O‘zbekiston va Turkiya: birlashgan – o‘zar

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 22 ta hujjat imzolandi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifining birinchi kuni erishilgan natijadir. Shuningdek, Anqarada kechgan muzokaralardan keyin Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qo‘shma bayonotga ham imzo chekkan.

 Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi strategik ahamiyatga ega mamlakat”

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning taklifiga binoan 25 oktyabrdan Turkiyaga mehmon bo‘lib turibdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari Turkiya Prezidenti saroyida bo‘lib o‘tdi. Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda o‘zaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on turk-islom tamaddunining ikki qadim beshigi bo‘lgan mamlakatlarimiz hamkorligida yangi sahifa ochilayotganini mamnuniyat ila qayd etarkan, 31,5 million nufusga hamda ulkan yer osti va yer usti boyliklariga ega O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik ahamiyatga ega mamlakat deb atadi.

Turkiya rahbariga ko‘ra, 2016 yilda ikki davlat o‘rtasidai savdo aylanmasi 1,2 milliard dollarni, joriy yil 8 oyida esa 900 million dollarni tashkil etdi. Ammo bu raqamlarni oshirish imkoniyati mavjud.

Turkiya rahbari bugungi dunyoda kuchli bo‘lmoqning asosiy sharti do‘st mamlakatlar bilan ittifoq bo‘lish, bir yoqadan bosh chiqarish ekaniga urg‘u berdi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat, hamkorlikning yangi tarixiy bosqichiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi.

“Turkiya xalqaro maydonda biz uchun ishonchli va muhim hamkordir. Biz qardosh xalqlarimizning farovonligini oshirish, o‘zaro do‘stlikni yanada mustahkamlash, turli sohalardagi uzoq istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga tayyormiz”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlat rahbarlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Muzokarada savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokarada o‘zaro hamkorlikda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ushbu tashrif ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga yangi sur’at baxsh etishi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, eng avvalo, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mineral va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish rag‘batlantiriladi.

Samarqand va Istanbul shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Yuqori darajadagi muloqotda transport va logistika masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatlarimizni bir-biri bilan bog‘laydigan transport yo‘laklarini kengaytirish savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida muhim omil bo‘lishi qayd etildi. Xususan, Samarqand va Istanbul shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha erishilgan kelishuvni alohida ta’kidlash lozim.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ikki davlat rahbari muzokaralar o‘zaro hurmat ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

 Professor Oktay Tanrisever: “Turkiya va O‘zbekiston hamkorligi – mintaqadagi muammolarni yechishda muhim qadam”

Mazkur tashrif O‘zbekiston Prezidentining so‘nggi 20 yil ichida Turkiyaga ilk safari ekani bilan ahamiyatlidir. Shu bois Turkiya matbuoti Shavkat Mirziyoyevning tashrifini tarixiy hodisa deya baholamoqda.

Kadir Xas universiteti Xalqaro aloqalar fakulteti professori Mitat Chelikpala Turkiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka ular ilk mustaqil bo‘lgan yillardan alohida e’tibor berib kelayotganini ta’kidlaydi.

Siyosatshunos olimga ko‘ra, so‘nggi 10-12 yilda ikki mamlakat munosabatlari ko‘ngildagidek kechmadi. Ammo bugun tomonlar o‘zaro ziddiyatdan aslo foyda yo‘qligini tushunib ketdi va bu o‘ta muhim ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi Ziroatxon Hoshimova Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning rafiqasi Emine Erdo‘g‘on bilan uchrashdi.

Yaqin Sharq texnika universiteti Xalqaro aloqalar fakulteti professori Oktay Tanrisever ham ikki qardosh mamlakat hamkorligi butun mintaqa uchun ahamiyatli ekaniga urg‘u beradi.

“O‘zbekiston demografik iqtisodiy va siyosiy omillarga ko‘ra Markaziy Osiyoda yetakchi mavqega ega. Turkiya va O‘zbekiston kuchlarining birlashuvi nafaqat turk olami, ayni choqda, Markaziy va Janubiy Osiyodagi ko‘plab muammolarni yechishda muhim qadam bo‘ladi”, – deydi professor Oktay Tanrisever turk matbuotiga intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. 1996 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangan.

Yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘zida ushbu mamlakat sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

Shavkat Mirziyoyev Pekinda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi. 14.05.2017

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “Turkiya – O‘zbekiston hamkorligi ikki qardosh mamlakatga yarashadigan saviyaga ko‘tariladi”. 19.11.2016