Fiziologiya fani darg‘asi

Buyuk fiziolog Ivan Petrovich Pavlov 1849 yil 26 sentyabrda  Ryazanda tug‘ildi. Uning otasi dehqonlar sulosasidan chiqqan ruhoniy edi. Shundanmi, Vanya dastlab diniy kursda, keyin shu yo‘nalishdagi bilim yurtida o‘qidi. 21 yoshida esa dindor bo‘lishdan voz kechib, Peterburg universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. Bu dargohda D.Mendeleev, A.Butlerov, A.Beketov, P.Borodin, F.Ovsyannikov, I.Sion kabi taniqli olimlardan ta’lim oldi. Ularning ta’sirida o‘z hayotini organizmning yashash faoliyati va uning vazifalari haqidagi fiziologiya faniga bag‘ishlashga ahd qildi.

U ilmiy ishlarga talabalik davridayoq qo‘l urdi. Debochasiga F.Ovsyannikov boshchiligida qurbaqalarning o‘pka asablarini tadqiq qildi. Ko‘p o‘tmay professor I.Sion rahbarligida halqum asablarining qon aylanishiga ta’sirini o‘rgandi. Bu tadqiqot natijalari 1874 yil 29 oktyabrda Sankt-Peterburg Tabiatshunoslar jamiyati majlisida ko‘pchilik e’tiboriga havola etildi. Shundan so‘ng Pavlov ushbu jamiyat yig‘ilishlarida o‘qiladigan ma’ruzalar muhokamasida qatnashadigan, Sechenov, Ovsyannikov, Tarxanov va boshqa mashhur fiziologlar bilan muloqotga kirishadigan bo‘ldi. Universitetni bitirgach, Tibbiyot-jarrohlik akademiyasida tahsilni davom ettirdi. Akademiyaning veterinariya bo‘limi laboratoriyasida ishlash jarayonida qon aylanishi fiziologiyasi bo‘yicha tajribalar o‘tkazib, ilmiy doiralarga tanildi. Biroq ko‘p o‘tmay veterinariya bo‘limi yopildi-yu, Pavlov ishi va tajribalarini davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Ana shunday bir paytda uning koriga taniqli professor – bemorlarni davolash bilan birga, ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan davolash-profilaktika muassasasi rahbari S.Botkin yaradi. U yangilikka intiluvchan, katta ishlarga qodir, yosh va serg‘ayrat olimni o‘z safiga chorladi. Pavlov bu taklifni bajonidil qabul qildi-da, klinikaning qarovsiz qolgan bog‘i ichida joylashgan, ikkita nimqorong‘i xonadan iborat ko‘rimsizgina laboratoriyada ish boshladi. Ko‘p vaqtini hayvonlarda sinov o‘tkazishga, shu maqsadda itlar va asbob-uskunalar sotib olish uchun mablag‘ topishga sarflagani bois akademiyani bir yil kech bitirdi.

Pavlov tibbiyotda qo‘llaniladigan dori-darmonlarning o‘ziga xos xususiyatlari hamda tibbiyotning terapevtik – ichki kasalliklarni aniqlash, davolash, oldini olish va muolaja usullarini o‘rganadigan yirik sohasiga ta’siri mexanizmlarini aniqlashga intildi. Klinik tibbiyotning bu yanglig‘ ko‘plab murakkab va mavhum savollariga javob topish uchun esa, avvalo, hayvonlarda tajriba o‘tkazishni zarur deb topdi. Shunga ko‘ra mazkur klinika va shifokorlar malakasini oshirish institutidagi hamkasblari bilan hamkorlikda o‘zi tuzgan rejalar asosida tadqiqot ishlari olib borishga kirishdi. Pirovardida qon aylanishi va hazm qilish fiziologiyasini tadqiq etishda, dorivor moddalarning organizmga ta’sirini o‘rganuvchi farmakologiya fanining talay dolzarb muammolariga ijobiy yechim topishda, noyob ilmiy tajribalar o‘tkazish mahoratini takomillashtirishda yuksak natijalarga erishdi. Shuningdek, tashkilotchilik va ilmiy xodimlarga rahbarlik qilish qobiliyatini rivojlantirdi. Ish faoliyati davomida ko‘pincha Botkinning moddiy va ma’naviy madadiga tayandi.

