Turkmaniston Osiyo o‘yinlarini Olimpiada darajasida o‘tkazmoqchi

25 iyul kuni Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasida Ashxobod shahrida joriy yil 17-27 sentyabr kunlari o‘tadigan V Osiyo o‘yinlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Elchixona attashesi Xanturdi  To‘rayev xalqaro musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani va Turkmaniston sportchi va mehmonlarni qabul qilishga shay ekanini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Turkmaniston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib bunday miqyosdagi sport anjumanini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Osiyo o‘yinlariga turli mamlakatlardan  minglab sportchi va ishqibozlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Turkmanistonning “Dunya Syyahat” sayyohlik kompaniyasi direktori G‘ulom G‘ulomov sport musobaqalarida o‘zbekistonlik ishqibozlar ham ishtirok etishi mumkinligi, bu borada kompaniya amaliy yordam ko‘rsatishga shayligini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Turkmaniston Osiyo o‘yinlarini Olimpiada musobaqasi darajasida yuqori saviyada o‘tkazadi.

Matbuot anjumani davomida Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik xususida videorolik namoyish etildi, jurnalistlarning turli mavzudagi savollariga javob berildi.

Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari Ashxobodda 2017 yil 17 sentyabrda boshlanadi. Nufuzli musobaqada Osiyo, Avstraliya va Okeaniya mintaqalaridan 64 mamlakat vakillari sportning 21 turi bo‘yicha bahs olib boradi. O‘zbekiston terma jamoasi ham Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi.

2010 yil 19 dekabr Kuvaytda V Osiyo o‘yinlari Turkmanistonda o‘tishi e’lon qilingan hamda bu borada Osiyo Olimpiya kengashi va Turkmaniston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘rtasida ikki tomonlama hujjat imzolangan edi.

2014 yil 28 noyabrda esa Osiyo o‘yinlarida Okeaniya mamlakatlari ham ishtirok etishi borasida hujjat imzolandi. O‘shanda Turkmaniston Prezidenti Osiyo o‘yinlari dasturiga turkman milliy kurashi va ot sportini qo‘shishni taklif qilgan va mazkur taklif Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan ma’qullangan.

Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari ilk bor 2005 yili Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan. Dastlab musobaqalar ikki yilda bir marotaba o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda oraliq muddat to‘rt yilga uzaytirildi.

S.Salim