Og‘riqsizlantirishning og‘riqli zahmatlari

Inson yaralibdiki, unga dard-illat hamisha hamroh. Hatto o‘zgalar nazdida eng sog‘lom, bardam-baquvvat tuyulgan odamning ham goh u, goh bu muchasi og‘rib turadi. Og‘riq esa, organizmda o‘ta kuchli yoki yemiruvchi ta’sirlar tufayli ro‘y beradigan noxush ruhiy-fiziologik holat, tibbiy tilda aytganda, himoyalanish reaktsiyasi hisoblanadi. U kishini butun vujudida kasallik boshlaganidan yoki ayrim a’zolar vazifasi buzilganidan ogohlantiradi. Bu o‘sha xastalik va nuqsonni tez aniqlab, to‘g‘ri davolash imkonini yaratadi. Ayni chog‘da, og‘riq sezgi va hissiy kechinma sifatida odamni iztirobga soladi, oromi va uyqusini o‘g‘rilab, ish qobiliyatini susaytiradi. Behad kuchayganida, markaziy asab, qon aylanish, nafas olish tizimlari faoliyati va moddalar almashinuviga keskin  putur yetkazib, tanada qator o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Oqibatda lo‘qillovchi, sanchuvchi, lovullatuvchi, simillovchi va boshqa og‘riqlar paydo bo‘ladi.

Turgan gap, bunday noxushliklar tibbiy operatsiya jarayonida har qachongidan kuchayadi. Shu bois hozir ularni bartaraf etish uchun organizmga ayrim narkotik moddalar yuborilib yoki elektr toki bilan ta’sir ko‘rsatilib, bemor chuqur uyqu holatiga keltiriladi. Natijada u es-hushini butunlay yoki qisman yo‘qotib, hech narsani sezmaydi, ixtiyoriy harakat qilolmaydi. Bu tibbiyotda narkoz (yunoncha “karaxtlik”,”gapirolmay, dong qotib qolish”) deb ataladi.

Binobarin, narkoz jarrohlik operatsiyasi paytida tanani og‘riqsizlantirish uchun ishlatiladi. U bugungi mukammal darajaga yetgunga qadar o‘tmish shifokorlari va tabiblari turli og‘riqlarni yo‘qotadigan, jilla qursa, birmuncha bosadigan dori-darmonlar va usullarni yaratish ustida uzluksiz bosh qotirishgan. O‘z navbatida, bunday ezgu sa’y-harakatlarning kushandalari ham istalgancha topilgan. Masalan, xristan dini aqidaparastligida “Og‘riq — xom sut emgan bandaga gunohlarini yuvish uchun Xudo tomonidan berilgan, tanni tozalovchi va ruhni poklovchi jazo. Uni yengishga urinish shakkoklikdir!” degan tushuncha hukmron bo‘lgan. Bu e’tiqodga ruju qo‘ygan laqmalar gunohlardan forig‘ bo‘lish ilinjida a’zoi badanlarini temir chiviqlar bilan tilimlab, qonga botirishgan, o‘ta ketgan mutaassiblar o‘zlarini og‘ir jang aravasi g‘ildiraklari ostiga otib, jon taslim qilishgan.

Yoki tag‘in-da mudhishroq boshqa dalil. 1591 yili shotlandiyalik bir aslzoda xonim tabibdan to‘lg‘oq dardini imkon qadar yengillatishni so‘raydi. Shifokor uning iltimosini rad etolmay, kerakli dori-dorimonlarni qo‘llaydi. Ayolning ko‘zi eson-omon yoradi-yu, quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi. Hayal o‘tmay, qozilar uni gulxanda yoqish haqida hukm chiqarishadi. Chunki o‘sha kezlar “Ayol zoti tug‘ruq azoblarini albatta tortishi shart, aks holda, Yaratganga shak keltirgan sanaladi!” qabilidagi tamoyil inson qadr-qimmatidan ustun qo‘yilardi.   

Bulardan qat’i nazar, og‘riqni yo‘qotish borasidagi izlanishlar tinimsiz davom etavergan. Fidoyi shifokorlar dardmanlar, ayniqsa, operatsiya qilinadiganlar qiynalmasligi uchun har xil tadbirlarni qo‘llashgan. Ba’zi joylarda operatsiya arafasida bemorga itning qatron aralashtirilgan quloq kiri yedirilgan. Yana bir usul uning boshiga kuchli zarba berib, vaqtincha hushsizlantirishdan iborat bo‘lgan. Bu muolajaga miyaning qay qismiga va qanday kuch bilan urish zarurligini yaxshi biladigan mutaxassislar jalb etilgan. Londondagi ko‘hna shifoxonalardan birida esa tig‘ ostida yotganlarning oh-vohlari o‘zgalarga eshitilmasligi uchun sadosi uzoq-uzoqlarga taraluvchi katta qo‘ng‘iroqni chalib turishgan. U  bebaho yodgorlik sifatida hozirgacha saqlanib qolgan.

Vaqti-soati yetib, operatsiya chog‘i og‘riqsizlantirishning mo‘tadilroq yo‘llari joriy etilgan. Ko‘pincha arteriya qon tomirlarini qisib, bemorni vaqtincha karaxt qilib qo‘yishgan.  Shu zayl operatsiyani shovqin-suronsiz amalga oshirishgan. Arteriya iskanjadan bo‘shatilishi bilanoq xasta darhol o‘ziga kelgan. Qo‘zg‘aluvchan asab tolalariga kuchli bosim o‘tkazish orqali og‘riqsizlantirishda esa operatsiyadan, chunonchi, qo‘l-oyoqni kesishdan oldin qon oqishini to‘xtatish uchun tomirlarni cho‘ziluvchan bog‘ich bilan chirmab bog‘lashgan. Illo, qattiq azob bergani tufayli davolanuvchilar bu usulga qat’iyan e’tiroz bildirishgan.

To‘g‘ri, o‘rta asrlarda etni og‘riqni sezmaydigan qiluvchi dori-darmonlar topildi. Jumladan, spirtli narkoz amaliyotdan o‘rin oldi. Afsuski, din peshvolari uni ham axloqqa zid, deb baholadilar. Alqissa, yangi vositadan faqat sartaroshlar va siniqchi tabiblar foydalana boshlashdi. XV asrda tarkibida kishini gangituvchi moddalar mavjud, asosan mahkumlarni qatl etishda asqotadigan, xalqona ibora bilan aytganda, “la’natlangan ichimlik” paydo bo‘ldi. 1540 yili Paratsels uxlatish xossasiga ega “shirin kuporos“ni ixtiro qildi. U oltingugurt nomini oldi.

Qisqasi, og‘riqsizlantirishning talay qadimgi choralari goh e’tirof etildi, goh rad qilindi. Goh qayta tiklandi va yana yaroqsizga chiqarildi. Mana shunday beqarorliklar   oqibati o‘laroq, tibbiyot XIX asr boshlarida ham bu dardni rosmanasiga bartaraf etish imkoniga ega emasdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, fan og‘riq oldida ojiz edi. Jarrohlar o‘zlari tayyorlagan aralashmalarga ba’zan afyun qoradorisini, mandragora, zangpoya, mingdevona, hind nashasi, tsikuta (zaharli suv o‘ti), spirt qo‘shishardi-yu, shifotalablar dardiga tom ma’noda malham qo‘ya olishmasdi.

Va nihoyat, ingliz kimyogari va faylasufi Jozef Pristli 1776 yili azot chala oksidini yaratdi. Uning Klifton shahrida tug‘ilgan vatandoshi Xemfri Devi bu moddadan  og‘riqsizlantirishda foydalanishga ahd qildi. Shu maqsadda, endigina yigirmaga to‘lganiga va  bilimi yetarli emasligiga qaramay, tadqiqotlar olib borishga kirishdi. Aql tishi milkini yorib chiqayotganidan azob chekayotgani sababli avval o‘zida sinov o‘tkazdi. Azot chala oksidini nafas bilan birga ichiga yutdi. Mazkur tajribani mushukda ham sinab ko‘rdi. Pirovardida 1799 yili bu gaz odamni mast qilib, unga xush kayfiyat bag‘ishlashdan tashqari, og‘riqni ham yo‘qotishiga qat’iy ishonch hosil qildi. Shunga ko‘ra, uni sarxushlantiruvchi gaz deb atadi.

Qarabsizki, yosh kimyogar va fizikning g‘aroyib ixtirosi yashin tezligida butun Yevropaga tarqaldi. Ko‘pchilik kayf beruvchi antiqa ne’mat mazasini “totib” ko‘rishga oshiqar, afsonaviy hayotbaxsh ichimlik – “obi-hayot”ni topgan, ne-ne kimyogarlar uddalay olmagan ishni qoyillatgan navqiron yigit sha’niga tasannolar aytishardi. Ammo Devi, garchi bir muddat jarrohga shogird tutingan esa-da, o‘z kashfiyotidan mazkur sohada ham bemalol foydalanish mumkinligi xususida o‘ylab ko‘rmagandi. Shundanmi, “Ehtimol, uni faqat salgina qon ketadigan kichik jarrohlik operatsiyalarida ishlatish joizdir” degan mujmal fikrni o‘rtaga tashladi. Ahli ilm esa uning so‘zlarini inobatga olmadi.

1828 yil aprelida ingliz shifokori Genri Gikmen Frantsiya qiroli Karl X ga azot chala oksidini o‘lim jazosiga hukm qilinganlarda qo‘llash taklifini kiritdi. Napoleon armiyasi bosh jarrohi Larrey uni qo‘llab-quvvatladi. Lekin mamlakat Fanlar akademiyasi bu gazning zararli tomonlari ham borligini nazarda tutib, olim olg‘a surgan g‘oyani rad etdi. Shu tariqa  og‘riqsizlantirishga xizmat qiluvchi yangilik uzoq vaqt e’tibordan chetda qolib ketdi.

1844 yili Shimoliy Amerikaning Xartford shaharchasida yashovchi kimyogar Kolton azot chala oksidining foydali xususiyatlarini omma o‘rtasida takroran namoyish qildi. Shu asno sarxushlantiruvchi gazni hidlab, dimog‘i chog‘langan bir yigit chunonam yayrab-yashnadiki, hatto yiqilib oyog‘ini sindirib olganida ham og‘riqdan zorlanmadi. Bora-bora bu gaz barchaga birdek quvnoqlik ato etadigan, odamni allanechuk harakatlar qilishga, o‘zicha nimalarnidir g‘uldirab-aljirashga undaydigan vositaga aylandi. Alalxusus, sayyor artistlar, ko‘zboylag‘ichlar va voizlar o‘z chiqishlarida undan unumli foydalanadigan bo‘lishdi.

Bu ajabtovur manzaralarning asl sababi mahalliy stomatolog Goratsiy Xoras Uellsni benihoya qiziqtirib qo‘ydi. Chunki u har safar chirigan tishlarni sug‘urarkan, mijozlarining voy-voylashlaridan yuragi zir titrardi. Shu bois o‘z jismida sinab ko‘rish yo‘li bilan sarxushlantiruvchi gaz xossalarini sinchiklab o‘rgandi. Oxiri u nafas bilan birga ichga yutilsa, rostdanam og‘riqni qoldirishini aniqladi. Taxminini amalda isbotlash uchun 1844 yilning 11 dekabrida uyiga hamkasbi Jon Ringni taklif qildi-da, sarxush qiluvchi gazni qo‘llab, unga o‘z tishini oldirtirib tashladi. Shu asno yengilgina sanchiqni his etdi, xolos. Ayni yo‘sinda yana o‘n beshta operatsiya o‘tkazgach, “Tishni davolashda gullab-yashnash davri boshlanayapti!” degan muqim xulosaga keldi. Biroq bu kashfiyoti bilan nafaqat tish og‘rig‘iga, balki bashariyat asrlar bo‘yi chorasini izlagan boshqa xil og‘riqlarga ham davo topganini xayoliga keltirmadi…

U Bostonga kelgach, kashfiyotini qizg‘in targ‘ib qilishga kirishdi. Shu shaharda azaliy hamkasbi va sherigi Morton hamda doktor Charlz Jeksonga uchrashib, tajribalarini o‘rtoqlashdi, yutuqlarini tibbiyot fakulteti pofessor-o‘qituvchilari va talabalari bilan baham ko‘rdi. Bir kuni mashhur botanik Uorrenning taklifiga binoan, Tibbiyot jamiyatiga tashrif buyurib, izlanishlari samarasini ko‘pchilik ko‘z o‘ngida yana bir karra ko‘rsatishga chog‘landi. Shunda favqulodda hodisa ro‘y berdi. Tajribaga rozilik bergan mijoz daf’atan vujudini chulg‘agan kuchli og‘riqqa chidolmay, dod sola boshladi. Boisi, Uelss bu safar sarxushlantiruvchi malhamni Kolton tavsiyasi bo‘yicha tayyorlagandi. Inchunin, me’yoriga yetmagan narkoz qisqa fursatda ta’sir kuchini yo‘qotib, olimlar hafsalasini pir qildi. Xoras jamoat oldida mulzam tortib, kulgiga qoldi.