Zero, Botkin o‘sha davrda ancha keng yoyilgan, sog‘lom va kasal organizmlarning asab tizimini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi “nervizm”, ya’ni organizmning birligi va uning tashqi muhit bilan aloqasi asab tizimi faoliyati, ayniqsa, bosh miya yarim sharlari qobig‘i va qobiq osti tuzilmalari hisobiga amalga oshiriladi degan qarashga asoslangan ilmiy yo‘nalishning atoqli namoyandasi edi. Uning asab tizimining organizmning mo‘tadil va patologik faoliyati (patogen omilning shikastlovchi ta’siriga nisbatan ma’lum bir qonuniyat asosida ketma-ket yuzaga keladigan reaktsiyalar – hujayra, to‘qima, a’zo va boshqalarning tuzilishi hamda faoliyati buzilib borishi)dagi o‘rniga oid fikrni olg‘a surar,  klinik tibbiyot ilmiy tajriba asosidagi fiziologiyaga nihoyatda yaqinlashishi lozimligini uqtirardi. Bu g‘oyalar Pavlovning ilmiy qarashlari shakllanishida, uning o‘ziga xos iqtidori va tashabbuslari keng qanot yoyishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Pavlov amalga oshirgan ilmiy ishlar orasida yurakning markazdan qochma asablariga bag‘ishlangan izlanishlar misli ko‘rilmagan tadqiqot bo‘ldi. U keyinchalik ilmiy ish mavzusiga aylandi. Pavlov 1883 yili doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab, oltin medal bilan taqdirlandi. Ko‘p o‘tmay, fan doktori unvonini oldi. Shu orada chet elda ikki yillik ilmiy safarda bo‘ldi. Vataniga qaytgach, yosh shifokorlar ishtirokida yangi-yangi kashfiyotlarga qo‘l urdi. Fiziologik tadqiqotlarning ayricha usul va modellarini ishlab chiqdi. Tajriba uchun tanlangan hayvonlarni operatsiya qildi va davoladi. Shuningdek, yangi tibbiy moslama yaratib, amaliyotda qo‘llay boshladi. Erishgan natijalarini mamlakat va chet el  ilmiy jurnallarida, Sankt-Peterburg Tabiatshunoslar jamiyati s’ezdlari va fiziologiya bo‘limi yig‘ilishlarida e’lon qilib bordi. Shu zayl chet ellarda ham dovrug‘ qozondi.

Alalxusus, 1890 yilning 23-24 aprel kunlari I.Pavlov biryo‘la uchta ilmiy muassasa  – Tomsk va Varshava universitetlari hamda Harbiy-tibbiy akademiya professorligiga saylandi. Lekin u Tomsk yoki Varshavaga borishdan ko‘ra, akademiyada qolishni afzal ko‘rdi. Bu dargohda besh yil farmakologiya profesori lavozimida ishladi. So‘ngra uzluksiz o‘ttiz yil fiziologiya kafedrasini boshqardi. Shu asno hazm tizimi va shartli reflekslar fiziologiyasi bo‘yicha diqqatga molik ishlarni amalga oshirdi. Bundan tashqari, fan va san’at homiysi – shahzoda Oldenburgskiy taklifiga binoan, 1891 yili eksperimental tibbiyot institutida fiziologiya bo‘limini ochdi. Umrining oxirigacha unga bosh bo‘lib, asosiy ovqat hazm qilish bezlari bo‘yicha chuqur tadqiqotlar olib bordi.

