USAID O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi

AQShning xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligi (USAID) O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi va Korporativ boshqaruv bo‘yicha ilmiy markaz bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumati, xususiy sektor va xalqaro hamjamiyat vakillari uchun Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilish jarayoni bo‘yicha bir qator seminarlar o‘tkazdi. Seminarlarga JST masalalari hamda Markaziy Osiyo va butun dunyoda savdo masalalari bo‘yicha katta tajribaga ega xalqaro ekspert taklif etildi.

Xususan, joriy 24 yanvarda bo‘lib o‘tgan seminarda davlat organlarning 50 dan ziyod vakili ishtirok etdi.

“JSTga a’zolik butun dunyo uchun O‘zbekiston xalqaro savdo tashkilotining a’zosi ekanligi, mamlakat “biznes uchun ochiqligini” anglatuvchi muhim alomat bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonning ushbu tashkilotga qo‘shilishi O‘zbekiston bilan JSTning boshqa a’zolari, shu jumladan, Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama savdodan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi”, – dedi seminarda so‘zga chiqqan USAIDning O‘zbekistondagi direktor Geri Robbins.

Xalqaro ekspert va USAID xodimlari, shuningdek, JSTga a’zo bo‘lish uchun USAID bilan kelgusi hamkorlikni muhokama qilish maqsadida  O‘zbekiston hukumati vakillari bilan ham uchrashdi.

O‘zbekiston hukumatining yaqinda bergan bayonoti mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishdan manfaatdorligini tasdiqlaydi. Jarayonni aniq tushunish O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega, chunki JSTga a’zo bo‘lish borasidagi harakatlar 15 yillik tanaffusdan so‘ng tiklanmoqda. Tashkil etilgan seminarlar ayni shu maqsadga – jarayonni teran anglashga xizmat qilgani bilan ahamiyatlidir.

JST mamlakatlar o‘rtasidagi savdo qoidalari bilan shug‘ullanuvchi yagona global tashkilot hisoblanadi. JSTga a’zolik raqobatbardoshlikni oshirishga, savdo hajmini oshirishga va bunda butun dunyoda qoida va taomillarning izchillik bilan qo‘llanilishiga ko‘maklashadi.