O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanishi 27 may kuniga to‘g‘ri keladi

%image_alt%

2017 yil 19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori imzolandi.

Qarorda ta’kidlanishicha el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga mansub olijanob fazilatlarni, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida mazkur qaror qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra, 2017 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 27 may kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilingan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg‘un va hamohang tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlash, bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, totuv va bahamjihat bo‘lib yashashga da’vat etadigan savobli amallar va targ‘ibot ishlari tashkil etilishi belgilandi.

Respublikamizning barcha masjidlarida 26 maydan Tarovih namozlari ado etiladi.


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!