O‘zbekiston va Turkiya savdo aylanmasi 3 milliard dollarga yetkaziladi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlik yanada taraqqiy etadi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen Toshkentda o‘tgan iftor tadbirida ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi (UTİD) uyushtirgan iftor  tadbirida turk diplomatlari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari qatnashdi.

Elchi Ahmet Bashar Shen mehmonlarni oylar sultoni – Ramazoni sharif bilan qutlarkan, muborak oyda ham Suriya, Iroq, Afg‘oniston, Yaman va boshqa musulmon mamlakatlarda urush harakatlari davom etayotganini afsus ila qayd etdi va ushbu o‘lkalarda tinchlik hukm surishini tiladi.

Keyingi yillarda kindik qoni to‘kilgan vatanini tark etib, o‘zga ellardan boshpana qidirishga majbur bo‘layotgan qochqinlar masalasi global muammoga aylanmoqda. Ushbu masalaga e’tibor qaratgan turk diplomati Turkiya keyingi yillarda 3 milliondan oshiq qochqinni qabul qilib, bu borada boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lganini qayd etdi.

2016 yil noyabr oyida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Samarqandda muzokaralar o‘tkazdi. Ahmet Bashar Shenning ta’kidlashicha, ushbu uchrashuvdan keyin davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi ila ikki qardosh xalq hamkorligi tarixida yangi sahifa ochildi.

Turkiya  iqtisodiy taraqqiy bo‘yicha dunyoda 17-o‘rinni egallab turibdi, mamlakat yalpi ichki mahsuloti barqaror ravishda o‘smoqda.

O‘zbekiston ham Markaziy Osiyoning iqtisodiy salohiyati yuqori davlati sanaladi. Turkiya elchisiga ko‘ra, bu jihatdan, ikki qardosh mamlakat bir-birini to‘ldiradi.

Ahmet Bashar Shen bundan keyin ham o‘zaro hurmat, tenglik va birodarlik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni ikki xalq do‘stligiga munosib darajaga ko‘tarish yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solinishini ta’kidladi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi boshqaruvi raisi Erjan Bulut so‘nggi vaqtlarda iqtisodiy hamkorlikni yanadi kengaytirish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilayotganini ma’lum qildi.

Ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil etmoqda. Erjan Bulutning ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatkich yaqin muddatda 3 milliard dollarga yetkaziladi. Bu yo‘lda O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi ham jonbozlik ko‘rsatishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro 90 dan oshiq hujjat, jumladan, Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

Ayni vaqtda yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, qurilish, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan turk shirkatlarida 50 mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan.

S.Salim