Har narsa ham ko‘ringanidek emas

Rangpar libosdagi ayol va yigirilgan ro‘dapo kostyum kiygan erkak Bostonda poyezddan tushib qolishdi va Garvard universiteti rektori qabuliga uchrashuv vaqtini belgilamay, jur’atsizgina kirib keldilar.

Kotiba bu qoloq, qishloqi kishilarning Garvardda nima ishi bor ekan deya ensasini qotirdi.

— Biz rektor bilan ko‘rishmoqchimiz, – dedi boyagi erkak muloyimlik bilan.

— U kun bo‘yi band bo‘ladi, – dedi kotiba achchiqlanib.

— Mayli, biz kutamiz, — javob qildi ayol.

Kotiba ularni to‘rt soatcha yolg‘iz qoldirdi. U er-xotinning toqati toq bo‘lib qaytib ketishlarini istardi. Yo‘q, ular ketishmadi. Kotibaning esa jahli chiqdi. Ahmoqona ish deb bilsa-da, rektorni bezovta qilishga qaror qildi.

— Ehtimol, siz bir necha daqiqa ular bilan ko‘rishsangiz, balki qaytib ketishar, — dedi u rektorga.

Rektor chuqur xo‘rsindi va rozi bo‘lganligining alomati sifatida boshini qimirlatib qo‘ydi. Muhim shaxs bo‘lganligi sababli unda har kim bilan ham uzoq suhbatlashish uchun vaqt topilmas edi. U qabulxonasining ko‘rkini buzayotgan rangpar libos va yigirilgan kostyumdan ijirg‘andi.

Rektor keskin yuzlandi va savlat bilan er-xotin tomon qadam tashlab, ularning yoniga keldi.

— Bizning Garvardda birinchi kursda o‘qiydigan o‘g‘limiz bor edi. U Garvardni sevardi. Bu yerda baxtiyor edi. Lekin, bir yil oldin u tasodifan o‘ldirildi. Men va erim uning xotirasiga kampusning biror yerida yodgorlik barpo etmoqchimiz, — dedi ayol.

— Madam, — dedi rektor qo‘rs ohangda, — Biz Garvardda o‘qib, vafot etgan har bir kishi uchun haykal qo‘ya olmaymiz. Agar shunday qilganimizda, bu yer qabristonga o‘xshab qolgan bo‘lar edi.

— Oh, yo‘q, — dedi ayol va tezda tushuntirdi, – Biz haykal qo‘ymoqchi emasmiz. Biz Garvard uchun yangi bino qurib bermoqchi edik.

Rektorning ensasi qota boshladi. U yana o‘sha rangpar ayollar libosi va aftoda kostyumga nazar soldi va xitob qildi:

— Bino?! Bilasizmi o‘zi bino qurish uchun qancha kerak? Garvarddagi binolarimiz yetti yarim million dollardan ortiqroq turadi!

Ayol bir muddat sukut saqladi. Rektorning yuzida mamnuniyat alomatlari balqidi. Ehtimol, endi ulardan qutular. Shunda ayol eriga yuzlandi va sekingina dedi:

— Universitet qurish uchun bor yo‘g‘i shuncha pul kifoyami? Unda nega o‘z universitetimizni qura qolmaymiz?

Eri boshini silkitdi.

Rektorning afti xijolatdan sullayib qoldi. Mister hamda Missis Liland Stenford o‘rinlaridan turishdi va chiqib ketishdi. Ular Palo Altoga, Kaliforniyaga safar uyushtirdilar va o‘sha yerda Garvard qadriga yetmagan o‘g‘illari uchun yodgorlik o‘laroq yangi ilm dargohi — Stenford universitetiga asos soldilar.

Muslim Buxoriy tarjimasi