Turkiy tilli davlatlar va qardosh o‘lkalar Milliy kutubxonalari uyushmasi tuzildi

31 oktyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Turkiy tilli davlatlar va qardosh o‘lkalar Milliy kutubxonalari uyushmasi (TÜRKÜBİR) tuzilishi munosabati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Anjumanda Ziyouz.com kutubxonasi ham faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Turkiy tilli davlatlar va qardosh o‘lkalar Milliy kutubxonalari uyushmasi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tatariston, Boshqirdiston, Kipr, Gagauziya a’zoligida tashkil etildi. Bosniya-Gertsogovina, Saxa (Yakutiya), Makedoniya, Kosova, Mo‘g‘uliston milliy kutubxonalari kuzatuvchi-o‘lka sifatida belgilandi. Markazi Anqarada bo‘lgan ushbu uyushma turk, rus va ingliz tillarida faoliyat yuritadi.

Anjuman qatnashchilarini qutlarkan, Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vaziri o‘rinbosari Huseyin Yayman shunday dedi: “Ziyoli inson uchun ikki muhim yer bor: biri o‘z uyi bo‘lsa, ikkinchisi kutubxonadir. Jaloliddin Rumiy aytganidek, ba’zida til bilan anglashilmagan ishlarni ko‘ngil bilan anglasa bo‘ladi. Milliy kutubxonalar turkiy dunyoda ko‘ngillarni bog‘lovchi ko‘prik bo‘ladi, degan umiddaman”.

Anjumanda qatnashgan TÜRKSOY bosh kotibi o‘rinbosari professor, doktor Firat Purtash ushbu birlikning turk olami ma’naviy merosiga katta hissa qo‘shishini ta’kidlarkan, turkiy dunyoning eng mashhur meroslaridan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otut turk” asari va “Piri Rais xaritasi”ning UNESCO dunyo merosi ro‘yxatiga kiritilganini ham ta’kidladi.

Turkiy tilliy davlatlar va o‘lkalar kutubxonalari fondlari (kitob va manbalar soni):

Turkiya milliy kutubxonasi – 11,7 million (sayti: http://www.mkutup.gov.tr)
O‘zbekiston milliy kutubxonasi – 7,2 million (sayti: http://natlib.uz)
Qozog‘iston milliy kutubxonasi – 6,7 million (sayti: https://nlrk.kz/)
Qirg‘iziston milliy kutubxonasi – 6 million (sayti: http://nlkr.gov.kg)
Turkmaniston davlat kutubxonasi – 5,5 million
Ozarbayjon milliy kutubxonasi – 5 million (sayti: http://anl.az)
Tatariston milliy kutubxonasi – 3,5 million (sayti: http://kitaphane.tatarstan.ru/)
Boshqirdiston milliy kutubxonasi – 3,5 million (sayti: http://www.bashnl.ru/)
Chuvashiya milliy kutubxonasi – 2 million (sayti: http://www.nbchr.ru)
Gagauziya milliy kutubxonasi – 1,7 million
Yakutiya (Saxa) milliy kutubxonasi – 1,6 million (sayti: http://nlrs.ru/)
Qozog‘iston akademik kutubxonasi – 1,5 million (sayti: http://nabrk.kz/)
Tuva milliy kutubxonasi – 580 ming (sayti: http://tuva-library.ru)
Oltoy milliy kutubxonasi – 400 ming (sayti: http://nbra.ru/)
Shimoliy Kipr turk respublikasi milliy kutubxonasi – 100 ming (sayti: http://mkutup.mebnet.net/)
Qrim milliy kutubxonasi – 48 ming (sayti: http://gasprinskylibrary.ru)