Bitta gulga suv quyish uchun ba’zan birgina gulchelak ham kifoya qiladi. Ammo katta maydonlarni sug‘orish mushkul yumush. Buning uchun dastlab ariq va egatlar qaziladi. Tuproqni bunday namlash usuli sug‘orish (irrigatsiya) deb ataladi. Suv cho‘llarni bo‘stonga aylantirish qudratiga ega. Buni vohalarda yashaydiganlar va Mirzacho‘l, Qarshi cho‘li kabi taqir yerlarni obod qilgan kishilar yaxshi bilishadi. Yerni sug‘orish degani uni ekinlar hayoti uchun zarur bo‘lgan suv bilan to‘ydirish demakdir.
Ko‘pgina sug‘orish usullari bor. Suvni daryodan kanal qazish yoki yotqizilgan quvurlar orqali dalalarga olib chiqish mumkin. Yo bo‘lmasa, quduq qazib, suvni nasos yordamida dalaga chiqarish ham mumkin. Nihoyat, suv suv omboridan akveduk — yerdan ko‘tarilgan maxsus ariqlar orqali sug‘oriladigan yerlarga olib boriladi.