Turkmaniston TIV: “Eron milliy gaz kompaniyasining xabari haqiqatdan yiroq”

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Eron milliy gaz kompaniyasini ikki tomonlama hamkorlikka doir noxolis axborot tarqatishda aybladi. Rasmiy Ashxobodga ko‘ra, Eron milliy gaz kompaniyasi saytida tarqatilgan ma’lumotlar haqiqatdan yiroq bo‘lib, Eron tomonining qarzdorligi bo‘yicha ahvolni xaspo‘shlashga qaratilgandir.

“Xususan, “Turkmangaz” davlat kontserni tomonidan go‘yo shartnomaning gaz sifati va miqdori bilan bog‘liq shartlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida, Eronga turkman tabiiy gazini yetkazish bo‘yicha shartnoma ijrosi mobaynida Eron milliy gaz kompaniyasi tomonidan ko‘p marotaba majburiyatlarni buzish holatlariga yo‘l qo‘yilgan”, – deyiladi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Qayd etilishicha, shartnomaning asosiy tamoyili “take or pay” – “ol yoki to‘la” bo‘lishiga qaramay, Eron gaz shirkati bitim shartlariga rioya qilmagan. Eron milliy gaz kompaniyasining “ko‘pga cho‘zilgan samarasiz muzokaralar” xususidagi bayonoti ham asl voqelikka ziddir.

“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, aynan Turkmaniston tomonining tashabbusi bilan Eron neft vazirligi va Eron milliy gaz kompaniyasi bilan muntazam uchrashuv, maslahatlashuv va muzokaralar o‘tkazilib kelmoqda. Ushbu jarayonda Turkmaniston tomoni nafaqat gaz yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomaga daxldor masalalar, balki Turkmaniston va Eronning gaz bo‘yicha hamkorligini kengaytirish bo‘yicha ham aniq takliflar bilan chiqqan”, – deyiladi rasmiy Ashxobod bayonotida.

Eron milliy gaz kompaniyasi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligini ikki kompaniya o‘rtasidagi nizoga aralashuvda ayblagan edi.

“Bu borada hech qanday qoidabuzarlik mavjud emas, negaki, tijorat bitimi va shartnomalarida bu kabi masalalar qayd etilmaydi. Shu bilan birga, barchaga ma’lumki, har bir davlat tashqi siyosat idorasining asosiy vazifalaridan biri o‘z mamlakati manfaatlari (jumladan, iqtisodiy),  fuqarolari va tashkilotlari huquqlarini himoya qilishdan iboratdir. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining mazkur masalani yoritishdagi faolligini ushbu jihatdan tushunish lozim”, – deyiladi bayonotda.

Avvalroq Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat 1997 yildan buyon ikki tomonlama kelishuvga qat’iy amal qilgan holda Eronga gaz yetkazib berib kelgani, ammo Eron milliy gaz kompaniyasi 2013 yildan buyon tabiiy gaz bo‘yicha yuzaga kelgan qarzini uzishga harakat qilmagani haqida xabar bergan edi. Qayd etilishicha, Eron milliy gaz kompaniyasi Turkmanistonning konstruktiv tashabbuslariga ijobiy javob bermagani bois 2017 yil 1 yanvardan qo‘shni davlatga turkman tabiiy gazini yetkazib berish to‘xtatilgan.

Sobir Salim