O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo bo‘lishi tashkilot maqomini yanada oshiradi

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishi ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi, iqtisodiyotdan siyosatga qadar, sportdan ta’limga qadar yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligini oshiradi. Bu haqda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) bosh kotibi, elchi Ramil Hasanov ma’lum qilgan.

Bosh kotibga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiy kengashga kirishi uning mintaqaviy tashkilot sifatida maqomini yanada mustahkamlaydi.

Tahlilchilar O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo bo‘lishi Anqara diplomatiyasining yutug‘i ekanini ta’kidlamoqdalar. Zero, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning Kengashga a’zo bo‘lishi haqidagi qarorni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Toshkentga safari chog‘i ma’lum qilgani ham bejiz emas.

O‘zbekiston rahbari joriy yil 30 aprel kuni Toshkentda turkiyalik hamkasbi bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida rasmiy Toshkent Turkiy kengashga a’zo bo‘lishga tayyorligini, tez muddatda tashkilotning bosh qarorgohida O‘zbekiston bayrog‘i o‘rnatilishini bildirdi. Shuningdek, Kengashning Bishkekdagi sammitida ham O‘zbekiston ishtirok etishini ma’lum qildi.

Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarboyjondan iborat Kengashga O‘zbekistonning qo‘shilishi turkiy dunyodagi robitalarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.

Turkiy kengash bosh kotibining o‘rinbosari Omar Kojaman ham rasmiy Toshkentning bu qarorini tarixiy deb hisoblaydi.

“O‘zbekiston shiddat bilan rivojlanayotgan hamda ko‘p nufusli mamlakat sifatida Turkiy kengash ravnaqiga ulkan hissa qo‘shadi. O‘zbekiston a’zo bo‘lganidan keyin Turkiy kengash iqtisodiyot, ta’lim, bolalar, sport va turizm sohalaridagi keng qamrovli loyihalarni amalga oshiradi. O‘zbekistonning Turkiy kengash tarkibiga qo‘shilishi tashkilot qudratini oshiradi. O‘zbekiston ishtirokida Turkiy kengash global va mintaqaviy tinchlikni ta’minlash yo‘lida jadal chora-tadbirlarni amalga oshiradi”, – deydi Turkiy kengash bosh kotibining o‘rinbosari Omar Kojaman.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi – zamonaviy turkiy mamlakatlarni birlashtiruvchi xalqaro tashkilot. Kengash 2009 yil 3 oktyabrda  Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston tomonidan tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan.

Kengash turkiy tilli davlatlar o‘rtasida iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, transport, bojxona, turizm kabi sohalardagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. Kengash a’zolarini mushtarak til, mushtarak tarix, mushtarak madaniyat va mushtarak qadriyatlar birlashtiradi. Kengash doirasida Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TÜRKSOY), Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi, Turkiy tilli ishbilarmonlar kengashi va Turkiy tilli davlatlar akademiyasi faoliyat yuritadi.

Turkiy tilli davlatlar kengashi Yevropa Ittifoqining mini-modeli deb baholanadi.

S.Salim