Turkiyaga prezidentlik boshqaruvi qanday afzalliklar beradi?

Joriy yil 16 aprel kuni Turkiya Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Mamlakat bo‘ylab umumxalq ovoz berish tadbiriga jadal hozirlik ko‘rilmoqda. Axborot agentliklari xabariga ko‘ra, xorijiy davlatlardagi Turkiya elchixonalarida saylov uchastkalarini tashkil qilish va chegaralardagi bojxona markazlarida ovoz berish jarayonini yo‘lga qo‘yish kabi tayyorgarliklar yakunlanmoqda. Masalan, AQShda istiqomat qilayotgan Turkiya fuqarolari Vashington, Nyu-York, Boston, Mayami, Chikago, Hyuston va Los-Anjelos shaharlarida 1 apreldan ovoz berishi mumkin.

Boshqaruvdagi chalkashliklarga barham beriladi

Prezidentlik tizimiga bag‘ishlangan anjuman. Istanbul shahri, 2017 yil fevral

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yaqinda ijtimoiy tarmoq orqali 16 aprel sanasi Turkiya uchun hal qiluvchi sana bo‘lishini ta’kidlab, prezidentlik boshqaruvining afzalliklariga to‘xtaldi. Davlat rahbariga ko‘ra, Turkiyaning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati vakolatlaridagi chalkashliklar va o‘zaro ziddiyatlar bois mamlakat katta talafot ko‘rmoqda.

Siyosiy inqirozlar ham turk xalq oyog‘iga tushov bo‘layotganiga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘on mamlakat mas’uliyatli va kuchli boshqaruvga ehtiyoj sezayotganini aytgan.

Turkiya yetakchisi bir necha kun avval Pudratchilar uyushmasi mukofotini topshirish marosimida ham Konstitutsiyaviy islohotlarga e’tibor qaratgan.

Prezidentga ko‘ra, yangi siyosiy islohotlar Turkiyani mutaraqqiy davlat darajasiga ko‘tarib, ichki birlik va jipslikni yanada mustahkamlaydi.

Qayd etilishicha, yangi tizimning bosh kafolatchisi bu xalqdir. Shu bois referendumda ko‘pchilikning roziligini olishga harakat qilish lozim.

“Biz ortga chekinishga o‘rganmaganmiz. Shunday ekan, hamisha qat’iyat ila olg‘a qadam tashlashimiz darkor”, – degan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

 Referendum natijasi iqtisodiy taraqqiyotga ham ta’sir ko‘rsatadi

Konstitutsiyaviy islohotlar tarafdorlari o‘tkazgan tadbir. Adiyaman shahri, 2017 yil fevral

Tahlilchilarga ko‘ra, Turkiyaning prezidentlik boshqaruviga o‘tishi siyosiy barqarorlik bilan birga, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishga xizmat qiladi. Ayni paytda iqtisodiyotga oid muhim qarorlarni qabul qilish uzoq muddatga cho‘ziladi. Turli boshqaruv idoralari o‘zaro yakdil to‘xtamga kelgunga qadar gohida iqtisodiy loyihalar dolzarbligini ham yo‘qotadi.

Referendumda  yangi boshqaruv usuli yoqlansa, Turkiyada so‘nggi 15 yil davomida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar sur’ati yanada jadallashadi, xorij sarmoyasini jalb etish ko‘rsatkichi oshadi.

Turkiya muhim geostrategik mintaqada joylashgan. Ammo so‘nggi yillarda ichki va tashqi omillar rasmiy Anqaraning yirik iqtisodiy loyihalariga g‘ov bo‘lmoqda. Yangi tizim mazkur to‘siqlarni bartaraf etib, Turkiyaning iqtisodiy-moliyaviy markaz sifatidagi nufuzini bundan-da mustahkamlaydi. Boz ustiga, mamlakat 2023 yilgacha amalga oshirishni rejalashtirgan ulkan rejalarni ro‘yobga chiqara oladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21 yanvar kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputatlari Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Mamlakatda prezidentlik boshqaruvini joriy etishni ko‘zda tutgan loyihani 488 deputatdan 339 nafari yoqlagan.

18-moddadan iborat konstitutsiyaviy qonun Turkiya Prezidenti vakolatlarini kengaytirish va uning maqomini ko‘tarishni ko‘zda tutadi. Bunga ko‘ra, Prezident farmonlar qabul qilish, vazirlarni tayinlash va bo‘shatish vakolatiga ega bo‘ladi. Amaldagi Bosh vazir lavozimi esa bekor qilinadi. Bundan tashqari, qonun Qurolli kuchlar va maxsus xizmatlarning bevosita Prezidentga bo‘ysunishini nazarda tutadi. Mamlakat yetakchisi besh yildan ikki vakolat muddatiga saylanish huquqi ega bo‘ladi.

Shuningdek, yangi loyihaga muvofiq, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputatligiga saylanishga oid yosh chegarasi 25 yoshdan 18 yoshga tushiriladi, parlament a’zolari soni esa 550 nafardan 600 nafarga oshiriladi.

 Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Turkiya: parlament boshqaruvidan prezidentlik tizimi sari. 21.01.2017