O‘zbekiston va Turkiya TIV o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi

26 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning sakkizinchi raundi doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, harbiy-texnikaviy, sayyohlik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlar holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Vazirlar, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni ham muhokama qilgan.

Muzokaralar yakunida A.Komilov va M.Chovusho‘g‘li ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri A.Komilov turkiyalik hamkasbi bilan muzokaralar yakuni yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdi.

Qayd etilishicha, siyosiy maslahatlashuvlarning 8-raundi an’anaviy O‘zbekiston-Turkiya aloqalariga mos ravishda ochiq, qizg‘in, samarali va yuqori saviyada o‘tgan.

“Bo‘lib o‘tgan suhbat o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda aksariyat dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek yetakchi xalqaro tashkilot va institutlar, birinchi navbatda BMT va Islom hamkorlik tashkiloti doiralaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarimizning o‘xshash va muvofiqligini tasdiqladi”, – deyiladi bayonotda.

Siyosiy maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha o‘zaro aloqalarning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallagan maqsad va vazifalarini belgilab beruvchi muhim kelishuvlarga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro 90 dan oshiq hujjat, jumladan, Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

Ayni vaqtda yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, qurilish, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan turk shirkatlarida 50 mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan.

Shu mavzudagi maqola:

Mavlut Chovusho‘g‘li: Xorijda FETÖga tegishli saksonga yaqin tuzilma yopildi. 15.12.2016