O‘zbekiston va Turkiya hamkorlikni kengaytirish istagida

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 27 fevral kuni Istanbuldagi “Beylarbeyi” saroyida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Rustam Azimovni qabul qildi. Bu haqda Turkiya Prezidenti rasmiy sayti xabar beradi. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va Mudofaa vazirlari ishtirokidagi  muzokaralar qariyb bir soat davom etgan.

R.Azimov boshchiligidagi delegatsiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) Istanbulda tashkil etgan o‘zbek-turk biznes-forumida ishtirok etgan. Forum yakunida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar imzolangan.

Jumladan, tomonlar hamkorlik uchun qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektronika, kimyo sanoati, turizm va logistika kabi 10 yetakchi yo‘nalishni belgilab olgan.

Forumda chiqish qilgan Turkiya Iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi 2016 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil etganini qayd etgan, bu ko‘rsatkich mavjud imkoniyatlar darajasidan past etgani ta’kidlagan. Vazir ikki davlat o‘rtasida 1995 yilda imzolangan sarmoyalar bo‘yicha kelishuvni hamda erkin savdo haqidagi shartnomani qayta ko‘rib chiqishni taklif etgan.

Iqtisodiyot vaziri turk qurilish kompaniyalari O‘zbekistonda umumiy qiymati 2 milliard dollardan oshiq 110 ta loyihani amalga oshirganini qayd etgan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov rasmiy Toshkent Anqara bilan hamkorlikni yanada kengaytirish istagida ekanini bildirgan. Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat neft-kimyo, shuningdek, oltin, kumush va uran kabi foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik qilishi mumkin. Temir va avtomobil yo‘llari qurilishi loyihalari esa hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari sanaladi.

“Turkiya  O‘zbekistoni mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan mamlakat va o‘zbek xalqi buni aslo unutmaydi”, – deb ta’kidlagan R.Azimov.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro 90 dan oshiq hujjat, jumladan, Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

Ayni vaqtda yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, qurilish, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan turk shirkatlarida 50 mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shavkat Mirziyovni Turkiyaga taklif qildi. 07.12.2016

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “Turkiya – O‘zbekiston hamkorligi ikki qardosh mamlakatga yarashadigan saviyaga ko‘tariladi”. 19.11.2016