Qandli diabetning davosi: olimlar uni topish uchun asrlar osha bosh qotirishdi

Kasalliklar orasida diabet, soddaroq qilib aytganda, organizmda moddalar almashinuvi buzilishi tufayli yuza keladigan va siydik ko‘payishi bilan izohlanadigan kasalliklar xavfliligi hamda asorati jiddiyligi jihatidan alohida ajralib turadi. Bulardan qandsiz va qandli diabet ko‘proq uchraydi.

Qandsiz diabet miyadagi ko‘ruv bo‘rtig‘i ostki qismining shikastlanishi sababli  antidiuretik — ko‘ruv bo‘rtig‘i ostki qismining supraoptik asab yadrolarida sintezlanib, bosh miyaning pastki ortig‘i orqa bo‘lagiga tashiladigan va qonga ajraladigan kichik molekulali, fiziologik ahamiyatga molik neyrogipofezial peptid gormon (shira suyuqligi)ning keskin ozayishi, bez hujayralari faoliyati buzilishi evaziga paydo bo‘ladigan endokrinik xastalikdir. U chanqash, ko‘p siyish, jinsiy funktsiyaning susayishi, yosh bolalarning jismoniy va jinsiy o‘sishdan ortda qolishi, siydikning solishtirma og‘irligi kamayishi bilan ifodalanadi.

Qandli diabet esa me’da osti bezi hujayralari ishlab chiqaradigan biologik faol modda — insulinning mutlaqo yoki nisbiy yetishmasligi va moddalar, birinchi galda, uglevodlar almashinuvi o‘zgarib, siydik va qonda qand moddasi ko‘payishi natijasida vujudga keladi. Unga irsiy moyillik, nobop mehnat va turmush sharoitlari, kuchli asabiy-ruhiy kechinmalar, noto‘g‘ri ovqatlanish, virusli va allergik kasalliklar, organizmda tashqi yoki ichki manbadagi zaharli modda ta’sirida ro‘y beradigan va umumiy zaharlanishga olib keladigan patologik holat va boshqalar sababchi bo‘lishi mumkin. Bu kasallikda qonda qand miqdorining ortishi, ko‘p suyuqlik ichish, ko‘p miqdorda siyish, ozib ketish, madorsizlanish, badan qichishishi, bir talay chipqon chiqishi, ko‘z qon tomirlarida umumiy bosimning ko‘tarilishi, surunkali yallig‘lanishlar tufayli biriktiruvchi to‘qimalarning o‘sib, qattiqlashib qolishi, tomir torayib, ko‘z to‘r pardasi asab tolalarining zaiflashishi va ko‘rishning susayishi, qon tomir tizimining shikastlanishi, glyukozuriya, ketoatsidoz va boshqa alomatlar kuzatiladi.

O‘z navbatida, qandli diabet ikki turga bo‘linadi. Insulin mutlaqo yetishmasligi bilan bog‘liq 1-turi asosan yoshlarda uchraydi. Unga yo‘liqqanlar umrbod insulin olib yuradilar. Insulinning nisbiy yetishmasligiga daxldor 2-tur qandli diabet esa to‘qimalarning bu moddaga nisbatan sezgirligi pasayishi yoki ehtiyoji oshishi orqali kelib chiqadi. Ko‘proq katta yoshli va to‘ladan kelgan odamlarda xuruj qiladi hamda 1-turga nisbatan yengil kechadi.

Binobarin, diabet o‘ta jiddiy xastalik. U oxirgi paytlarda bamisoli yuqumli kasallikdek keng tarqalmoqda. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, hozir Kurrai zaminimizda bu darddan 70 milliondan ziyod odam ozor chekmoqda.   Eng achinarlisi, diabet organizmga sezdirmay-bildirmay, zimdan putur yetkazadi. Kasallangan tomirlar, avvalo, miokard infarkti va insultga doyalik qiladi. Ikkinchidan, ko‘zning ko‘rish qobiliyatini qisman yoki batamom yo‘qotadi. Uchinchidan, osonlikcha bitmaydigan yaralar, oyoq kafti qorasoni rivojlanishiga turtki beradi.

Kasallikning asoratlari ham tahlikali. U tufayli almashinuvi buzilgan yog‘simon moddalar arteriya ichki qavatida to‘planib, biriktiruvchi to‘qimalar o‘sib ketadi. Qarabsizki,  qonning umumiy va mahallliy aylanishi bilan birga kechadigan surunkali boshlang‘ich ateroskleroz hamda orqa miyaning asab ildizlari va ulardan boshlanadigan asab tolalari kasalligi urchiydi. Arteriya va vena qon tomirlarida bosim ko‘tarilib, ularning ichki devori bekilib qoladi. Yurak toliqadi, jigar va safro chiqaruvchi uzvlar, nafas organlari va teri kasallanadi. Sirtqi asablar zararlanib, barcha tolalari birvarakayiga o‘tkir yallig‘lanadi, ular bo‘ylab shiddatli og‘riq tarqaladi. Qonda qand miqdorining ko‘payishi, insulinning keskin yetishmovchiligi, jinsiy organlar hamda ikkilamchi jinsiy belgilarning yetarli darajada rivojlanmasligi yaqqol seziladi.

Qandli diabet qadim-qadimdan ma’lum edi. Eramizdan oldingi VI asrda yashagan Hindiston tibbiyot tizimi asoschisi Sushruta yaratgan olti kitobdan iborat qo‘llanmada bu xastalikka chalingan bemorlarni davolash uchun tavsiya qilingan, asosan o‘simliklardan tayyorlangan 760 ta malham tilga olingandi. Ular orasida shirin moddalar ham bor edi.

Tibbiyot lug‘atiga diabet (yunoncha “orqali o‘tish”) so‘zining kiritilishi va ushbu kasallikning “tana va muchalarning siydikka singishi” degan bag‘oyat aniq ta’rifi eramizning I-II asrlarida yashagan yunon tabibi Aretey Kappadokiyskiyga tegishlidir. U, garchi “qandli diabet” nimaligini teran tushuntirib berolmagan bo‘lsa-da, uning asosiy belgilari hisoblanmish, o‘sha paytlarda “buyrak zaifligi” deb atalmish siydik beholligini rad etdi. Biroq og‘ir dardning paydo bo‘lishi omillaridan xabardorlik uni davolash muammosini hal etolmadi. Shifokorlarning bu boradagi urinishlari zoye ketdi. “Diabet” tashxisi o‘lim haqidagi hukm kabi yangraydigan bo‘lib qoldi.

Evropada “qandli diabet” tashxisi XVII asrda paydo bo‘ldi. 1621-1675 yillarda yashagan  mashhur ingliz anatomi va shifokori Tomas Uillis (Villiziy) birinchilardan bo‘lib, diabetning “tug‘ilishi” organizmda qand miqdorining oshishiga bog‘liq degan g‘oyani olg‘a surdi. Uni aniqlashda esa tilidan foydalandi (Eslatish joizki, organoleptik, ya’ni atrof-muhit ob’ektlari sifatini inson sezgi organlari yordamida aniqlashga asoslangan bu usul to XX asrgacha, aniqrog‘i, uning o‘rnini kimyoviy tadqiqotlar egallagunga qadar barcha mamlakatlar laboratoriyalarida izchil qo‘llanildi). 1664 yili diabetga chalingan bemor peshobini tatib ko‘rgan Uillis u shirin ta’mli ekanligiga amin bo‘ldi. Biroq o‘sha kezlarda bu “topilma”ga hech kim yetarli darajada e’tibor bermadi. Faqat oradan 100 yil o‘tgach, boshqa bir ingliz shifokori P.Dobson diabetiklar peshobi tarkibida uzum shakari — glyukoza   bo‘lishini isbotlab berdi.

XVIII asr oxiri – XIX asr boshida esa qandli diabet oshqozonosti bezi shikastlanishiga qandaydir darajada aloqadorligi bayon etilgan ilmiy ishlar yaratildi. Nemis gistalogi va anatomi P.Langergans 1869 yili bu bezda alohida hujayralar borligini aniqladi. Ular keyinchalik o‘z kashfiyotchisi nomi bilan “Langergans orolchalari” deb ataldi. Lekin bu ixtiroga oid ilmiy dalillar ancha keyin to‘plandi. 1889 yili endokrinolog Y.Mering va fiziolog O.Minkovskiy P.Langergans qayd etgan hujayralarning olib tashlanishi qandli diabetni keltirib chiqarishini amaliy nuqtai nazardan tasdiqlashdi.

Bunga ular oshqozonosti bezlarining hazm qilish jarayonidagi ahamiyatini o‘rganishayotganida sodir bo‘lgan tasodifiy voqea yordam berdi. Aniqrog‘i, bir  oqshom tajriba uchun tanlangan itni jarrohlik stolida qoldirib ketgan shifokorlar ertasi ertalab ishga kelib, jonivorning ajratilgan me’da osti beziga pashshalar chunonam yopishib olganini ko‘rishdi. Tekshirish jarayonida bu hasharotlarni itning siydigi tarkibidagi keragidan ortiqcha shakar o‘ziga jalb etgani oydinlashdi. Shu asosda olib borilgan tadqiqotlar oshqozonosti bezi kasallangan itlarda ularning bemavrid o‘limiga sabab bo‘luvchi qandli diabet alomatlari kuchayishini ko‘rsatdi.

 Rus tadqiqotchisi L.Sobolev ham ushbu muammoga yechim topish niyatida qator tajribalarga qo‘l urdi. Erishgan natijalarini 1901 yili kitob holida chop etdi. Biroq boshlagan ishini oxiriga yetkaza olmadi, qirchillama yoshida og‘ir dardga yo‘liqib, dunyodan o‘tdi.

1916 yili ingliz fiziologi E.Sharpi-Shefer oshqozonosti bezlaridagi orolchasimon  bezli to‘qimalar qondagi qand miqdorini tartibga solib turuvchi gormon ishlab chiqaradi degan farazni o‘rtaga tashladi va o‘sha moddani insulin deb atash taklifini kiritdi.

L.Sobolev va E.Sharpi-Sheferning ishlarini keyinchalik kanadalik olim Frederik Grant Banting jadal davom ettirdi. Buning o‘ziga xos sababi bor edi. 1891 yil 14 noyabrda Allistondagi fermer oilasida tug‘ilgan Fredirik maktabni tugatib, ota-onasi istagiga ko‘ra, Toronto universitetining diniy ta’lim yo‘nalishidagi fakultetiga o‘qishga kirdi. Ammo qadrdon do‘sti va singlisi diabetdan vafot etgach, uning o‘y-xayolini bu mudhish kasallikka qarshi kurashish vositasini topish fikri butkul band etdi. Shu bois diniy fakultetda o‘qishdan voz kechib, tibbiyot fakultetida tahsil ko‘rishga ahd qildi. 25 yoshida tibbiyot bakalavri darajasini olgach, Kanada tibbiyot korpusi safida frontga otlandi. Ikki yil davomida Angliya va Frantsiyada harbiy jarroh sifatida xizmat qilib, jangovar xoch bilan mukofotlandi. 1918 yili Kambreda bo‘lgan jangda og‘ir yaralanib, Londondagi gospitalda uzoq davolandi. Sog‘aygach, Kanadaga qaytdi. Hayal o‘tmay, Londonda ixtisosligi bo‘yicha amaliyotni o‘tay boshladi. Shuning barobarida tibbiyotning suyak illatlarini o‘rganish va davolash bilan shug‘ullanadigan bo‘limi – ortopediyani puxta o‘zlashtirdi. 1919-1920 yillarda Torontodagi bolalar shifoxonalaridan birida ishladi. So‘ngra Janubiy Ontario universitetining professori assistenti sifatida talabalarga ortopediyadan saboq berdi. 1921-1922 yillarda esa Toronto universitetida farmakologiyaga oid lektsiyalar o‘qidi. O‘sha dargohda doktorlik ishini yoqlab, oltin medal sohibiga aylandi.

Uning dissertatsiyasi mavzusi, talabalik davrida ont ichganidek, xunuk xotima topuvchi  qandli diabetga bag‘ishlandi. Bu boradagi tadqiqotlar 1920 yil oktyabridan boshlandi. U M.Barronning me’da osti bezi tomirining safro toshi bilan yallig‘lanishi va atsinoz to‘qimalar atrofiyasi (tirik organizm hujayralari, to‘qimalari va a’zolarining kichrayib, faoliyatining susayishi yoki butunlay to‘xtab qolishi) kuchayishini blokada qilish (organ yoki uning biror qismi faoliyatini to‘xtatish)ga bag‘ishlangan maqolasini o‘qidi-yu, astoydil ishga kirishdi. Diabet bo‘yicha yetakchi mutaxassis hisoblangan kafedra mudiri, professor Jon Makleodga ilmiy tajribalar o‘tkazishda yordam berishini so‘rab murojaat qildi. Afsuski, professor uning iltimosini inobatga olmadi.

