Turkiya: Chanoqqal’a qahramonlari hamon tirik

Turkiya tarixidagi shonli muhorabalardan biri – Chanoqqal’a jangida qozonilgan g‘alabaning 102 yilligi munosabat bilan mamlakat bo‘ylab bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.

18 mart – Chanoqqal’a shahidlarini yod etish kuni munosabati uyushtirilgan tadbirda Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qatnashgan va nutq so‘zlagan.

Turkiya yetakchisiga ko‘ra, Chanoqqal’a g‘alabasi turk xalqi vatani, dini, ozodligi va istiqboli uchun har qanday sinovlarga tayyor ekanining yaqqol isbotidir.

Prezident Erdo‘g‘on o‘z nutqida 15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga urinish chog‘i butun dunyo Chanoqqal’a shahidlarining ruhi haligacha tirik ekaniga guvoh bo‘lganini ta’kidladi.

Bundan 102 yil avval ro‘y bergan jang bilan o‘tgan yil 15 iyuldagi voqealarni o‘zaro muqoyasa etgan Turkiya rahbari 15 iyul kechasi eng zamonaviy qurollar ham xalq ishonchi va qat’iyati oldida chorasiz qolganiga urg‘u berdi.

18 mart – Chanoqqal’a shahidlarini yod etish kuni munosabati bilan Toshkentdagi turk maktabida ham anjuman o‘tkazildi. Tadbirda Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen qatnashib, mazkur tarixiy sananing ahamiyati xususida so‘zladi. So‘ngra diplomat bayram munosabati bilan uyushtirilgan rasm, she’r, insho va Istiqlol marshini ifodali o‘qish tanlovlari g‘oliblariga sovg‘alar topshirdi.

Chanoqqal’a g‘alabasi – Turkiya tarixining shonli sahifalaridandir.

Birinchi jahon urushida Istanbul shahriga ko‘z tikkan Buyuk Britaniya va Frantsiyaning harbiy dengiz flotlari Chanoqqal’a bo‘g‘ozini dengiz yo‘li orqali bosib olishga harakat qiladi. Mazkur jang Usmonlilar armiyasi va dengiz kuchlarining g‘alabasi bilan yakunlanadi. G‘arb imperiyalari bo‘g‘ozni dengiz orqali bosib ololmagach, quruqlikdan urush boshlaydi.

Shu tariqa Chanoqqal’a yaqinida 1915 yil 19 fevraldan 1916 yil 9 yanvarga qadar dengizda va quruqlikda omonsiz kurashlar kechadi.

Birinchi jahon urushida burilish yasagan ushbu muhorabada turk xalqi ulkan jasorat va minglab shahidlar evaziga Chanoqqal’a bo‘g‘ozini saqlab qoladi.

Turkiya ushbu g‘alabani alohida qadrlaydi. Millat ziyolilari Chanoqqal’a qahramonlari va shahidlari aslo unutilmasligini ta’kidlab keladi.

S.Salim


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!