O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning ikki qissasi Moskvada chop etildi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” va “Oydinda yurgan odamlar” qissalari rus tiliga tarjima qilinib, Mokvadagi “RIPOL Klassik” nashriyotida “Tarlan” nomi bilan chop etildi.

Ushbu qissalarni German Vlasov, Vadim Murotxonov va Suhbat Aflotuniy tarjima qilishdi.

Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasi yozuvchining eng dilbar va muallifning o‘z so‘zi bilan aytganda, “ne kunlarni ko‘rmagan”, eng murakkab taqdirli qissasi ilk marotaba “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida tilga olinadi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov so‘z boshisi bilan “Oydinda yurgan odamlar” qissasidan parcha e’lon qilinadi (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1983, 1-son). Oradan bir yil o‘tgach, qissa “Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilinadi (“Sharq yulduzi” jurnali, 1984, 1-son). “Oydinda yurgan odamlar” qissasi 1985 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida nashr etiladi. Shu yili bu kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi mukofoti bilan taqdirlanadi. Yillar o‘tgach, Tog‘ay Murod bu qissaga yana murojaat qiladi va uni qayta ishlaydi. Nihoyat qissaning to‘liq varianti chop qilinadi (“Ot kishnagan oqshom”, “Sharq” nashriyot-matbaa kontserni Bosh tahririyati, (1994).

“Ot kishnagan oqshom” qissasi birinchi marta “Yoshlik” jurnalida e’lon qilingan (1982 yil, 11-son). So‘ngra qissa 1985 yilda “Oydinda yurgan odamlar” kitobida nashr qilinadi (G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti). Adib 1985—87-yillar tahsil olgan Moskvadagi Maksim Gorkiy nomli Adabiyot instituti Oliy adabiyot kurslari seminar mashg‘ulotlarida “Ot kishnagan oqshom” qissasi yuksak baholanadi va katta shov-shuvga sabab bo‘ladi; “Drujba narodov” jurnaliga chop etish uchun tavsiya qilinadi. Boshqa asarlari singari adib uning qayta tahriri ustida ham qattiq ishlaydi va “Ot kishnagan oqshom” kitobi to‘liq variantda dunyo yuzini ko‘radi (“Sharq” nashriyot-matbaa kontserni Bosh tahririyati, 1994).

Tog‘ay Murod (Mengnorov Tog‘aymurod) 1948 yil 3 fevralda Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga qarashli Xo‘jasoat qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1999). Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1994). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Yozuvchi 2003 yil 27 mayda Toshkent shahrida vafot etgan.