Kaltakesaklar nima?

Kaltakesaklar timsohlar, toshbaqalar va ilonlar kabi reptiliyalar, sudralib yuruvchilar sinfiga mansubdir. Kaltakesaklarning 3 mingdan ziyod turi mavjud.

Kaltakesakning panjasi to‘rtta, tanasi ingichka va dumi uzun bo‘ladi. Kaltakesaklarning hammasi bir yilda bir necha marta o‘zlarining tangachali terisini almashtiradi. Ular qutb mintaqalaridan tashqari, dunyoning qolgan hamma burchagida yashaydi. Tropik vohalar ular uchun eng qulay maskandir, ammo ular mo‘tadil iqlimda ham yashay oladi. Kaltakesaklar qishni uxlab o‘tkazadi.

Kaltakesaklar asosan kalta bo‘ladi: odatda ularning bo‘yi yarim metrdan oshmaydi. Eng katta kaltakesaklar Indoneziyaning Komodo orolida yashovchi varanlardir; ularning bo‘yi uch metrgacha bo‘ladi, og‘irligi esa 140 kilogrammdan oshiq keladi. Ular ko‘rinishidan afsonalardagi ajdarholarni eslatadi.

Odatda, kaltakesaklar uzoq yashamaydi. Ayrimlarigina ikki-uch yil yashashi mumkin. Eng uzoq umr ko‘rgan kaltakesak tutqunlikda o‘sib, 25 yil yashagan.

Kaltakesaklar, odatda, uchib borayotgan hasharotlarni uzun tili bilan tutib ovqatlanadi. Ular uljasini chaynamasdan yutadilar. Ular tutgan o‘ljasini tishi bilan ushlab tursa-da, ulardan kamdan-kam hollarda foydalanadi.

Ayrim kaltakesaklar o‘ziga xos «parhez» qiladi. Masalan, muguzli kaltakesaklar, asosan chumolilar bilan ovqatlanadi. Boshqa kaltakesaklar o‘t yoki mevalar bilan oziqlanadi. Katta varanlar ayrim turdagi eti zaharli timsohlarni yeb kun kechiradi. Ular o‘laksalar, gohida kichik yovvoyi cho‘chqalarni tutib, butunlay yutadilar.

Ko‘pchilik kaltakesaklar tuxumdan ochib chiqadi, ammo bolalaydiganlari ham bor. Urg‘ochisi tuxumini yerga yoki chirib yiqilgan daraxtlar poyiga qo‘yib bekitadi. Ular, ko‘pincha, tuxumlarini boshqa mazaxo‘rak hayvonlardan muhofaza qiladi. Tuxumdagi kaltakesaklarning o‘ziga xos «tuxum tishlari» jag‘ining ustki qismidan o‘sib chiqadi. Bu tishlardan tuxumdan chiqish payti yetib kelganda, tuxum qobig‘ini sindirishda foydalaniladi. Keyinroq bu tishlar yo‘qolib ketadi.

Kaltakesaklarning ko‘p turi sahrolarda yashaydi. Ular aksariyat hayvonlar bardosh berolmaydigan issig‘u qurg‘oqchilikka chidamlidir.