Turkmaniston tarixiy sayyohlik bo‘yicha eng yaxshi yo‘nalish deb topildi

Italiyaning Rai Tre telekanali 2018 yilda sayohat uchun eng yaxshi yo‘nalishlar bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, Turkmaniston tarixiy sayohat bo‘yicha eng yaxshi yo‘nalish deb topilgan.

Orient.tm axborot agentligi xabariga ko‘ra, so‘rov davomida dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lgan sayyoh tomoshabinlarning fikri o‘rganilgan.

Turkmaniston sayyohlar uchun qiziqarli bo‘lgan ko‘plab tarixiy maskanlarga ega. Masalan, Oltintepa shahri “Turkmaniston Stounhenji” deb ataladi. Manbalarga ko‘ra, qadimiy shaharga bronza  davrida (miloddan avvalgi 2300-1900 yillar) asos solingan. Bu yerda sayyohlar Elam va Shumer yozuvi paydo bo‘lgunga qadar istifoda etilgan piktogrammalar bilan tanishishlari mumkin.

Parfiya davlatining ko‘hna kentlari, xususan, uning madaniy poytaxti Qadimgi Nisa shahri ham sayyohlarni olis o‘tmish sari yetaklaydi. Marg‘iyona davlatining shahar va qo‘rg‘onlari ham sirli tarixdan naql qiladi.

Turkmanistonning sharqiy mintaqasi esa o‘rta asrlarga xos osori atiqalarga boy. Bu davrda mintaqada masjid, madrasa, karvonsaroy, timlar va maqbaralar barpo etildi. Xususan, maqbaralar o‘ziga xos me’moriy shaklda bunyod etilgan. Masalan, Marvdagi Sulton Sanjar, Ko‘hna Urganchdagi Najmiddin Kubro, Faxriddin Roziy, Sulton Takash maqbaralari sirkorlik va naqshkorlik usulida serhasham bezatilgan. Shuningdek, Al-Arslon, To‘rabek xonim, Ostona bobo kabi maqbaralar, Qutlug‘ Temur singari minoralar bu yerda madaniyat va ilm-fan gullab yashnaganidan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil dekabr oyida Turkmanistonda Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan tarixiy-madaniy obidalarda tadqiqot va qazilma ishlarini olib borishni ko‘zda tutuvchi davlat dasturi qabul qilindi.