Banting baribir bo‘sh kelmadi. To‘plagan ozgina jamg‘armasi va o‘z assistenti Charlz Best beysbol musobaqalariga qatnashib topgan pulga tajriba uchun kuchuklar sotib oldi. Jon Makleod ro‘yxushlik bermaganiga qaramay, safarga ketgan chog‘lari ikkovlon uning laboratoriyasida oshqozonosti bezini tadqiq etish yuzasidan izlanishlar olib borishdi. Pirovardida sog‘lom itlarning bu a’zosidan qondagi qand miqdorini kamaytiruvchi, yuqori biologik faollikka ega “Langergans orolchalari” gormoni  — insulin ajratib olishdi. 1921 yil 27 iyulda esa sof holdagi ekstraktni kasal kasal itlarda sinab ko‘rishdi. Samarasi chakki bo‘lmadi, jonivorlar qonidagi qand kontsentratsiyasi darhol kamaydi.

Frederik va Charlz o‘sha yili Toronto universitetining “Fiziologik jurnal” klubi majlisida o‘z tadqiqotlari natijalari haqida axborot berishdi, shuningdek, Nyu-Xeyvendagi Amerika fiziologiya jamiyati a’zolari oldida chiqishlar qilishdi. Ularning tadqiqotlari istiqboliga ishongan Makleod ham qarab turmadi. Kafedrasining bor imkoniyatlaridan insulin olish va uni tozalash yo‘lida foydalandi. Ezgu ishga tajribali biokimyogar D.Kollinni ham jalb etdi.

1922 yil yanvarida Banting va Best yangi preparat ta’sirini inson organizmida sinovdan o‘tkazishdi. 10 ta shartli birlikdan iborat yangi dorini qo‘llash diabetik koma holatida gospitalga yotqizilgan, insulinning keskin yetishmasligi bois qonida qand miqdori ko‘paygan 14 yoshli bolani muqarrar ajaldan saqlab qoldi. Shunday baxtga erishgan navbatdagi mijoz Bantingning hamkasbi va sadoqatli yordamchisi Jilkrist bo‘ldi. Asta-sekin o‘lim jari yoqasidan qaytgan bemorlar soni ko‘paydi.

Shunday qilib, asrlar osha bedavo sanalgan diabetning davosi topildi. Banting yaratgan yangilik xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Toronto universiteti uni “Reeve Prize” bilan mukofotladi, Kanada parlamenti esa umrbod beriladigan 7500 dollarlik renta (doimiy daromad) tayinladi. 1923 yili Banting Makleod bilan birga Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi va o‘zi olgan mukofotning bir qismini ilmiy hamkori Bestga ilindi. 1934 yili u London Qirollik jamiyati a’zoligiga saylandi. Ikkinchi  jahon urushi boshida ko‘ngilli ravishda Kanada armiyasida aloqa zobiti sifatida xizmat qildi. Afsus, umri qisqa ekan, 1941 yil 21 fevralda Nyufaundlendda ro‘y bergan aviafalokat chog‘i halok bo‘ldi.

Oradan 13 yil o‘tgach, ingliz biokimyogari F.Senger insulinning kimyoviy tuzilishini aniqladi. Shunga ko‘ra, Nobel mukofoti sovrindorlari safidan o‘rin oldi. O‘tgan asrning oltmishinchi yillari boshida esa biryo‘la ikki mamlakat olimlari – amerikalik va germaniyalik tadqiqotchilar insulinni laboratoriya sharoitida tayyorlashni yo‘lga qo‘ydilar.

Zero, insulin qandli diabetni davolashda qo‘llaniladigan asosiy dori hisoblanadi. U ilgari faqat qoramollarning me’da osti bezidan olinardi. Keyinchalik kimyoviy va irsiy muhandislik yo‘li bilan ham hosil qilinadigan bo‘ldi.

“100 velikix vrachey” kitobi va boshqa manbalar asosida Abdunabi Haydarov tayyorladi.