O‘zbekiston va AQSh diplomatik munosabatlariga 25 yil to‘ldi

19 fevral kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlari o‘rnatilganiga  25 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat rahbarlari bir-biriga tabrik xati yo‘lladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSh Prezidenti Donald Trampga yo‘llagan tabrik maktubida bunday deyiladi: “O‘tgan davrda o‘zaro do‘stlik va sheriklik munosabatlarida mustahkam poydevor yaratildi. Ko‘p qirrali hamkorligimiz jadal va keng ko‘lamli xarakter kasb etdi”.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz tashqi siyosatining fundamental printsip va kontseptual asoslari o‘zgarmasdan qolishini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston AQSh bilan an’anaviy munosabatlarni saqlash, har tomonlama hamkorlikni izchil mustahkamlash va rivojlantirishning qat’iy tarafdoridir.

Maktubda Amerika biznesining yurtimizda uzoq muddatli faoliyat yuritishi hamda AQShning yetakchi korporatsiya va kompaniyalari bilan investitsiyaviy-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlangan.

O‘zbekiston Prezidenti o‘zaro anglashuv, hurmat va ikki tomonlama manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish ikki xalq manfaatlariga xizmat qilishini qayd etgan.

O‘z navbatida,  AQSh Prezidenti Donald Tramp ham O‘zbekiston yetakchisiga tabrik maktubi yo‘llagan.

“Kelgusi yillarda ham mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi umumiy maqsadlarimizni amalga oshirishda Siz bilan hamkorlikda ishlaymiz, degan umiddaman. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston Respublikasi va uning qo‘shni davlatlari suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, Sizning Markaziy Osiyoni yanada taraqqiy ettirish va o‘zaro hamjihatligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi”, – deyilgan D.Tramp yo‘llagan maktubda.

Ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992 yil 19 fevralda o‘rnatilgan. Ushbu davr mobaynida o‘zaro hamkorlikning ulkan salohiyati shakillantirildi va kostruktiv hamkorlik tajribasi to‘plandi.

O‘zbekiston-Amerika munosabatlari doirasidagi barcha yo‘nalishlarda sifat jihatidan yangi va o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishni belgilab bergan asosiy hujjat bu ikki mamlakat o‘rtasida 2002 yil martda imzolangan Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi Deklaratsiya hisoblanadi.

Shu mavzudagi maqola:

Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashdi. 02.02.2017