o‘quvchilarning qo‘liga yetib borishiga erishishimiz kerak.

Kitobchilarning har qachongidan ham aniq-ravshan burchi, qog‘ozga o‘ralgan bosma mahsulotlarni pullash bilan shug‘ullanuvchi odamlar bajara olmaydigan, bajarishga urinib ko‘rishi ham kerak bo‘lmagan burch mana shu. Bu zamon o‘zgarishlarini his qiladigan har qanday kishini ilhomlantiruvchi burch, har kim o‘zini quvonch va g‘urur bilan baxsh etishi mumkin bo‘lgan burchdir. Boshqacha aytganda, bu aynan kitoblar va odamlarni juda qattiq sevuvchi, ularni bir-biriga yaqinlashtirish uchun jonini ham berishga tayyor insonlarning burchidir. Ular uchun bundan muqaddasroq burch bo‘lmaydi.

Bu burchga rioya qilish uchun kishi avvalo o‘zining og‘ir, ammo munosib vazifasini — nafaqat professional, shu bilan birga insoniy vazifasini — o‘z ehtiyojlarini bildirayotgan odamlar va bizning davrimizda yaratilayotgan adabiyot o‘rtasida vositachi bo‘lish vazifasini anglashi va zimmasiga olishi lozim. Haqiqiy kitobchigina kitobni ham, o‘quvchini ham juda yaxshi bilgani kabi, bu vazifaga ularni miridan-sirigacha biluvchi odamgina loyiqdir. Ilm odami ilmiy darajalarni qanday bilsa, u ham yangi-yu eski kitoblarni shunday bilishi, mahalliy vrach o‘z hududidagi odamlarni besh qo‘lday bilib olgani singari, u ham o‘z hamshaharlarini shunday bilib olishi darkor. Boshqacha aytganda, u o‘quvchilar kitoblardan nima olishni xohlayotganini va kitoblarning mualliflari ularga nimani o‘rgata olishini bilishi kerak. Va u o‘quvchi bilan kitobni sub specie aeternitates[7] emas, kelajak kunlarning birida emas, bizning olovli, qayg‘uli, ammo umid chirog‘i o‘chmagan shu kunlarimizda, bugunoq yuzma-yuz uchrashtirib qo‘yishi shart.

Hasan Karvonli tarjimasi

[1] O‘rta asrlarda Yevropada biron-bir ruhoniyni avliyo deb tan olish uchun cherkovda muhokama o‘tkazilgan. Bir kishi uning fazilatlarini, yana bir kishi nuqsonlarini aytib turgan. Nuqsonlarni sanovchi kishini «iblisning advokati» deb atashgan.

[2] Gavayi orollarining poytaxti, u va Pyorl-Xarbor yapon aviatsiyasi tomonidan 1941 yil 7 dekabrda bombardimon qilingan.

[3] Chexiya va Slovakiya 1993 yil 1 yanvargacha bitta davlat bo‘lgan.

[4] Filippinning eng yirik orollaridan biri bo‘lmish Luzonadagi burun, 1942 yil 9 aprelda yapon qo‘shini tomonidan bosib olingan. Amerika qo‘shini Korrexidor qal’asiga chekingan va bir oydan so‘ng taslim bo‘lgan.

[5] J.Steynbekning shu nomli romani asosida rejissyor Jon Ford tomonidan 1940 yilda suratga olingan badiiy film.

[6] Holland rejissyori va operatori Yoris Ivens tomonidan E.Xeminguey bilan birgalikda 1937 yili suratga olingan hujjatli film.

[7] Abadiyat nuqtai nazaridan (lotincha).