Turkiyada o‘tgan saylovda demokratiya g‘alaba qozondi

Turkiyada 24 iyun kuni muddatdan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mutlaq ko‘pchilik ovozini yig‘ib g‘alaba qozondi. Bu haqda Turkiya markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Sadi Guven ma’lum qilgan.

Hozirga qadar byulletenlarning 99,16 foizi hisoblab chiqilgan. Bunga ko‘ra, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 52,55 foiz foiz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. MSK raisi qolgan byulletenlar hisob-kitobi umumiy natijani o‘zgartirmasligini aytgan.

Turkiya prezidentligi uchun kurashda amaldagi davlat rahbaridan tashqari yana besh nomzod ishtirok etib, quyidagi natijalarga erishdi.

Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP) nomzodi Muharram Inje 30,67 foiz ovoz olgan.

Xalq demokratik partiyasi (HDP) rahbari Salohiddin Demirtosh 8,36 foiz ovoz to‘plagan.

“Yaxshi” (İYİ) partiyasi yetakchisi Meral Akshenerni elektoratning 7,33 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, “Saadet” partiyasi rahbari Temel Karamollaog‘lu 0,89 foiz, “Vatan” partiyasi yetakchisi Dog‘u Perinchek esa 0,2 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.

Saylovda g‘alaba qozongan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqarada yig‘ilgan tarafdorlari qarshisida nutq so‘zlab, 24 iyun kungi saylovda demokratiya g‘alaba qozonganini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, Turkiya xalqi PKK, FETÖ kabi jinoyatchi guruhlarga qarshi kurash uchun ovoz berib, yana bir karra mamlakat mustaqilligi va kelajagini himoya qildi. Elektorat demokratik islohotlar bardavomligi, erkinlik va inson huquqlari himoyasi tantanasini qo‘llab-quvvatladi.

Turkiya rahbari, shuningdek, xalq dastagi va yordami bilan 2023 yilga qadar qo‘yilgan strategik maqsadlarga erishishda sabot bilan harakat qilishini ta’kidladi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on saylovda aholi faol ishtirok etganini mamnuniyat ila qayd etib, bu ko‘plab mamlakatlarga saboq bo‘lishini bildirdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 24 iyun kuni saylash huquqiga ega fuqarolarning qariyb 90 foizi yoki 59 354 840 kishi ovoz bergan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni saylovdagi g‘alaba bilan xorijiy davlat va hukumat rahbarlari tabriklamoqda. Jumladan, saylovning dastlabki natijalari e’lon qilingandayoq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qilib, uni Turkiya Prezidenti lavozimiga saylangani bilan samimiy tabrikladi.

24 iyun kuni Turkiya xalqi mamlakat parlamenti – Buyuk Millat Majlisi a’zolarini ham sayladi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, saylovda 6 ta partiya 10 foizlik to‘siqni oshib o‘tgan.

Byulletenlarning 99,10 foizi hisob-kitobiga ko‘ra, iqtidordagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK PARTİ) – 293 (42,49 foiz), Jumhuriyat xalq partiyasi – 146 (22,67 foiz), Xalq demokratik partiyasi – 67 (11,62 foiz), Milliy harakat partiyasi (MHP) – 50 (11,13 foiz), “Yaxshi” partiyasi – 44 (10,01 foiz) deputatlik mandatiga ega bo‘ldi.

Muddatdan oldin o‘tkazilgan prezidentlik va parlament saylovi zamonaviy Turkiya tarixida yangi sahifa ochishi kutilmoqda. Negaki, saylovdan keyin mamlakatning davlat boshqaruv shakli parlament respublikasidan prezident respublikasiga o‘zgaradi.

2017 yilning 16 aprelida Turkiyada Konstitutsiyaiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur referendum natijasi saylovdan keyin rasman kuchga kiradi.

Yangi tartibga ko‘ra, Prezident farmonlar qabul qilish, vitse-prezident hamda vazirlarni tayinlash va bo‘shatish vakolatiga ega bo‘ladi. Bosh vazir lavozimi esa bekor qilinadi. Bundan tashqari, qonun Qurolli kuchlar va maxsus xizmatlarning bevosita Prezidentga bo‘ysunishini nazarda tutadi.

Mamlakat yetakchisi besh yildan ikki vakolat muddatiga saylanish huquqi ega bo‘ladi.

Shuningdek, yangi tartibga muvofiq, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputatligiga saylanishga oid yosh chegarasi 25 yoshdan 18 yoshga tushiriladi, parlament a’zolari soni esa 550 nafardan 600 nafarga oshiriladi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ko‘pdan buyon amaldagi parlament boshqaruvi o‘zini oqlamayotgani, bugungi qaltis sharoitda eng maqbul yechim prezidentlik tizimiga o‘tish ekanini ta’kidlab keladi. Turkiyaning amaldagi yetakchisi prezidentlik boshqaruvi mamlakat taraqqiyotini yanada jadallashtirib, boshqaruv samaradorligini oshiradi, deb hisoblaydi.

Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya va prezidentlik boshqaruvi davr talabi sanaladi va bu tizim butun xalq manfaatlariga xizmat qiladi. Pirovardida esa prezidentlik boshqaruvi Turkiyani qudratli mamlakatga aylantiradi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Turkiyaning prezidentlik boshqaruviga o‘tishi siyosiy barqarorlik bilan birga, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

Turkiya xalqi prezidentlik boshqaruvini tanladi. 17.04.2017

Turkiya: parlament boshqaruvidan prezidentlik tizimi sari. 21.01.2017