Turkiya Prezidenti may oyida O‘zbekistonga keladi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on joriy yil may oyida O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Turkiya parlamentining “Turkiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi, Buyuk Millat Majlisi deputati Haydar Ali Yildiz Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan. Turkiya yetakchisining O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki tomonlama hamkorlikka oid dolzarb masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.

Turkiya parlamentining “Turkiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Haydar Ali Yildiz boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Turkiya delegatsiyasining tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum va kooperatsion birja ham o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Bunda esa ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabati hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

2017 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrifi doirasida Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi.

2017 yil may oyida Pekinda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro anjumani doirasida ikki davlat rahbarlarining muloqoti bo‘lib o‘tdi.

2016 yil noyabr oyida 13 yillik tanaffusdan keyin Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonga tashrif buyurib, Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib bordi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. 1996 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangan.

Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo hamkori hisoblanadi. 2017 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi 1 234,6 mln dollarga yetdi. Ikki davlat rahbarlari o‘zaro saydo aylanmasi yaqin muddatda yiliga 3-4 milliard dollarga yetkazilishini ma’lum qilganlar.

O‘zbekistonda turkiyalik investorlar ishtirokidagi 479 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 53 turk kompaniyalarining vakolatxonalari ro‘yxatdan o‘tgan.