www.ziyouz.uz bu yil ham Internet festival g‘olibiga aylandi

23 sentyabr kuni “Yoshlar ijod saroyi”da “InfoCOM-2013” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida UZ Milliy domeni-2013 internet-festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi tanlovni «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi, «Kelajak ovozi» tashabbuskor yoshlar markazi, “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi va “infoCOM.UZ” jurnali birgalikda tashkil etdi.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi esa festivalni rasmiy qo‘llab-quvvatladi.

Internet-festival mamlakatimizda 2001 yildan boshlab, o‘zbekcha saytlarni rivojlantirishni maqsad qilgan UZ Milliy domeni Internet-festivali esa 2007 yildan boshlab o‘tkazib kelinadi.

Festival tanlov dasturi o‘n mavzu va ikkita maxsus nominatsiyani o‘z ichiga oladi. Tanlov dasturiga har o‘n mavzu bo‘yicha ishtirokchilar uchun WWW.UZ milliy izlash tizimining maxsus mukofoti kiritilgan. Ma’lum vaqt ichida o‘z nominatsiyasida eng ko‘p ball to‘plagan o‘nta sayt g‘olib deb topildi.

Bu yil tanlovga 900 dan ortiq ariza kelib tushdi, tanlov dasturida 452 sayt ishtirok etdi. “Festival kashfiyoti” maxsus nominatsiyasida 150 dan ortiq sayt qatnashdi. Festivalning mavzuli va maxsus nominatsiyalarida g‘olib bo‘lgan saytlarning 65 foizga yaqini o‘zbek tilidagi shakliga ega.

Tanlovning “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida www.ziyouz.uz portali birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2004 yili faoliyat boshlagan portal bugungi kunda o‘zbek tilidagi eng kata ma’naviy manbaga aylangan. Unda 4100 dan ortiq elektron kitob, 15000 dan ortiq ilmiy-ommabop, ma’rifiy maqolalar o‘rin olgan.

O‘tgan yilgi tanlovda ham ushbu yo‘nalishda www.ziyouz.uz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.