O‘zbekiston–Turkmaniston: strategik hamkorlik yanada mustahkamlanadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 23 aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar beradi.

Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston rahbarini O‘zbekiston zaminida samimiy qutlab, ushbu tashrif mamlakatlarimiz munosabatlari rivojida muhim siyosiy voqea, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorligimiz izchil rivojlanib borayotganining dalolati ekanini ta’kidladi.

– 2017 yil mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida tarixiy yil bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Turkmanistonga uch marotaba tashrif bilan bordi. Bu mamlakatlarimizning strategik darajadagi munosabatlariga yangi sur’at baxsh etdi, erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishiga jiddiy turtki berdi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 55 foiz o‘sdi. Bu, albatta, o‘tgan yilgi kelishuvlarimiz natijasidir. Oliy darajadagi bu galgi muzokaralar ushbu sur’atni yanada oshirish yo‘lida jiddiy qadam bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Gurbanguli Berdimuhamedov davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda muttasil taraqqiy etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Turkmaniston va O‘zbekiston tinchliksevar davlatlar, yaxshi qo‘shnilar sifatida tanilgan. Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda ham, o‘zaro aloqalarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi muzokaralar o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyatdir. Turkmaniston O‘zbekiston bilan hamkorlikni barcha sohalar bo‘yicha kengaytirishga tayyor, – dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, muloqotda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo‘jaligi texnikasi, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, kimyo, tayyor tekstil mahsulotlari, turli sohadagi xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan yurtimizga neft va neft mahsulotlari, mexanik uskunalar, propilen polimerlari, boshqa kimyoviy tovarlar keltiriladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotida hali to‘la ishga solinmagan ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Ulardan foydalanib, o‘zaro savdo aylanmasini jadal oshirish va nomenklaturasini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat bozorlariga xaridorgir mahsulotlar yetkazib berish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. 2020 yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollargacha yetkazish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Muzokaralar davomida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, bu orqali mamlakatlarimizning ushbu yo‘nalishdagi raqobatbardoshligini oshirish zarurligi qayd etildi. Qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar, elektr texnikasi uskunalarini hamkorlikda ishlab chiqarish, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish, chegaraoldi hududlar o‘rtasida savdo-sotiqni oshirish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistonning Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston gaz quvuri qurilishi loyihasida ishtirok etishi qayd etildi.

Shu kuni ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Ikki tomonlama hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim va sport sohalarida yanada mustahkamlashga va o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga doir 17 hujjat imzolandi.

Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan transport sohasida hamkorlik to‘g‘risida hamda 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo dasturlar, O‘zbekiston va Turkmanistonda savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar, O‘zbekiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2019 yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Ikki tomonlama hamkorlikni qishloq xo‘jaligi, yoshlar, xotin-qizlar masalalari, fan-texnika, kasaba uyushmalari va boshqa sohalarda yanada mustahkamlashga doir hujjatlar qabul qilindi. O‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim, ikki mamlakat kasaba uyushmalari va xotin-qizlar qo‘mitalari o‘rtasida Anglashuv memorandumlari, yoshlar tashkilotlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi shular jumlasidandir.

Shuningdek, tashrif doirasida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida va axborot-kommunikatsiya sohalariga oid 15 hujjat imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar ochiq, samimiy, ishchanlik ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari manfaatlari yo‘lidagi serqirra va do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdilar.