Navoiydan 9 SMS

Aslida, bu mumtoz misralarni, an’anaga ko‘ra, Alisher Navoiyning shohbaytlari, hikmatlari tarzida ham taqdim etish mumkin edi. Yoshlarning qiziqishlari va axborot asri talablarini inobatga olib, “Navoiydan 9 SMS” deya sarlavha qo‘yishga jur’at topdik. Zotan, qo‘sha qulflar ortida saqlangan tuman tanga emas, ezgu maqsad yo‘lida ishlatilgan to‘qqiz tillo – haqiqiy xazinadir.

Bugun yoshlar chin ma’noda yashayotgan – sevayotgan va sevilayotgan, kulayotgan va kuldirayotgan, kuyayotgan va kuydirayotgan virtual olamdagi asosiy axborot qaysi tillarda? Biz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga kimlarning, qaysi tillardagi, qanday gap(g‘oya)larini joylashtirib, tengdoshlarimiz orasida ommalashtirmoqdamiz? Hayotimizning muhim damlarida, go‘zal lahzalarida bir-birimizga yo‘llaydigan SMS larimizda-chi?.. Sababi oddiy: boshqa tillarda tayyor, foydalanishga qulay materiallar mavjud, to‘g‘rirog‘i, ommabop media mahsulotlar (tabriknomalar, infografikalar, videoroliklar…) yaratilgan, yaratilmoqda. Iste’molchilik kayfiyatidagi yoshlar esa asosan “kopi-past” (nusxala-joylashtir) usulini xush ko‘rishadi. Shu bois bugun biz onlayn olamga kengroq kirib bormasdan, uka-singillarimiz va farzandlarimiz qalbiga ulug‘ ajdodlari(miz)ni olib kirolmaymiz. Xalq og‘zaki ijodi va buyuk bobolar merosini nafaqat elektron shaklga o‘tkazish, balki internet yuzerlari uchun “tayyor osh”ga aylantirish o‘zbek ziyolilari oldidagi kechiktirib bo‘lmas vazifa bo‘lib turibdi. Navoiy bobomizdan to‘qqiz SMS shu yo‘ldagi bir urinishdir.

Bugungi kun yoshlariga kundalik muomala jarayonida asqatadigan baytlarni mumtoz shoirlar ijodidan istagancha topish mumkin. Faqat, ularni virtual dunyo talablari asosida tanlash lozim. Ya’ni, birinchidan, ular ko‘pchilikka tushunarli bo‘lsin. Ikkinchidan, tanlangan misralar ma’nosida yoshlar orasidagi ijtimoiy munosabatlar, ruhiy holatlar aks etsinki, yigit-qizlar o‘z ko‘ngil kechinmalarini, bir-biroviga dilso‘zlarini, hatto achchiq-tiziq gaplarini nazm tilida yetkazsin. Yoshlarimiz bir-birlariga Navoiydan, Boburdan baytlarni SMS tarzida jo‘natsa, veb-sahifalariga esa Bilga Xoqonu Amir Temur hikmatlaridan joylashtirsa, qanday soz!

@ @ @
Yo‘l yamonu yaxshisidan yema g‘am,
Bismilloh, degilu qo‘yg‘il qadam.

@ @ @
Menga ne yoru ne oshiq havasdur,
Agar men odam ersam, ushbu basdur.

@ @ @
Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglum pisand etmas.

@ @ @
Bo‘lmasa ishq, ikki jahon bo‘lmasin,
Ikki jahon demaki, jon bo‘lmasin.

@ @ @
Sen agar zohir etting itlikni,
Men senga ko‘rguzay yigitlikni.

@ @ @
Tabiatga har neki odat bo‘lur,
Chu eskirdi odat tabiat bo‘lur.

@ @ @
Ushoq qand oq tuzga monand erur,
Va lekin biri tuz, biri qand erur.

@ @ @
Tuzlik ermas shifosiyu voyasi ham,
Kim egri kishining egridir soyasi ham.

@ @ @
Agar qilmadi el himoyat senga,
O‘zingdin kerakdir shikoyat senga.

Farrux JABBOROV tayyorladi
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 1-son