Ilmdagi betakror kashfiyotlari I.Pavlovga olamshumul shon-shuhrat keltirdi. U 1901 yili fanlar akademiyasining muxbir a’zosi etib saylandi. 1904 yili esa, tibbiyot sohasida birinchi bo‘lib, Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi. 1907 yili fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosiga aylandi. Uning yutuqlari mamlakatdagi va chet ellardagi nufuzli fan jamiyatlari tomonidan xolisona baholandi, o‘zi buyuk fiziolog sifatida e’tirof etildi, qisqa fursatda ko‘plab mamlakatlar fan akademiyalari a’zosi va universitetlar faxriy doktori bo‘ldi.

Biroq zahmatkash olimning muvaffaqiyatlari davlat muassasalari tomonidan osonlikcha tan olinmadi. Aksincha, uzluksiz qarshiliklarga uchradi. Chunonchi, bir vaqtlar podsholik vaziri uning Tomsk universiteti fiziologiya professori etib saylanishiga ro‘yxushlik bermagandi. Keyinchalik mudofaa vaziri va Harbiy-tibbiy akademiya rahbarlari, ayniqsa, professor V.Patushin unga nisbatan g‘animlarcha munosabatda bo‘ldilar. Ular xalqparvarligi, amaldorlarning ilm-fan namoyandalariga bepisandligiga qarshi chiqqani, taraqqiyparvar professorlar, talabalar va tinglovchilarga yon bosgani uchun Pavlovni yoqtirishmas, imkon topildi deguncha, oyog‘idan chalish payida bo‘lishardi. Shuning uchun ham u zarur paytda o‘zini himoya qilish uchun har doim cho‘ntagida akademiya nizomini olib yurardi.

Eng achinarlisi, noxolis munosabat Pavlov xalqaro miqyosda obro‘-e’tibor qozongandan keyin ham barham topmadi. Oxir-oqibat u og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur bo‘ldi. Ko‘pincha ilmiy xodimlarga yolchimasdi. Masalan, eksperimental tibbiyot institutining fiziologiya bo‘limi laboratoriyasi g‘aribgina bo‘lib, atigi ikki nafar xodimga ega edi. Ularga Pavlov o‘z hisobidan ish haqi to‘lardi. Harbiy-tibbiy akademiyaning u boshqarayotgan kafedrasidagi ahvol ham bundan qolishmasdi. Ana shu bois xodimlar tez-tez almashib turardi. Bu keng ko‘lamli tadqiqot ishlarini rejali ravishda amalga oshirishga xalaqit berardi.

Shunga qaramay, yuksak obro‘-e’tibori, ulkan yutuqlari, otashin vatanparvarligi, adolatparvarligi bilan Pavlov ilm-fan jonkuyarlarini bamisoli ohanrabodek o‘ziga tortardi. Harbiy-tibbiy akademiyaning ko‘plab talabalari, eksperimental tibbiyot institutiga mamlakatning turli burchaklaridan hamda xorijdan malaka oshirishga kelgan mutaxassis-shifokorlar uning laboratoriyasida tadqiqotlar o‘tkazar, yangi operatsiya va tajriba usullari bilan tanishardilar. Ular orasida keyinchalik butun dunyoga tanilgan  amerikalik F.Benedikt va I.Kellog, angliyalik U.Tompson va Ye.Katkart, nemis V.Gross. O.Kongaym va  G.Nikolai, yapon R.Satake va X.Ishikava, belgiyalik  Van de Pyut, shveytsariyalik M.Minkovskiy, bolgariyalik L.Pochinkov singari shifokorlar ham bor edi. Shogirdlari ishidan ruhlangan Pavlov bir necha bor jamoatchilikka va ma’rifatparvar tashkilotlarga murojaat qilib, o‘z laboratoriyasini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni so‘radi. Gohida ko‘mak oldi ham. Chunonchi, moskvalik homiy K.Ledentsov ajratgan mablag‘ evaziga itlarning shartli-g‘ayriixtiyoriy faoliyati o‘rganiladigan maxsus laboratoriya qurdi.

Pavlov jismonan juda sog‘lom-tetik, harakatlari dadil chaqqon edi. Doimo hormay-tolmay ishlar, kelgusi ishlar rejasini tuzar, o‘lim haqida deyarli o‘ylamasdi. Ahyon-ahyonda shamollaganini aytmaganda, jiddiy kasallikka mubtalo bo‘lmagandi. 86 yoshga kirganida esa  grippga chalindi. Chalindi-yu, odatiga ko‘ra, bu safar ham vaqtida davolanmadi. Oqibatda xastalik bag‘oyat xavfli tus oldi. Uni bartaraf etish uchun ancha kuch sarflashga to‘g‘ri keldi. Pavlov salomatligini o‘nglab olgach, Angliyaga jo‘nab ketdi. U yerda fiziologlarning XV xalqaro kongressini tashkillashtirish va o‘tkazishga bosh-qosh bo‘ldi. Keyin ona shahri Ryazanga borib, uzoq vaqt ko‘rishmagan qarindoshlari va qadrdonlari bilan diydorlashdi, yuragiga yaqin joylarni ko‘rib, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Ammo endi u o‘zini ancha oldirib qo‘ygan, tez charchaydigan va lohaslanadigan bo‘lib qolgandi. Ustiga-ustak, xotirasi ham pand bera boshladi. Ba’zan kerakli so‘zlarni unutib qo‘yar yoki chalkashtirib yuborar, goho g‘ayriixtiyoriy harakatlar qilardi. Ana shunday bir paytda kenja o‘g‘lining bedavo dardga yo‘liqib, vafot etishi uning uchun juda katta zarba bo‘ldi.

1936 yil 22 fevral kuni Koltusha ilmiy shaharchasi, o‘zining ta’biri bilan aytganda,   “shartli reflekslar poytaxti”ga navbatdagi safar chog‘i Ivan Petrovich yana shamollab yotib qoldi. Oradan to‘rt kun o‘tgach, o‘pkasining pastki qismini ikkitomonlama  yallig‘lanish butkul qamrab oldi, hiqichoq tutib, yurakning navbatdan tashqari qisqarishi boshlandi. Tomir urishi to‘xtovsiz jadallashib, bemor hushidan ketdi. 27 fevral kuni esa zotiljamning keng yoyilishi, tana harorati pasayishi, yurak faoliyati susayishi kuzatildi. Oxirida to‘satdan keskin ravishda ro‘y beradigan qon tomirlar yetishmovchiligi yuzaga keldi. Ana shu daqiqalarda ulug‘ tadqiqotchi bir lahza o‘ziga keldi-yu, hayajonlangan va asabiylashgan holda “Axir bu bosh miya qobig‘i shishi, qobiq shishi-ku!” dedi. Yarim tunda dard takroran xuruj qilgach, I.Pavlovning hayot shami abadul-abadga so‘ndi. Tajribali nevropatolog M.Nikitin boshchiligidagi shifokorlar marhumning bosh miyasini ochib ko‘rishganida, u so‘nggi nafasi oldidan o‘z kasalligiga o‘zi aniq tashxis qo‘yganining shohidi bo‘lishdi…

Fiziologiya fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olim dunyodan o‘tgach, ko‘plab ilmiy va oliy o‘quv maskanlariga uning nomi berildi, o‘ziga yodgorliklar o‘rnatildi, to‘la asarlari to‘plami hamda alohida ishlari turli tillarda chop etildi. Qo‘lyozmalari fondidagi qimmatli ilmiy ma’lumotlar, taniqli fan va madaniyat arboblari bilan yozishmalari, hayoti va mehnat faoliyatiga oid solnoma, risola va kitoblar nashr qilindi. Uning boy ilmiy merosini yanada rivojlantirish maqsadida yangi ilmiy muassasalar, jumladan, Moskvada oliy nerv faoliyati va neyrofiziologiya instituti ochildi. Shuningdek, Pavlov nomidagi alohida mukofot, oltin medal hamda maxsus jurnali ta’sis etildi.

“100 velikix vrachey” kitobi va boshqa manbalar asosida Abdunabi Haydarov tayyorladi.