O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamolga Yevroosiyo universiteti faxriy doktori unvoni berildi

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tavalludining 80 yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida “Jamol Kamol va Ozarboyjon adabiyoti” mavzusida xalqaro anjuman tashkil etildi. Anjumanda nutq so‘zlagan Adabiyot instituti direktori Isa Habibbeyli ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalar rivojlanib borayotgani, bunda Jamol Kamolning xizmati katta ekanini qayd etdi.

Milliy Majlis deputati, siyosiy fanlar doktori Ganira Poshoyeva ham o‘z chiqishida Jamol Kamol Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy, Baxtiyor Vahobzoda kabi ulug‘ ozarboyjon shoirlari asarlarini tarjima qilib, ko‘p asrlik adabiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.

Anjumanda shoir Jamol Kamol ijodi va ikki qardosh xalq adabiy aloqalari mavzusida ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

Jamol Kamolning 80 yillik yubileyi munosabati bilan unga  Boku Yevroosiyo universiteti faxriy doktori va Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zosi unvoni berildi.

Shoirning “Olam kirar yuragimga” (1968), “Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du” (1971), “Tosh tug‘yon” (1973), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Dostonlar” (1978), “Tafakkur” (1979), “Qadah” (1980), “Suvaydo” (1983), “Umidli dunyo” (1988) kabi she’riy asarlari chop etilgan.

Jamol Kamol zabardast tarjimon sifatida ham barakali ijod qilib kelmoqda. Xususan, uning tarjimasida Nizomiy Ganjaviyning “Sirlar xazinasi” va “Layli va Majnun” asarlari o‘zbek tilida chop etildi. Ayni paytda ijodkor Nizomiy Ganjaviyning “Iskandarnoma”sini o‘zbek tiliga o‘girmoqda.

Jamol Kamol, shuningdek, ozarboyjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning Muhammad Fuzuliy haqidagi “Shabihijron” dostonini, Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat “Masnaviyi ma’naviy” asarini, Shayx Fariduddin Attorning asarlarini, Abdurahmon Jomiyning g‘azallar kitobini, Shayx Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz” asarini, buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspirning o‘ndan ortiq asarlarini bevosita ingliz tilidan, Aleksandr Pushkinning “Motsart va Saleri”, Yan Raynisning “Oltin tulpor” asarlarini rus tilidan tarjima qilgan.

Jamol Kamol she’rlari rus, ingliz, frantsuz, polyak, ukrain, turk, ozarboyjon, tojik va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilingan.

Shu mavzudagi maqola:

O‘zbekiston – Ozarboyjon: madaniy hamkorlik istiqbollari. 08.04.2017