Shu-shu Uelssdan omad yuz o‘girdi. U o‘zi yaratgan narkozni tibbiyotga tatbiq etishga ko‘p urinsa-da, baribir, niyatiga erisholmadi. Boz ustiga, bu usulning istiqboliga, boshqalarni-ku, qo‘yavering, hatto ayrim taniqli shifokorlar ham hali-hanuz shubha bildirishardi. Masalan, frantsiyalik mashhur vrach Velpo 1839 yili operatsiyani og‘riqsiz o‘tkazish haqidagi orzuni hech qachon ushalmaydigan xomxayolga yo‘ydi. Qolaversa, shu orada paydo bo‘lgan efir va xlorofor og‘riqni bosishi jihatidan sarxushlantiruvchi gazdan ancha afzal bo‘lib chiqdi. Debochasiga sil xastaligi va ichak sanchiqlarini yengillatishda inson koriga yaragan efirni 1846-47 yillarda amerikalik shifokor Uorren va rossiyalik buyuk jarroh Nikolay Pirogov narkoz sifatida ishlatib, ayro-ayro holda operatsiya o‘tkazishdi hamda ikkisi ham ijobiy natijalarni qo‘lga kiritdi.   

Tabiiyki, nozik ta’b Uelss bu yanglig‘ raqobatlarga dosh berolmadi. Aziyat cheka-cheka, bedavo asab kasalligiga chalindi. 1848 yil 24 yanvarda esa oyog‘ining arteriya tomirini olmos bilan kesib, o‘z joniga qasd qildi. Jafokash olimning ishini keyinchalik hammaslaklari  hisoblanmish Kolton va Smit davom ettirishdi. Ikkalasi 1863 yildan e’tiboran sarxushlantiruvchi gazni stomatologiyada dadil ishlata boshladi. Ularning tajribasi oldin Amerikaga, keyin Yevropaga yoyildi. Bunda frantsuz va ingliz shifokorlarining hissalari beqiyos bo‘ldi. Ular yangi narkozdan yirik va jiddiy jarrohlik operatsiyalarida, jumladan, ko‘krak bezlarini kesib olishda faol foydalandilar.

O‘tgan asr boshida frantsuz jarrohi Vardrop og‘riqsizlantirishning yana bir usulni topdi. U suyak o‘smasi olib tashlanishi lozim bo‘lgan ayoldan oldiniga bir litrcha qon oldi. Ayol karaxt holga kelgani bois operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Vardrop bu tajribasini Vaterloo yaqinidagi jangda yaralangalar timsolida yanada boyitdi.

Xullas, vujud og‘riqlariga qarshi kurashgan Uelss dil og‘riqlarini yengolmadi. O‘z mehnatlari mahsuli va rohatini ko‘rolmay, dunyodan armon-la o‘tdi. Kelgusi avlodlar esa uning nomini ham, ilmiy yutuqlarini ham unutmadi. Zero, qachonlardir kimlarningdir xatosi, kimlarningdir loqaydligi tufayli ma’lum muddat soyada qolgan, o‘z sohibining umriga zomin bo‘lgan kashfiyot bizning davrimizga kelib, yana davolash ishlarida keng qo‘llaniladigan bo‘ldi. Qolaversa,  Nyu-Yorkdagi qabristonlardan birida ancha burun qad rostlagan yodgorlik hozir ham qo‘r to‘kib turibdi. Unga “Goratsiy Xoras Uells — anasteziya asoschisi” degan yozuv bitib qo‘yilgan. Xartfordda tiklangan mahobatli haykal poyidagi toshga esa “Goratsiy Uelss — 1844 yili og‘riqsizlantirish usulini yaratgan” degan mangulikka daxldor o‘yma so‘zlar muhrlab qo‘yilgan.

“100 velikix vrachey” kitobi va boshqa manbalar asosida Abdunabi Haydarov tayyorladi.