Turkiya elchisi O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bilan uchrashdi

Joriy yil may oyi oxirida Turkiya Turizm va madaniyat vaziri Nabi Avji O‘zbekistonga keladi. O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Anvar Sharopov hamda Turkiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen uchrashuvida mazkur tashrifga oid masalalar muhokama etilgan.

Turkiya Turizm va madaniyat vaziriga bir qator sarmoya kompaniyalari va turistik firma vakillari hamrohlik qiladi.

Davlat qo‘mitasi raisi A.Sharopov O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida ma’lumot bergan. Tomonlar sayyohlik almashuvi bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan.

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Anvar Sharopov hamda Turkiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen

O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochilgan bir pallada turizm hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

Turkiya sayyohlik borasida ulkan tajribaga ega. Mamlakat jahon turizm bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda. Madaniyat va turizm vazirligi ma’lumotiga qaraganda, 2016 yilning 11 oyida Turkiyaga 24 milliondan oshiq sayyoh kelgan. Demak, bu ko‘rsatkich 2015 yildagidan 30,8 foizga oshgan. Jahonda esa Turkiya sayyohlarni jalb etish bo‘yicha Frantsiya, AQSh, Ispaniya, Xitoy va Italiyadan keyin oltinchi o‘rinda bormoqda. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rejasiga ko‘ra, Turkiya yaqin muddatda bu borada sayyoramizning uchinchi davlati bo‘lishi lozim.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ham turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Bu borada esa Turkiya tajribasi qo‘l kelishi mumkin.

Aytish joizki, Turkiya rahbariyati ham O‘zbekistonning turizm bo‘yicha imkoniyatlarini yuqori baholaydi. Jumladan, Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 2016 yil dekabrda Yildirim Boyazid universiteti talabalari bilan uchrashuvda turkiyalik talabalarning Buxoro va Samarqandga sayohatini uyushtirishni taklif etgan edi.

2016 yil 18 noyabr kuni Samarqandda bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Imom Buxoriy, Imom Moturidiy maqbaralari, Go‘ri Mir qadamjosi, Mirzo Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori madrasalarini ziyorat qilgan edi. Ushbu safardan mutaassir bo‘lgan davlat rahbari Buxoroni Bursadan, Samarqandni Ko‘nyo va Istanbuldan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi degan xulosaga kelgan.

“Buxoro va Samarqandni ziyorat qilib, bu shaharlarning har bir go‘shasidagi san’at asarlariga maftun bo‘lmaslikning, hayron qolmaslikning iloji yo‘q. Bu jihatdan, Buxoroni Bursadan, Samarqandni Istanbul va Ko‘nyodan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Men ushbu universitetimiz rektoriga qulay fursatda o‘sha shaharlarga talabalarimizning sayohatini uyushtirishni taklif etaman”, – degan edi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on talabalar bilan uchrashuvda.

S.Salim

Shu mavzudagi maqola:

Turkiya sayyohlik bo‘yicha dunyoning uchinchi davlati bo‘ladi…mi? 04.02.2017