Turkmaniston Eronga gaz yetkazib berish to‘xtatilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Turkmanistonning 2017 yil 1 yanvardan o‘zaro shartnomaga zid ravishda Eronga gaz yetkazib berishni to‘xtatgani xususida xabarlar asossizdir. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati tarqatgan bayonotda so‘z boradi.

Rasmiy Ashxobodga ko‘ra, Eron Turkmanistondan 5 yil davomida gaz sotib olish to‘g‘risida shartnoma imzolagani xususida xabarlar ham haqiqatdan yiroqdir.

“Chindan ham, Turkmaniston 1997 yil dekabrdan gaz oldi-sotdisi shartnomasiga muvofiq, ikki tomonlama kelishuvga qat’iy amal qilgan holda Eronga gaz yetkazib bermoqda. Afsuski, Eron milliy gaz kompaniyasi 2013 yildan buyon Islom Respublikasiga yetkazib berilgan turkman tabiiy gazi qarzini uzish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlarni ko‘rmayotir. Natijada Eron tomonining qarzi sezilarli darajaga yetdi, bu esa Turkmanistonning uzoq muddatga shartnomaga muvofiq Eronga gaz yetkazib berishga yo‘naltirilgan gaz uzatish tizimining risoladagidek ishlashiga xalaqit bermoqda”, – deyiladi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Qayd etilishicha, rasmiy Ashxobod 2016 yil davomida Eron tomonini turkman tabiiy gazini yetkazib berish bo‘yicha nomaqbul holat va bu borada ehtimoliy cheklashlar xususida ogohlantirib kelgan. “Turkmangaz” davlat kontserniga gaz to‘lovini vaqtida amalga oshirmaslik oqibatida Eronga gaz yetkazib berishga yo‘naltirilgan tizim ishida uzilishlar bo‘lishi tushuntirilgan va masalani tezkor hal etish bo‘yicha takliflar berilgan.

“Ammo Eron milliy gaz kompaniyasi Turkmanistonning konstruktiv tashabbuslariga ijobiy javob bermagani va o‘zaro maqbul yechim borasida faollik ko‘rsatmagani bois 2017 yil 1 yanvardan Eronga turkman tabiiy gazini yetkazib berish majburiy ravishda to‘xtatildi”, – deyiladi bayonotda.

Ayni choqda, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi ommaviy axborot vositalarini mazkur holatga siyosiy tus berishdan qaytargan.

Sobir Salim